Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

50-TADQIQ MAQOLASI

Cho‘ponimizning ovoziga quloq soling

Cho‘ponimizning ovoziga quloq soling

Ular mening ovozimni eshitadi. YUHAN. 10:16

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

BU MAQOLADA *

1. Iso izdoshlarini qo‘ylar bilan solishtirganining sabablaridan biri qanday?

 ISO izdoshlari bilan bo‘lgan munosabatlarni cho‘pon va uning qo‘ylari orasidagi rishtalar bilan solishtirgan. (Yuhan. 10:14) Bu taqqoslash o‘rinli, shunday emasmi?! Qo‘ylar cho‘ponini biladi va unga quloq soladi. Bir sayohatchi bunga shaxsan guvoh bo‘lgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Qo‘ylarni rasmga olmoqchi edik va ularni yonimizga chaqirdik. Lekin ular kelmadi. Sababi, ular ovozimizni bilmasdi. Keyinroq bitta cho‘pon bolakay oldimizga kelib, qo‘ylarini chaqirdi va ular uning yoniga keldi».

2, 3. a) Isoning izdoshlari uning ovozini eshitayotganini qanday ko‘rsatadi? b) Bu va keyingi maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Sayohatchining so‘zlari Isoning qo‘ylari, ya’ni shogirdlari borasidagi gaplarni eslatadi. U shunday degan: «Ular mening ovozimni eshitadi». (Yuhan. 10:16) Xo‘sh, Iso osmonda bo‘lsa, uning ovozini eshitayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz? Isoning o‘rgatganlarini tadqiq qilganimizda, uning ovozini eshitgan bo‘lamiz. Ularni amalda qo‘llaganimizda esa, ularga quloq solgan bo‘lamiz. (Mat. 7:24, 25)

3 Bu va keyingi maqolada Iso o‘rgatgan ba’zi narsalarni ko‘rib chiqamiz. U muayyan narsalarni qilmasligimiz, boshqalarini esa qilishimiz kerak, deb aytganini bilib olamiz. Avval Cho‘ponimiz Iso qilmasligimiz kerak, deb aytgan ikkita narsaga diqqat qarataylik.

«ORTIQ TASHVISHLANMANGLAR»

4. Luqo 12:29 ga binoan, nima tufayli «tashvishlanishimiz» mumkin?

4 Luqo 12:29 ni o‘qing. Iso izdoshlarini moddiy narsalar borasida «ortiq tashvishlanmaslikka» undagan. Uning maslahatlari doim dono va to‘g‘ri. Shu bois, ularga amal qilishni istaymiz, ammo ba’zida bunday qilish oson bo‘lmasligi mumkin. Nega?

5. Nima uchun ba’zilar moddiy ehtiyojlari haqida tashvishlanishi mumkin?

 5 Ba’zilar moddiy ehtiyojlari — oziq-ovqat, kiyim-kechak va bosh pana haqida tashvishlanishi mumkin. Ehtimol, ular iqtisodiy jihatdan kambag‘al mamlakatda yashaydi. Yoki oilasini boqish uchun yetarlicha pul topish qiyin kechayotgandir. Yo bo‘lmasa, oila boquvchisi hayotdan ko‘z yumgani tufayli ular moddiy yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin. Buning ustiga, COVID-19 pandemiyasi dastidan ko‘plar ishini yo‘qotdi. (Voiz 9:11) Xo‘sh, bu va boshqa qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Isoning tashvishlanmaslik borasidagi maslahatiga amal qilayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

Moddiy ehtiyojlarimizga qanday g‘amxo‘rlik qilishimiz borasida ortiq tashvishlanishning o‘rniga, Yahovaga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashimiz kerak (6-8-xatboshilariga qarang.) *

6. Bir safar havoriy Butrus bilan nima bo‘lganini ta’riflab bering.

6 Bir safar havoriy Butrus va boshqa havoriylar Jalila dengizida qayiqda suzib ketayotganda, qattiq shamol ko‘tarildi. Shunda ular Iso dengiz ustida yurib ketayotganini ko‘rdi. Butrus: «Hazratim, agar bu siz bo‘lsangiz, menga buyuring, men ham suv ustida yurib yoningizga boray»,— dedi. Iso esa uni: «Keling!» — deb taklif qildi. Shunda u qayiqdan chiqib, «suvning ustida yurgancha Iso tomon qadam bosdi». Keyin nima bo‘lganiga e’tibor bering. Butrus «qattiq shamolni ko‘rib, qo‘rqqanidan cho‘ka boshladi. U Isoga: “Hazratim, meni qutqaring!” — deb hayqirdi». Shunda Iso qo‘lini cho‘zib, uni ushlab oldi. Unutmangki, Butrus Isoga qaragani uchun suv ustida yurib ketayotgandi. Lekin qattiq shamolni ko‘rgach, u qo‘rqib ketdi va cho‘ka boshladi. (Mat. 14:24–31)

7. Butrusning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

7 Butrusning misolidan saboq olishimiz mumkin. U qayiqdan chiqib, suv ustida yura boshlaganda, xavotirlanib cho‘ka boshlashini xayoliga ham keltirmagan. U Isoning oldigacha suv ustida yurib borishni istagan. Lekin maqsadini ko‘zdan qochirgani uchun buning uddasidan chiqmagan. Albatta biz suv ustida yurmaymiz, ammo imon sinovlariga duch kelamiz. Yahovaga va Uning va’dalariga ko‘z tikmay qo‘ysak, biz ham ma’nan cho‘kamiz. Hayotimizda ramziy ma’noda shamollarga duch kelsak ham diqqatimizni Yahovaga va U yordam berishga qodir ekaniga qaratishimiz lozim. Qanaqasiga?

8. Moddiy ehtiyojlarimiz haqida haddan ortiq tashvishlanmaslikka nima yordam beradi?

8 Muammolarimiz dastidan tashvishlanmay Yahovaga tayanishimiz kerak. Unutmang, sevuvchi Otamiz Yahova ma’naviy narsalarni birinchi o‘ringa qo‘ysak, moddiy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilishiga kafolat beryapti. (Mat. 6:32, 33) Darvoqe, U doim bu va’dasida turib kelgan. (Qonun. 8:4, 15, 16; Zab. 37:25) Xudo qushlar-u gullarga g‘amxo‘rlik qilar ekan, bizga ham g‘amxo‘rlik qilishidan shubhalanmasak bo‘ladi. (Mat. 6:26–30; Filip. 4:6, 7) Sevgi ota-onani farzandiga moddiy jihatdan g‘amxo‘rlik qilishga undaganiday, samoviy Otamiz ham bizni sevgani uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Ha, Yahova bizni aslo tashlab qo‘ymasligiga amin bo‘lishimiz mumkin!

9. Bir juftlikning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin?

9 Yahova moddiy ehtiyojlarimizga qanday g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatuvchi bir misolga e’tibor qarataylik. Kashshof juftlik bir nechta opamizni muhojirlar yashaydigan joydan yig‘ilishga olib borish uchun eski mashinasida bir soatdan ko‘proq yo‘l yurgan. Birodarimiz shunday dedi: «Yig‘ilishdan keyin opalarimizni mehmonga taklif qildik. Lekin uyimizda ovqatimiz yo‘qligini esladik». Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Birodar quyidagilarni aytdi: «Uyimizga kelaganda, eshigimiz oldida oziq-ovqat solingan ikkita katta sumka turgandi. Ularni kim olib kelganini bilmaymiz. Yahova bizga g‘amxo‘rlik qildi». Sal vaqt o‘tgach, bu juftlikning mashinasi buzilib qoldi. Ular xizmatga borishi kerak edi. Lekin uni tuzatish uchun puli bo‘lmagandi. Mashinasini tuzatishiga qancha pul ketishini bilish uchun uni ustaxonaga olib bordi. Keyin bir kishi ularning yoniga kelib: «Bu kimning mashinasi?» — deb so‘radi. Birodarimiz bu mashina uniki va uni tuzatmoqchi ekanini aytdi. U kishi shunday dedi: «Hech qisi yo‘q. Xotinim aynan shu rusumdagi va rangdagi mashinani xohlaydi. Uni qanchaga sotasiz?» Birodarimiz uni o‘sha kishiga sotib, o‘rniga boshqasini xarid qildi. U shunday deb bo‘lishdi: «O‘sha kuni quvonchimiz ichimizga sig‘masdi. Bu tasodif bo‘lmagan, bu Yahovaning qo‘li edi».

10. Zabur 37:5 ga ko‘ra, nega moddiy ehtiyojlarimiz haqida tashvishlanmasligimiz kerak?

10 Cho‘ponimizga quloq solib, moddiy ehtiyojlarimiz haqida haddan ortiq tashvishlanmasak, Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonsak bo‘ladi. (Zabur 37:5 ni o‘qing; 1 Butr. 5:7)  5- xatboshida keltirilgan vaziyatlarni eslang. Ehtimol, hozirgacha Yahova oila boshi yoki ish beruvchimizdan foydalanib bizga g‘amxo‘rlik qilib kelgandir. Bordi-yu, endi oila boshi bunday qila olmasa yoki ishimizni yo‘qotsak, Yahova bizga boshqa yo‘l orqali g‘amxo‘rlik qiladi. U bizni aslo tashlab qo‘ymaydi! Endi esa, keling, cho‘ponimiz yana nima qilmasligimiz kerakligini aytayotganini ko‘rib chiqamiz.

«BOSHQALARNI HUKM QILISHNI BAS QILINGLAR»

Boshqalarning yaxshi tomonlariga diqqat qaratsak, ularni hukm qilmay qo‘yamiz (11-, 14–16-xatboshilariga qarang.) *

11. Iso nima qilishni bas qiling degan va nega bu oson bo‘lmasligi mumkin? (Matto 7:1, 2)

11 Matto 7:1, 2 ni o‘qing. Iso odamlar nomukammal va boshqalarni tanqid qilishga moyil ekanini bilgan. Shu bois, u: «Hukm qilishni bas qilinglar»,— degan. Imondoshlarimizni hukm qilmaslik uchun jon kuydirayotgandirmiz. Ammo ba’zida o‘xshamay qolishi hech gap emas. Gohida boshqalarni tanqid qilayotganimizni payqasak, nima qilsak bo‘ladi? Isoga quloq soling va hukm qilishni bas qilishga harakat qiling.

12, 13. Qanday qilib Yahovaning misoli boshqalarni hukm qilmasligimizga yordam berishi mumkin?

12 Yahovaning misoli ustida mulohaza yuritib foyda olishimiz mumkin. U odamlarning yaxshi tomonlariga diqqat qaratadi. Buni shoh Dovud og‘ir gunohlar qilganida, Xudo u bilan qanday yo‘l tutganidan ko‘rsa bo‘ladi. Masalan, Dovud Botsheva bilan zino qilib, uning erini o‘ldirdi. (2 Shoh. 11:2–4, 14, 15, 24) Oqibatda Dovud nafaqat o‘zi, balki oilasi va boshqa xotinlari ham azob chekdi. (2 Shoh. 12:10, 11) Boshqa vaziyatda esa u Isroil qo‘shinidagilarni ro‘yxatdan o‘tkazib, Yahovaga butkul tayanmaganini ko‘rsatdi. Ehtimol, bunga uning mag‘rurligi va Yahovaga emas, balki ulkan qo‘shiniga tayangani sabab bo‘lgandir. Xo‘sh, buning oqibati qanday bo‘ldi? Taxminan 70 000 isroillik o‘latdan nobud bo‘ldi. (2 Shoh. 24:1–4, 10–15)

13 O‘sha paytda Isroilda yashaganingizda, Dovud haqida qanday fikrga borardingiz? U Yahovaning rahm-shafqatiga noloyiq, deb uni hukm qilarmidingiz? Yahova bunday qilmagan. U Dovud hayoti mobaynida sadoqatli bo‘lganiga va chin dildan tavba qilganiga diqqat qaratgan. Shuning uchun, U Dovudning og‘ir gunohlarini kechirgan. Yahova Dovud uni qattiq sevishini va to‘g‘ri ishlar qilishni xohlaganini bilgan. Alloh yaxshi tomonlarimizga diqqat qaratayotganidan nihoyatda minnatdormiz. (3 Shoh. 9:4; 1 Sol. 29:10, 17)

14. Boshqalarni hukm qilmasligimizga nima yordam beradi?

14 Yahova boshqalardan mukammallikni kutmaydi. Biz ham boshqalardan mukammallik kutmay, ularning yaxshi tomonlariga diqqat qaratishimiz lozim. Odatda boshqalarning kamchiliklarini ko‘rish va ularni tanqid qilish juda oson. Ammo ma’naviy inson bunday kamchiliklarni ko‘rsa ham hamkorlik qilishda davom etadi. Ishlov berilmagan olmos chiroyli bo‘lmaydi, biroq dono odam unga sayqal berilganidan keyin u juda chiroyli va qimmatbaho brilliantga aylanishini biladi. Yahova hamda Iso kabi odamlarning kamchiliklariga emas, balki ularning yaxshi fazilatlariga diqqat qaratishimiz lozim.

15. Nega odamlarning sharoitlari haqida o‘ylab ko‘rish ularni tanqid qilmaslikka ko‘maklashadi?

15 Boshqalarning yaxshi xislatlariga diqqat qaratishdan tashqari, ularni tanqid qilmaslikka yana nima yordam beradi? Ularning hayotini tasavvur qilib ko‘rishga intiling. Bir misolga e’tibor bering. Kunlarning birida Iso ma’badda kambag‘al beva ayol xayr-ehson idishiga ikki chaqa tashlaganini ko‘rdi. U : «Nega u ko‘proq xayr-ehson qilmadi?» — deb aytmadi. Aksincha, u o‘sha ayol nega bunday qilgani va sharoitlari haqida o‘ylab ko‘rib, u qo‘lidan kelganini qilgani uchun uni maqtadi. (Luqo 21:1–4)

16. Veronikaning misolidan nimani o‘rganishingiz mumkin?

16 Veronika ismli opamizning misolini ko‘rib chiqish orqali boshqalarning sharoitlari haqida o‘ylash foydali ekanini bilib olamiz. U xizmat qilgan jamoatda bir opamiz o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi katta qilardi. Veronika shunday deb bo‘lishdi: «Ular yig‘ilishlarga doim ham kelmasdi va xizmatda muntazam ishtirok etmasdi. Shu bois, ularga nisbatan fikrim ijobiy bo‘lmagan. Biroq o‘sha opamiz bilan va’zgo‘ylikda hamkorlik qildik. U menga o‘g‘li autizm kasalligiga chalinganini va bu unga qiyinchiliklar tug‘dirganini aytdi. Bu opamiz jismoniy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun zo‘r berib harakat qilardi. Gohida o‘g‘lining sog‘ligi tufayli yig‘ilishlarni qoldirmaslik uchun boshqa jamoatga borardi». Veronika quyidagicha xulosa qildi: «Bu opamiz shunday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazayotgani xayolimning ko‘chasiga ham kirmagan edi. Hozir unga nisbatan sevgim va hurmatim cheksiz, chunki u Yahovaga xizmat qilish uchun jon-jahdi bilan harakat qilyapti».

17. Yoqub 2:8 ga ko‘ra, nima qilishimiz kerak va buni qay yo‘sin qila olamiz?

17 Agar imondoshlarimizni hukm qilayotganimizni payqasak, nima qilishimiz lozim? Birodar-u opa-singillarimizni sevishimiz kerakligini yodda tutishimiz kerak. (Yoqub 2:8 ni o‘qing.) Shuningdek, Yahovaga sidqidildan ibodat qilib, hukm qilmasligimizga yordam berishini so‘rasak bo‘ladi. Ibodatlarimizga muvofiq ravishda biz tanqid qilayotgan kishi bilan vaqt o‘tkazishga tashabbus ko‘rsatishimiz kerak. Shunda uni yaxshiroq bilib olarmiz. Masalan, uni va’zgo‘ylik xizmatiga yoki mehmonga taklif qilsak bo‘ladi. Imondoshimizni yaxshiroq tanib-bilsak, Yahova hamda Iso kabi uning yaxshi tomonlarini ko‘ra olamiz. Shu yo‘sin, cho‘ponimizning hukm qilishni bas qilish borasidagi amriga quloq solayotganimizni ko‘rsatamiz.

18. Cho‘ponimizga quloq solayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

18 Tom ma’nodagi qo‘ylar cho‘ponining ovozini eshitgani kabi, Isoning izdoshlari ham uning ovozini eshitadi va quloq soladi. Moddiy ehtiyojlarimiz haqida ortiq tashvishlanmasak va hukm qilishni bas qilsak, Yahova hamda Iso harakatlarimizga baraka beradi. «Kichik poda» yoki «boshqa qo‘ylar» qatoriga kiramizmi, cho‘ponimizning ovozini eshitishda va quloq solishda davom etaylik. (Luqo 12:32; Yuhan. 10:11, 14, 16) Iso izdoshlariga ikkita narsani qilish kerakligini aytgan. Keyingi maqolada ularni ko‘rib chiqamiz.

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik

^ 5- x.b. Iso Masih qo‘ylari uning ovozini eshitishini aytganda, shogirdlari uning ta’limotlariga quloq solishini va ularga amal qilishini nazarda tutgan. Bu maqolada Iso aytgan ikkita muhim fikrni ko‘rib chiqamiz. Ular moddiy narsalar borasida ortiq tashvishlanmaslik va hukm qilishni bas qilish haqida. Shuningdek, uning aytganlariga qanday amal qilishimiz mumkinligini ham bilib olamiz.

^ 51- x.b. RASMLARGA SHARH. Birodar ishini yo‘qotdi, oilasini boqish va yangi joyni topish uchun puli yetmayapti. Ehtiyot bo‘lmasa, u tashvishlarga berilib ketganidan Yahovani ikkinchi o‘ringa qo‘yishi mumkin.

^ 53- x.b. RASMLARGA SHARH. Birodar yig‘ilishga kech qoldi. Lekin u norasmiy shohidlik berishda, yoshi katta opamizga amaliy yordam ko‘rsatishda va Yig‘ilish zalida tozalik ishlarini qilishda yaxshi o‘rnak ko‘rsatyapti.