Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Levilar 19:16 da boshqa kishining «hayotiga qasd qilmanglar» degan amr yozilgan. Bu amr nimani anglatadi va biz bundan qanday saboq olishimiz mumkin?

Yahova isroilliklarni muqaddas bo‘lishga undagan. Bu borada ularga yordam berish uchun U shunday degan: «Xalqingiz orasida tuhmat qilib yurmanglar. Yaqiningizning hayotiga qasd qilmanglar. Men Yahovaman». (Lev. 19:2, 16)

«Yaqiningizning hayotiga qasd qilmanglar»,— deb aytilgan so‘zlarni qanday tushunishimiz kerak? Levilar kitobi haqidagi yahudiylarning bir adabiyotida quyidagicha yozilgan: «Bu oyatning ushbu qismini tushunish qiyin, chunki asl ibroniy tilida bu ibora qanday ma’noga ega ekanini aniqlash oson emas. Uning so‘zma-so‘z tarjimasi “chetda qarab turish” demakdir».

Ba’zi ilohiyotshunoslar bu iborani 15- oyat bilan bog‘laydi. U yerda shunday deyilgan: «Hukm chiqarganda nohaqlik qilmanglar. Kambag‘alga yuzxotirchilik qilmanglar, boyga ham yon bosmanglar. Yaqiningizni adolat bilan hukm qilinglar». (Lev. 19:15) Bu vaziyatda 16- oyatdagi amr, ya’ni «yaqiningizning hayotiga qasd qilmanglar» yoki «chetda qarab turmanglar» degan so‘zlar isroilliklar mahkamada, ish yoki oilaviy masalalarda adolatsizlik qilmasligi kerakligini anglatgan. Shuningdek, isroilliklar boshqalardan foyda olish maqsadida nohaqlik qilmasligi kerak edi. Albatta, biz bunday ishlarni qilmasligimiz lozim. Ammo 16- oyatdagi bu iborani tushunish uchun ko‘proq fikrlarni ko‘rib chiqishimiz kerak.

16- oyatning birinchi qismiga e’tibor qarataylik. Xudo xizmatchilariga: «Xalqingiz orasida tuhmat qilib yurmanglar»,— deb amr etgan. Shubhasizki, kimdir boshqalar haqida g‘iybat qilsa, muammolar paydo bo‘ladi. Biroq kimdir tuhmat qilsa, undan ham ko‘proq muammo yuzaga keladi. (Hik. 10:19; Voiz 10:12–14; 1 Tim. 5:11–15; Yoqb. 3:6) Tuhmatchi odatda bila turib kimdir haqida yolg‘on tarqatadi. Bu esa o‘sha kishining obro‘siga dog‘ tushiradi. Tuhmatchi biron kishi haqida soxta guvohlik berib, uning o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin edi. Masalan, Navo‘t ismli kishi haqida tuhmatchilar yolg‘on gaplar aytgan. Buning dastidan u nohaqlarcha toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan. (3 Shoh. 21:8–13) Demak, Levilar 19:16- oyatning ikkinchi qismiga ko‘ra, tuhmatchi qaysidir yo‘l orqali qasd qilishi mumkin edi.

Bundan tashqari, odam kimdirdan nafratlangani tufayli unga tuhmat qilishi mumkin. 1 Yuhanno 3:15 da: «Birodaridan nafratlanadigan har bir kishi qotil. Hech bir qotil esa abadiy yashamasligi sizlarga ayondir»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. Xudo 16- oyatdagi fikrni aytgandan so‘ng quyidagicha degani e’tiborimizga loyiq: «Ko‘nglingizda birodaringizdan nafratlanmanglar». (Lev. 19:17)

Demak, Levilar 19:16- oyatning ikkinchi qismida masihiylar uchun jiddiy maslahat yozilgan. Biz har qanday yomon fikrni rad etishimiz va tuhmat qilmasligimiz lozim. Agar kimnidir yoqtirmaslik yoki unga hasad qilish bizni u haqda tuhmat qilishga undasa, bu nafratning belgisidir. Masihiylar bunday qilmasligi kerak. (Mat. 12:36, 37)