Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33-TADQIQ MAQOLASI

Ega bo‘lgan sharafli vazifalaringizdan quvoning!

Ega bo‘lgan sharafli vazifalaringizdan quvoning!

Xomxayol bo‘lgandan ko‘ra, ko‘z oldida turgan narsalardan quvongan yaxshiroq. VOIZ 6:9

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik Manbaidir

BU MAQOLADA *

1. Ko‘pchilik xizmatini kengaytirish niyatida nimalar qilyapti?

 USHBU zamonaning oxiri yaqinlashar ekan, qiladigan ishlarimiz bisyor. (Mat. 24:14; Luqo 10:2; 1 Butr. 5:2) Barchamiz Yahovaga iloji boricha ko‘proq xizmat qilishni istaymiz. Ko‘pchilik xizmatini kengaytiryapti. Ba’zilar doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilishni istaydi. Yana boshqalar esa Baytilda xizmat qilishni yoki tashkilotimizning qurilish loyihalarida qatnashishni xohlaydi. Son-sanoqsiz birodarlar jamoat xizmatkori yoki oqsoqol bo‘lib xizmat qilish uchun talablarga mos kelishga intiladi. (1 Tim. 3:1, 8) Xalqi orasida tayyorlik ruhini namoyon etayotganlarni ko‘rish Yahovaga quvonch keltiradi! (Zab. 110:3; Ishayo 6:8)

2. Ayrim ma’naviy maqsadlarimizga erishmayotgan bo‘lsak, o‘zimizni qanday his etishimiz mumkin?

2 Ba’zi ma’naviy maqsadlarimizga uzoq vaqt mobaynida erishmayotgan bo‘lsak, ruhimiz tushishi hech gap emas. Yo bo‘lmasa, yoshimiz yo boshqa sabablar tufayli muayyan sharafli vazifalarga ega bo‘lmasak, ko‘nglimiz cho‘kar. (Hik. 13:12) Melissa * ismli opamiz bilan shunday bo‘lgan. U Baytilda xizmat qilishni yoki Shohlik xabarchilari maktabida o‘qishni istardi. Melissa shunday dedi: «Yoshim to‘g‘ri kelmaydi. Hozirda bu vazifalar men uchun faqat orzu. Gohida ko‘nglim tushadi».

3. Muayyan vazifalarga layoqatli bo‘lish uchun ayrimlar qanday qadamlar qo‘yishi kerak bo‘ladi?

3 Yosh va sog‘lom bo‘lgan ayrimlar qo‘shimcha sharafli vazifalarni olishga layoqatli bo‘lish uchun ma’nan yetuk bo‘lib, ba’zi fazilatlarni namoyon etishi kerak. Bir tarafdan ular aqlli, ikkilanmaydigan va ishdan qochmaydigan bo‘lishi mumkin. Boshqa tarafdan esa sabrli, sinchkov bo‘lishni yoki boshqalarga ko‘proq hurmat ko‘rsatishni o‘rganishiga to‘g‘ri kelar. Kerakli fazilatlarni rivojlantirish uchun jon kuydirsangiz, kutilmaganda sizga sharafli vazifalar topshirilishi mumkin. Keling, Nikning misolini ko‘rib chiqaylik. U 20 yoshda bo‘lganida jamoat xizmatkori etib tayinlanmagani uchun ko‘ngli qattiq o‘ksigan. U shunday dedi: «Nimanidir noto‘g‘ri qilyapman, deb o‘ylardim». Lekin Nik taslim bo‘lmadi. U jamoatda va va’zgo‘ylik ishida jon kuydirdi. Hozirda Nik Filial qo‘mitasining a’zosi sifatida xizmat qilyapti.

4. Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

4 Ayrim ma’naviy maqsadlarga hali erisha olmaganingiz tufayli ruhingiz tushdimi? Agar shunday bo‘lsa, tashvishingizni Yahova bilan bo‘lishing. (Zab. 37:5–7) Qolaversa, ma’nan yetuk birodarlardan xizmatda qay yo‘sin yaxshilanishingiz mumkinligi borasida maslahat so‘rang. So‘ng unga amal qilish uchun jon kuydiring. Shunday qilib, sharafli vazifaga ega bo‘lishingiz yoki maqsadingizga yetishingiz mumkin. Lekin yuqorida tilga olingan Melissa kabi biron sharafli vazifani bajarish balki hozir siz uchun imkonsizdir. Xo‘sh, bunga qaramay, qay yo‘sin quvonchingizni saqlay olasiz? Mazkur savolga javob topish uchun ushbu maqolada quyidagi savollarni ko‘rib chiqamiz: 1) nimadan quvonishingiz mumkin? 2) Qay yo‘sin quvonchingizni oshira olasiz? 3) Qanday maqsadlar qo‘yib, quvonchingizga quvonch qo‘sha olasiz?

NIMADAN QUVONISHINGIZ MUMKIN?

5. Quvonchga ega bo‘lish uchun nimaga diqqat qaratishimiz kerak? (Voiz 6:9)

5 Voiz 6:9 da (o‘qing) quvonchga ega bo‘lishimizga nima yordam berishi mumkinligi tushuntirilgan. «Ko‘z oldida turgan narsalarga» diqqat qaratadigan kishi o‘zida bor narsalaridan, masalan, hozirgi vaziyatidan mamnun bo‘ladi. Bundan farqli ravishda, xomxayol bo‘lgan kishi erisha olmaydigan narsalarini orzu qilib yuraveradi. Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Quvonchga ega bo‘lishni istasak, bizda bor narsalarga va erishsa bo‘ladigan maqsadlarga diqqat qaratishimiz lozim.

6. Hozir qaysi masalni ko‘rib chiqamiz va nimani bilib olamiz?

6 Yangi qiyinchiliklarga duch kelishimiz tabiiy hol bo‘lsa-da, o‘zingizda bor narsadan mamnuniyat his qilishning chindan ham iloji bormi? Bo‘lmasam-chi! «Ko‘z oldimizda» turgan narsalardan nafaqat mamnun bo‘lishimiz, balki quvonch topishimiz mumkin. Buni qay yo‘sin qila olamiz? Keling, Isoning Matto 25:14–30 da yozilgan talantlar haqidagi masalini ko‘rib chiqaylik. Mazkur masal yordamida hozir ega bo‘lgan barakalarimizdan qay yo‘sin quvonch topishimiz va hatto uni oshirishimiz mumkinligini bilib olamiz.

QAY YO‘SIN QUVONCHINGIZNI OSHIRA OLASIZ?

7. Isoning talantlar haqidagi masalini qisqacha aytib bering.

7 Masaldagi kishi safarga jo‘nab ketmoqchi edi. Yo‘lga chiqishdan avval u qullarini chaqirib, ishga solishi uchun har biriga talantlar berdi *. O‘sha odam qullarining qobiliyatlariga yarasha biriga besh talant, boshqasiga ikki va uchinchisiga bir talant berdi. Birinchi ikkita qul xo‘jayini uchun ko‘proq pul orttirish niyatida astoydil mehnat qildi. Uchinchi qul esa unga berilgan pul bilan hech narsa qilmadi. Shu bois, xo‘jayini uni ishdan haydadi.

8. Birinchi qul xursand bo‘lishi uchun qanday sabab bor edi?

8 Xo‘jayini birinchi qulga beshta talantni ishonib topshirganida, u buni sharaf deb bilgan bo‘lsa kerak. Bu katta pul edi va xo‘jayini unga qay darajada ishonishini ko‘rsatardi. Qiziq, ikkinchi qul haqida nima desa bo‘ladi? U birinchi qul kabi ko‘p talantga ega bo‘lmagani tufayli hafsalasi pir bo‘lishi mumkin edi. Biroq u qanday yo‘l tutdi?

Isoning masalidagi ikkinchi quldan qanday saboq olishimiz mumkin? (1) U xo‘jayinidan ikki talant olganidan xursand edi. (2) Xo‘jayiniga ko‘proq pul keltirish uchun og‘ir mehnat qildi. (3) U xo‘jayinining talantlarini orttirdi (9–11-xatboshilariga qarang.)

9. Iso ikkinchi qul haqida nima deb aytmagan? (Matto 25:22, 23)

9 Matto 25:22, 23 ni o‘qing. Iso ikkinchi qul atigi ikki talant olgani tufayli ko‘ngli tushgan va jahli chiqqan, deb aytmagan. Iso qulni quyidagicha noligan holda tasvirlamagan: «Nega xo‘jayinim menga kam berdi? Axir besh talant olgan qul kabi og‘ir mehnat qilaman-ku! Xo‘jayinim meni yaxshi ishchi deb bilmas ekan, bergan pullarini yerga ko‘mib, u uchun emas, o‘zim uchun ishlaganim ma’qul».

10. Ikkinchi qul talantlari bilan nima qildi?

10 Birinchi qul kabi ikkinchisi ham unga topshirilgan mas’uliyatga jiddiy yondashdi va xo‘jayiniga sidqidildan xizmat qildi. Natijada u xo‘jayinining talantlarini ikki karra ko‘paytirdi. Bu qul astoydil mehnat qilgani uchun munosib taqdirlandi. Xo‘jayini uni maqtab, unga qo‘shimcha vazifalarni ishonib topshirdi.

11. Qanday qilib quvonchimizga quvonch qo‘sha olamiz?

11 Shu singari, bizga topshirilayotgan har qanday vazifani yengimizni shimarib bajarsak, quvonchimizga quvonch qo‘sha olamiz. Va’zgo‘ylik ishiga «astoydil kirishing» va jamoatdagi vazifalaringizni to‘laqonli bajaring. (Havor. 18:5; Ibron. 10:24, 25) Yig‘ilishlarga borar ekansiz, tadqiq qilinayotgan mavzu borasida dalda baxsh etuvchi sharhlar tayyorlang. Hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlarda beriladigan topshiriqlarni bajarishga jiddiy yondashing. Jamoatda biron vazifani bajarishda sizdan yordam so‘rashsa, puxta va o‘z vaqtida bajaring hamda ishonchli bo‘ling. Sizga berilgan vazifani muhim emas va unga vaqt sarflash arzimaydi, deb o‘ylamang. Qobiliyatlaringizni yaxshilashga intiling. (Hik. 22:29) Ma’naviy ishlar hamda topshiriqlarni bajarish uchun qancha ko‘p jon kuydirsangiz, shuncha ko‘p ma’nan o‘sasiz va quvonchingizga quvonch qo‘shiladi. (Galat. 6:4) Qolaversa, siz xohlagan sharafli vazifaga boshqalar ega bo‘lganda, ular bilan xursand bo‘la olasiz. (Rim. 12:15; Galat. 5:26)

12. Melissa va Nik ko‘proq xursand bo‘lish uchun qanday qadamlar qo‘ydi?

12 Baytilda xizmat qilishni yoki Shohlik xabarchilari maktabida o‘qishni istagan Melissani eslang. Orzulari ushalmagan bo‘lsa-da, u shunday deb bo‘lishdi: «Kashshoflik xizmatida jon kuydiryapman hamda va’zgo‘ylikning turli usullarini qo‘llab, xizmatda ishtirok etishga harakat qilyapman. Bu menga ulkan quvonch baxsh etyapti». Nik haqida-chi, nima desa bo‘ladi? U jamoat xizmatkori etib tayinlanmaganida, tushkunlikni qay yo‘sin yengdi? U quyidagicha dedi: «Ega bo‘lgan sharafli vazifalarimga — xizmatda ishtirok etish hamda yig‘ilishlarda yaxshi sharhlar berishga diqqat qaratdim. Shuningdek, Baytilda xizmat qilish uchun ariza to‘ldirdim. Meni keyingi yili taklif qilishdi».

13. Vazifani yeng shimarib bajarsangiz, qanday natijaga erishasiz? (Voiz 2:24)

13 Hozirgi vazifalaringizni yeng shimarib bajarsangiz, kelajakda ko‘proq mas’uliyatlarga ega bo‘lasizmi? Nik bilan yuz bergani kabi ega bo‘larsiz. Lekin aksi bo‘lsa, Melissa kabi baribir quvonchingizni oshira olasiz va Yahovaning xizmatida qo‘lingizdan kelganini qilayotganingizdan baxtiyor bo‘lasiz. (Voiz 2:24 ni o‘qing.) Qolaversa, xatti-harakatlarimiz Xo‘jayinimiz Iso Masihni mamnun qilayotganini bilishdan quvonishimiz shubhasiz.

QUVONCHINGIZGA QUVONCH QO‘SHADIGAN MAQSADLAR

14. Ma’naviy maqsadlarga kelsak, nimani yodda tutishimiz lozim?

14 Diqqatimizni hozirgi vazifalarimizga qaratish xizmatimizni kengaytirish kerak emas deganimi? Yo‘q, unday emas. Aksincha, yaxshiroq va’z qilish, ta’lim berish va birodar-u opa-singillarimizga yordam berishga hissa qo‘shadigan maqsadlar qo‘yishimiz kerak. Donolik va kamtarlikni namoyon etib o‘zimizga emas, balki boshqalarga xizmat qilishga diqqat qaratsak, muvaffaqiyatga erishamiz. (Hik. 11:2; Havor. 20:35)

15. Ko‘proq quvonch his qilish uchun qaysi maqsadlar sari intilsangiz bo‘ladi?

15 Xo‘sh, qanday maqsadlar qo‘yishingiz mumkin? Nimalarga erisha olishingizni aniqlash uchun Yahovadan yordam so‘rang. (Hik. 16:3; Yoqb. 1:5) Mazkur maqolaning  birinchi xatboshisida tilga olingan maqsadlardan biriga — ko‘makchi yoki doimiy kashshof bo‘lish, Baytilda xizmat qilish yo bo‘lmasa, tashkilotimizning qurilish loyihalarida ishtirok etishga intila olasizmi? Balki yangi tilni o‘rganarsiz? Yoxud boshqa hududga borib va’z qila olarsiz? «Yahovaning irodasini bajarayotgan tashkilot» kitobining 10- bobini o‘qib va jamoatingiz oqsoqollari bilan suhbatlashib ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin *. Shu kabi maqsadlarga intilsangiz, muvaffaqiyatingiz boshqalarga oshkor bo‘lib, quvonchingiz yanada oshadi.

16. Hozir muayyan maqsadga erishishning imkoni bo‘lmasa, nima qilsangiz bo‘ladi?

16 Biroq yuqorida tilga olingan maqsadlardan birontasiga hozir erisha olmasangiz-chi? Erishishingiz mumkin bo‘lgan maqsad qo‘ying. Keling, ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.

Erishishingiz mumkin bo‘lgan qanday maqsadlar bor? (17-xatboshilariga qarang.) *

17. Birodar yaxshiroq ta’lim berishi uchun nima qilishi mumkin? (1 Timo‘tiyga 4:13, 15)

17 Timo‘tiyga birinchi maktub 4:13, 15 ni o‘qing. Suvga cho‘mgan birodar bo‘lsangiz, notiqlik va ta’lim berish qobiliyatini yaxshilash ustida ishlashingiz mumkin. Nega? Sababi o‘qish, nutq so‘zlash va ta’lim berishda jon kuydirib mehnat qilsangiz, tinglovchilarga ko‘proq foyda keltira olasiz. «O‘qishda va ta’lim berishda davom eting» risolasining har bir darsini tadqiq qilib, amalda qo‘llashni maqsad qilishga intiling. Bitta darsni muayyan vaqt davomida o‘rganib, uyda astoydil mashq qiling va nutq bilan chiqqanda bilib olganlaringizni amalda qo‘llashga intiling. Maxsus maslahatchi yoki «Xudoning Kalomi haqida gapirishda va ta’lim berishda zahmat chekayotgan oqsoqollar» bilan bu borada maslahatlashing *. (1 Tim. 5:17) Risoladagi darslarni nafaqat amalda qo‘llashga, balki tinglovchilarga imonini mustahkamlashga yoki ularni muayyan harakatga undashga diqqat qarating. Bunday yo‘l tutib, ham o‘zingizning, ham boshqalarning quvonchiga quvonch qo‘shasiz.

Erishishingiz mumkin bo‘lgan qanday maqsadlar bor? (18-xatboshilariga qarang.) *

18. Va’zgo‘ylik xizmati borasidagi maqsadlarimizga erishishga nima yordam beradi?

18 Hammamizga va’z qilish va shogird tayyorlash vazifasi topshirilgan. (Mat. 28:19, 20; Rim. 10:14) Ushbu muhim ishda mahoratingizni oshirishni istaysizmi? «Ta’lim berish» risolasini tadqiq qiling va bilib olganlaringizga amal qilishga yordam beradigan muayyan maqsadlar qo‘ying. Bundan tashqari, hafta o‘rtasida o‘tadigan yig‘ilishlarda «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi»dan hamda taxminiy suhbatlarga oid videolardan amaliy fikrlarni topa olasiz. Hududingizga mos keladigan turli fikrlarni qo‘llab ko‘ring. Ushbu maslahatlarga amal qilsangiz, va’z qilish hamda ta’lim berishda yanada mahoratli bo‘lib ko‘proq suyunasiz. (2 Tim. 4:5)

Erishishingiz mumkin bo‘lgan qanday maqsadlar bor? (19-xatboshilariga qarang.) *

19. Xudoni mamnun qiladigan fazilatlarni qay yo‘sin rivojlantira olasiz?

19 Maqsadlar qo‘yish borasida o‘ylar ekansiz, eng muhimini — Xudoni mamnun qiladigan fazilatlarni rivojlantirishni unutmang. (Galat. 5:22, 23; Kolos. 3:12; 2 Butr. 1:5–8) Xo‘sh, bunga erishish uchun nima qilishingiz mumkin? Aytaylik, imoningizni mustahkamlamoqchisiz. Adabiyotlarimizdan imonni mustahkamlashga yordam beradigan amaliy tavsiyalar keltirilgan maqolalarni o‘qishingiz mumkin. Albatta, JW Internet-televideniesidagi videolarni tomosha qilib, birodar-u opa-singillarimiz turli qiyinchiliklarni yengayotganini va qay yo‘sin kuchli imonni namoyon etayotganini ko‘rib foyda olasiz. So‘ng hayotingizning qaysi sohalarida ularning imoniga ergashishingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring.

20. Qay yo‘sin yanada quvonchga to‘lishimiz va tushkunlik tuyg‘usini kamaytirishimiz mumkin?

20 Shubhasizki, barchamiz Yahova uchun ko‘proq qilishni xohlaymiz. Yangi dunyoda Xudoga to‘laqonli xizmat qila olamiz. U payt kelguniga qadar eng yaxshisini qilishga jon kuydirsak, yanada quvonchga to‘lamiz va tushkunlik tuyg‘usi kamayadi. Eng asosiysi, «baxtiyor Tangrimiz» Yahovani ulug‘lab, Unga sharaf keltiramiz. (1 Tim. 1:11) Shunday ekan, keling, o‘zimizda bor sharafdan quvonch topaylik.

82-QO‘SHIQ Nuringiz porlab tursin

^ 5- x.b. Yahovani qattiq sevamiz va Unga qo‘limizdan kelganicha xizmat qilishni istaymiz. Shuning uchun, ko‘pchiligimiz xizmatimizni kengaytirishni yoki jamoatda qo‘shimcha vazifalarni bajarish uchun layoqatli bo‘lishni xohlaymiz. Biroq jon kuydirishimizga qaramay, ba’zi maqsadlarimizga erisha olmasak-chi? Yahovaning xizmati bilan band bo‘lishimizga va quvonchni yo‘qotmasligimizga nima yordam berishi mumkin? Bu savolning javobini Isoning talantlar haqidagi masalidan bilib olamiz.

^ 2- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 7- x.b. IBORA MA’NOSI. Bir talant bitta o‘rtahol ishchi taxminan 20 yil davomida ishlab orttirgan pul miqdoriga to‘g‘ri kelardi.

^ 15- x.b. Suvga cho‘mgan birodarlar jamoat xizmatkori va oqsoqol sifatida xizmat qilish uchun talablarga mos kelishga intilishi mumkin. Bu talablar haqida bilish uchun «Yahovaning irodasini bajarayotgan tashkilot» kitobining 5- va 6- boblariga qarang.

^ 17- x.b. IBORA MA’NOSI. Maxsus maslahatchi tayinlangan oqsoqol bo‘lib, jamoatda vazifa bilan chiqqan, masalan, nutq so‘zlagan oqsoqol va jamoat xizmatkoriga shaxsan maslahat beradi.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Birodarimiz yaxshiroq ta’lim berish maqsadiga erishish uchun adabiyotlarimiz yordamida tadqiq o‘tkazyapti.

^ 66- x.b. RASMGA SHARH. Opamiz norasmiy shohidlik berish maqsadini qo‘ygach, unga xizmat ko‘rsatgan kafe xodimiga jw.org kartochkasini beryapti.

^ 68- x.b. RASMGA SHARH. Ilohiy fazilatlarni ko‘rsatishni istagan opamiz imondoshiga kutilmaganda sovg‘a beryapti.