Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-TADQIQ MAQOLASI

Sadoqatli yoshi ulug‘ imondoshlarimizni qadrlang

Sadoqatli yoshi ulug‘ imondoshlarimizni qadrlang

Oqargan sochlar go‘zallik tojidir. HIK. 16:31

138-QO‘SHIQ Oqargan sochlar — go‘zallik tojidir

BU MAQOLADA a

1, 2. a) Hikmatlar 16:31 ga ko‘ra, sadoqatli keksa imondoshlarimizga qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak? b) Mazkur maqolada qaysi savollarga javob topamiz?

 ARKANZAS shtatining (AQSH) milliy bog‘iga tashrif buyuruvchilar yer ustida olmoslar yotganini ko‘rishi mumkin. Ammo bu olmoslar tabiiy va ularga ishlov berilmagan. Bu tufayli ko‘plar olmoslarga qarab nimani tomosha qilayotganini tushunmasligi va shunchaki oldidan o‘tib ketishi mumkin.

2 Qaysidir ma’noda sadoqatli yoshi ulug‘ birodar-u opalarimizni shu kabi olmoslarga o‘xshatsa bo‘ladi; ular bebaho xazina kabidir. Xudoning Kalomida ularning oqargan sochlari tojga o‘xshatilgan. (Hikmatlar 16:31 ni o‘qing; 20:29) Ammo bu xazinalar osonlikcha nazardan chetda qolib ketishi hech gap emas. Yoshroq imondoshlar qariyalar juda qadrli ekanini tushunganida, tom ma’nodagi boylikdan afzalrog‘iga ega bo‘ladi. Ushbu maqolada uchta savolga javob topamiz. Nega Yahova sadoqatli yoshi ulug‘ imondoshlarimizni xazina deb biladi? Nima uchun ular Yahovaning tashkilotida muhim ahamiyatga ega? Ularning misolidan to‘liq foyda olish uchun nima qilishimiz mumkin?

NEGA YAHOVA SADOQATLI KEKSA XIZMATCHILARINI XAZINA DEB BILADI?

Sadoqatli keksa imondoshlar Yahova hamda Uning xalqi uchun qadrli (3- xatboshiga qarang.)

3. Nega sadoqatli keksa imondoshlarimiz Yahova uchun qadrli? (Zabur 92:12–15)

3 Tangri Yahova sadoqatli keksa xizmatchilarini juda qadrlaydi. U ularning ichki olamini ko‘radi va ular qanday shaxs ekanini biladi hamda ajoyib fazilatlarini qadrlaydi. Ular hayoti davomida sadoqat ila xizmat qilib orttirgan donoligini yoshlar bilan bo‘lishganida, Xudo xursand bo‘ladi. (Ayub 12:12; Hik. 1:1–4) Shuningdek, Yahova ularni sabr-bardosh qilayotgani uchun qadrlaydi. (Mal. 3:16) Ular hayoti davomida muammolarga duch kelgan bo‘lsa-da, Yahovaga bo‘lgan sadoqatini saqlayapti. Qolaversa, haqiqatni ilk bor eshitganida ega bo‘lgan umidi hozir mustahkamroq bo‘lgan. Yahova ularni yaxshi ko‘radi, chunki ular «keksalikda ham» Uning ismini e’lon qilishda davom etmoqda. (Zabur 92:12–15 ni o‘qing.)

4. Yoshi ulug‘ birodar-u opalarimizga qaysi fikrlar dalda berishi mumkin?

4 Yoshingiz o‘tib borayotgan bo‘lsa, shunga amin bo‘lingki, Yahova o‘tmishda qilgan mehnatingizni unutmaydi. (Ibron. 6:10) Sizlar va’zgo‘ylik ishini g‘ayrat ila qo‘llab-quvvatlab kelyapsiz va samoviy Otamiz bundan xursand. Muammolar paytida — hatto ko‘nglingizni qattiq og‘ritgan qiyinchiliklarda ham — sabr-bardoshli bo‘lib, Muqaddas Kitobdagi adolatli me’yorlarga amal qilyapsiz. Qolaversa, Yahovaning tashkilotidagi muhim vazifalarni sadoqat ila bajarib, boshqalarga ta’lim berib kelyapsiz. Uning ildam tashkiloti bilan hamqadam bo‘lish uchun jon kuydiryapsiz. To‘la vaqtli xizmatdagilarni qo‘llab-quvvatlab kelyapsiz. Tangri Yahova sadoqatli ekaningiz uchun sizlarni sevadi. Xudo «Unga sodiq bo‘lganlarni tark etmaslikni» va’da qilyapti. (Zab. 37:28) U sizni quyidagiga ishontiryapti: «Sochingiz oqarsa ham sizlarni qo‘limda olib yuraman». (Ishayo 46:4) Shu bois, yoshingiz o‘tgani tufayli: «Endi Yahovaning tashkilotida muhim o‘ringa ega emasman»,— deb o‘ylamang. Siz juda ham qadrlisiz!

KEKSA IMONDOSHLARIMIZ YAHOVANING TASHKILOTIDA MUHIM AHAMIYATGA EGA

5. Yoshu ulug‘ imondoshlarimiz nimani yodda saqlashi kerak?

5 Yoshi ulug‘ imondoshlarimiz Yahovaning tashkilotiga turli yo‘llar orqali foyda keltirishi mumkin. Bu imondoshlarimizning kuchi, ehtimol, oldingiday bo‘lmasa-da, ular yillar davomida anchagina tajriba orttirgan. Yahova turli yo‘llar orqali ulardan foydalanishda davom eta olishini quyida keltirilgan qadimgi va zamonaviy misollardan ko‘ramiz.

6, 7. Muqaddas Kitobda sadoqat ila xizmat qilgani uchun baraka olgan keksa insonlarning misolini keltiring.

6 Muqaddas Kitobda keksalikda ham Yahovaga sadoqat ila faol xizmat qilganlarning ajoyib misollarini topishimiz mumkin. Masalan, Muso taxminan 80 yoshda bo‘lganida Isroil xalqi uchun Yahovaning payg‘ambari va tanlangan yo‘lboshchisi sifatida xizmat qilishni boshlagan. Doniyorning ham yoshi, ehtimol, 90 dan oshganida Yahova undan payg‘ambar sifatida foydalanishda davom etgan. Shuningdek, havoriy Yuhanno ham Vahiy kitobini yozishga ilhomlantirilganda, 90 yoshdan oshgan bo‘lishi mumkin.

7 Boshqa ko‘p sadoqatli xizmatchilar uncha taniqli bo‘lmagan va ko‘zga tashlanmagandir. Shunda ham Yahova ularga ahamiyat berib, sadoqati uchun taqdirlagan. Misol uchun, «odil, xudotars» bo‘lgan Shimo‘n haqida Muqaddas Kitobda qisqacha aytilgan. Biroq Yahova u qanday inson ekanini bilgan va chaqaloq bo‘lgan Isoni ko‘rish hamda u va onasi to‘g‘risida bashorat qilish sharafiga muyassar qilgan. (Luqo 2:22, 25–35) Bundan tashqari, beva payg‘ambar ayol Anna haqida o‘ylab ko‘ring. U 84 yoshda bo‘lib «ma’badni hech tark etmasdi». Anna doimo ma’badga borgani uchun Yahova unga baraka berdi va chaqaloq bo‘lgan Isoni ko‘rishga uni sazovor deb topdi. Shimo‘n va Anna Yahova uchun qadrli edi. (Luqo 2:36–38)

Didur opamizning yoshi 80 dan oshgan. U sadoqat ila xizmat qilishda davom etmoqda (8- xatboshiga qarang.)

8, 9. Beva qolgan bir opamiz Yahovaning tashkiloti uchun nima qilishda davom etyapti?

8 Hozirgi kunda ko‘pdan-ko‘p sadoqatli yoshi ulug‘ birodar-u opalarimiz yoshlar uchun a’lo o‘rnak. Keling, Lois Didur opamizning misolini ko‘rib chiqaylik. U Kanadada maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilishni boshlaganida, bor-yo‘g‘i 21 yoshda edi. So‘ng eri Jon bilan bir necha yil mobaynida tuman nozirlik xizmatida ishtirok etdi. Keyinroq ular Kanadadagi Baytilda 20-yildan ziyod vaqt davomida xizmat qildi. Lois opamiz 58 yoshda bo‘lganida, eri ikkovi Ukrainada xizmat qilishga taklif etildi. Xo‘sh, ular qanday yo‘l tutdi? Ular boshqa mamlakatda xizmat qilish uchun qarilik qilamiz, degan xulosaga keldimi? Ular taklifni qabul qildi. Jon u yerdagi Filial qo‘mitasida xizmat qilish uchun tayinlandi. Yetti yil o‘tgach, Jon hayotdan ko‘z yumdi. Lois esa Ukrainada qolib xizmatini davom ettirishga qaror qildi. Hozirda bu opamizning yoshi 81 da. U Ukrainadagi Baytil oilasi bilan birga Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishda davom etmoqda. Ular uni juda yaxshi ko‘radi.

9 Lois kabi beva ayollar eri tirik bo‘lgan paytdagiday e’tiborda bo‘lmasligi mumkin. Biroq bevalik ularning qadr-qimmatini pasaytirmaydi. Yahova erini yillar davomida qo‘llab-quvvatlagan va Xudoga sadoqat ila xizmat qilishda davom etayotgan ayollarni juda qadrlaydi. (1 Tim. 5:3) Shuningdek, ular yoshlar uchun dalda.

10. Toni birodarimiz qanday ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi?

10 Qariyalar uyida yashovchi yoki uyidan chiqa olmaydigan ko‘pgina sadoqatli keksa imondoshlarimiz ham ma’naviy xazinamizdir. Shunday uyda yashaydigan Toni ismli birodarimizni olaylik. U 1942-yili avgustda, 20 yoshida Pensilvaniyada (AQSH) suvga cho‘mdi. Ko‘p o‘tmay, uning betarafligi sinaldi va natijada u ikki yarim yilga qamaldi. U va xotini Xilda ikkita farzandini haqiqat yo‘lida katta qildi. Toni yillar davomida oqsoqollar kengashining raisi va tuman anjumanlarining noziri sifatida xizmat qildi. U qamoqlarga borib, u yerda yig‘ilishlar-u Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazardi. Hozir Toni birodarimizning yoshi 98 da. Lekin u yetarlicha xizmat qilib qo‘ydim, degan fikrda emas. Birodarimiz Yahovaga xizmat qilish va jamoatdagilar bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun jon kuydirishda davom etyapti.

11. Yolg‘iz o‘zi yoki imondosh bo‘lmagan oila a’zolari bilan yashayotgan keksa imondoshlarimizni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

11 Yolg‘iz o‘zi yoki imondoshimiz bo‘lmagan oila a’zolari bilan yashayotgan keksa birodar-u opalarimizni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? Imkon bo‘lganda, oqsoqollar ularga yordam bera oladi. Masalan, ular uchrashuvlarda qatnashishi, dasturni tinglashi hamda va’z qilishiga ko‘maklashadi. Biz ularni ko‘rishga borib yoki videoqo‘ng‘iroq orqali bog‘lanib, shaxsiy qiziqish ko‘rsata olamiz. Jamoat hududidan uzoqda yolg‘iz yo bo‘lmasa, imondosh bo‘lmagan oila a’zolari bilan yashayotgan keksa imondoshlarimizga alohida e’tibor berishni istaymiz. Aks holda, ularni nazardan chetda qoldirishimiz hech gap emas. Keksa imondoshlarimizning ba’zilari o‘zi haqida gapirishni o‘rinli deb bilmasligi mumkin. Biroq ular bilan yaqindan tanishsak va Yahovaning tashkilotida his qilgan quvonchlari haqida aytganlarida tinglash uchun vaqt ajratsak, ko‘pdan-ko‘p foyda olamiz.

12. Jamoatimizda qanday misollarni topishimiz mumkin?

12 Jamoatimizda ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan sadoqatli keksa imondoshlarimiz borligini bilib hayron qolishimiz mumkin. Masalan, Garieta ismli opamiz Nyu-Jersida (AQSH) Yahovaga o‘nlab yillar davomida sadoqat ila xizmat qilgan. So‘ng u qizi bilan yashash uchun ko‘chib ketgan. Yangi jamoatidagi birodarlar Garieta bilan tanishish uchun vaqt ajratganda, ajoyib xazina topganini tushunishdi. U 1920-yillarda — haqiqatni endi bilib olgan paytlarida — xizmatda yuz bergan voqealarni bo‘lishib, ularga dalda berdi. O‘shanda Garieta hibsga olinish ehtimoli bo‘lgani tufayli har safar xizmatga chiqishdan avval o‘zi bilan tish cho‘tkasini olgan ekan. Darhaqiqat, u 1933-yili ikki marta bir haftadan qamoqda o‘tirib chiqqan. Bunday paytlarda Garietani Yahovaga xizmat qilmagan eri qo‘llab-quvvatlab, uchta farzandiga g‘amxo‘rlik qilgan. Ha, Garieta singari sadoqatli keksa imondoshlarimiz ularni qadrlashimizga arziydi.

13. Keksa imondoshlarimiz Yahovaning tashkilotida muhim ahamiyatga ega ekani haqida nimani bilib oldik?

13 Keksa birodar-u opalarimiz Yahovaning tashkilotida muhim ahamiyatga ega. Bunday imondoshlarimiz Yahova O‘z tashkilotiga va ularga ko‘p yo‘llar orqali baraka ato etganining guvohi bo‘lgan. Ular yo‘l qo‘ygan xatolaridan muhim saboqlar olgan. Ularni «donolik chashmasi» deb biling va tajribasidan foyda oling. (Hik. 18:4) Ular bilan yaqindan tanishish uchun vaqt ajratsangiz, imoningiz mustahkamlanib ancha narsalarni bilib olasiz.

KEKSA IMONDOSHLARIMIZNING MISOLLARIDAN TO‘LAQONLI FOYDA OLING

Ilyos bilan vaqt o‘tkazish Elishayga foyda keltirganiday, ancha yildan beri Yahovaga xizmat qilayotganlarning hikoyasini tinglash ham bizga foyda keltiradi (14-, 15- xatboshilariga qarang.)

14. Qonunlar 32:7 ga ko‘ra, yoshlar qanday yo‘l tutishi kutiladi?

14 Yoshi ulug‘ imondoshlar bilan suhbatlashish uchun tashabbus ko‘rsating. (Qonunlar 32:7 ni o‘qing.) To‘g‘ri, ularning ko‘zi xiralashgandir, uncha tez harakat qila olmas va ovozi jarangdor emasdir. Lekin ularning qalbi yosh va ular Yahovaning oldida «yaxshi nom» orttirgan. (Voiz 7:1) Yahova ularni nega qadrlashini esdan chiqarmang. Ularga hurmat ko‘rsatishda davom eting. Elishay singari bo‘ling. U Ilyosning so‘nggi kunlarida uning yonida bo‘lishga qat’iy qaror qilgandi. Elishay uch marta: «Sizni tashlab ketmayman»,— deb aytgan. (4 Shoh. 2:2, 4, 6)

15. Keksa imondoshlardan nimalarni so‘rasak bo‘ladi?

15 Keksa imondoshlarga muloyimlik ila savol berib samimiy qiziqish ko‘rsating. (Hik. 1:5; 20:5; 1 Tim. 5:1, 2) Ehtimol, shunday deb so‘rarsiz: «Yoshroq bo‘lganingizda, bu haqiqat ekaniga sizni nima ishontirgan? Boshdan kechirganlaringiz Yahovaga yaqinlashishingizga qay yo‘sin yordam bergan? Sizningcha, Yahovaning xizmatida quvonchni yo‘qotmaslikning siri qanday?» (1 Tim. 6:6–8) So‘ng hikoyalarini tinglang.

16. Keksalar-u yoshlar suhbat qurganda, qay yo‘sin ularning har biri foyda oladi?

16 Keksa va yoshroq imondoshlarimiz o‘zaro suhbatlashganda, ularning har biri foyda oladi. (Rim. 1:12) Masalan, siz — yoshroq bo‘lganlar — Yahova sadoqatli xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rib, Unga bo‘lgan minnatdorligingiz oshadi. Keksalar esa o‘zini sevikli his qiladi. Ular Yahovadan qanday barakalar olganini aytib berishdan xursand bo‘ladi.

17. Nega sadoqatli keksa imondoshlarimiz yillar o‘tgani sayin go‘zallashib boryapti, deb ayta olamiz?

17 Tashqi go‘zallik odatda yosh o‘tgani sayin yo‘qoladi. Lekin Yahovaga sodiq bo‘lganlar U uchun yillar o‘tgani sayin go‘zallashib boradi. (1 Salon. 1:2, 3) Nega bunday deya olamiz? Sababi, ular yillar davomida Xudoning muqaddas ruhi ularni shakllantirishiga va go‘zal fazilatlarni rivojlantirishiga yo‘l qo‘ygan. Qadrdon keksa imondoshlarimizni qancha ko‘p yaqindan bilsak, hurmat qilsak va ulardan o‘rgansak, shuncha ko‘p ularni bebaho xazinaday ko‘ramiz.

18. Navbatdagi maqolada nima haqida gap boradi?

18 Yoshroq bo‘lganlar keksalarni qadrlaganda, keksalar esa yoshroq bo‘lganlarni qadrlaganda jamoat mustahkam bo‘ladi. Navbatdagi maqolada yoshi ulug‘ imondoshlarimiz yoshroq bo‘lganlarni qadrlayotganini qay yo‘sin ko‘rsata olishi haqida gap boradi.

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

a Yoshi ulug‘ birodar-u opalar qimmatbaho xazina kabidir. Mazkur maqoladan ularni ko‘proq qadrlashga o‘rganamiz. Shuningdek, ularning donoligi-yu tajribasidan qay yo‘sin to‘laqonli foyda olishimizni ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, bu maqola keksa imondoshlarimizni ular Xudoning tashkilotida muhim ahamiyatga ega ekaniga ishontiradi.