Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

37- TADQIQ MAQOLASI

«Hamma xalqlarni larzaga solaman»

«Hamma xalqlarni larzaga solaman»

Hamma xalqlarni larzaga solaman, barcha millatlardan xazinalar shu uyga keladi. XAG. 2:7

24-QO‘SHIQ Yahovaning tog‘iga keling

BU MAQOLADA a

1, 2. Xaggey payg‘ambar bizning kunimizga oid qanday bashorat aytgan?

 «BIR NECHA daqiqa ichida do‘konlar-u eski binolar kartadan yasalgan uy singari qulay boshladi». «Har yerda vahima ko‘tarilgandi... Ko‘plar bu taxminan ikki daqiqa davom etganini aytdi. Men uchun esa bu uzoq vaqt davom etganday tuyulgandi». Bu fikrlarni 2015-yil Nepaldagi zilziladan omon qolgan ba’zi insonlar bildirgan edi. Siz ham shunga o‘xshash dahshatli voqeani boshdan kechirganingizda, uni hech qachon esingizdan chiqarmagan bo‘lardingiz.

2 Lekin hozirning o‘zida larzaga solayotgan o‘zgacha voqeani boshdan kechiryapmiz. U faqat bitta shahar yoki mamlakatda yuz bermayapti. Aksincha, Yahova butun dunyodagi hamma xalqlarni larzaga solyapti va U buni ko‘p yillardan beri qilib kelyapti. Bu larzaga solinish haqida Xaggey payg‘ambar bashorat qilgandi. U: «Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Oz qoldi, yana bir bor osmon-u yerni, dengiz-u quruqlikni larzaga solaman”»,— deb aytgan. (Xag. 2:6)

3. Ramziy larzaga solinish tom ma’nodagi zilzilalardan nimasi bilan farq qiladi?

3 Xaggey tasvirlagan bu jarayon faqat vayronagarchilik olib keladigan tom ma’nodagi zilzila emas. Aksincha, u yaxshi natijalar keltiryapti. Yahovaning O‘zi shunday demoqda: «Hamma xalqlarni larzaga solaman, barcha millatlardan xazinalar shu uyga keladi va Men uni ulug‘vorlikka to‘ldiraman». (Xag. 2:7) Bu bashorat Xaggeyning davrida yashaganlar uchun nimani anglatgan? Bizning davrimizda-chi, nimani bildiradi? Javobni ushbu maqoladan bilib olamiz. Qolaversa, xalqlarning larzaga solinishida biz qanday qatnashishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

XAGGEY DAVRIDAGI DALDALI XABAR

4. Nima uchun Yahova Xaggey payg‘ambarni xalqiga yubordi?

4 Yahova Xaggey payg‘ambarga muhim vazifa topshirgan edi. Keling, bundan oldin nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik. Ehtimol, Xaggey mil. avv. 537-yili Bobil surgunligidan Quddusga qaytganlar orasida bo‘lgan. Yahovaning o‘sha sadoqatli xizmatchilari Quddusga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay Uning uyi yoki ma’badining poydevorini sola boshladi. (Ezra 3:8, 10) Lekin tez orada vaziyat ayanchli tus oldi. Qarshiliklar tufayli ular tushkunlikka tushib, qurilishni to‘xtatib qo‘ydi. (Ezra 4:4; Xag. 1:1, 2) Mil. avv. 520-yili Yahova Xaggeyga yahudiylar yana jasoratli bo‘la olishi uchun ularga yordam berishni va ruhini ko‘tarishni aytgan b. (Ezra 6:14, 15)

5. Nega Xaggeyning xabari Xudoning xalqiga ishonch baxsh etgan bo‘lishi mumkin?

5 Xaggey aytgan xabarning maqsadi yahudiylarda Yahovaga nisbatan ishonchni mustahkamlashdan iborat edi. U ruhi tushgan yahudiylarga quyidagi so‘zlarni jasorat ila aytgan: «“Dadil bo‘ling, ey, yurt ahli. Ishga kirishing”,— demoqda Yahova. Qo‘shinlar Sarvari Yahova aytmoqda: “Men sizlar bilanman”». (Xag. 2:4) «Qo‘shinlar Sarvari Yahova» iborasi ularga ishonch baxsh etgan bo‘lsa kerak. Axir Yahovaning hokimiyati ostida farishtalardan iborat ulkan qo‘shin bor. Shu bois, yahudiylar muvaffaqiyat qozonishi uchun Unga ishonishlari kerak edi.

6. Xaggey aytgan bashoratning natijasi qanday bo‘lishi kerak edi?

6 Yahova Xaggeyga yahudiylarning oldiga borib, U barcha xalqlarni larzaga solishini aytishni buyurgan. Ushbu xabar ruhi tushib, qurilishni to‘xtatgan yahudiylarga dalda bergan. Chunki mazkur xabar orqali Yahova o‘sha paytda ko‘p xalqlarning nazarida qudratli hisoblangan jahon imperiyasi Forsni larzaga solishini ko‘rsatgan. Xo‘sh, buning natijasi qanday bo‘lishi kutilgan? Avvalo, Xudoning xalqi ma’badning qurilishini tugatishi kerak edi. So‘ng hatto yahudiy bo‘lmaganlar o‘sha tiklangan ma’badda Yahovaga topinishda ularga qo‘shilishi kerak edi. Bu xabar Xudoning xalqi uchun juda daldali bo‘lgandi. (Zakr. 8:9)

YERNI LARZAGA SOLAYOTGAN ISH

Yer yuzini larzaga solayotgan faoliyatda to‘la-to‘kis qatnashyapsizmi? (7-, 8- xatboshilariga qarang.) d

7. Larzaga solayotgan qanday faoliyatda qatnashyapmiz? Tushuntiring.

7 Xaggeyning bashorati biz uchun qanday ma’noga ega? Bugun ham Yahova barcha xalqlarni yana bir bor larzaga solmoqda. Ammo bu safar biz ham bu faoliyatda qatnashyapmiz. Quyidagi fikr haqida bir o‘ylab ko‘ring: 1914-yili Tangri Yahova Iso Masihni Samoviy Shohlikda Shoh etib tayinladi. (Zab. 2:6) Bu Shohlikning o‘rnatilishi dunyo rahbarlari uchun noxush xabar edi. Sababi, bu «o‘zga xalqlar davri» o‘z nihoyasiga yetganini anglatardi. Boshqacha qilib aytganda, u davrda Yahovaning vakillari boshqarmagan. (Luqo 21:24) Shu bois, ayniqsa, 1919-yildan beri Yahovaning xalqi Uning Shohligi insonlar uchun yagona umid ekanini boshqalarga aytib kelmoqda. «Shohlik haqidagi xushxabar» va’z qilinishi butun dunyoni larzaga solyapti. (Mat. 24:14)

8. Zabur 2:1–3 ga ko‘ra, xalqlarning aksariyati bu xabarga qanday munosabat ko‘rsatyapti?

8 Xo‘sh, odamlar bu xabarga qanday munosabat ko‘rsatyapti? Aksariyati uni rad etyapti. (Zabur 2:1–3 ni o‘qing.) Millatlar yoki xalqlar g‘alayon ko‘taryapti, ular Yahova tayinlagan Shohni qabul qilishdan bosh tortyapti. Ular biz va’z qilayotgan Shohlik xabarini «xushxabar» deb qabul qilmayapti. Darhaqiqat, ba’zi hukumatlar va’zgo‘ylik faoliyatimizni taqiqlagan. Ushbu xalqlarning ko‘pgina boshqaruvchilari Xudoga xizmat qilishini ta’kidlasa-da, aslida o‘z kuchi-yu hokimiyatiga tayanyapti. Isoning davridagiday, bugungi boshqaruvchilar ham Yahovaning sadoqatli xizmatchilariga hujum qilib, U tayinlagan Shohga qarshi chiqyapti. (Havor. 4:25–28)

9. Xalqlarning salbiy munosabatiga Yahova qanday qaraydi?

9 Xalqlarning salbiy munosabatiga Yahova qanday qaraydi? Javobini Zabur 2:10–12 dan topsak bo‘ladi: «Shunday ekan, ey shohlar, aql bilan ish tuting. Ey, yer yuzi hukmdorlari, saboq oling. Yahovadan qo‘rqib, Unga xizmat qiling, Unga izzat-ikrom ko‘rsatib, xursand bo‘ling. O‘g‘ilni e’zozlang, aks holda, Allohning g‘azabi keladi, shunda yo‘lingizda halok bo‘lasiz. Axir Xudoning qahri tez alanga oladi. Unda panoh topganlarning bari baxtlidir!» Yahova mehribon bo‘lib, qarshilik ko‘rsatayotganlarga to‘g‘ri qaror chiqarishi uchun vaqt beryapti. Ularda fikrini o‘zgartirishga va Xudoning Shohligini qabul qilishga hali vaqt bor. Biroq vaqt cheklangan, sababi «oxirzamonda» yashayapmiz. (2 Tim. 3:1; Ishayo 61:2) Odamlar haqiqatni qabul qilishi va Yahovaga xizmat qilishi har qachongidan ham shoshilinchdir.

IJOBIY MUNOSABAT

10. Xaggey 2:7–9 da ijobiy munosabat haqida nima deyilgan?

10 Ramziy ma’nodagi larzaga solish haqidagi Xaggey payg‘ambarning bashorati ba’zi insonlarga ijobiy ta’sir qilyapti. Xaggey bu larzaga solishning oqibati haqida «barcha millatlardan xazinalar», ya’ni samimiy insonlar Yahovaga topinish uchun keladi, deb aytmoqda c. (Xaggey 2:7–9 ni o‘qing.) Ishayo va Mixo payg‘ambar ham «oxirgi kunlarda» bu yuz berishini bashorat qilgan. (Ishayo 2:2–4; Mixo 4:1, 2)

11. Bir birodar Shohlik to‘g‘risidagi xabarni ilk bor eshitganida qanday yo‘l tutdi?

11 Keling, xalqaro bosh idorada xizmat qilayotgan Ken birodarimizga ushbu ajoyib xabar qanday ta’sir qilganini ko‘rib chiqaylik. Bundan taxminan 40-yil oldin u Shohlik haqidagi xabarni ilk bor eshitgani haligacha esida. U quyidagicha bo‘lishdi: «Xudoning Kalomidan haqiqatni endi eshitganimda, bu dunyoning oxirgi kunlarida yashayotganimni bilishdan xursand edim. Xudoni mamnun qilish va abadiy hayotga erishish uchun bu beqaror dunyoga uyg‘unlashmasligim va Yahovaning tarafida mahkam turishim kerakligini tushundim. Ibodat qilib darrov shunday yo‘l tutdim. Bu dunyoni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdim va yo‘q bo‘lib ketmaydigan Xudoning Shohligi taklif qilayotgan himoyani darrov qabul qildim».

12. Qanday qilib Yahovaning ramziy ma’badi oxirgi kunlar davomida Uning ulug‘vorligiga to‘lyapti?

12 Yahova xalqiga baraka berib kelayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ushbu oxirgi kunlar davomida Unga topinayotgan insonlarning soni tobora o‘sib bormoqda. 1914-yili bu son taxminan besh mingdan iborat edi. Hozir esa sakkiz milliondan ziyod faol va’zgo‘ylar bor va har yili Qutlug‘ Kechlik marosimida millionlab insonlar bizga qo‘shiladi. Shunday qilib, Yahovaning ramziy ma’badining hovlilari, ya’ni pok topinish uchun mo‘ljallangan joy «barcha millatlardan xazinalarga» to‘lyapti. Shuningdek, insonlar yangi o‘zlikni kiyib, hayotiga o‘zgarishlar kiritgani tufayli Xudoning ismiga sharaflar yog‘ilyapti. (Efes. 4:22–24)

Xudoning xalqi butun dunyo bo‘ylab Uning Shohligi haqida quvonch ila shohidlik bermoqda. (13-xatboshiga qarang.)

13. Ushbu ajoyib o‘zgarishlar tufayli qanday boshqa bashoratlar amalga oshmoqda? (Muqovadagi rasmga qarang.)

13 Ushbu ajoyib o‘zgarishlar boshqa bashoratlarni ham amalga oshirmoqda. Masalan, Ishayo 60:22 da shunday deyilgan: «Ozgina odamdan mingta odam, kichik xalqdan qudratli xalq paydo bo‘ladi. Men, Yahova, buni o‘z vaqtida tezlashtiraman». Ko‘plar Yahovaga topinishni boshlagani uchun ajoyib bir narsa sodir bo‘lyapti. Ushbu «xazinalar» turli xil mahorat-u qobiliyatlarga va Shohlik to‘g‘risida va’z qilish istagiga ega. Natijada, Ishayo aytganidek, «xalqlar suti» Xudoning xalqiga foyda keltirmoqda. (Ishayo 60:5, 16) Ushbu xazinaday bo‘lgan erkag-u ayollar yordamida 240 ta mamlakat va hududlarda va’zgo‘ylik faoliyati olib borilmoqda hamda adabiyotlar 1 000 dan ziyod tilda chop etilmoqda.

TANLASH VAQTI KELDI

14. Hozir insonlar qanday qaror chiqarishi lozim?

14 Ushbu oxirzamonda xalqlar larzaga solinayotgani, ya’ni xabar va’z qilinayotgani tufayli odamlar qaror chiqarishga majbur bo‘lyapti. Ular Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlaydimi yoki bu dunyodagi hukmronlarga umid bog‘laydimi? Har bir inson bu tanlov oldida turadi. Yahovaning xizmatchilari davlat qonunlariga itoatli bo‘lsa-da, bu dunyodagi siyosiy ishlar borasida butunlay betaraflikni saqlaydi. (Rim. 13:1–7) Ular barcha insonlarning muammolarini faqat Samoviy Shohlik hal qila olishini biladi. Ushbu Shohlik bu dunyodan emas. (Yuhan. 18:36, 37)

15. Vahiy kitobida Xudo xalqining sadoqati sinalishi qanday tasvirlangan?

15 Vahiy kitobida Xudo xizmatchilarining sadoqati oxirgi kunlarda sinalishi tasvirlangan. Bu sinov davom etadi va biz shiddatli qarshiliklar-u ta’qiblarga duch kelamiz. Hozirgi hukumatlar ularga sajda qilishimizni talab qiladi va ularni qo‘llab-quvvatlashni rad etganlarni ta’qib qiladi. (Vah. 13:12, 15) Ular hammani «kichig-u ulug‘larni, boy-u kambag‘allarni, erkin-u qullarni o‘ng qo‘liga yoki peshonasiga tamg‘a bosishga majburlaydi». (Vah. 13:16) O‘tmishda qullar kimga tegishli ekanini ko‘rsatish uchun ularga tamg‘a bosilgan. Shu kabi, bugun har bir kishidan ramziy tamg‘ani bosish, ya’ni kimni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatish kutiladi. Ularning barcha o‘y-fikri-yu xatti-harakatlari bu dunyodagi hukumatlarga tegishli ekanini va ularni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi.

16. Nega hozir Yahovaga bo‘lgan sadoqatimizni kuchaytirishning ayni payti?

16 Xo‘sh, bu ramziy tamg‘ani qabul qilib, bu dunyodagi hukumatlarni qo‘llab-quvvatlaymizmi? Uni qabul qilishni rad etganlar xavf ostida qoladi va qiyinchiliklarga duch keladi. Vahiy kitobida tushuntirilganiday, bu tamg‘aga «ega bo‘lmagan hech kim na xarid qila oladi, na sota oladi». (Vah. 13:17) Lekin Vahiy 14:9, 10 da tilga olingan tamg‘ani qabul qilganlarga nisbatan Xudo qanday yo‘l tutishini Uning xalqi yaxshi biladi. Ular bu tamg‘ani qabul qilmaydi, aksincha, ramziy ma’noda qo‘liga «men Yahovaga tegishliman», deb yozib qo‘yadi. (Ishayo 44:5) Hozir Yahovaga qanchalar sadoqatli ekanimiz haqida o‘ylab ko‘rishning ayni paytidir. Yahovaga sadoqatli bo‘lsak, biz Unga tegishli ekanimizni tan olishdan U xursand bo‘ladi.

SO‘NGGI LARZA

17. Yahovaning sabr-toqati borasida nimani yodda tutishimiz lozim?

17 Yahova oxirzamonda juda sabrli ekanini ko‘rsatmoqda. (2 Butr. 3:9) U barchaga tavba qilish va to‘g‘ri qaror chiqarish imkoniyatini beryapti. Ammo U toabad sabr-toqat qilmaydi. Bu imkoniyatdan foydalanishni istamaganlar Musoning davridagi fir’avnning boshiga tushgan ko‘rgilikka duch keladi. Yahova fir’avnga shunday degan: «Men allaqachon qo‘limni uzatib, seni ham, xalqingni ham, dahshatli ofatlarga duchor qilardim va seni yer yuzidan yo‘q qilib yuborardim. Biroq senga O‘z qudratimni ko‘rsatib, ismim butun dunyoda e’lon etilishi uchun seni tirik qoldirdim». (Chiq. 9:15, 16) Oxir-oqibat, barcha xalqlar Yahova tanho haq Xudo ekanini bilishiga to‘g‘ri keladi. (Hiz. 38:23) Bu qanday ro‘y beradi?

18. a) Xaggey 2:6, 20–22 da qaysi larzaga solish haqida gap ketyapti? b) Xaggeyning so‘zlari kelajakda ham amalga oshishini qayerdan bilamiz?

18 Xaggey payg‘ambarning o‘limidan ko‘p yillar o‘tgach, havoriy Pavlus ibroniy masihiylarga Xaggey 2:6, 20–22 dagi so‘zlarni yozgan edi. (O‘qing.) Ular kelajakda amalga oshishi kutilardi. Pavlus shunday deb yozgan: «Endi U [Xudo] yana shunday deb va’da beryapti: “Men yana bir bor nafaqat yerni, balki osmonni ham larzaga solaman”. “Yana bir bor” degan so‘zlar esa titraydigan, ya’ni yaratilgan narsalarning yo‘q bo‘lib ketishiga ishora qiladi, toki titramaydigani qolsin». (Ibron. 12:26, 27) Bu yerdagi «larzaga solish» iborasi Xaggey 2:7 da aytilganidan farq qiladi. U fir’avn kabi Yahova hukmdorlik qilish huquqiga ega ekanini rad etayotgan insonlarni butunlay yo‘q qilib yuborishini anglatadi.

19. Nima titramaydi va buni qayerdan bilamiz?

19 Xo‘sh, nima titramaydi yoki yo‘q bo‘lmaydi? Pavlus so‘zida davom etib shunday degan: «Biz tebranmas Shohlikka erishar ekanmiz, bundan buyon ham inoyatga ega bo‘lib boraveraylik. U orqali biz muqaddas xizmatimizni Tangriga ma’qul tarzda, xudotarslik va titroq bilan ado etamiz». (Ibron. 12:28) So‘nggi larzadan keyin faqat Xudoning Shohligi tebranmaydi. U abadiy turadi! (Zab. 110:5; Don. 2:44)

20. Odamlar qanday qaror chiqarishi kerak va ularga qanday yordam berishimiz mumkin?

20 Hozir qo‘l qovushtirib o‘tirishning vaqti emas! Odamlar qaror chiqarishi zarur. Ular bu dunyo olg‘a surayotgan — halokatga yetaklayotgan — hayot tarzini qo‘llab-quvvatlashda davom etadimi yoki Xudoning irodasiga muvofiq abadiy hayotga yetaklovchi yo‘ldan yurishni tanlaydimi? (Ibron. 12:25) Va’zgo‘ylik faoliyatimiz orqali bu borada muhim qarorni chiqarish uchun insonlarga yordam berishimiz mumkin. Keling, ko‘pgina samimiy insonlarga Xudoning Shohligi tomonini egallashga ko‘maklashaylik. Shuningdek, Hazratimiz Isoning quyidagi so‘zlarini yodda tutaylik: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi». (Mat. 24:14)

40-QO‘SHIQ Kimga tobe bo‘lding?

a Ushbu maqolada Xaggey 2:7 borasidagi tushunchamiz oydinlashganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, xalqlarni larzaga solayotgan ajoyib faoliyatimizga qay yo‘sin hissa qo‘shish mumkinligini bilib olamiz. Qolaversa, ushbu faoliyat tufayli ham ijobiy, ham salbiy munosabat paydo bo‘layotganini ko‘rib chiqamiz.

b Yahova topshirgan vazifani Xaggey to‘liq bajarganini bilamiz. Sababi ma’bad mil. avv. 515-yilga kelib bitkazildi.

c Bu o‘zgargan tushuncha. Oldin samimiy insonlar Yahovaga yaqinlashayotganining sababi xalqlar larzaga solinayotganida emas, deb hisoblardik. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2006-yil 15-may (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

d RASMLARGA SHARH. Xaggey Xudoning xalqini ma’badni qayta qurish uchun g‘ayratli bo‘lishga undayapti. Bizning kunimizda Xudoning xalqi g‘ayrat ila xushxabarni e’lon qilyapti. Bir juftlik oxirgi larza to‘g‘risidagi xabarni va’z qilyapti.