Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaga va birodaru opa-singillarga bo‘lgan sevgingizni kuchaytiring

Yahovaga va birodaru opa-singillarga bo‘lgan sevgingizni kuchaytiring

Men o‘z Otam va sizlarning Otangiz... huzuriga ko‘tarilaman. YUHAN. 20:17

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

BU MAQOLADA a

1. Sadoqatli odamlar Yahova bilan qanday munosabatga ega bo‘la oladi?

 YAHOVANING oilasi «barcha mavjudotlar ichida to‘ng‘ich» bo‘lgan Iso va millionlab farishtalardan iborat. (Kolos. 1:15; Zab. 103:20) Iso yer yuzida bo‘lganida, sadoqatli odamlarga Yahovani Ota deb atashlari mumkinligini tushunishlariga yordam bergan. U shogirdlariga gapirganida, Yahovani «Otam va sizlarning Otangiz» deb atagan. (Yuhan. 20:17) O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mganimizda, birodar-u opa-singillardan iborat mehribon oilaga qo‘shilgan bo‘lamiz. (Mark 10:29, 30)

2. Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Ba’zilar uchun Yahovani sevuvchi Ota sifatida qabul qilish qiyin. Ayrimlar esa birodar-u opa-singillariga bo‘lgan sevgini qanday ko‘rsatishni bilmasligi mumkin. Mazkur maqolada Yahovani sevuvchi Otamiz deb bilishga va Unga yaqinlashishimizga Iso qay yo‘sin yordam berishini bilib olamiz. Qolaversa, birodar-u opa-singillar bilan muomala qilganimizda, qaysi yo‘llar orqali Yahovaga ergashish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA UNGA YAQINLASHISHINGIZNI ISTAYDI

3. Namunali ibodat orqali qay yo‘sin Yahovaga yaqinlashamiz?

3 Yahova sevuvchi Otadir. Iso Yahovaga u kabi nuqtai nazarda bo‘lishimizni — qahri qattiq shaxs emas, balki murojaat qilish oson, mehribon va sevuvchi ota deb bilishimizni istaydi. Iso shogirdlariga nima haqida ibodat qilishni o‘rgatganidan buni yaqqol ko‘rishimiz mumkin. U namunali ibodatni «osmondagi Otamiz» deb boshlagan. (Mat. 6:9) Iso Yahovaga «Qodir Xudo», «Yaratuvchi» yoki «Abadiyat Podshohi» deb murojaat qilishimiz kerakligini aytishi mumkin edi. Bu noto‘g‘ri bo‘lmasdi. Sababi Yahovani tasvirlash uchun Muqaddas Kitobda bu unvonlar ishlatiladi. (Ibt. 49:25; Ishayo 40:28; 1 Tim. 1:17) Lekin Iso qalblarga yaqin bo‘lgan «Ota» so‘zini ishlatgan.

4. Yahova Unga yaqinlashishimizni xohlayotganini qayerdan bilamiz?

4 Yahovani sevuvchi Ota deb qabul qilish siz uchun qiyinmi? Ba’zilarimiz uchun oson emas. Ehtimol, bolaligimiz og‘riqli o‘tgani tufayli sevuvchi otani tasavvur qilish mushkuldir. Yahova his-tuyg‘ularimizni to‘liq tushunayotganini bilish bizga tasalli baxsh etmoqda. U bizga yaqin bo‘lishni istaydi. Shu bois, Uning Kalomi bizni: «Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi»,— deb undayapti. (Yoqb. 4:8) Yahova bizni sevadi va dunyodagi eng a’lo Ota bo‘lishini aytyapti.

5. Luqo 10:22 ga ko‘ra, Iso Yahovaga yaqinlashishimizga qanday yordam bera oladi?

5 Iso Yahovaga yaqinlashishimizga yordam bera oladi. U Yahovani juda yaxshi bilgani va Uning fazilatlariga mukammal darajada taqlid qilgani tufayli: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— deb aytgan. (Yuhan. 14:9) Iso to‘ng‘ich akamiz sifatida qanday qilib Otamizni hurmat qilishimiz, Unga itoatli bo‘lishimiz, Unga yoqmaydigan ishlardan yiroqlashishimiz va Uni mamnun qilishimiz borasida bizga ta’lim beryapti. Lekin, ayniqsa, Isoning yer yuzidagi hayotidan Yahova qanchalik mehribon va sevuvchi Xudo ekanini ko‘rsa bo‘ladi. (Luqo 10:22 ni o‘qing.) Keling, buning ba’zi misollarini ko‘rib chiqaylik.

Sevuvchi Otamiz Yahova O‘g‘lini farishta orqali mustahkamlayapti (6- xatboshiga qarang.) c

6. Yahova Isoni tinglaganini qayerdan bilamiz? Misollar keltiring.

6 Yahova farzandlarini tinglaydi. Keling, u to‘ng‘ich O‘g‘lini qay yo‘sin tinglaganini ko‘rib chiqaylik. Yahova O‘g‘li yer yuzida bo‘lganida uning ko‘plab ibodatlarini eshitgani aniq. (Luqo 5:16) U Isoning muhim qaror chiqarish oldida qilgan ibodatini eshitgan. Masalan, Iso 12 ta havoriysini tanlashdan oldin ibodat qilganida Xudo uni eshitgan. Yahova, shuningdek, Iso qiyin damlarda qilgan ibodatlariga quloq tutgan. Yahudo Ishqariyot xiyonat qilishidan sal oldin Iso Otasiga chin ko‘ngildan qilgan ibodatida oldinda bo‘ladigan qiyin sinov to‘g‘risida aytgan. Yahova nafaqat Isoning ibodatini eshitgan, balki uni qo‘llab-quvvatlash uchun farishtasini ham yuborgan. (Luqo 22:41–44)

7. Yahova ibodatlarimizni eshitishini bilishdan nimani his qilyapsiz?

7 Hozir ham Yahova xizmatchilarining ibodatlarini tinglaydi va ularga o‘z vaqtida hamda eng ma’qul yo‘l orqali javob beradi. (Zab. 116:1, 2) Keling, Hindistondagi bir opamiz buni shaxsan o‘zida his qilganini ko‘rib chiqaylik. U haddan tashqari xavotirlanib, bundan azob chekardi va bu haqda Yahovaga iltijo qilardi. U shunday deb yozdi: «JW Internet-televideniesining 2019-yil may oyi ko‘rsatuvi tashvish va xavotirlarni qanday yengish haqida edi. Bu aynan men uchun bo‘lib, ibodatlarimga javob edi».

8. Yahova qaysi yo‘llar orqali Isoga bo‘lgan sevgisini ko‘rsatdi?

8 Yahova Isoni yaxshi ko‘rgan va uning yer yuzidagi mashaqqatli xizmati davomida unga g‘amxo‘rlik qilgan. Shu kabi, Yahova bizni ham yaxshi ko‘radi va g‘amxo‘rlik qiladi. (Yuhan. 5:20) U Isoning ma’naviy, hissiy va jismoniy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilgan. Bundan tashqari, Yahova Isoni sevishini va undan mamnun ekanini aytgan. (Mat. 3:16, 17) Iso har qachon sevuvchi samoviy Otasiga tayana olishini bilgani tufayli o‘zini aslo yolg‘iz his etmagan. (Yuhan. 8:16)

9. Yahova bizni yaxshi ko‘rishini qayerdan bilamiz?

9 Iso kabi barchamiz Yahovaning sevgisini ko‘p yo‘llar orqali o‘zimizda his qilganmiz. Bir o‘ylab ko‘ring, Yahova biz Uning do‘sti bo‘lishimizga yo‘l qo‘ydi va ko‘pdan-ko‘p mehribon birodar-u opa-singillarni ato etdi. Ular bizni quvontirib qiyin paytlarimizda dalda beradi. (Yuhan. 6:44) Qolaversa, Yahova imonimizni mustahkam saqlashimiz uchun kerak bo‘lgan barcha narsani taqdim etmoqda. Shuningdek, U hatto har kungi jismoniy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilishga ko‘maklashadi. (Mat. 6:31, 32) Yahovaning bizga nisbatan sevgisi ustida mulohaza yuritganimizda, Uni yanada ko‘proq yaxshi ko‘ramiz.

BIRODAR-U OPA-SINGILLARINGIZGA YAHOVA KABI MUNOSABATDA BO‘LING

10. Yahova birodar-u opa-singillarimizga qilayotgan munosabatidan qanday saboq olishimiz mumkin?

10 Yahova birodar-u opa-singillarimizni sevadi. Biroq ularni doim yaxshi ko‘rish va sevgini namoyon etish biz uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Bundan tashqari, barchamiz har xil madaniyatga mansubmiz va kelib chiqishimiz turlicha. Shuningdek, hammamiz xatolar qilishimiz va boshqalarning g‘ashiga tegishimiz hamda hafsalasini pir qilishimiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, imondoshlarga nisbatan sevgimizni mustahkamlay olamiz. Qanaqasiga? Otamizga taqlid qilib ularga bo‘lgan sevgimizni namoyon etishimiz mumkin. (Efes. 5:1, 2; 1 Yuhan. 4:19) Keling, Yahovadan qanday o‘rnak olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

11. Iso Yahovaning «mehr-shafqatiga» qay yo‘sin taqlid qilgan?

11 Yahova «mehr-shafqatni» namoyon etadi. (Luqo 1:78) Mehr-shafqatli inson boshqalar azob chekayotganini ko‘rganida, tashvishlanadi hamda yordam va tasalli berish yo‘llarini izlaydi. Odamlarga qilgan munosabatida Iso Yahovaning ularga bo‘lgan sevgisini aks ettirgan. (Yuhan. 5:19) Bir safar «Iso olomonni ko‘rib ularga achindi, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarday tarqoq va holdan toygan edilar». (Mat. 9:36) Isoning mehr-shafqati his-tuyg‘ulari bilan chegaralanib qolmagan. U kasallarni sog‘aytirgan hamda «zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlar»ga yordam bergan. (Mat. 11:28–30; 14:14)

Imondoshlarga Yahova kabi mehr-shafqatli va saxiy bo‘ling (12–14-xatboshilariga qarang.) d

12. Mehr-shafqat ko‘rsatishning ayrim misollarini keltiring.

12 Birodar-u opa-singillarimizning muammolari haqida o‘ylasak, ularga mehr-shafqat ko‘rsata olamiz. Masalan, opamiz jiddiy sog‘liq muammosiga yo‘liqqandir. Balki u bu haqda umuman gapirmas, lekin unga amaliy yordam ko‘rsatilsa, xursand bo‘lishi turgan gap. U oilasining jismoniy ehtiyojlariga qanday g‘amxo‘rlik qilyapti? Unga taom tayyorlashda yoki uy ishlarini qilishda yordam bera olamizmi? Balki birodar ishini yo‘qotgandir. U boshqa ish topguniga qadar, sovg‘a sifatida — bizdan ekanini bildirmasdan — moddiy yordam ko‘rsatarmiz.

13, 14. Qanday qilib Yahova kabi saxiy bo‘la olamiz?

13 Yahova saxiydir. (Mat. 5:45) Birodar-u opa-singillarimiz bizdan yordam so‘rashini kutib o‘tirmay, mehr-shafqatni namoyon etishimiz lozim. Yahova kabi bu borada tashabbus ko‘rsatishimiz mumkin. Biz so‘ramasak ham Yahova har kuni quyosh chiqishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Quyoshning taftidan nafaqat minnatdor bo‘lganlar, balki barcha bahramand bo‘la oladi. Bizga kerakli bo‘lgan narsalarni berish orqali Yahova bizni sevishini ko‘rsatmoqda. Yahova juda mehribon va saxiy bo‘lgani uchun Uni sevamiz.

14 Samoviy Otamizga taqlid qilgan holda ko‘pgina birodar-u opa-singillarimiz saxiy bo‘lishda tashabbus ko‘rsatmoqda. Misol uchun, Filippinda 2013-yili shiddatli «Xayyan» tayfuni sababli dahshatli vayronagarchiliklar yuz berdi. Ko‘pgina imondoshlarimiz uylari-yu mol-mulkidan ayrildi. Biroq butun dunyodagi birodar-u opa-singillar bir yoqadan bosh chiqarib, ularga yordam qo‘lini cho‘zdi. Ko‘plar xayr-ehson qildi yoki ulkan qurilish ishlarida ishtirok etdi. Buning natijasida salkam bir yil ichida taxminan 750 ta uy ta’mirlandi yoki qayta qurildi. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasi paytida ham Shohidlar imondoshlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ancha mehnat qildi. Birodar-u opa-singillarimizga yordam berishga oshiqsak, ularga sevgimizni ko‘rsatamiz.

15, 16. Luqo 6:36 ga binoan, samoviy Otamizga taqlid qilish uchun qanday yo‘l tutishimiz kerak?

15 Yahova rahmdil va kechirimlidir. (Luqo 6:36 ni o‘qing.) Samoviy Otamizning rahmdilligini har kuni o‘zimizda his qilamiz. (Zab. 103:10–14) Isoning izdoshlari nomukammal edi. Shu bois, u rahmdillikni namoyon etib, kechirimli bo‘lgan. U hatto gunohlarimiz kechirilishi uchun hayotini qurbon qilishga tayyor bo‘lgan. (1 Yuhan. 2:1, 2) Yahova hamda Iso kechirimli va rahmdil ekani bizni ularga yaqinlashtiradi.

16 Birodar-u opa-singillarimizni «chin dildan kechirganimizda», o‘rtamizdagi sevgi yanada kuchayadi. (Efes. 4:32) To‘g‘ri, ba’zida boshqalarni kechirish juda qiyin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, buning ustida ishlashimiz kerak. «Qo‘riqchi minorasi»dagi «Bir-biringizni chin dildan kechiringlar» nomli tadqiq maqolasi bir opamizga aynan shunday yo‘l tutishga ko‘maklashdi b. U shunday deb yozdi: «Bu maqola boshqalarni kechirish menga qanday yordam berishini tushunishimga ko‘maklashdi. U yerda tushuntirilishicha, boshqalarni kechirishga tayyor bo‘lish ularning noto‘g‘ri harakatini ma’qullashni yoki yetkazgan zararning ahamiyatini pasaytirishni anglatmaydi. Aksincha, bu xusumat kabi tuyg‘uni qo‘yib yuborib ichki xotirjamlikni saqlash degani». Birodar-u opa-singillarimizni chin dildan kechirganimizda, ularga bo‘lgan sevgimizni va Otamiz Yahovaga taqlid qilayotganimizni ko‘rsatamiz.

YAHOVANING OILASIDAGI O‘RNINGIZ UCHUN MINNATDOR BO‘LING

Yoshi kattalar va yoshlar birodar-u opa-singillariga sevgi ko‘rsatmoqda (17- xatboshiga qarang.) e

17. Matto 5:16 ga ko‘ra, qay yo‘sin samoviy Otamizga sharaf keltira olamiz?

17 Sevgiga to‘la umumjahon oilaga tegishli bo‘lish katta sharaf. Iloji boricha ko‘proq odam Tangrimizga topinishda bizga qo‘shilishini istaymiz. Buni yodda tutgan holda, Yahova xalqining yoki samoviy Otamizning nomiga dog‘ tushiradigan biron narsa qilishdan ehtiyot bo‘lamiz. Xulq-atvorimiz doimo yaxshi bo‘lishiga intilamiz. Shunda odamlar Yahova haqida bilishni va Unga xizmat qilishni xohlaydi. (Matto 5:16 ni o‘qing.)

18. Jasorat ila shohidlik berishimizga nima ko‘maklashishi mumkin?

18 Samoviy Otamizga itoat qilganimiz tufayli ba’zida ayrimlar bizni tanqid yo hatto quvg‘in qilishi mumkin. Bordi-yu, e’tiqodimiz haqida aytishdan qo‘rqayotgan bo‘lsak-chi? Yahova hamda Uning O‘g‘li bizga yordamga kelishiga ishonishimiz mumkin. Iso shogirdlariga qanday gapirish yoki nima deyish borasida tashvishlanmaslik kerakligini aytdi. Iso buni quyidagicha tushuntirdi: «Nima deyish kerakligini o‘sha paytning o‘zida bilib olasizlar. Sababi, o‘z-o‘zingizdan emas, balki samoviy Otangizning qudrati yordamida gapirasizlar». (Mat. 10:19, 20)

19. Jasorat ila shohidlik bergan imondoshimizning misolini keltiring.

19 Keling, Robertning misolini ko‘rib chiqaylik. Bir qancha vaqt oldin u endi tadqiq boshlagandi va Muqaddas Kitob asosida kam bilimga ega edi. O‘shanda Robert nega harbiy xizmatni o‘tamasligini tushuntirish uchun Janubiy Afrikadagi sudga borishi kerak edi. U yerda Robert birodar-u opa-singillariga bo‘lgan sevgisi tufayli betaraf qolmoqchi ekanini jasorat ila tushuntirdi. U Yahova oilasidagi o‘rni uchun minnatdor edi. Kutilmaganda sudya undan: «Qaysi birodarlar haqida aytyapsiz?» — deb so‘radi. Robert bunday savolni kutmagandi. Lekin shu zahoti o‘sha kun uchun keltirilgan oyatni esladi. U yerda Matto 12:50 keltirilgandi: «Kimki samoviy Otamning irodasini bajarsa, o‘sha mening aka-ukam, opa-singlim va onam bo‘ladi». Robert Muqaddas Kitobni endi tadqiq qilishni boshlagan bo‘lsa-da, muqaddas ruh yordamida bu va kutilmagan boshqa ko‘pgina savollarga javob bera oldi. Yahova u bilan faxrlangani aniq. Qiyin vaziyatlarda Yahovaga tayanib, jasorat ila shohidlik bersak, U biz bilan ham faxrlanadi.

20. Qanday yo‘l tutishga qat’iy qaror qilishimiz kerak? (Yuhanno 17:11, 15)

20 Keling, Yahovaning sevgiga to‘la oilasidagi o‘rnimiz kabi barakani qadrlashda davom etaylik. Eng a’lo Otamiz va bizni sevadigan ko‘pgina birodar-u opa-singillarimiz bor. Buni oddiy holday qabul qilmasligimiz kerak. Shayton va uning yovuz tarafdorlari samoviy Otamizning sevgisidan shubhalanishimizga va biz zavqlanayotgan birlikka raxna solishga intilmoqda. Lekin Iso biz haqimizda Otamizga ibodat qilib, bizni himoyalashini, oilamiz yakdil bo‘lib qolishini so‘ragan. (Yuhanno 17:11, 15 ni o‘qing.) Hozirda Yahova bu ibodatga javob bermoqda. Keling, Iso kabi samoviy Otamizning sevgisi-yu qo‘llab-quvvatlashidan aslo shubhalanmaylik. Shuningdek, birodar-u opa-singillarimizga har qachongidan ham yaqinroq bo‘lishga qat’iy qaror qilaylik.

99-QO‘SHIQ Son-sanoqsiz Shohidlarmiz

a Birodar-u opa-singillardan iborat sevgiga to‘la oilaning a’zosi bo‘lishdan juda baxtiyormiz. Barchamiz oramizdagi sevgi rishtalarini mustahkamlashni istaymiz. Qiziq, qanday qilib? Yahova bizga sevgini qay yo‘sin ko‘rsatayotganiga taqlid qilishimiz hamda Iso va imondoshlarimizning o‘rnagiga ergashishimiz mumkin.

c RASMGA SHARH. Yahova Getsemaniya bog‘ida bo‘lgan Isoni mustahkamlash uchun farishtasini yubordi.

d RASMLARGA SHARH. COVID-19 pandemiyasi davomida ko‘plar oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlab, ularni yetkazish uchun mehnat qildi.

e RASMLARGA SHARH. Bir ona qamoqdagi birodarga dalda berish niyatida xat yozayotgan qiziga yordam beryapti.