Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-TADQIQ MAQOLASI

Taslim bo‘lmang!

Taslim bo‘lmang!

Yaxshilik qilishdan bezmaylik. GALAT. 6:9

68-QO‘SHIQ Shohlik urug‘ini sepaylik

BU MAQOLADA *

1. Biz qanday quvonch va sharafga egamiz?

YAHOVANING SHOHIDI ekanimizdan juda baxtiyormiz va bu bilan faxrlanamiz. Va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida qatnashib bu ismga muvofiq yashayotganimizni ko‘rsatamiz. «Mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» kishi Isoning shogirdi bo‘lsa, rosa quvonamiz. (Havor. 13:48) Isoning tuyg‘ulari bizga ham tanish. Shogirdlari va’zgo‘ylikdan xursand bo‘lib qaytganida, u «quvonchga va muqaddas ruhga to‘lgan». (Luqo 10:1, 17, 21)

2. Xizmatga jiddiy yondashayotganimizni qanday ko‘rsatamiz?

2 Biz xizmatimizga jiddiy qaraymiz. Havoriy Pavlus Timo‘tiyni: «O‘zingga va qanday ta’lim berayotganingga hamisha diqqatli bo‘l»,— deb undagan. U gapini davom ettirib shunday degan: «Bunday yo‘l tutaversang, ham o‘zingni, ham seni tinglayotganlarni qutqarasan». (1 Tim. 4:16) Ha, va’zgo‘ylik ishi hayot-mamot masalasidir. Xudo Shohligining fuqarolari bo‘lganimiz uchun o‘zimizga doim diqqatli bo‘lishni istaymiz. Va’z qilayotgan xushxabarga muvofiq yashab, hayot tarzimiz bilan Xudoni sharaflaymiz. (Filip. 1:27) Va’zgo‘ylikka chiqishdan oldin yaxshi tayyorgarlik ko‘rib va Yahovadan baraka berishini so‘rab, bu ishga jiddiy yondashayotganimizni ko‘rsatamiz.

3. Xushxabarga hamma ham qiziqish bildiradimi? Misol keltiring.

3 Xizmatda jon-jahdimiz bilan harakat qilsak-da, odamlar kam qiziqish ko‘rsatishi yoki umuman befarq bo‘lishi mumkin. Keling, Georg Lindalning misolini ko‘rib chiqaylik. U 1929–1947-yillarda Islandiyada bir o‘zi xizmat qilgan. U o‘n minglab adabiyotlarimizni tarqatgan, biroq hech kim haqiqatga kelmagan. U quyidagicha yozdi: «Ayrimlar haqiqatga qarshiday, aksariyati befarqday tuyulardi». Giladni bitirgan to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar u yerga tayinlangan. To‘qqiz yil o‘tganidan keyingina Islandiyadagi ba’zilar hayotini Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mgan *.

4. Odamlar xushxabarga qiziqish ko‘rsatmasa, bu bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

4 Odamlar xushxabarga qiziqish bildirmaganida, ruhimiz tushishi hech gap emas. Bunday vaziyatda o‘zimizni Pavlus kabi his qilishimiz mumkin. Yahudiylar Isoni va’da qilingan Masih sifatida qabul qilmagani uchun u «kuchli g‘am-g‘ussa va to‘xtamaydigan bir dard»ni tuygan. (Rim. 9:1–3) Balki kimdir bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgandirsiz. Tadqiqlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishingizga va tadqiq o‘tuvchi uchun ibodat qilishingizga qaramay, u bilib olayotganlarini amalda qo‘llamayotgandir. Bu tufayli tadqiqni to‘xtatishingizga to‘g‘ri kelayotgandir. Yoki siz tadqiq o‘tkazgan hech bir inson suvga cho‘mmagandir. Yo bo‘lmasa, o‘zingizni aybdor his qilib, Yahova xizmatimga baraka bermayapti, deb o‘ylayotgandirsiz. Ushbu maqolada quyidagi ikkita savolga javob topamiz: 1. Xizmatimizning muvaffaqiyatini nima belgilaydi? 2. Xushxabarni va’z qilayotib nimaga tayyor bo‘lishimiz kerak?

XIZMATIMIZNING MUVAFFAQIYATINI NIMA BELGILAYDI?

5. Nima uchun Yahovaga istaganimizday xizmat qila olmasligimiz mumkin?

5 Muqaddas Kitobda Xudoning irodasini bajaradigan kishi to‘g‘risida «u barcha ishlarida muvaffaqiyatga erishadi» deyilgan. (Zab. 1:3) Biroq bu Yahovaga qilayotgan xizmatimiz doim ham biz xohlaganday bo‘lishini anglatmaydi. O‘zimizning yoki boshqalarning nomukammalligi tufayli hayotimiz «g‘am-tashvishga to‘la». (Ayub 14:1) Qolaversa, bizga qarshi chiqayotganlar va’zgo‘ylik ishimizga xalaqit berishi mumkin. (1 Kor. 16:9; 1 Salon. 2:18) Xo‘sh, unda Yahova muvaffaqiyatimizni qanday baholaydi? Bu savolga javob topish uchun, keling, Muqaddas Kitobdagi ba’zi prinsiplarni ko‘rib chiqaylik.

Xat yozib va’z qilamizmi yoki telefon orqalimi, Yahova harakatlarimizni qadrlaydi (6- xatboshiga qarang.)

6. Yahova xizmatdagi muvaffaqiyatimizni qanday baholaydi?

6 Yahova harakatlarimiz-u sabr-bardoshimizga qaraydi. Odamlar xushxabarga qanday munosabat ko‘rsatishidan qat’i nazar, xizmatimizni astoydil va sevgi ila bajarsak, Yahovaning nazarida muvaffaqiyatli bo‘lamiz. Pavlus shunday degan: «Alloh adolatsiz emas. Chunki U sizlarning avval ham, hozir ham muqaddas kishilarga xizmat qilib, Uning ismiga ko‘rsatgan sevgingizni hamda mehnatingizni unutmaydi». (Ibron. 6:10) Harakatlarimiz yaxshi natija keltirmasa ham Yahova mehnatimizni va sevgimizni yodda saqlaydi. Xizmatda biz kutgan natijaga erishamizmi yoki yo‘qmi, Pavlus korinfliklarga aytgan quyidagi so‘zlar bizga ham tegishli: «Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatingiz zoe ketmaydi». (1 Kor. 15:58)

7. Pavlus xizmati borasida aytgan so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

7 Havoriy Pavlus g‘ayratli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y edi. U ko‘pgina shaharlarda jamoatlar tashkillashtirgan. Biroq ba’zilar Pavlusni tanqid qilib, u yaxshi ta’lim bermasligini aytgan. Shunga qaramay, Pavlus nechta odamga haqiqatga kelishga ko‘maklashganini aytmagan. Aksincha, u quyidagicha yozgan: «Ulardan ko‘ra ko‘proq mehnat qilganman». (2 Kor. 11:23) Pavlus kabi biz ham Yahova uchun eng muhimi harakatlarimiz va sabr-bardoshimiz ekanini esdan chiqarmaylik.

8. Xizmatimiz borasida nimani yodda tutishimiz kerak?

8 Xizmatimiz Yahovani mamnun qiladi. Isoning 70 ta shogirdi xushxabarni va’z qilib, «xursand bo‘lib qaytdi». Ular nega xursand edi? Ular Isoga: «Sizning ismingizni tilga olganimizda, hatto jinlar ham bizga bo‘ysunishyapti»,— dedi. Iso esa ularning fikrlash tarzini to‘g‘rilab: «Jinlar sizlarga bo‘ysunishganiga emas, balki ismlaringiz osmonda yozilganiga xursand bo‘linglar»,— deb aytdi. (Luqo 10:17–20) Iso shogirdlari xizmatdan doim ham bunday quvonch olmasligini bilardi. Ular xizmatda erishgan natijalardan emas, balki Yahova ularning harakatlaridan mamnun ekanini bilishdan quvonishi kerak edi. Darhaqiqat, shogirdlarni tinglaganlarning qanchasi haqiqatga kelganini bilmaymiz.

9. Xizmatda bo‘shashmasak, nimaga erishamiz? (Galatiyaliklarga 6:7–9)

9 Xizmatimizda sabr-bardoshli bo‘lsak, abadiy hayotga erishamiz. Agar haqiqat urug‘larini ekib, ularni sug‘orsak, «muqaddas ruhga ekkan» bo‘lamiz. Bu bilan Xudoning muqaddas ruhi hayotimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Agar xizmatdan «bezmasak» yoki unda «bo‘shashmasak», hatto kimdirga suvga cho‘mishga yordam bera olmagan bo‘lsak ham Yahova abadiy hayotga erishishimizni va’da qilyapti. (Galatiyaliklarga 6:7–9 ni o‘qing.)

XUSHXABARNI VA’Z QILAYOTIB, NIMAGA TAYYOR BO‘LISHIMIZ KERAK?

10. Odamlar xushxabarni tinglash-tinglamasligi nimaga bog‘liq?

10 Odamlar qanday munosabat bildirishi asosan ularning qalb holatiga bog‘liq. Iso buni urug‘ sepuvchi haqidagi masal yordamda ko‘rsatgan. U urug‘larni turli yerlarga sepadi. Ammo faqatgina bittasi hosil beradi. (Luqo 8:5–8) Iso aytganidek, turli yerlar «Allohning kalomini» eshitib, turlicha munosabat bildirgan odamlarning qalbini bildiradi. (Luqo 8:11–15) Urug‘ sepuvchi kabi biz ham mehnatimiz qanday natija keltirishini nazorat qila olmaymiz, chunki bu odamlarning qalb holatiga bog‘liq. Bizning vazifamiz haqiqat urug‘larini sepishda to‘xtatmaslikdir. Havoriy Pavlus aytganidek, har bir kishi ishining natijasiga qarab emas, balki «mehnatiga yarasha mukofotini oladi». (1 Kor. 3:8)

Nuh yillar davomida sadoqat ila va’z qilganiga qaramay, u va uning oilasidan boshqa hech kim kemaga kirmagan. Shunday bo‘lsa-da, u Xudoga itoatli bo‘lgan (11- xatboshiga qarang.)

11. Nega Nuh «adolat yo‘lini xabarlashda» muvaffaqiyatli bo‘lgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

11 Yahovaning ilk shohidlari aytgan xabarga odamlar qiziqish bildirmagan. Misol uchun, Nuh taxminan 40–50-yil davomida «adolat yo‘lini xabarlab yurgan». (2 Butr. 2:5) Nuh uni tinglashlariga umid qilgan, lekin Yahova unga uni tinglashlari haqida hech narsa aytmagan. Aksincha, Xudo unga kema yasashni buyurib, shunday degan: «Kemaga sen bilan birga o‘g‘illaring, xotining va kelinlaring kirishsin». (Ibt. 6:18) Nuh kemaning hajmidan xabardor bo‘lgani uchun uning xabarini ko‘p insonlar tinglamasligini tushungandir. (Ibt. 6:15) Bilamizki, unga biron kishi ham quloq solmagan. (Ibt. 7:7) Xo‘sh, Yahova uni muvaffaqiyatsiz deb hisobladimi? Albatta, yo‘q! Nuh Yahovaning nazarida muvaffaqiyatli va’zgo‘y edi, chunki u Xudoning aytganlarini bitta qoldirmay bajardi. (Ibt. 6:22)

12. Beparvolik va qarshiliklarga qaramay, Yeremiyo payg‘ambar qay yo‘sin xizmatidan quvonch topa olgan?

12 Yeremiyo payg‘ambar ham beparvo va qarshilik ko‘rsatgan odamlarga 40-yildan ziyod vaqt davomida va’z qilgan. Unga qarshilik ko‘rsatayotganlarning haqorati-yu pichinglari tufayli Yeremiyo tushkunlikka tushib, vazifasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan. (Yerm. 20:8, 9) Biroq u taslim bo‘lmagan. Qiziq, salbiy fikrlarni yengishga va xizmatdan quvonch olishga unga nima ko‘maklashgan? U diqqatini ikkita omilga qaratgan. Birinchidan, «porloq kelajak va umid» haqidagi xabarni yetkazgan. (Yerm. 29:11) Ikkinchidan, u Xudoning nomidan gapirgan. (Yerm. 15:16) Bugungi kunda biz ham umidsiz dunyoda umidbaxsh xabarni va’z qilyapmiz va Xudoning ismi bilan atalamiz. Diqqatimizni ushbu ikkita omilga qaratsak, odamlar xushxabarga qanday munosabat bildirishidan qat’i nazar, quvonchni yo‘qotmaymiz.

13. Isoning Mark 4:26–29 da keltirilgan masalidan nimani o‘rganyapmiz?

13 Ma’nan o‘sish asta-sekin bo‘ladi. Iso buni uxlayotgan urug‘ sepuvchi haqidagi masalni keltirib, tushuntirgan. (Mark 4:26–29 ni o‘qing.) Urug‘ sepuvchining mehnati samara berishi uchun vaqt kerak edi va hosilning o‘sishi uning qo‘lida emasdi. Shogird tayyorlash ishidan ham xuddi shunday. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan inson ma’nan o‘sishi uchun vaqt kerak. Urug‘ sepuvchi hosilni o‘zi istagan tezlikda o‘sishga majburlay olmagani kabi biz ham insonni o‘zimiz xohlagan tezlikda ma’nan ulg‘ayishga majburlay olmaymiz. Siz ham bunga duch kelayotgan bo‘lsangiz, tushkunlikka tushmang. Aslo bo‘shashmang. Dehqonchilik kabi shogird tayyorlash ishi ham sabr talab etadi. (Yoqb. 5:7, 8)

14. Xizmatimiz asta-sekin samara berishini qaysi misoldan ko‘rsak bo‘ladi?

14 Ba’zi hududlarda va’zgo‘ylik samarasi yillar davomida ko‘rinmasligi mumkin. Keling, tug‘ishgan opa-singil Gledis va Rubi Allenning misoliga diqqat qarataylik. Ular 1959-yili Kanadaning Kvebek provinsiyasiga doimiy kashshof etib tayinlangandi *. Lekin aholining bosimi va katolik cherkovining ta’siri dastidan odamlar xushxabarga qiziqish bildirmasdi. Gledis shunday dedi: «Biz ikki yil mobaynida har kuni sakkiz soatdan uyma-uy va’z qildik. Ammo bizni hech kim tinglamasdi. Odamlarning uyiga kelganimizda, ular bizni ko‘rardi-yu, eshigini ochmasdi. Lekin biz bo‘shashmadik». Vaqt o‘tib, odamlarning munosabati o‘zgardi va ular xushxabarni tinglay boshladi. Hozir u yerda uchta jamoat bor. (Ishayo 60:22)

15. Shogird tayyorlash ishi borasida 1 Korinfliklarga 3:6, 7 dan nimani o‘rganyapmiz?

15 Shogird tayyorlash jamoaviy ishdir. Bir kishi suvga cho‘mishiga butun jamoat yordam beradi. (1 Korinfliklarga 3:6, 7 ni o‘qing.) Misol uchun, va’zgo‘y qiziqish ko‘rsatgan insonga buklama yoki jurnal qoldiradi. Birodarimiz takroriy tashrif qilishga rejalari to‘g‘ri kelmagani sababli, buni boshqa va’zgo‘ydan iltimos qilishi mumkin. Bu va’zgo‘y qiziquvchi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlar. U tadqiqqa ko‘plab imondoshlarni taklif qiladi va ularning har biri tadqiq o‘tuvchiga turli yo‘llar orqali dalda beradi. Shu yo‘sin turli birodar-u opa-singillar haqiqat urug‘ini sug‘orishadi. Shunday qilib, Iso aytganidek, ma’naviy o‘rim-yig‘im payti ekuvchi ham, o‘roqchi ham birgalikda quvonadi. (Yuhan. 4:35–38)

16. Sog‘ligingiz yoki kuchingiz zaif bo‘lishiga qaramay, nega xizmatingizdan quvonch topa olasiz?

16 Sog‘ligingiz yoki kuchingiz zaiflashgani tufayli va’z qilish hamda ta’lim berish ishida yetarlicha qatnasha olmayotgan bo‘lsangiz-chi? Shunga qaramay, qo‘lingizdan kelganini qilib, bundan quvonch topa olasiz. Keling, Dovud odamlari bilan oilalari hamda mol-mulkini omoleklarning qo‘lidan qutqarishga borgani haqidagi voqeaga e’tibor beraylik. Dovudning ikki yuzta odami qattiq charchagani uchun jang qilishga bormagandi va narsalarni qo‘riqlashga qolgandi. Jangdan g‘olib bo‘lib qaytgach, Dovud ulush hammaga teng bo‘linishini buyurdi. (1 Shoh. 30:21–25) Buni shogird tayyorlash ishiga o‘xshatsa bo‘ladi. Bir kishiga qutqarilishga va hayot yo‘lidan yurishga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilsak, barchamiz birday quvona olamiz.

17. Nima uchun Yahovadan minnatdormiz?

17 Yahova xizmatimizga mehribonlik ila yondashayotgani uchun minnatdormiz. U harakatalarimizning natijasini nazorat qilish bizning qo‘limizda emasligini biladi. Shunday bo‘lsa-da, Xudo tirishqoqligimizga va niyatimizga diqqat qaratib, bizni mukofotlaydi. Qolaversa, Yahova bu ulkan shogird tayyorlash ishida qanday qilib quvonch topishimiz mumkinligini o‘rgatyapti. (Yuhan. 14:12) Bo‘shashmasak, Xudo bizdan mamnun ekaniga amin bo‘la olamiz?

67-QO‘SHIQ «Kalomni va’z et»

^ 5- x.b. Odamlar xushxabarga qiziqish bildirganidan quvonamiz. Buning aksi bo‘lganida esa ruhimiz tushishi hech gap emas. Balki siz tadqiq o‘tkazayotgan kishi ma’nan o‘smayotgandir. Yo bo‘lmasa, hech kimga suvga cho‘mishga yordam bermagandirsiz. Yoki shogird orttirish ishida muvaffaqiyatga erisha olmayapman, deb o‘ylayotgandirsiz. Ushbu maqolada nima uchun xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lishimiz va odamlarning munosabatiga qaramay, quvonch topishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

^ 14- x.b. «Buni hech narsaga almashmayman!» nomli Gledis Allenning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 2002-yil, 1-sentabr (rus) sonida keltirilgan.