Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47- TADQIQ MAQOLASI

Imoningiz qanchalik mustahkam bo‘ladi?

Imoningiz qanchalik mustahkam bo‘ladi?

Yuragingiz siqilmasin. Xudoga hamda menga ishoning. YUHAN. 14:1

119-QO‘SHIQ Imonli bo‘laylik

BU MAQOLADA *

1. Bizga qanday fikr kelishi mumkin?

KELAJAKDA yuz beradigan voqealar, masalan, soxta dinning yo‘q qilinishi, Mago‘g yurtidagi Go‘gning hujumi, Armageddon jangi haqida o‘ylab ba’zida tashvishlanarsiz. Bunday qo‘rqinchli voqealar yuz berganida oxirigacha sadoqatli qola olarmikinman, deb o‘ylarsiz. Agar bunday fikr xayolingizdan o‘tgan bo‘lsa, Isoning ochqich oyatda aytgan so‘zlari sizga yordam beradi. Iso shogirdlariga: «Yuragingiz siqilmasin. Xudoga hamda menga ishoning»,— degan. (Yuhan. 14:1) Kuchli imon kelajakka ishonch bilan qarashga yordam beradi.

2. Imonimizni qanday mustahkamlaymiz va bu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

2 Hozirda imon sinovlari bilan qanday kurashayotganimiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘rib, imonimizni mustahkamlashimiz mumkin. Sinovlarga duch kelganimizda, qanday yo‘l tutayotganimiz to‘g‘risida mulohaza yuritsak, hayotimizning qaysi sohalarida imonimizni mustahkamlashimiz kerakligini ko‘ra olamiz. Har bir sinovni yengib o‘tganimizda, imonimiz mustahkamroq bo‘ladi. Bu kelajakdagi sinovlarda sabr-bardoshli bo‘lishimizga yordam beradi. Isoning shogirdlari duch kelgan to‘rtta vaziyatda ularga imon yetishmagani ko‘ringan. Bu maqolada o‘sha vaziyatlarni muhokama qilamiz. Shunga o‘xshash qiyinchiliklar bilan qanday kurashishimiz mumkinligini va bular bizni kelajakka qanday tayyorlashini ko‘rib chiqamiz.

XUDO MODDIY TOMONLAMA G‘AMXO‘RLIK QILISHIGA ISHONING

Moddiy qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkin, ammo imonimiz Yahovaga xizmat qilish payida bo‘lishimizga yordam beradi (3–6- xatboshilariga qarang.)

3. Matto 6:30, 33 ga binoan, Iso imon haqida nima degan?

3 Oila boshi xotini va farzandlarini oziq-ovqat, kiyim-kechak va yashash uchun joy bilan ta’minlashni istaydi. Bu tabiiydir. Hozirgi og‘ir paytda bunday qilish doim ham oson emas. Gohida imondoshlarimiz ishsiz qoladi va ko‘p harakatlariga qaramay, yangisini topa olmaydi. Boshqalari esa masihiylar uchun mos kelmaydigan ishni rad etadi. Bunday paytlarda Yahova oilamiz uchun kerakli narsalarni bera olishiga qattiq ishonishimiz kerak. Iso Tog‘dagi va’zida shogirdlariga buni aniq qilib aytgan edi. (Matto 6:30, 33 ni o‘qing.) Yahova bizni tashlab qo‘ymasligiga to‘liq ishonsak, butun diqqat-e’tiborimizni Shohlik manfaatlariga qarata olamiz. Yahova moddiy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rganimizda, Unga yanada yaqinlashamiz va imonimiz kuchayadi.

4, 5. Moddiy ehtiyojlariga tashvishlanmaslikka bir oilaga nima yordam berdi?

4 Venesueladagi bir oila Yahova ularning moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilganini his etdi. Kastrolar oilasi fermada ishlardi va yashashi uchun yetarlicha pul topardi. Bir safar qurollangan odamlar kelib, ularning mol-mulkini tortib oldi va uyidan ketishga majburladi. Oila boshi Migel shunday dedi: «Hozir kichkina yerni ijaraga olganmiz va u yerda o‘sib chiqadigan narsalar hisobiga kun kechiramiz. Har kunimni Yahovaga ibodat qilib, o‘sha kun uchun rizq-ro‘zimizni berishini so‘rash bilan boshlayman». Bu oilaning hayoti og‘ir. Ammo ular Yahova ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishiga butunlayin ishonadi. Kastrolar oilasi yig‘ilishlarda va xizmatda muntazam qatnashadi. Ha, ular Shohlik manfaatlarini hayotida birinchi o‘ringa qo‘ydi. Yahova esa ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilmoqda.

5 Bunday qiyin paytlarda Migel va uning xotini Yuraya diqqatini Yahova ularga qanday g‘amxo‘rlik qilganiga qaratdi. Ba’zida Yahova imondoshlarimizdan foydalanib, bu oilaning moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qildi yoki Migelga ish topishga yordam berdi. Qolaversa, Yahova filial orqali bu oilaning asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qildi. Yahova ularni hecham tashlab ketmadi. Natijada bu oilaning imoni yanada kuchaydi. Yahova qanday yordam berganini eslab, Migelning katta qizi Yoselin shunday dedi: «Yahovaning qo‘lini yaqqol ko‘rish qalbimga ta’sir qildi. Uni do‘stim deb bilaman va hayotimni Unga ishonib topshira olaman. Oilamiz bilan boshdan kechirgan qiyinchiliklarimiz bizni kelajakdagi og‘ir sinovlarga tayyorladi».

6. Iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelganingizda, imoningizni qanday mustahkamlay olasiz?

6 Iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelyapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu siz uchun mushkul payt. Lekin bu vaqtdan foydalanib, imoningizni mustahkamlashingiz mumkin. Yahovaga ibodat qiling va Isoning Matto 6:25–34 dagi so‘zlarini o‘qib, ustida mulohaza qiling. Xizmat bilan band bo‘lganlarga Yahova g‘amxo‘rlik qilishini isbotlovchi zamonaviy misollar haqida fikr yuriting. (1 Kor. 15:58) Samoviy Otamiz biznikiga o‘xshash qiyinchiliklarda boshqalarga yordam berganiday, sizga ham yordam beradi. U siz nimalarga muhtoj ekaningizni va ularni sizga qanday berishni ham biladi. Yahovaning yordamini ko‘rganingizda, imoningiz yanada kuchayadi va kelajakdagi og‘ir sinovlarda sabr-bardoshli bo‘lishingizga ko‘maklashadi. (Xab. 3:17, 18)

BO‘RONLARDA SABR-BARDOSHLI BO‘LISHINGIZGA ISHONING

Kuchli bo‘ronga o‘xshash imon sinovlarini mustahkam imon yordamida yengish mumkin (7–11- xatboshilariga qarang.)

7. Qay yo‘sin bo‘ron tufayli shogirdlarning imoni sinaldi? (Matto 8:23–26)

7 Bir safar Iso va uning shogirdlari dengizda bo‘lganida bo‘ron yuz berdi. Iso bu voqeadan foydalanib, shogirdlariga imon yetishmayotganini tushunishga ko‘maklashdi. (Matto 8:23–26 ni o‘qing.) Bo‘ron ko‘tarilib, qayiq suvlar og‘ushida qolganida Iso uxlab yotgan edi. Dahshatga tushgan shogirdlar Isoni uyg‘otib, ularni qutqarishini so‘radi. Hazratimiz esa ularni muloyimlik bilan to‘g‘rilab: «Eh, imoni sustlar, namuncha qo‘rqmasangizlar?!» — dedi. Ha, shogirdlar Yahova Isoni va u bilan bo‘lganlarni himoya qilishga qodir ekanini tushunishi kerak edi. Xo‘sh, bundan qanday saboq olyapmiz? Kuchli imon yordamida xoh tom ma’nodagi, xoh ramziy ma’nodagi bo‘ronlardan o‘ta olamiz.

8, 9. Anelning imoni qanday sinaldi va unga nima yordam berdi?

8 Puerto-Rikolik turmush qurmagan Anel ismli imondoshimiz juda og‘ir paytda sabr-bardoshli bo‘lib, imonini mustahkamlagan. Keling, uning misolini ko‘rib chiqaylik. U tom ma’nodagi bo‘ronni boshdan o‘tkazdi. Bu 2017-yili boshlandi. O‘shanda «Mariya» bo‘roni tufayli Anel uyidan ayrildi va ishini yo‘qotdi. «Shunday qiyin paytlarda juda xavotirlanardim, lekin ibodat orqali Yahovaga tayanishni o‘rgandim va xavotir meni kishanlab qo‘yishiga yo‘l qo‘ymadim»,— deb bo‘lishdi Anel.

9 Anel shuningdek, o‘sha qiyin paytda itoatkorlik yordam berganini aytdi. U shunday deb bo‘lishdi: «Yahovaning tashkiloti berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish xotirjam bo‘lishimga yordam berdi. Yahova meni imondoshlarim orqali qo‘llab-quvvatladi. Ular menga dalda va omon qolishim uchun asqatadigan kerakli narsalarni berdi. Yahova men Undan so‘raganimdan ham ko‘prog‘ini taqdim etdi. Imonim rosa mustahkamlandi».

10. Jiddiy muammoga duch kelsangiz nima qilishingiz mumkin?

10 Hayotingizda bo‘ronlar yuz beryaptimi? Balki bu tabiiy ofat dastidan paydo bo‘lgan qiyinchilikdir. Yoki jiddiy sog‘liq muammosi kabi ramziy bo‘rondir. Ehtimol, kasallikka chalinganingiz tufayli qattiq tushkun ahvoldadirsiz va nima qilishingizni bilmayotgandirsiz. Gohida tashvishlanishingiz mumkin, lekin tashvishlar Yahovaga ishonishingizga to‘siq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Chin dildan ibodat qilib, Unga yaqinlashing. Yahova oldinlari sizga qanday yordam bergani ustida mulohaza qilish imoningizni mustahkamlaydi. (Zab. 77:11, 12) Shunda Yahova hozir va toabad sizni tashlab ketmasligiga amin bo‘lishingiz mumkin.

11. Boshchilikni zimmasiga olganlarga nega quloq solishimiz kerak?

11 Qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lishga yana nima yordam beradi? Anel aytganiday, itoatkorlik ko‘maklashadi. Yahova hamda Iso ishonadigan kishilarga ishonishni o‘rganing. Ba’zida boshchilikni zimmasiga olganlar yo‘l-yo‘riq berganda, bu bizga mantiqsizday tuyular. Lekin ularga itoat qilganimizda, Yahova baraka beradi. Xudoning Kalomidan va Uning sadoqatli xizmatchilarining misolidan itoatkorlik najotga eltishini bilamiz. (Chiq. 14:1–4; 2 Sol. 20:17) Bunday misollar ustida fikr yuriting. Bu Yahovaning tashkiloti berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga hozir va kelajakda amal qilish istagingizni kuchaytiradi. (Ibron. 13:17) Shunda yaqinda yuz beradigan buyuk musibatdan qo‘rqishga hojat qolmaydi. (Hik. 3:25)

ADOLATSIZLIKKA DUCH KELGANINGIZDA SABR-BARDOSHLI BO‘LA OLISHINGIZGA ISHONING

Yahovaga tinmay ibodat qilsak, imonimiz yanada mustahkamlanadi (12- xatboshiga qarang.)

12. Luqo 18:1–8 ga ko‘ra, imon va adolatsizlikka sabr-bardosh qilish o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

12 Iso adolatsizlik dastidan shogirdlarining imoni sinalishini bilgan. Ular sabr-bardoshli bo‘la olishi uchun u misol keltirgan. Uni Luqo kitobidan o‘qishimiz mumkin. U adolatsiz qozidan adolat so‘rab yolvorgan beva ayol haqida edi. O‘sha ayol tinmay yordam so‘rasa, istagi bajarilishini bilgan. Oxir-oqibat qozi uning istagini bajardi. Bundan qanday saboq olyapmiz? Yahova adolatsiz emas. Iso quyidagicha degan: «Unda nahotki Xudo Unga kecha-yu kunduz yolvorayotgan tanlanganlari uchun adolatni o‘rnatmasa?» (Luqo 18:1–8 ni o‘qing.) So‘ng Iso: «Inson O‘g‘li qaytib kelganida, yer yuzida bunday imonni toparmikan?» — deb qo‘shib qo‘ygan. Biz ham adolatsizlikka duch kelsak, sabrli va sabotli bo‘lib, o‘sha beva ayol kabi kuchli imonga ega ekanimizni isbotlashimiz kerak. Bunday imon tufayli Yahova ertami-kechmi bizga yordam berishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Qolaversa, ibodat kuchli ta’sirga ega ekaniga ishonishimiz lozim. Gohida ibodatlarimiz kutilmagan natijalarga olib kelishi mumkin.

13. Adolatsizlikka duch kelgan bir oilaga ibodat qanday yordam berdi?

13 Kongo Demokratik Respublikasida yashovchi Vero ismli opamizning misoliga diqqat qarating. Ularning qishlog‘iga harbiy guruh hujum qilganida, Vero, 15 yoshli qizi va imondoshimiz bo‘lmagan eri u yerdan qochishga majbur bo‘ldi. Yo‘lda ketishayotganida harbiylar ularni to‘xtatdi va o‘ldirishini aytib tahdid qildi. Shunda Vero yig‘lay boshladi. Qizi onasini tinchlantirish uchun Yahovaning ismini qayta-qayta aytib, baland ovozda ibodat qildi. Qizcha ibodatini tugatganida, harbiy guruh komandiri undan: «Qizaloq, senga ibodat qilishni kim o‘rgatgan?» — deb so‘radi. U: «Matto 6:9–13 asosida onam o‘rgatgan»,— deb javob berdi. Komandir gapini davom etib: «Qizaloq, ota-onang bilan ketaver. Xudoying Yahova seni himoya qilsin»,— deb aytdi.

14. Nima tufayli imonimiz sinalishi mumkin va sabr-bardoshli bo‘lishga nima yordam beradi?

14 Bunday misollar ibodat kuchli ta’sirga ega ekanini ko‘rsatyapti. Lekin ibodatlarimizga tezda yoki bizni lol qoldiradigan tarzda javob olmasak-chi? Isoning masalidagi beva ayol kabi ibodat qilishda davom eting. Yahova sizni tashlab ketmasligiga va U sizga o‘z vaqtida hamda ibodatingizga muayyan yo‘llar orqali javob berishiga ishonchingiz komil bo‘lsin. Yahovadan muqaddas ruhini so‘rab iltijo qiling. (Filip. 4:13) Shuni unutmangki, yaqinda Yahova sizga mo‘l-ko‘l baraka beradi va o‘tmishdagi barcha qiyinchiliklarni unutasiz. Yahovaning yordami bilan qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lsangiz, oldinda kutayotgan imon sinovlarida mustahkam qola olasiz. (1 Butr. 1:6, 7)

QIYINCHILIKLARNI YENGISHINGIZGA ISHONING

15. Matto 17:19, 20 ga binoan, Isoning shogirdlari qanday qiyinchilikka duch keldi?

15 Iso shogirdlariga imon tufayli qiyinchiliklarni yenga olishini aytgan. (Matto 17:19, 20 ni o‘qing.) Ular bir necha marta yovuz ruhlarni quvib chiqara olgan. Lekin bir safar ular bunday qila olmadi. Muammo nimada edi? Iso tushuntirganiday, ularga ko‘proq imon kerak edi. U shogirdlari yetarlicha imonga ega bo‘lsa, tog‘day ko‘ringan qiyinchiliklarni yenga olishini aytgan. Bugungi kunda biz ham yengish qiyindek tuyulgan sinovlarga duch kelayotgandirmiz.

Qayg‘u chekishimiz mumkin, ammo imon yordamida Yahovaga xizmat qilish bilan band bo‘la olamiz (16- xatboshiga qarang.)

16. Qay yo‘sin Geydi imoni tufayli og‘ir judolikda sabr-bardoshli bo‘lib qoldi?

16 Gvatemalalik opamiz Geydining misoliga diqqat qarating. U turmush o‘rtog‘i Edi bilan yig‘ilishdan qaytayotganida, erini o‘ldirishdi. Xo‘sh, qay yo‘sin Geydi imoni yordamida bu og‘ir judolikda sabr-bardoshli bo‘lib qoldi? Opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Ibodat orqali yukimni Yahovaga tashlayman. Bu tufayli xotirjamlikni his qilaman. Yahova oilam va jamoatdagi do‘stlarim orqali menga g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘ryapman. Xizmatda band bo‘lish og‘rig‘imga malhamday bo‘lyapti va ertangi kun haqida haddan ortiq tashvishlanmasligimga yordam beryapti. Bunday qiyinchilikni yengib o‘tgach shuni tushundimki, kelajakda qanday sinovga duch kelmay Yahova, Iso va tashkilotimiz yordamida uni yenga olaman».

17. Tog‘dek ko‘ringan qiyinchilikka duch kelsak, nima qilishimiz mumkin?

17 Yaqin insoningizning o‘limidan qayg‘uryapsizmi? Unda Muqaddas Kitobdan tirilgan insonlar haqidagi bayonotlarni o‘qib, tirilishga bo‘lgan umidingizni mustahkamlash uchun vaqt ajrating. Oila a’zolaringizdan biri jamoatdan chetlatilgani uchun qayg‘uryapsizmi? Shunday bo‘lsa, Xudoning ta’lim-tarbiyasi doim eng a’losi ekaniga o‘zingizni ishontirish uchun tadqiq o‘tkazing. Qanday muammoga duch kelishingizdan qat’i nazar buni imoningizni mustahkamlashning imkoniyati deb biling. Ichingizdagini Yahovaga to‘kib soling, o‘zingizni boshqalardan olib qochmang. Aksincha, birodar-u opa-singillarga yaqinroq bo‘ling. (Hik. 18:1) Hatto ko‘z yosh bilan qilishga to‘g‘ri kelsa ham sabr-bardoshli bo‘lishingizga yordam beradigan ishlar bilan band bo‘ling. (Zab. 126:5, 6) Ma’naviy odatlaringizni masalan, yig‘ilishlarni qoldirmang, va’z qiling, Muqaddas Kitobni o‘qishni kanda qilmang. Butun diqqatingizni Yahova siz uchun ko‘zlab qo‘ygan ajoyib barakalarga qarating. Yahova sizga qanday yordam berayotganiga diqqat qaratar ekansiz, Unga nisbatan ishonchingiz oshib boraveradi.

«IMONIMIZGA IMON QO‘SHING»

18. Imoningiz yetarlicha mustahkam emasligini payqasangiz, nima qilishingiz mumkin?

18 O‘tmishdagi yoki hozirgi sinovlar tufayli imoningiz yetarlicha mustahkam emasligini payqagan bo‘lsangiz, ruhingiz tushmasin. Buni imoningizni mustahkamlash imkoniyati deb biling. Isoning shogirdlari undan: «Imonimizga imon qo‘shing»,— deb so‘ragan. Siz ham shunday qiling. (Luqo 17:5) Shuningdek, bu maqolada tilga olingan misollar borasida fikr yuriting. Migel va Yuraya singari Yahova yordam bergan har bir vaziyatni yodda tuting. Veroning qizi va Anel kabi ayniqsa og‘ir paytda Yahovaga chin dildan ibodat qiling. Qolaversa, Geydiga o‘xshab Yahova kerakli narsalarni oila a’zolar yoki do‘stlar orqali berishini unutmang. Yahova hozirgi sinovlarni yengishingizga yordam berishiga yo‘l qo‘ysangiz, kelajakdagi har qanday qiyinchilikni yengishingizga yordam berishiga amin bo‘lasiz.

19. Iso nimaga ishongan va siz nimaga amin bo‘lishingiz mumkin?

19 Iso shogirdlariga hayotining qaysi sohalarida ularga imon yetishmayotganini ko‘rishga yordam bergan. Ammo u ular Yahovaning yordami bilan kelajakdagi sinovlarni muvaffaqiyat ila yengishiga aslo shubhalanmagan. (Yuhan. 14:1; 16:33) Iso ulkan olomon mustahkam imon yordamida buyuk musibatdan omon qolishiga ishongan. (Vah. 7:9, 14) Xo‘sh, siz ular orasida bo‘lasizmi? Hozirda imoningizni rivojlantirish va mustahkamlash uchun barcha imkoniyatdan foydalansangiz, Yahovaning inoyati tufayli albatta bo‘lasiz! (Ibron. 10:39)

118-QO‘SHIQ «Imonimizga imon qo‘shing»

^ 5- x.b. Barchamiz bu yovuz dunyo o‘z nihoyasiga yetishini xohlaymiz. Lekin gohida oxirigacha sabr-bardoshli bo‘lish uchun imonim yetarli bo‘larmikin, deb o‘ylayotgandirmiz. Ushbu maqolada imonimizni mustahkamlashga yordam beradigan misollarni va saboqlarni ko‘rib chiqamiz.