Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

32-TADQIQ MAQOLASI

Yaratuvchiga nisbatan imoningizni mustahkamlang

Yaratuvchiga nisbatan imoningizni mustahkamlang

Imon bu... narsalar ko‘rinmaydigan bo‘lsa ham, bu narsalar chin ekaniga amin bo‘lishdir. IBRON. 11:1

11-QO‘SHIQ Bor mavjudot Allohni ulug‘lamoqda

BU MAQOLADA *

1. Yaratuvchimiz haqida sizga nimalarni o‘rgatishgan?

YAHOVANING SHOHIDLARI oilasida ulg‘aygan bo‘lsangiz, ehtimol, kichikligingizdan sizga Xudo haqida o‘rgatishgan. U Yaratuvchi ekani, Uning ajoyib fazilatlari va yer yuzini jannatga aylantirishni istashi to‘g‘risida o‘rgangansiz. (Ibt. 1:1; Havor. 17:24–27)

2. Ba’zilar Yaratuvchiga ishonadiganlarga qanday qaraydi?

2 Ko‘p odamlar Xudo Yaratuvchimiz ekani u yoqda tursin, Uning borligiga ham ishonmaydi. Aksincha, ular hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganiga va hayotning oddiy shakllari asta-sekin murakkabroq shakllariga aylanganiga ishonadi. Bunday fikrdagilarning ba’zilari o‘qimishli insonlar. Ular ilm-fan Muqaddas Kitob noto‘g‘ri ekanini isbotlagan hamda o‘qimagan, savodsiz yoki sodda odamlargina Yaratuvchi borligiga ishonadi, deb aytishi mumkin.

3. Nega imonimizni mustahkam saqlashimiz zarur?

3 O‘qimishli odamlarning bunday nuqtai nazari Yahova mehribon Yaratuvchimiz ekaniga bo‘lgan ishonchimizni zaiflashtiradimi? Bu asosan nega Yahova Yaratuvchimiz ekaniga ishonishimiz bilan bog‘liq. Bunga ishonishimiz kerak, deb aytilgani sababli ishonamizmi yoki vaqt ajratib o‘zimiz uchun dalillarni aniqlaganimiz tufaylimi? (1 Kor. 3:12–15) Qanchadan beri Yahovaning Shohidi ekanimizdan qat’i nazar, barchamiz imonimizni mustahkamlashimiz kerak. Bunday qilsak, Xudoning Kalomiga qarshi insonlar o‘rgatayotgan «falsafa va quruq gaplar»ga aldanib qolmaymiz. (Kolos. 2:8; Ibron. 11:6) Keling, yordam sifatida bu maqolada quyidagilarni ko‘rib chiqaylik: nega ko‘plar Yaratuvchi borligiga ishonmaydi? Qay yo‘sin Yaratuvchimiz Yahovaga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlay olasiz? Qanday qilib bu ishonchingizni mustahkam saqlashda davom eta olasiz?

NEGA KO‘PLAR YARATUVCHI BORLIGIGA ISHONMAYDI?

4. Ibroniylarga 11:1 ga ko‘ra, chinakam imon nimaga asoslanadi?

4 Ba’zilarning fikricha, imon bu dalilsiz biron nimaga ishonish demakdir. Biroq Muqaddas Kitobga ko‘ra, bunday imon haqiqiy emas. (Ibroniylarga 11:1 ni o‘qing.) Kalomda aytilishicha, imon dalilga asoslanadi. Shu bois, Yahova, Iso va Samoviy Shohlikni ko‘ra olmasak ham, ular chin ekaniga isbotlarimiz bor. (Ibron. 11:3) Yahovaning Shohidi bo‘lgan bir biokimyogar shunday dedi: «Yahovaning Shohidlari ishonadigan narsalar asoslidir. Ular ilmiy faktlarni inkor qilmaydi».

5. Nega ko‘plar hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganiga ishonadi?

5 Xudo barcha narsani yaratganini isbotlovchi dalillar bo‘lishiga qaramay, nega ko‘plar Uning borligiga ishonmaydi? Ba’zilar dalillarga ega bo‘lish uchun hech qachon izlanish olib bormagan. Yahovaning Shohidi bo‘lgan Robert quyidagicha bo‘lishdi: «Maktabda yaratilish to‘g‘risida hech ham o‘rgatilmagani tufayli hamma narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, deb o‘ylardim. 22 yoshimda Yahovaning Shohidlari bilan tanishib, yaratilish borasida Muqaddas Kitobdagi mantiqiy va ishonchli dalillarni tinglamagunimcha bunday fikrda bo‘lganman» *. (« Ota-onalar e’tiboriga» nomli ramkaga qarang.)

6. Nega ba’zilar Yaratuvchi borligiga ishonmaydi?

6 Ba’zilar nega Yaratuvchiga ishonmasligining sababini ular faqat ko‘ra oladigan narsalariga ishonishi bilan tushuntiradi. Lekin aslida ular ko‘rinmas narsalarga, masalan, gravitatsiya, ya’ni butun olam tortishish kuchiga ishonadi. Chunki ular buning isbotiga ega. Muqaddas Kitobda tilga olingan imon ham «ko‘rinmaydigan»  narsalar borligining dalillariga asoslanadi. (Ibron 11:1) Bunday dalillarni topish vaqt hamda kuch talab qiladi. Ko‘pchilik buni qilishga urinib ham ko‘rmaydi. Dalillarga ega bo‘lish niyatida tadqiq qilib ko‘rmaydigan inson Xudo yo‘q degan xulosaga kelishi hech gap emas.

7. Barcha o‘qimishli odamlar Xudo butun borliqni yaratganini inkor qiladimi? Tushuntiring.

7 Ayrim olimlar dalillarni tadqiq qilgach, Xudo butun olamni yaratganiga amin bo‘ldi *. Yuqorida tilga olingan Robertga o‘xshab ba’zilar universitetda yaratilish haqida ta’lim olmagani bois, Yaratuvchi yo‘q, deb hisoblaydi. Biroq ko‘p olimlar Yaratuvchini tanib-bildi va Uni yaxshi ko‘radi. Olimlar bilan bo‘lganidek, bilim darajamiz qanday bo‘lmasin, barchamiz Xudoga bo‘lgan imonni rivojlantirishimiz kerak. Bizning o‘rnimizga buni hech kim qila olmaydi.

QAY YO‘SIN YARATUVCHIGA NISBATAN IMONINGIZNI MUSTAHKAMLAY OLASIZ?

8, 9. a) Qaysi savolni ko‘rib chiqamiz? b) Ijodlarni tadqiq qilishdan qanday foyda olasiz?

8 Yaratuvchiga nisbatan imoningizni qanday mustahkamlashingiz mumkin? Keling, buning to‘rtta yo‘lini ko‘rib chiqaylik.

9 Yaratilgan narsalarni tadqiq qiling. Yaratuvchiga nisbatan imoningizni mustahkamlash uchun hayvonlarni, o‘simliklarni va yulduzlarni kuzating. (Zab. 19:1; Ishayo 40:26) Bu kabi narsalarni qancha ko‘p tadqiq qilsangiz, Yahova Yaratuvchi ekaniga bo‘lgan ishonchingiz shuncha mustahkamlanadi. Adabiyotlarimizda mavjudotlarning turli xususiyatlari tushuntirilgan maqolalar tez-tez keltiriladi. Bunday maqolalarni to‘liq tushunishga qiynalsangiz ham, ularni chetga surib qo‘ymang. Iloji boricha ko‘proq o‘rganing. Shuningdek, so‘nggi yillar davomida bo‘lib o‘tgan hududiy anjumanlardagi ijodlar haqidagi ajoyib videolarni tomosha qilib turishni unutmang. Ular jw.org saytimizda keltirilgan.

10. Yaratuvchi mavjud ekanini tasdiqlovchi qanday misol keltirgan bo‘lardingiz? (Rimliklarga 1:20)

10 Ijodlarni tadqiq qilganingizda ular Yaratuvchimiz haqida nimalarni ochib berayotganiga diqqat qarating. (Rimliklarga 1:20 ni o‘qing.) Misol uchun, bilamizki, quyosh yorug‘lik va issiqlik manbai. Lekin shu bilan birga, uning ba’zi ultrabinafsha nurlari zararli bo‘lishi mumkin. Biz bu nurlardan himoya qilinishga muhtojmiz va shunday qilinyapmiz ham. Qiziq, qanaqasiga? Uyimiz bo‘lmish yer yuzining himoya qobig‘i bor. Bu ozon gazidan iborat qatlamdir. U zararli nurlarni o‘tkazmaydi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari kuchaygani sayin, ozon qatlami ham qalinlashadi. Bu jarayon ortida Kimdir turganiga va U sevuvchi hamda dono Yaratuvchi ekaniga qo‘shilsangiz kerak.

11. Ijodlar haqidagi imonni mustahkamlaydigan ko‘p dalillarni qayerdan topsa bo‘ladi? (« Imonni mustahkamlaydigan ba’zi manbalar» nomli ramkaga qarang.)

11 Ijodlar haqidagi imonni mustahkamlaydigan ko‘p dalillarni «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi» va jw.org sayti yordamida izlanish o‘tkazish orqali topishingiz mumkin. «Tasodifmi yoki ijod mahsulimi?» maqolalar turkumidagi videolar-u maqolalardan boshlasangiz bo‘ladi. Bu maqolalar qisqa bo‘lib, ularda hayvonlar-u boshqa ijodlar to‘g‘risida bir nechta ajoyib fakt keltirilgan. Ularda, shuningdek, olimlar qay yo‘sin tabiatdagi ijodlardan andaza olishga urinayotganining misollari bor.

12. Muqaddas Kitobni tadqiq qilganda qaysi ba’zi narsalarga e’tibor qaratish kerak?

12 Muqaddas Kitobni tadqiq qiling. Yuqorida tilga olingan biokimyogar boshida Yaratuvchi mavjudligini rad etgandi. Vaqt o‘tib, u Yaratuvchi borligiga ishondi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Shunchaki ilm-fan sohasida o‘rganganlarim emas, balki Muqaddas Kitobni chuqur tadqiq qilganim uchun Xudoga ishonaman». Ehtimol, Muqaddas Kitobdagi aniq bilimga egadirsiz. Shunday bo‘lsa-da, Yaratuvchiga nisbatan imoningizni mustahkamlash uchun Muqaddas Kitobni tadqiq qilishda davom etishingiz zarur. (Yoshua 1:8; Zab. 119:97) Muqaddas Kitobda tarixiy voqealar batafsil yozilganiga e’tibor bering. Undagi bashoratlar va mavzular bir-biriga uyg‘un ekaniga nazar soling. Bunday qilib, sevuvchi va dono Yaratuvchimizning ijodi ekanimizga hamda Muqaddas Yozuvlar U tomonidan ilhomlantirilganiga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlanadi *. (2 Tim. 3:14; 2 Butr. 1:21)

13. Xudoning Kalomidagi dono maslahatlardan birini keltiring.

13 Xudoning Kalomini tadqiq qilganingizda, u yerdagi maslahatlar qanchalik foydali ekaniga ahamiyat bering. Misol uchun, Muqaddas Kitobda bundan ancha oldin pulparastlik ziyon keltirishi va «ko‘pgina azoblarga» sabab bo‘lishi haqida aytilgan. (1 Tim. 6:9, 10; Hik. 28:20; Mat. 6:24) Xo‘sh, mazkur so‘zlar hali ham o‘rinlimi? Bir kitobda odamlar bu borada qanday nuqtai nazarda ekani haqida shunday fikr keltirilgan: «Asosan moddiy narsalar payida yurgan insonlar kamroq quvonch his qilib, ko‘proq tushkunlikka tushadi». («The Narcissism Epidemic») Hatto shunchaki ko‘proq pulga ega bo‘lishni istaganlar baxtsiz va anchagina sog‘liq muammolariga duch kelyapti. Ha, pulga mehr qo‘ymaslik borasida Muqaddas Kitobda yozilgan so‘zlar chindan ham foydali. Muqaddas Kitobdagi maslahatlarni qancha ko‘p qadrlasak, mehribon Parvardigorimizning dono va amaliy maslahatlariga shuncha ko‘p tayanamiz. (Yoqb. 1:5) Natijada hayotimiz quvonchga to‘ladi. (Ishayo 48:17, 18)

14. Muqaddas Kitobni tadqiq qilsangiz, Yahova haqida nimalarni bilib olasiz?

14 Muqaddas Kitobni to‘g‘ri niyatda — Yahovani yaxshiroq tanib-bilish maqsadida tadqiq qiling. (Yuhan. 17:3) Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilar ekansiz, Yahovaning shaxsiyati va fazilatlari haqida bilib olasiz. Shunda, bu fazilatlar ijodlarni tadqiq qilganingizda bilib olgan o‘sha-o‘sha fazilatlar ekanini anglaysiz. Bu fazilatlar chindan ham mavjud Shaxsga tegishli bo‘lib, ular biror kimning tasavvuri emas. (Chiq. 34:6, 7; Zab. 145:8, 9) Yahovani qancha ko‘p tanib-bilsangiz, Unga bo‘lgan ishonchingiz shuncha ko‘p mustahkamlanadi, sevgingiz kuchayadi va do‘stlik rishtalaringiz qalinlashadi.

15. E’tiqodingizni boshqalar bilan bo‘lishish sizga qanday foyda keltiradi?

15 E’tiqodingizni boshqalar bilan bo‘lishing. Shunday yo‘l tutganingizda, imoningiz mustahkamlanadi. Kimdir Xudo mavjud ekani to‘g‘risida savol ko‘tarsa va qanday javob berishni bilmasangiz-chi? Adabiyotlarimizdan bu savolga Muqaddas Kitob asosida keltirilgan javobni topishga harakat qiling. So‘ng o‘sha kishi bilan buni bo‘lishing. (1 Butr. 3:15) Bundan tashqari, tajribali imondoshimizdan yordam so‘rasangiz bo‘ladi. O‘sha kishi Muqaddas Kitob asosidagi javobingizni qabul qiladimi yoki yo‘qmi, izlanish o‘tkazganingiz sizga foyda keltirishi turgan gap. Masalan, imoningiz mustahkamlanadi. Natijada Xudo yo‘q, deb ta’kidlayotgan dono va aqlli bo‘lib ko‘ringanlarning gapiga ishonib ketmaysiz.

IMONINGIZNI MUSTAHKAMLASHDA DAVOM ETING

16. Imonimizni rivojlantirishda va mustahkamlashda davom etmasak nima bo‘lishi mumkin?

16 Yahovaga qanchadan beri xizmat qilishimizdan qat’i nazar, Unga nisbatan imonimizni rivojlantirishda va uni mustahkamlashda davom etishimiz kerak. Nega deganda, ehtiyot bo‘lmasak, imonimiz zaiflashib qolishi hech gap emas. Yuqorida ko‘rib chiqqanimizday, imon ko‘rinmaydigan narsalarning daliliga asoslanadi. Ko‘rinmaydigan narsalarni osongina unutish hech gap emas. Shuning uchun, havoriy Pavlus zaiflashgan imonni «osongina tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lgan gunoh» deb atagan. (Ibron. 12:1) Xo‘sh, qay yo‘sin bu tuzoqdan qocha olamiz? (2 Salon. 1:3)

17. Imonimizni mustahkamlash uchun nima qilishimiz kerak?

17 Avvaliga, muqaddas ruh so‘rab Yahovaga iltijo qiling va buni tez-tez qiling. Nega deganda, imon — muqaddas ruh samarasi. (Galat. 5:22, 23) Muqaddas ruh yordamisiz Yaratuvchiga nisbatan imonni na rivojlantira olamiz, na mustahkamlay olamiz. Yahovadan muqaddas ruhini so‘rasak, uni bizga beradi. Hatto: «Imonimizga imon qo‘sh»,— deb so‘rashimiz mumkin. (Luqo 17:5)

18. Zabur 1:2, 3 ga ko‘ra, qanday sharafga ega bo‘lishdan quvona olamiz?

18 Bundan tashqari, Xudoning Kalomi asosida muntazam ravishda shaxsiy tadqiq o‘tkazing. (Zabur 1:2, 3 ni o‘qing.) Bu so‘zlar yozilganda, Xudo Kalomining to‘liq nusxasi isroilliklarning ozchiligida bor edi. Lekin shoh va ruhoniylarda bu nusxalar bo‘lgan. Xudo Kalomining qiroatini tinglash uchun Isroildagi erkag-u ayollar, bolalar va musofirlar har yetti yilda birga yig‘ilgan. (Qonun. 31:10–12) Isoning davrida bitiklar kamchilikda va ibodatxonalarda bor edi. Bundan farqli ravishda, hozir aksariyat odamlar Xudoning Kalomini butunlay yoki qisman o‘qiy oladi. Bu katta sharaf. Bunday sharafni qadrlayotganimizni qanday ko‘rsatishimiz mumkin?

19. Imonimizni mustahkam saqlash uchun nima qilishimiz kerak?

19 Xudoning Kalomiga ega bo‘lish sharafini qadrlayotganimizni uni muntazam o‘qish orqali ko‘rsata olamiz. Shaxsiy tadqiqni vaqtimiz bo‘lganidagina yoki xayolimiz ko‘chasiga kelganidagina qilmasligimiz kerak. Tadqiq uchun aniq jadval tuzib, unga rioya qilsak, imonimizni mustahkam saqlab qolishimiz mumkin.

20. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi darkor?

20 Bu dunyodagi «dono-yu zukkolardan» farqli o‘laroq, Xudoning Kalomiga asoslangan mustahkam imonga egamiz. (Mat. 11:25, 26) Muqaddas Kitobni tadqiq qilganimiz tufayli nega yerdagi ahvol yomonlashayotganini va Yahova bu borada qanday chora ko‘rishini bilib olamiz. Shunday ekan, keling, imonimizni mustahkamlashga va imkon qadar ko‘proq insonlarga Parvardigorimizga nisbatan imonni rivojlantirishga yordam berish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (1 Tim. 2:3, 4) Qolaversa, yer yuzidagi barcha Vahiy 4:11 da keltirilgan quyidagi so‘zlarni aytadigan paytni intiqib kutishda davom etaylik: «Ey Allohimiz Yahova, Sen shon-sharafni... egallashga loyiqsan, chunki Sen butun borliqni yaratding».

2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova

^ 5- x.b. Muqaddas Yozuvlarda Tangri Yahova barcha narsani yaratgan, deb aytilgan. Biroq ko‘plar bunga ishonmaydi. Ular hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan degan fikrni olg‘a suradi. Xudoga va Muqaddas Kitobga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlash uchun jon kuydirsak, bunday da’volar imonimizni zaiflashtirmaydi. Mazkur maqolada buni qanday qilishimiz mumkinligi tushuntirilgan.

^ 5- x.b. Dunyo bo‘ylab aksariyat maktablarda o‘qituvchilar Xudo barcha narsani yaratgan bo‘lishi mumkinligini hatto tilga ham olishmaydi. Ularning fikricha, bunday yo‘l tutishsa, o‘quvchilarga Xudoga ishonish kerak, deb bosim o‘tkazishganday bo‘ladi.

^ 7- x.b. Yaratuvchi borligiga ishongan mutaxassislarning intervyularini tomosha qiling. jw.org saytida «Intervyu va hayotiy voqealar» turkumining «Hayotning paydo bo‘lgani borasidagi fikrlar» sarlavhasiga qarang.

^ 12- x.b. jw.org saytidagi «Muqaddas Kitob ilm-fan bilan uyg‘unmi?» va «Qo‘riqchi minorasi» 2018-yil № 2 «Amalga oshayotgan bashoratlar» nomli maqolalarga qarang.