Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Mazmunga boy hayotni izlagandim

Mazmunga boy hayotni izlagandim

O‘RTA DENGIZDA, sohildan uzoqda kemada suzib ketayotgandim. Kemamiz eski edi va uning teshigi borligini ko‘rib hayron qoldim. O‘sha teshikdan suv kirardi. Keyin bo‘ron ko‘tarildi. Shunda qo‘rquvga tushdim. Ko‘p yil deganda birinchi marta ibodat qildim. Men bu vaziyatga qanday tushib qolganim bilan qiziqayotgandirsiz? Keling, bu haqida sizga aytib beray.

Yoshim yettida bo‘lganda oilam bilan Braziliyada yashardik

Men 1948-yili Niderlandiyada tug‘ildim. 1949-yili esa oilamiz bilan San-Pauluga (Braziliya) ko‘chdik. Ota-onam xudojo‘y edi va cherkovga qatnardi. Kechki ovqatdan so‘ng oila bo‘lib doim Muqaddas Kitobni o‘qirdik. 1959-yili Qo‘shma Shtatlarga ko‘chdik. U yerda Massachusets shtatida yashardik.

Oilada sakkiz kishi edik. Otam bizga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘p mehnat qilardi. U turli sohada ishladi. Masalan, savdo vakili bo‘ldi, yo‘l qurilishida va xalqaro aviakompaniyada ishladi. U yerdan ish topganidan barchamiz xursand edik. Chunki bu orqali ko‘p sayohat qila olardik.

Maktabda o‘qiganimda, ko‘pincha: «Katta bo‘lsam nima qilmoqchiman?» — deb o‘ylardim. Ba’zi do‘stlarim universitetni, boshqalari esa harbiy xizmatni tanladi. Men bo‘lsa, harbiy xizmatni o‘tashni xohlamas edim, chunki urishish u yoqda tursin, gap talashishni umuman yoqtirmasdim. Harbiy xizmatni o‘tamaslik uchun universitetga kirdim. Ich-ichimdan boshqalarga yordam berishni xohlardim. Sababi, bu hayotimni mazmunli qiladi, deb o‘ylardim.

TALABALIK DAVRI

Yillar mobaynida hayot mazmunini izladim

Hayot qanday paydo bo‘lgani haqida bilishni xohlaganim uchun universitetda antropologiyaga qiziqdim. U yerdagi o‘qituvchilarimiz bizga evolyutsiya haqida ta’lim berardi va buni haqiqat deb qabul qilishimizni istardi. Biroq ular aytgan ba’zi tushunchalar mantiqan noto‘g‘ri edi va asossiz ularga ko‘r-ko‘rona ishonishimiz kutilardi.

Darslarda bizga axloqiy me’yorlarni o‘rgatishmasdi. Aksincha, universitetda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun xohlaganimizni qilish o‘rgatilardi. O‘tirishlarga borish va giyohvand moddalarni iste’mol qilish menga zavq keltirardi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. «Hayot mazmuni shumi?» — deb o‘ylab qolardim.

Keyinchalik Boston shahriga ko‘chdim va u yerdagi universitetga qatnay boshladim. O‘qishimga to‘lash uchun yoz paytlari ishlardim. O‘shanda Yahovaning Shohidi bilan tanishdim. Biz birga ishlardik. U menga Doniyor 4- bobdagi «yetti davr» haqidagi bashoratni aytdi va biz oxirzamonda yashayotganimizni tushuntirdi. (Don. 4:13–17) Agar bunday suhbatlarni davom ettirsam va ularga jiddiy qarasam, hayot tarzimni o‘zgartirishim kerakligini tezda ilg‘ab oldim. Shu bois, o‘zimni undan olib qochdim.

Shuningdek, Janubiy Amerikada gumanitar yordam berish maqsadida universitetda ta’lim olardim. Boshqalar uchun savob ishlar qilish orqali hayot mazmuniga ega bo‘laman, deb o‘ylardim. Ammo vaqt o‘tib, bu ham hayotimni mazmunli qilmaganini angladim. Shunda ruhim tushdi va universitetga bormay qo‘ydim.

HAYOTNING MAZMUNINI DUNYONING CHEKKALARIDAN IZLADIM

1970-yili may oyida Amsterdamga (Niderlandiya) ko‘chdim va otam ishlagan aviakompaniyaga ishga kirdim. Bu tufayli Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyodagi ko‘p mamlakatlarda bo‘ldim. Qaerda bo‘lmay, odamlar o‘sha-o‘sha muammolarni boshdan kechirayotganini va hech kimda ularning yechimi yo‘qligini tezda tushundim. Shunda ichimda biron arzigulik ish qilish istagi paydo bo‘ldi. Shu bois, Qo‘shma Shtatlariga qaytib, Bostondagi universitetda yana o‘qiy boshladim.

Lekin o‘qish paytida hayot haqidagi savollarimga javob topmayotganimni tushundim. Nima qilishimni bilmasdim. Shuning uchun, bir professordan maslahat so‘radim. U menga: «Nega o‘qishni davom ettiryapsiz? Universitetni tashlashingiz kerak»,— deganda hayron qoldim. Shunda aytganini qilib, universitetni tashladim.

Hayotim mazmunsiz bo‘lgani tufayli jamiyatdagi odatlarni rad etib, tinchlik va sevgini olg‘a surish mumkin degan g‘oya tarafdorlariga qo‘shildim. Ba’zi do‘stlarim bilan Qo‘shma Shtatlardan Akapulkogacha (Meksika) bir mashinadan boshqasiga tekinga minib sayohat qildik. Biz xippilar deb ataladigan odamlar orasida yashadik. Ular go‘yoki muammolar-u tashvishlarsiz yashayotganday edi. Lekin ko‘p o‘tmay, ularning hayoti mazmunsiz va baxtsiz ekanini ko‘rdim. Ularning ko‘pi rostgo‘y emasdi va sadoqatsiz edi.

IZLASHNI KEMADA DAVOM ETTIRDIM

Do‘stim bilan jannatmakon orolni izlardik

Vaqt o‘tib, bolaligimdagi orzuyimni amalga oshirmoqchi edim. Dengiz bo‘ylab oddiy dengizchi emas, kapitan sifatida kemada suzmoqchi bo‘ldim. Buning uchun kema sotib olishim kerak edi. Do‘stim Tom ham buni orzu qilgani uchun birga dunyo bo‘ylab kemada suzishni rejalashtirdik. Biron jannatmakon orolni topib, u yerda hech qanday qoidasiz ozod bo‘lib yashashni xohlardim.

Tom ikkimiz Barselona yaqinidagi Arens-de-Marga (Ispaniya) yo‘l oldik. U yerda «Ligra» deb nomlangan 9,4 metrli kema sotib oldik. Okeanda xavfsiz suzish uchun uni ta’mirladik. Shoshilmaganimiz uchun kemaning motorini olib tashladik, o‘rniga esa ko‘proq ichimlik suvini g‘amladik. Kichik bandargohda suza olish uchun ikkita besh metrli eshkak oldik. Oxiri yelkanlarni ko‘tarib Hind okeanidagi Seyshel orollariga qarab suzdik. Afrikaning g‘arbiy qirg‘oqlari bo‘ylab Janubiy Afrikaning Yaxshi umid burni nomli joyni suzib o‘tmoqchi edik. Manzilga to‘g‘ri yetib borish uchun yulduzlarga qarardik, ayrim xarita, kitob va oddiy asboblardan foydalanardik. Aynan qayerdaligimizni to‘g‘ri aniqlash qiziq edi.

Yog‘ochli eski kemamizda okean bo‘ylab suza olmasligimizni tezda tushundik. Har soatda kemamiz taxminan 22 litr suv bilan to‘lardi. Yuqorida aytganimday, bo‘ron ko‘tarilganda qo‘rqib ketgandim va ko‘p yil deganda ilk bor Xudoga ibodat qildim. Omon qolsak, Xudoga U haqda ko‘proq bilishni va’da berdim. Oxiri bo‘ron tindi va va’damda turdim.

Dengizda Muqaddas Kitobni o‘qiy boshladim. Tasavvur qiling, O‘rta dengizning qoq markazida atrofingizda turli xil baliqlar va cheki yo‘q ufq ko‘rinadi. Kechasi esa osmonda Somon yo‘lini ko‘rib hayratlanardim va insonlarga e’tibor beradigan Xudo borligiga ishonchim yanada mustahkamlanardi.

Dengizda bir necha hafta bo‘lgach, Alikantega (Ispaniya) keldik. U yerda kemamizni sotib, yaxshirog‘ini olmoqchi edik. Eski, motori yo‘q, suv o‘tkazadigan kemani sotish uchun xaridor topish oson bo‘lmadi. Lekin Muqaddas Kitobni o‘qish uchun bu eng yaxshi payt edi.

Muqaddas Kitobni o‘qiganim sayin, u hayotda muvaffaqiyatga erishishga yordam berishini yaxshiroq tushuna boshladim. Muqaddas Kitobda axloqan pok hayot kechirish kerakligi aniq yoritib berilgani meni lol qoldirdi. Qolaversa, ko‘p odamlar o‘zini xristian diniga mansub deb hisoblasa ham, u yerdagi so‘zlarni nazariga ilmasligidan hayron qoldim. O‘zim ham ulardan qolishmas edim.

Hayotimni o‘zgartirish uchun qadamlar qo‘yishga qaror qildim. Shu bois, giyohvand moddalarni iste’mol qilmay qo‘ydim. Muqaddas Kitobdagi yuksak axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashayotgan odamlar bor, deb o‘ylardim. Ular bilan tanishishni istardim. Shunda ikkinchi marta ibodat qilib, ularni uchratishni Xudodan so‘radim.

HAQ DINNI IZLAB

Haq dinni topganimga qadar har bir dinni o‘rganib chiqdim. Alikante ko‘chalari bo‘ylab yurganimda, ko‘p diniy binolarga duch keldim. Ammo aksariyatida turli butlar bor edi. Shu bois, bu dinlarni ro‘yxatimdan chiqarib yubordim.

Bir safar yakshanba kuni bandargohga qarab, tepalikda o‘tirgandim va Yoqub 2:1–5 ni o‘qiyotgandim. U yerda odamlar boy bo‘lgani uchun ularga o‘zgacha munosabat ko‘rsatishdan ehtiyot bo‘lish kerakligi yozilgan. Kemamizga ketayotganimda, bir binodagi yozuvga ko‘zim tushdi. U yerda «Yahova Shohidlarining Yig‘ilish zali» deb yozilgandi.

Shunda: «Bu odamlarni sinashim kerak. Qani, ular menga qanday muomalada bo‘ladi»,— deb o‘yladim. So‘ng Yig‘ilish zaliga yalang oyoq, soch-soqolim olinmagan va yirtiq jinsida kirib bordim. Eshik oldida turgan yordamchi meni yoshi katta opaning yoniga o‘tirishga taklif qildi. O‘sha opa menga ma’ruzachi aytayotgan oyatlarni ochishga bajonidil yordam berdi. Yig‘ilishdan so‘ng barcha oldimga kelib, mehr ila salom-alik qildi. Bundan to‘lqinlanib ketdim. Bir kishi suhbatlashish uchun meni uyiga taklif qildi. Lekin Muqaddas Kitobni to‘liq o‘qimaganim uchun: «Tayyor bo‘lganimda, sizni xabardor qilaman»,— dedim. Shundan keyin yig‘ilishlarni qoldirmaydigan bo‘ldim.

Bir necha haftadan keyin o‘sha kishinikiga bordim. U Muqaddas Kitobga oid savollarimga javob berdi. So‘ng bir hafta o‘tgach, u menga kiyim-kechak solingan sumka berdi. U menga o‘sha kiyimlarning egasi qamoqxonada ekanini aytdi. Chunki u Muqaddas Kitobda bir-birimizni sevish va jang qilishni o‘rganmaslik haqidagi amrga bo‘ysunadi. (Ishayo 2:4; Yuhan. 13:34, 35) Nihoyat, men izlagan odamlarni topganimga amin bo‘ldim. Ular Muqaddas Kitobda yozilganlarga muvofiq axloqan pok hayot tarzini kechiradi. Maqsadim jannatmakon orolni topishdan Muqaddas Kitobni chuqurroq tadqiq qilishga aylandi. Shu bois, Niderlandiyaga qaytdim.

ISH IZLAB

Groningen shahriga (Niderlandiya) yetib olish uchun to‘rt kun ketdi. U yerga o‘zimni ta’minlash uchun ish izlab bordim. Bitta duradgorlik do‘koniga ishga kirmoqchi bo‘ldim. Buning uchun, so‘rovnoma to‘ldirish kerak edi. Unda dinim haqida so‘ralgandi. U yerga: «Yahovaning Shohidiman»,— deb yozdim. Ish beruvchi buni o‘qiganda, yuz-chehrasi o‘zgarib ketdi va menga: «Sizga qo‘ng‘iroq qilaman»,— dedi. Lekin u bunday qilmadi.

Yana bir do‘kon egasidan: «Yordam kerak emasmi?» — deb so‘radim. U diplom va eski ishdan tavsiyanomani so‘radi. Men yog‘ochli kemani ta’mirlaganimni aytdim. U menga shunday deganida hayron qoldim: «Bitta shart bilan bugun ishga kirishsangiz bo‘ladi. Sizni deb muammo bo‘lishini istamayman. Chunki men Yahovaning Shohidiman, Muqaddas Kitobdagi prinsiplar bo‘yicha yashayman». Shunda unga: «Men ham Yahovaning Shohidiman»,— dedim. Albatta, sochim uzun, soqolim o‘sgani uchun u bunday emasligini tushundi. So‘ng u: «Unda siz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazaman»,— dedi. Men rozi bo‘ldim. Haligi do‘kon egasi menga qo‘ng‘iroq qilmaganining sababini tushundim. Yahova ibodatlarimga javob bergan ekan. (Zab. 37:4) Birodarning do‘konida bir yil ishladim. O‘sha vaqt davomida tadqiq o‘tardik. 1974-yili yanvarda suvga cho‘mdim.

NIHOYAT MAZMUNGA BOY HAYOTNI TOPDIM

Bir oy o‘tgach, kashshoflikni boshladim. Bu menga ulkan mamnuniyat baxsh etdi. Kelasi oy ispan tilidagi yangi guruhga yordam berish uchun Amsterdamga ko‘chdim. Muqaddas Kitob tadqiqlarini ispan va portugal tillarida o‘tkazish menga ko‘p quvonch baxsh etdi. 1975-yili mayda maxsus kashshof etib tayinlandim.

Bir kuni Ineke ismli maxsus kashshof imondoshimiz guruhimizga keldi. U bizni boliviyalik tadqiq o‘tuvchi bilan tanishtirdi. Ineke bilan bir-birimizga xatlar yozib, yaqinroq tanishishga qaror qildik. Natijada maqsadlarimiz bir xil ekanini tushundik. 1976-yili turmush qurdik. 1982-yilgacha maxsus kashshof bo‘lib xizmat qildik. O‘sha yili biz Gilad maktabining 73- sinfiga taklif etildik. O‘qishdan keyin biz Sharqiy Afrikaga tayinlanganimizda xursand bo‘ldik. U yerda Mombasa shahrida (Keniya) besh yil xizmat qildik. 1987-yili Tanzaniyaga tayinlandik. O‘shanda va’zgo‘ylik ishiga u yerda ruxsat berilgandi. Keniyaga qaytishdan oldin u yerda 26-yil xizmat qildik.

Sharqiy Afrikada odamlarga Muqaddas Kitobni o‘rganishga yordam berish men va xotinimga quvonchli edi

Kamtarin insonlarga Muqaddas Kitobni o‘rganishga yordam berish hayotimizni chinakamiga boyitdi. Masalan, Mombasada bir kishi bilan ilk bor tadqiq boshladim. Uni jamoat joyida va’z qilganda uchratib qolgandim. Unga ikkita jurnal berdim. U mendan: «Ularni o‘qib bo‘lgach nima qilaman?» — deb so‘radi. Kelasi hafta suaxili tilida endigina chiqqan «Yer yuzidagi jannatda abadiy yashay olasiz» nomli adabiyotdan foydalanib, Muqaddas Kitob tadqiqini boshladik. Bir yildan so‘ng u suvga cho‘mdi va doimiy kashshof bo‘ldi. O‘shandan beri u xotini bilan deyarli 100 ta kishiga o‘zini Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mishga yordam berdi.

Yahova maqsadlarga boy xizmatchilariga qut-barakalar ato etishini Ineke ikkimiz ko‘rdik

Hayot mazmuni nimadan iborat ekanini ilk bor tushunganimda, o‘zimni noyob marvaridni topib, uni yo‘qotishni istamagan sayohatchi savdogarday his qildim. (Mat. 13:45, 46) Butun umrimni boshqalarga hayot mazmunini topishga yordam berishga sarflamoqchi edim. Aziz rafiqam bilan Yahova O‘z xalqiga mazmunga boy hayot topishga yordam berayotganini ko‘rib kelyapmiz.