Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

51-TADQIQ MAQOLASI

Isoga «quloq solishda» davom eting

Isoga «quloq solishda» davom eting

Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman. Unga quloq solinglar. MAT. 17:5

54-QO‘SHIQ «Mana yo‘l»

BU MAQOLADA *

1, 2. a) Uchta havoriy nima qilishi kerak edi va ular qanday yo‘l tutdi? b) Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

 MIL. 32-yili Fisihdan keyin havoriy Butrus, Yoqub va Yuhanno ajoyib bir vahiy ko‘rdi. Ular baland tog‘da, ehtimol, Xermon tog‘ida turgandi. U yerda Isoning qiyofasi o‘zgardi. Uning «yuzi quyosh kabi yarqiradi, ustki kiyimidan esa nur tarala boshladi». (Mat. 17:1–4) Vahiyning oxirida havoriylar Xudo quyidagilarni aytganini eshitdi: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman. Unga quloq solinglar». (Mat. 17:5) Bu uchta havoriy hayoti davomida Isoga quloq solganini isbotladi. Biz ham ularning o‘rnagiga taqlid qilishni istaymiz.

2 O‘tgan maqolada Isoning ovoziga quloq solish muayyan narsalarni qilmaslik kerakligini anglatishini bilib oldik. Iso nimalar qilishimiz kerakligini ham aytgan. Ushbu maqolada ulardan ikkitasini ko‘rib chiqamiz.

«TOR DARVOZADAN KIRINGLAR»

3. Matto 7:13, 14 ga ko‘ra nima qilishimiz lozim?

3 Matto 7:13, 14 ni o‘qing. Iso ikki xil darvoza haqida aytganiga e’tibor bering. Ular ikki xil yo‘lga yetaklaydi. Biri «enli», ikkinchisi esa «tor» yo‘l. Uchinchi yo‘l yo‘q. O‘zimiz uchun qaysi yo‘ldan yurishni hal qilishimiz lozim. Bu hayotimizda chiqaradigan eng muhim qarordir. Chunki abadiy yashash-yashamasligimiz bunga bog‘liq.

4. «Enli» yo‘lni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?

4 Ushbu ikkita yo‘l o‘zaro farq qilishini unutmasligimiz kerak. Ko‘plar «enli» yo‘ldan ketyapti, chunki undan yurish oson. Ming afsuski, aksariyat odamlar undan yurishda davom etyapti va o‘zini u yerdagi ko‘pchilik kabi tutyapti. Ular bu yo‘lga Shayton Iblis jalb qilayotganini va bu yo‘lning oxiri o‘lim ekanini tushunmayapti. (1 Kor. 6:9, 10; 1 Yuhan. 5:19)

5. Ba’zilar «tor» yo‘lni topish va unda qolish uchun nimalar qilyapti?

5 «Enli» yo‘ldan farqli ravishda, «tor» yo‘l ham bor. Iso uni ozchilik topishini aytgan. Nega? Qizig‘i shundaki, keyingi oyatda u izdoshlarini soxta payg‘ambarlardan ogohlantirgan. (Mat. 7:15) Ba’zilarning fikricha, hozir minglab dinlar mavjud va ularning aksari haqiqatni o‘rgatyapmiz deydi. Millionlab insonlarning dindan ko‘ngli qolyapti yoki qaysi din haq ekanini aniqlay olmay boshi qotyapti. Shu bois, ular hayotga olib boradigan yo‘lni izlamay qo‘ygan. Iso shunday degan: «Agar mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, chindan ham mening shogirdlarimsiz. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi». (Yuhan. 8:31, 32) Sizlar maqtovga loyiqsiz. Chunki ko‘pchilik ortidan ergashmay, haqiqatni izladingiz. Xudo bizdan nimani kutayotganini bilish uchun Uning Kalomini chuqur tadqiq qila boshladingiz va Isoning ta’limotlariga quloq soldingiz. Bundan tashqari, Yahova soxta din ta’limotlarini rad etishimizni va kelib chiqishi butparastlik bilan bog‘liq bayramlarni nishonlamasligimizni istashini bilib oldingiz. (Mat. 10:34–36) Shuningdek, Yahovani mamnun qilish uchun hayotingizga o‘zgarishlar kiritish oson bo‘lmayotgandir. Lekin samoviy Otamizni sevganingiz va uni mamnun qilishni xohlayotganingiz uchun yaxshilanishda davom etyapsiz. U sizdan juda mamnun! (Hik. 27:11)

QAY YO‘SIN TOR YO‘LDA QOLA OLAMIZ?

Xudoning maslahatlari-yu me’yorlari «tor» yo‘lda qolishimizga ko‘maklashadi (6–8-xatboshilariga qarang.) *

6. Tor yo‘lda qolishimizga nima yordam beradi? (Zabur 119:9, 10, 45, 133)

6 Tor yo‘ldan yurishni boshlagan ekanmiz, safarda davom etishimizga nima yordam beradi? Quyidagi misolga e’tibor bering. Tog‘lardagi tor yo‘llarning chetida to‘siqlar bo‘ladi va ular haydovchi hamda uning transport vositasini himoyalaydi. Yo‘l chetidagi to‘siqlar haydovchining xavfsizligini ta’minlaydi, ya’ni ular haydovchiga yo‘lning chetiga haddan tashqari yaqinlashmaslikka yoki undan o‘tib ketmaslikka yordam beradi. Kamdan-kam haydovchilar bunday yo‘l yoqasidagi to‘siqlardan nolib, ular erkinlikni chegaralab qo‘yishini aytadi. Yahovaning Muqaddas Kitobdagi me’yorlari shunday to‘siqlarga o‘xshaydi. Ular tor yo‘lda qolishimizga ko‘maklashadi. (Zabur 119:9, 10, 45, 133 ni o‘qing.)

7. Yoshlar tor yo‘l haqida qanday fikrda bo‘lishi kerak?

7 Yoshlar, ba’zida Yahovaning me’yorlari erkinligingizni chegaralayotganday tuyuladimi? Shayton aynan shunday fikrga borishingizni istaydi. Enli yo‘lda yurayotganlar vaqtini chog‘ o‘tkazayotganday ko‘rinishi mumkin. Shayton diqqatingizni ularga qaratishingizni istaydi. U maktabdagi tengdoshlaringizdan yoki Internetdagi narsalardan foydalanib: «Men hayotdan to‘laqonli foydalana olmayapman»,— degan fikrga borishingizni istaydi. Shayton Yahovaning me’yorlari hayotdan to‘laqonli zavqlanishimga xalaqit beryapti, deb o‘ylashingizni xohlaydi *. Lekin quyidagini unutmang: Shayton enli yo‘lda yurayotganlar ularni nima kutayotganini bilishini istamaydi. Yahova esa hayotga olib boradigan yo‘lda qoladiganlar uchun qanday barakalar hozirlab qo‘yganini ko‘rsatyapti. (Zab. 37:29; Ishayo 35:5, 6; 65:21–23)

8. Yoshlar Olifning misolidan qanday saboq olishi mumkin?

8 Olif ismli yosh birodardan qanday saboq olishingiz mumkinligiga diqqat qarating *. Sinfdoshlari unga bosim o‘tkazib, uni jinsiy axloqsizlik qilishga undardi. U Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi yuksak axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashashini tushuntirganda, ba’zi qizlar unga ular bilan jinsiy aloqa qilishga battarroq bosim o‘tkazardi. Lekin Olif Xudoning nazarida to‘g‘ri ish qilish qarorida qat’iy bo‘lib qoldi. U boshqa bosimlarga ham duch keldi. Olif quyidagicha bo‘lishdi: «Ustozlarim menga bosim o‘tkazib, oliy ma’lumotli bo‘lishga undardi. Chunki bu tufayli hurmatga sazovor bo‘lishimni aytardi. Usiz hayotimda muvaffaqiyatga erishmasligimni ta’kidlardi». Olifga bunday bosimga qarshi turishga nima yordam berdi? U shunday bo‘lishdi: «Jamoatimdagilar bilan do‘stlashdim. Ular oilamdek bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobni ko‘proq tadqiq qila boshladim. Tadqiq o‘tkazganim sayin, bilib olayotganlarim haqiqat ekaniga amin bo‘lardim. Natijada Yahovaga xizmat qilish qarorim mustkahkamlandi».

9. Tor yo‘ldan yurishda davom etishni xohlaganlar nima qilishi kerak?

9 Shayton sizni hayotga yetaklovchi to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqchi. U siz ko‘pchilikka qo‘shilib, «halokatga olib boradigan» enli yo‘ldan yurishingizni xohlaydi. (Mat. 7:13) Lekin Isoga quloq solishda davom etsangiz va tor yo‘lni himoya deb bilsangiz, undan og‘maymiz. Endi esa, keling, Iso yana nima qilishimiz kerakligini aytganini bilib olaylik.

BIRODARINGIZ BILAN YARASHING

10. Iso nima qilishimiz kerakligini aytgan? (Matto 5:23, 24)

10 Matto 5:23, 24 ni o‘qing. Iso yahudiylar uchun muhim bir jarayon haqida aytgan. Tasavvur qiling, kimdir hayvonini qurbonlikka keltirish uchun ma’badga ruhoniyning oldiga keldi. Agar o‘sha paytda birodari undan xafa ekani yodiga tushib qolsa, u hayvonni qoldirib, ortga qaytishi kerak edi. Qiziq, nega? Yahovaga qurbonlik keltirishdan ko‘ra qanday muhimroq ish bor ekan? Iso buni quyidagi so‘zlar bilan aniq qilib tushuntirgan: «Avvaliga borib birodaringiz bilan yarashing».

Akasi bilan kamtarlik ila yarashgan Yoqubga taqlid qilyapsizmi? (11-, 12-xatboshilariga qarang.) *

11. Yoqub akasi bilan yarashish uchun qilgan harakatlarini ta’riflab bering.

11 Yarashish borasida bobokalonimiz Yoqubning hayotidagi bir voqeani ko‘rib chiqib saboq olishimiz mumkin. U ona yurtidan ketganiga taxminan 20-yil bo‘lganda, Xudo farishta orqali unga u yerga qaytishni aytgan. (Ibt. 31:11, 13, 38) Lekin bir muammo bor edi. Uning akasi Esov uni o‘ldirmoqchi edi. (Ibt. 27:41) Yoqub akasi undan haliyam g‘azabdami yoki yo‘qmi deb o‘ylardi va «qo‘rqib, vahimaga tushdi». (Ibt. 32:7) U akasi bilan yarashish uchun nima qildi? Avval Yoqub bu haqda Yahovaga chin dildan ibodat qildi. Keyin Esovga ko‘pgina sovg‘alar yubordi. (Ibt. 32:9–15) Akasini ko‘rganda esa, Yoqub unga hurmat ko‘rsatdi. U akasiga bir yoki ikki marta emas, yetti marta ta’zim qildi. Yoqub kamtarin bo‘lib, akasiga hurmat ko‘rsatdi va u bilan yarashdi. (Ibt. 33:3, 4)

12. Yoqubning misolidan qanday saboq olyapmiz?

12 Yoqub akasi bilan uchrashish uchun qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘rganidan va unga murojaat qilganidan saboq olsak bo‘ladi. U kamtarlik ila Yahovadan yordam so‘radi. So‘ng akasi bilan yarashish uchun jon kuydirib, ibodatiga muvofiq yo‘l tutdi. Yoqub akasi bilan uchrashganida, kim haq, kim nohaq ekani borasida bahslashmadi. Chunki uning maqsadi akasi bilan yarashish edi. Xo‘sh, Yoqubning misoliga qanday taqlid qila olamiz?

BOSHQALAR BILAN QAY YO‘SIN YARASHISHIMIZ MUMKIN?

13, 14. Imondoshimizni xafa qilsak, nima qilishimiz lozim?

13 Hayotga olib boradigan yo‘ldan yuradigan kishilar sifatida imondoshlarimiz bilan ahil yashashni istaymiz. (Rim. 12:18) Qaysidir imondoshimizni xafa qilganimizni payqasak, nima qilishimiz kerak? Yoqub kabi Yahovaga chin dildan ibodat qilishimiz lozim. Undan imondoshimiz bilan yarashish uchun qilayotgan harakatlarimizga baraka berishini so‘rasak bo‘ladi.

14 Shuningdek, o‘zimizni tekshirib ko‘rish uchun vaqt ajratsak bo‘ladi. O‘zimizdan shunday so‘rashimiz mumkin: «Mag‘rurlikni chetga surib, kamtarlik ila kechirim so‘rab, yarashishga tayyormanmi? Imondoshim bilan yarashish uchun birinchi qadam qo‘ysam, Yahova hamda Iso nimalarni his qiladi?» Javoblarimiz Isoga quloq solib, yarashish uchun imondoshimizga kamtarlik ila murojaat qilishimizga undashi mumkin. Shu yo‘sin, Yoqubning misoliga taqlid qilgan bo‘lamiz.

15. Efesliklarga 4:2, 3 dagi prinsip imondoshimiz bilan yarashishga qanday yordam beradi?

15 Tasavvur qiling, Yoqub akasi bilan kim haq-u kim nohaqligi borasida bahslashganida, nima bo‘lardi? Bu uchrashuv yaxshilik bilan tugamasdi. Natijasi umuman boshqacha bo‘lardi. Imondoshimiz bilan kelishmovchilikni hal qilmoqchi bo‘lsak, kamtarlikni namoyon etishimiz lozim. (Efesliklarga 4:2, 3 ni o‘qing.) Hikmatlar 18:19 da: «Ranjigan do‘stga yo‘liqish, mustahkam shaharni zabt etishdan qiyinroqdir. Shunday tortishuvlar borki, ular qo‘rg‘on surma zulfinlari kabidir»,— deb yozilgan. Kamtarlik ila kechirim so‘rash, «qo‘rg‘onga» kirishimizga yordam beradi.

16. Nima haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak va nega?

16 Biz ham imondoshimizga nima deyish va buni qanday aytish haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Tayyor bo‘lganimizda esa, u bilan do‘stligimizni qayta tiklashga intilishimiz kerak. Ehtimol, avvaliga u bizga qattiq gapirar. Bundan jahlimiz chiqishi yoki o‘zimizni oqlay boshlashimiz mumkin. Lekin bu yarashishga yordam beradimi? Albatta, yo‘q. Imondoshimiz bilan yarashish kim haq va kim nohaq ekanini isbotlashdan muhimroq ekanini yodda tuting. (1 Kor. 6:7)

17. Gilbertning misolidan qanday saboq oldingiz?

17 Gilbert ismli birodar tinchlik o‘rnatish uchun jon kuydirgan. U shunday deb bo‘lishdi: «Qizim bilan anchagina muammolarim bor edi. Ikki yildan oshiqroq vaqt davomida u bilan ochiq gaplashib, yaxshi munosabatlarimizni tiklash uchun ko‘p harakat qildim». Gilbert yana nimalar qildi? U shunday dedi: «Har safar qizim bilan gaplashishdan avval ibodat qilardim va u menga qo‘pol tarzda gapirsa xafa bo‘lmasligim kerakligini o‘zimga eslatardim. Kechirishga tayyor bo‘lishim kerak edi. Haq-huquqlarim uchun kurashmaslikka o‘rgandim. Shuningdek, tinchlik o‘rnatishga men mas’ul ekanimni tushundim». Buning natijasi qanday bo‘ldi? Gilbert quyidagilarni aytdi: «Hozir oila a’zolarimning hammasi bilan yaxshi munosabatlarga egaman va ich-ichimdan xotirjamlikni his qilaman».

18, 19. Kimnidir ranjitgan bo‘lsak, nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak va nega?

18 Imondoshingizni xafa qilganingizni tushunsangiz, qanday yo‘l tutishingiz kerak? Isoning tinchlik o‘rnatish borasidagi maslahatiga amal qiling. Bo‘lib o‘tganlar haqida Yahovaga aytib bering va tinchlik o‘rnatishingiz uchun U muqaddas ruhi orqali sizga yordam berishiga ishoning. Bunday qilib, baxtiyor bo‘lasiz va Isoga quloq solayotganingizni ko‘rsatasiz. (Mat. 5:9)

19 Jamoat boshi Iso Masih orqali sevgi ila yo‘l-yo‘riq berayotgan Yahovadan minnatdormiz. (Efes. 5:23) Havoriy Butrus, Yoqub va Yuhanno kabi unga «quloq solish» qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Mat. 17:5) Biz ranjitgan imondoshimiz bilan yarashish uchun nimalar qilishimiz kerakligini ko‘rib chiqdik. Bu maslahatga amal qilsak va hayotga yetaklayotgan yo‘lda qolsak, hozirning o‘zida ko‘plab barakalarga, kelajakda esa cheksiz baxtga ega bo‘lamiz.

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

^ 5- x.b. Iso bizni hayot yo‘liga tor darvozadan kirishga undagan. Shuningdek, u imondoshlarimiz bilan yarashishimiz kerakligini aytgan. Bu maslahatlarga amal qilganimizda, qanday qiyinchiliklarga duch kelamiz va ularni qanday yenga olamiz?

^ 7- x.b. «Yoshlarning 10 ta savoliga javoblar» risolasidagi «Tengdoshlarning bosimiga qanday qarshi tura olaman?» nomli 6- savolga qarang va jw.org saytidagi «Tengdoshlarning bosimiga qarshi turing!» nomli animatsion rolikni tomosha qiling. (MUQADDAS KITOB TA’LIMOTLARI > O‘SMIRLAR sarlavhasi ostiga qarang.)

^ 8- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARH. Xudo taqdim etayotgan to‘siqlar bilan himoyalangan «tor» yo‘lda qolib, oliy ma’lumotli bo‘lishni birinchi o‘ringa qo‘yish bosimi, pornografiya va axloqsizlik kabi xavf-xatarlardan qochamiz.

^ 58- x.b. RASMLARGA SHARH. Yoqub tinchlik o‘rnatish uchun akasi Esov oldida qayta-qayta tiz cho‘kdi.