Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44- TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning mehr-sadoqati siz uchun nimani anglatadi?

Yahovaning mehr-sadoqati siz uchun nimani anglatadi?

[Yahovaning] mehr-sadoqati abadiy bor bo‘ladi. ZAB. 136:1

108-QO‘SHIQ Allohning mehr-sadoqati

BU MAQOLADA *

1. Yahova nima qilishimizni istaydi?

MEHR-SADOQAT fazilati Yahova uchun juda ham muhim. (Ho‘sh. 6:6) Shuningdek, U xizmatchilari ham uni muhim deb bilishini istaydi. Xudo Mixo payg‘ambar orqali bizni «mehr-sadoqatni» sevishga undayapti. (Mixo 6:8, izoh) Lekin avval mehr-sadoqat fazilati nimani anglatishini bilib olishimiz kerak.

2. Mehr-sadoqat qanday fazilat?

2 Mehr-sadoqat o‘zi nima degani? Bu ibora «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»da 230-martadan ko‘proq uchraydi. Xo‘sh, bu qanday fazilat? O‘sha nashrning lug‘atiga ko‘ra, bu ibora «burch, benuqsonlik, sadoqat va qattiq bog‘lanish tufayli ko‘rsatilgan sevgini bildiradi. U ko‘pincha Xudoning odamlarga bo‘lgan sevgisiga nisbatan qo‘llanilsa-da, insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbatni ham o‘z ichiga oladi». Yahova bu fazilatni ko‘rsatishda a’lo o‘rnakdir. Mazkur maqoladan Xudo uni odamlarga qanday ko‘rsatishini bilib olamiz. Navbatdagi maqolada esa bir-birimizga mehr-sadoqat ko‘rsatish orqali Xudoga qanday taqlid qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA MEHR-SADOQATGA BOY XUDO

3. Xudo Musoga O‘zi haqida nimalarni ochib berdi?

3 Isroilliklar Misrdan chiqqanidan ko‘p o‘tmay, Xudo Muso payg‘ambarga O‘z ismi va fazilatlarini ochib berib, shunday dedi: «Yahova, Yahova — shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo. U minglab odamlarga mehr-sadoqat ko‘rsatuvchi, xato, ayb va gunohni kechiruvchi... Tangridir». (Chiq. 34:6, 7) Bu ta’sirli so‘zlar orqali Yahova mehr-sadoqati haqida o‘zgacha narsalarni ayon qildi. Xo‘sh, bu nimalar ekan?

4, 5. a) Tangri Yahova O‘zini qanday ta’riflagan? b) Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

4 Yahova O‘zini shunchaki mehr-sadoqatli Xudo deb aytmagan. Balki «mehr-sadoqatga boy» deb ta’riflagan. Bu ibora Muqaddas Kitobning ko‘p oyatlarida uchraydi. (Sah. 14:18; Naxim. 9:17; Zab. 86:15; 103:8; Yo‘el 2:13; Yunus 4:2) Har bir oyatda bu ibora odamga emas, faqat Yahovaga nisbatan qo‘llanilgan. Yahova mehr-sadoqat fazilatini tez-tez tilga olgani e’tiborga loyiq, shunday emasmi?! Shubhasizki, bu fazilat U uchun juda ham muhim *. Shoh Dovud behudaga shunday aytmagan: «Ey Yahova, sevging samolargacha... yetadi. Mehr-sadoqating naqadar bebahodir, ey Tangrim! Qanotlaring soyasida inson o‘g‘illari panoh topadi». (Zab 36:5, 7) Biz-chi, Xudoning mehr-sadoqatini Dovud kabi qadrlayapmizmi?

5 Keling, Yahovaning mehr-sadoqatini yaxshiroq tushunish uchun quyidagi ikkita savolni ko‘rib chiqaylik: «Yahova mehr-sadoqatini kimlarga ko‘rsatadi? Uning mehr-sadoqatga to‘la ishlari bizga qanday foyda keltiradi?»

YAHOVA MEHR-SADOQATNI KIMLARGA NAMOYON ETADI?

6. Yahova mehr-sadoqatini kimlarga namoyon etadi?

6 Muqaddas Kitobga binoan, ko‘p narsalarga, masalan, «sharob va moy», «ta’lim-tarbiya», «bilim» va «donolikka» mehr qo‘yishimiz mumkin. (2 Sol. 26:10; Hik. 12:1; 21:17; 29:3) Mehr-sadoqat fazilati esa narsalarga emas, insonlarga ko‘rsatiladi. Lekin Yahova mehr-sadoqatni har kimga emas, U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lgan kishilarga namoyon etadi. Xudo do‘stlariga sodiqdir. Uning do‘stlari uchun ajoyib niyati bor. Yahova do‘stlarini sevishdan hech qachon to‘xtamaydi.

Yahova barchaga, hatto Unga topinmaydigan kishilarga ko‘pgina yaxshi narsalarni beryapti (7- xatboshiga qarang.) *

7. Yahova barcha insonlarni sevishini qanday ko‘rsatdi?

7 Yahova barcha insonlarga sevgisini ko‘rsatdi. Iso Nikodim ismli kishiga shunday degan: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhan. 3:1, 16; Mat. 5:44, 45)

Shoh Dovud va Doniyor payg‘ambar Yahova mehr-sadoqatni Uni bilganlarga, Undan qo‘rqadiganlarga va amrlariga amal qiladiganlarga ko‘rsatishini aytgan (8-, 9- xatboshilariga qarang.)

8, 9. a) Nega Yahova xizmatchilariga mehr-sadoqat ko‘rsatadi? b) Hozir nimani ko‘rib chiqamiz?

8 Yuqorida aytilganiday, Yahova mehr-sadoqatini faqat do‘stlariga, ya’ni xizmatchilariga ko‘rsatadi. Buni shoh Dovud va Doniyor payg‘ambarning so‘zlaridan ko‘rsak bo‘ladi. Masalan, Dovud shunday degan: «Seni biladiganlarga mehr-sadoqatingni... namoyon etishni to‘xtatma». «Yahova... mehr-sadoqatini Undan qo‘rqadiganlarga toabad namoyon etadi». Doniyor esa quyidagicha degan: «Ey, Alloh Yahova... Seni sevib amrlaringga bo‘ysunadiganlarga mehr-sadoqatingni ko‘rsatadigan Tangrisan». (Zab. 36:10; 103:17; Don. 9:4) Bu so‘zlarga ko‘ra, Yahova xizmatchilari Uni bilgani, Undan qo‘rqqani, Uni sevgani va amrlariga bo‘ysungani uchun ularga mehr-sadoqat ko‘rsatyapti. Ha, Yahova O‘z xalqiga, ya’ni haq topinuvchilariga bu fazilatni namoyon etyapti.

9 Yahovaning xizmatchisi bo‘lishdan avval Uning sevgisini hamma qatori his qilganmiz. (Zab. 104:14) Ammo Yahovaning topinuvchisi sifatida Uning mehr-sadoqatidan ham foyda olamiz. U xizmatchilarini quyidagicha ishontiryapti: «Mehr-sadoqatim sendan tortib olinmaydi». (Ishayo 54:10) Darhaqiqat, Dovud buni o‘zida his qilib: «Yahova O‘ziga sodiq bo‘lganlarga yaxshi muomala qiladi»,— deb aytgan. (Zab. 4:3) Yahovaning g‘amxo‘rligi bizni nima qilishga undaydi? Sano bastakori shunday deb yozgan: «Kim dono bo‘lsa, bu narsalarga e’tibor beradi, Yahovaning mehr-sadoqatga to‘la ishlari haqida chuqur fikr yuritadi». (Zab. 107:43) Ilohiy ilhom ostida yozilgan bu maslahatni yodda tutgan holda Yahovaning mehr-sadoqatga to‘la ishlaridan qanday foyda olishimiz mumkinligining uchta yo‘lini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVANING MEHR-SADOQATGA TO‘LA ISHLARI BIZGA QANDAY FOYDA KELTIRADI?

Yahova Unga topinadigan insonlarga qo‘shimcha barakalar beryapti (10–16- xatboshilariga qarang.) *

10. Xudoning mehr-sadoqati mangu ekanini bilish bizga qanday yordam beradi? (Zabur 31:7)

10Xudoning mehr-sadoqati abadiydir. Mehr-sadoqatning bu muhim qirrasi Zaburning 136- sanosida 26-marta uchraydi. Birinchi oyatda shunday deyilgan: «Yahovaga shukronalar ayting, chunki U yaxshidir. Uning mehr-sadoqati abadiy bor bo‘ladi». (Zab. 136:1) 2–26- oyatlarda «Uning mehr-sadoqati mangudir» degan so‘zlarni qayta-qayta o‘qishimiz mumkin. Ushbu sanoni o‘qiganimizda, Yahova turli yo‘llar orqali mehr-sadoqat ko‘rsatayotgani bizni hayratga soladi. Qayta-qayta takrorlangan «chunki Uning mehr-sadoqati mangudir» degan so‘zlarni o‘qib, Xudoning O‘z xalqiga bo‘lgan sevgisi o‘zgarmas ekanini eslaymiz. Yahovaning xizmatchilaridan tezda ko‘ngli qolmasligini bilish juda daldali. U xizmatchilariga sevgi ko‘rsatishni boshlaganida, ularni hecham tashlab ketmaydi. Ayniqsa, qiyin paytda ularning yonida bo‘ladi. Bu bizga qanday foyda keltiradi? Yahova bizni tashlab ketmasligini bilish bizga quvonch va kuch beradi. Bu orqali qiyinchiliklarga dosh bera olamiz va hayot yo‘lida yurishda davom etamiz. (Zabur 31:7 ni o‘qing.)

11. Zabur 86:5 ga ko‘ra, Yahova nima tufayli kechirishga tayyor?

11Xudo mehr-sadoqatli bo‘lgani uchun kechirishga tayyor. Yahova gunoh qilgan kishi tavba qilganini, yomon hayot tarzidan qaytganini ko‘rganda, mehr-sadoqat tufayli uni kechirishga tayyor bo‘ladi. Sano bastakori Dovud Yahova haqida shunday deb yozgan: «Gunohlarimizga qarab bizga muomala qilmaydi, xatolarimizga yarasha bizni jazolamaydi». (Zab. 103:8–11) Vijdon azobi qanchalik og‘ir bo‘lishini Dovud o‘z tajribasidan yaxshi bilgan. Lekin u Yahova «kechirishga tayyor» ekanini ham bilgan. Xo‘sh, U nima tufayli odamlarni kechiryapti? Javobini Zabur 86:5 dan (o‘qing) topsa bo‘ladi. Ha, Dovud ibodat qilib, Yahova mehr-sadoqatga boy bo‘lgani uchun Undan kechirim so‘ragan har bir kishini bajonidil kechirishini aytgan.

12, 13. Xatolarimiz sababli ruhimiz tushsa, bizga nima yordam beradi?

12 Gunoh qilganimizda, o‘zimizni aybdor his qilishimiz ham yaxshi, ham o‘rinli. Chunki bu tavba qilishga va qilgan xatolarimizni to‘g‘rilash uchun qadamlar qo‘yishga yordam beradi. Lekin Xudoning ba’zi xizmatchilari o‘tmishdagi xatolari tufayli o‘zini haddan ortiq aybdor his qiladi. Ular tavba qilib, yomon yo‘limdan qaytgan bo‘lsam ham Yahova meni kechirmaydi, deb o‘yladi. Bu fikrlar sizga ham tanish bo‘lsa, Xudo xizmatchilariga mehr-sadoqat ko‘rsatishni qattiq istashini bilish sizga yordam beradi.

13Bu bizga qanday foyda keltiradi? Nomukammal bo‘lsak-da, Yahovaga quvonch va pok vijdon bilan xizmat qila olamiz. Ha, buning imkoni bor. Chunki «Uning O‘g‘li Isoning qoni bizni har qanday gunohdan pok qiladi». (1 Yuhan. 1:7) Nomukammallik tufayli qilgan xatolaringizdan ruhingiz tushayotgan bo‘lsa, tavba qilsangiz, Yahova sizni albatta kechirishini unutmang. Dovud mehr-sadoqatni va kechirimli bo‘lishni o‘zaro qanday bog‘laganiga e’tibor qarating. U shunday deb yozgan: «Osmon yerdan qanchalik baland bo‘lsa, mehr-sadoqati ham Undan qo‘rqadiganlarga shunchalik buyukdir. Sharq g‘arbdan qanchalik uzoq bo‘lsa, qilmishlarimizni bizdan shu qadar uzoqlashtiradi». (Zab. 103:11, 12) Darhaqiqat, Yahova «sidqidildan kechirishga» tayyor. (Ishayo 55:7)

14. Dovud Xudoning mehr-sadoqati bizni himoyalashini qanday tasvirlagan?

14Xudoning mehr-sadoqati bizni ma’naviy tomonlama himoyalaydi. Dovud Yahovaga shunday ibodat qilgan: «Sen mening panohimsan. Og‘ir damlarda qayg‘u-alamdan meni asraysan. Meni qutqarib, quvonch sadolari ila o‘rab olasan. [...] Yahovaga tayanadiganlarni esa Uning mehr-sadoqati o‘rab oladi». (Zab. 32:7, 10) Qadimda shaharni o‘rab turgan devorlar fuqarolarni himoyalardi. Shunga o‘xshab, Yahovaning mehr-sadoqati ham bu devorlar kabi U bilan munosabatlarimizga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan bizni himoyalaydi. Yahovaning bu fazilati tufayli Unga yanada yaqinlashamiz. (Yerm. 31:3)

15. Qanaqasiga Yahovaning mehr-sadoqati himoyalovchi joyga o‘xshaydi?

15 Yahova xalqini himoya qilishini tasvirlash uchun Dovud yana bir so‘zdan foydalangan. U quyidagicha yozgan: «Menga mehr-sadoqat ko‘rsatadigan bexatar boshpanam Sensan, ey Tangrim!» Qolaversa, Dovud Yahova haqida shunday degan: «U mehr-sadoqatim, mening qo‘rg‘onimdir, xavfsiz boshpanam-u xaloskorimdir. U qalqonim, Unda men panoh topdim». (Zab. 59:17; 144:2) Xo‘sh, nega Dovud Yahovaning mehr-sadoqatini boshpana va qo‘rg‘on bilan solishtirgan? Boisi, yer yuzining qayerida xizmat qilmaylik, Xudo U bilan bo‘lgan qadrli munosabatlarimizni saqlab qolishimiz uchun bizni himoya qiladi. 91- sanoda ham shunga o‘xshash so‘zlar yozilgan. O‘sha sanoning bastakori quyidagicha kuylagan: «Men Yahovaga: “Sen mening boshpanam va qo‘rg‘onimsan”,— deyman». (Zab. 91:1–3, 9, 14) Bundan tashqari, Muso payg‘ambar Yahovaning himoyasini tasvirlash uchun shunga o‘xshash so‘zdan foydalangan. (Zab. 90:1, izoh) U o‘limidan sal oldin Yahovaning bu fazilatini tasvirlash uchun chiroyli so‘zni qo‘llagan. Muso: «Alloh qadim zamonlardan beri panohdir, Uning abadiy qo‘llari seni qo‘llab kelmoqda»,— deb yozgan. (Qonun. 33:27) Qiziq, «Uning abadiy qo‘llari seni qo‘llab kelmoqda», degan so‘zlardan Yahova haqida nimalarni bilib olyapmiz?

16. Qaysi ikkita tomondan Yahova bizga yordam beradi? (Zabur 136:23)

16 Yahova panohimiz bo‘lsa, o‘zimizni himoya ostida bo‘lganday his qilamiz. Lekin gohida ruhimiz tushishi mumkin va kurashish uchun kuchimiz yo‘qday tuyular. Bunday paytda Yahova biz uchun nima qiladi? (Zabur 136:23 ni o‘qing.) U qo‘llari bilan bizni qo‘llab-quvvatlaydi, astagina bizni turg‘izadi va ruhimizni ko‘taradi. (Zab. 28:9; 94:18) Bu bizga qanday foyda keltiradi? Doimo Xudoga tayanishimiz mumkinligini bilamiz. U bizga ikkita tomondan yordam beryapti. Birinchidan, qayerda yashamaylik Yahova bizni himoya qiladi. Ikkinchidan, mehribon samoviy Otamiz bizga ko‘p g‘amxo‘rlik qiladi.

NEGA YAHOVA MEHR-SADOQATINI KO‘RSATISHIGA AMINMIZ?

17. Yahovaning mehr-sadoqati tufayli nimaga amin bo‘lishimiz mumkin? (Zabur 33:18–22)

17 Ko‘rib chiqqanimizday, qiyinchilikka duch kelganimizda Yahova U bilan munosabatlarimizni saqlab qolishimiz uchun bizga yordam beradi. (2 Kor. 4:7–9) Yeremiyo payg‘ambar shunday deb yozgan: «Yahovaning mehr-sadoqati tufayli biz yo‘q bo‘lib ketmadik. Zero, Uning rahm-shafqati hech qachon tugamaydi». (Marsiya 3:22) Yahova bizga mehr-sadoqatini ko‘rsatishiga doimo ishonsak bo‘ladi. Chunki sano bastakori quyidagicha yozgan: «Yahovaning nigohi Undan qo‘rqadiganlarga, Uning mehr-sadoqatiga umid bog‘laganlarga qaratilgandir». (Zabur 33:18–22 ni o‘qing.)

18, 19. a) Nimani yodda tutishni istaymiz? b) Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

18 Nimani yodda tutishni istaymiz? Yahovaga xizmat qilishni boshlashdan avval, U barcha odamlarga ko‘rsatgan sevgisiga ega bo‘ldik. Xizmatchilari sifatida esa mehr-sadoqatidan ham foyda olyapmiz. Bu sevgi tufayli Yahova himoyalaydigan qo‘llari bilan bizni quchog‘iga olyapti. U doimo yonimizda bo‘ladi. Bizga bergan va’dalarini amalga oshiradi. Xudo biz Uning abadiy do‘stlari bo‘lishimizni istaydi. (Zab. 46:1, 2, 7) Shu bois, qanday qiyinchilikka duch kelmaylik, benuqson bo‘lib qolishimiz uchun Yahova bizga kuch-quvvat beradi.

19 Yahova xizmatchilariga mehr-sadoqatni qanday ko‘rsatayotganini bilib oldik. Xudo biz ham bir-birimizga mehr-sadoqat ko‘rsatishimizni kutyapti. Qiziq, buni qanday qila olamiz? Navbatdagi maqolada bu muhim mavzuni ko‘rib chiqamiz.

136-QO‘SHIQ Yahova sizni «to‘liq mukofotlasin»

^ 5- x.b. Bu va keyingi maqolada mehr-sadoqat kabi go‘zal fazilatni ko‘rib chiqamiz. Xo‘sh, mehr-sadoqat nima degani? Yahova uni kimlarga ko‘rsatadi va ular bundan qanday foyda oladi? Ushbu birinchi maqolada mazkur savollarga javob topamiz.

^ 4- x.b. Yahovaning mehr-sadoqati mo‘l-ko‘lligi va cheksizligi Muqaddas Kitobdagi boshqa oyatlarda ham aytilgan. Naximiyo 13:22; Zabur 69:13; 106:7 va Yeremiyoning marsiyasi 3:32 ga qarang.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARH. Yahova barcha odamlarga, jumladan, xizmatchilariga sevgisini ko‘rsatyapti. Xudo sevgisini namoyon etayotganining ba’zi yo‘llari odamlarning yuqorisidagi dumaloq rasmlarda tasvirlangan. Eng muhimi to‘lov qurbonligidir.

^ 62- x.b. RASMLARGA SHARH. Yahovaga xizmat qilishni boshlaganlar va to‘lov qurbonligiga ishonganlar Uning sevgisini boshqacha tarzda his qiladi. Ular nafaqat Xudo barcha odamlarga ko‘rsatayotgan sevgiga, balki U faqat O‘z xizmatchilariga namoyon etadigan mehr-sadoqatga ham ega bo‘ladi. Xudo mehr-sadoqat ko‘rsatishining ayrim yo‘llari dumaloq rasmlarda tasvirlangan.