Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9- TADQIQ MAQOLASI

Boshqalarga xizmat qilishda Isoga taqlid qiling

Boshqalarga xizmat qilishda Isoga taqlid qiling

Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta. HAVOR. 20:35

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

BU MAQOLADA *

1. Xudoning xalqi nimalar bilan band?

 BUNDAN ancha oldin Muqaddas Kitobda Yahovaning xalqi Isoning boshchiligi ostida Unga xizmat qilish uchun «o‘zini tayyorlik ila taqdim etishi» haqida bashorat qilingan. (Zab. 110:3) Bu hozir amalga oshayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Har yili Xudoning g‘ayratli xizmatchilari va’zgo‘ylik ishiga millionlab soat sarflayapti. Ular buni ixtiyoriy tarzda, o‘z hisobidan qilyapti. Shuningdek, ular imondoshlariga jismoniy, hissiy va ma’naviy tomonlama yordam beryapti. Tayinlangan birodarlar esa yig‘ilishlardagi qismlarni o‘tkazish maqsadida tayyorgarlik ko‘rish va daldali tashriflar qilish uchun ko‘p vaqt sarflaydi. Xo‘sh, bu barcha ishlar ortida nima turibdi? Yahova hamda yaqinimizga bo‘lgan sevgi. (Mat. 22:37–39)

2. Iso qanday o‘rnak qoldirdi? (Rimliklarga 15:1–3)

2 Iso boshqalarning manfaatlarini o‘zinikidan ustun qo‘yishda a’lo o‘rnakdir. Barchamiz uning izidan yurishga jon kuydiryapmiz. (Rimliklarga 15:1–3 ni o‘qing.) Unga taqlid qiladiganlar qut-barakalarga ega bo‘ladi. Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb aytgan. (Havor. 20:35)

3. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Mazkur maqolada Iso boshqalarga xizmat qilish uchun qanday fidoyiliklar qilganini va unga qay yo‘sin taqlid qilishimiz mumkinligini bilib olamiz. Shuningdek, boshqalarga xizmat qilish istagimizni kuchaytirishga nima yordam berishi haqida so‘z yuritamiz.

ISODAN O‘RNAK OLING

Iso charchaganiga qaramay, odamlar oldiga kelganida qanday yo‘l tutdi? (4- xatboshiga qarang.)

4. Qanday qilib Iso boshqalarning ehtiyojlarini o‘zinikidan ustun qo‘ygan?

4 Iso hatto charchaganida boshqalarga yordam bergan. To‘da-to‘da odamlar, ehtimol, Kafarnahum yaqinidagi tog‘li hududga — Isoning oldiga kelganida, u nima qilgani haqida o‘ylab ko‘ring. Iso tuni bilan ibodat qilgach, juda charchagan bo‘lsa kerak. Lekin u o‘sha xaloyiqni ko‘rib orasidagi kambag‘al-u kasal odamlarga achingan. Shunda Iso nafaqat ularga shifo bergan, balki Tog‘dagi va’z deb ataladigan eng taniqli nutqini so‘zlagan. (Luqo 6:12–20)

Qay yo‘sin Isoning fidoyiligiga taqlid qila olamiz? (5- xatboshiga qarang.)

5. Oila boshlari charchaganiga qaramay, Isoning o‘rnagiga qanday taqlid qilyapti?

5 Oila boshlari Isoga qay yo‘sin taqlid qilyapti? Quyidagini tasavvur qilib ko‘ring: oila boshi ishdan kech charchab keldi. O‘sha oqshom ularda oilaviy topinish bor. Avvaliga u oilaviy topinishni keyingi safarga qoldirmoqchi bo‘ladi, lekin uni o‘tkazish uchun Yahovadan kuch so‘rab iltijo qiladi. Xudo uning ibodatiga javob beradi va oilaviy topinish odatdagidek o‘tkaziladi. Bolalar bundan muhim saboq oladi: ma’naviy ishlar ota-onasi uchun birinchi o‘rinda ekanini bilib oladi.

6. Iso boshqalarga yordam berish uchun vaqtini ajratgani haqida misol keltiring.

6 Iso boshqalardan vaqtini ayamagan. U do‘sti Yahyo payg‘ambar qatl etilganini eshitganida o‘zini qanday his qilganini tasavvur qila olasizmi? Iso nihoyatda qayg‘u chekkan bo‘lsa kerak. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «[Yahyoning o‘limi haqida] eshitgach, Iso yolg‘iz qolish uchun qayiqqa o‘tirib u yerdan xilvat joyga suzib ketdi». (Mat. 14:10–13) U nega yolg‘iz qolmoqchi bo‘lganini tushunsa bo‘ladi. Ba’zilar qayg‘u chekkanida yolg‘iz o‘zi qolishni istaydi. Lekin Isoda bunday qilishga imkon bo‘lmadi. Chunki u xilvat joyga borishidan avval u yerga xaloyiq yig‘ilib kelgan edi. Qiziq, Iso nima qildi? U xaloyiqning ehtiyojlari haqida o‘ylab «ularga achindi». Iso odamlar yordamga va Xudodan tasalli olishga muhtoj ekanini tushungan. Shuning uchun, ularga darrov yordam bergan. Darhaqiqat, Iso ularga oz emas, «ko‘p narsalarni o‘rgatgan». (Mark 6:31–34; Luqo 9:10, 11)

7, 8. Qay yo‘sin mehribon oqsoqollar Isoga taqlid qilib, yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘maklashyapti? Misol keltiring.

7 Qay yo‘sin oqsoqollar Isoga taqlid qiladi? Oqsoqollar manfaatimizni ko‘zlab fidoyiliklar qiladi. Bu uchun ulardan juda ham minnatdormiz. Aslida ular qilayotgan mehnatning anchagina qismini ko‘rmaymiz. Masalan, shoshilinch tibbiy yordam kerak bo‘lganida, kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitasidagi birodarlar imondoshlariga yordam berishga oshiqadi. Ko‘pincha bunday vaziyatlar yarim tunda yuz beradi. Birodar-u opa-singillariga rahmi kelgani uchun bu aziz oqsoqollar va ularning oila a’zolari imondoshlarining manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘yadi.

8 Shuningdek, oqsoqollar Yig‘ilish zallarining qurilishida, tashkilotimizning boshqa qurilish loyihalarida hamda tabiiy ofatlarda zarar ko‘rganlarga ko‘maklashish ishida o‘z hissasini qo‘shyapti. Ular jamoatdagilarga ta’lim va tasalli berish uchun ko‘p vaqt ajratadi. Bu birodarlar va ularning oilalari maqtovga sazovordir. Iloyim, Yahova bunday mas’uliyatli birodarlarni doim qo‘llab-quvvatlasin! Albatta, ular ham bu borada boshqalar kabi muvozanatli bo‘lishlari kerak. Ular jamoat ishlariga haddan ortiq ko‘p vaqt sarflab, oilasining ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishni unutmasligi darkor.

QAY YO‘SIN FIDOYILIK RUHINI RIVOJLANTIRA OLAMIZ?

9. Hamma masihiylar qanday nuqtai nazarga ega bo‘lishi kerak? (Filippiliklarga 2:4, 5)

9 Filippiliklarga 2:4, 5 ni o‘qing. Nafaqat oqsoqollar, balki hammamiz Isoga o‘xshab boshqalarning ehtiyojlarini o‘zimiznikidan ustun qo‘yishga o‘rgana olamiz. Muqaddas Kitobda aytilganiday, Iso «qul qiyofasiga kirdi». (Filip. 2:7) Bundan nimani bilib olishimiz mumkinligiga e’tibor qarating. Yaxshi qul yoki xizmatkor xo‘jayiniga ma’qul kelish uchun jon kuydiradi. Yahovaning quli bo‘lganimiz hamda birodar-u opa-singillarimizga xizmat qilayotganimiz uchun Yahova bizdan ko‘proq foydalanyapti. Qolaversa, imondoshlarimizga yordam berishga harakat qilyapmiz. Quyida keltirilgan tavsiyalar bu borada bizga yordam berishi mumkin.

10. O‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

10 Qanday nuqtai nazarda ekaningizni tekshiring. O‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘rsangiz bo‘ladi: «Boshqalarga yordam berish uchun shaxsiy ishlarimni chetga surib qo‘yishga tayyormanmi? Keksa birodarni yo‘qlab borishimni yoki opamizni yig‘ilishga olib borishni so‘rashsa, qanday munosabat bildiraman? Anjuman o‘tadigan joylarni tozalash yoki Yig‘ilish zallarini ta’mirlashda ehtiyoj paydo bo‘lsa, tayyorlik ila yordam beramanmi?» Yahovaga bag‘ishlanganimizda o‘zimizda boridan foydalanib, Unga xizmat qilishga va’da berganmiz. U vaqtimiz, kuchimiz va mablag‘imizdan foydalanib boshqalarga yordam berishimizni istaydi. Shu bois, chin ko‘ngildan bunday qilganimizda, Yahova quvonadi. Bordi-yu, qaysidir sohada o‘zgarishingiz kerakligini payqagan bo‘lsangiz, nima qilsangiz bo‘ladi?

11. Qay yo‘sin ibodat qilish orqali fidoyilik ruhini rivojlantira olasiz?

11 Yahovaga sidqidildan ibodat qiling. Aytaylik, qaysidir sohada yaxshilanishingiz kerakligini tushundingiz. Lekin buning uchun sizda kuchli istak yo‘qligini payqadingiz. Bunday vaziyatda Yahovaga sidqidildan ibodat qiling. Rostgo‘y bo‘lib Unga ichingizdagilarni ayting. Sizda «istak uyg‘otib, kuch ato etishini» so‘rang. (Filip. 2:13)

12. Yosh birodarlar jamoatdagilarga qanday yordam bera oladi?

12 Agar suvga cho‘mgan yosh birodar bo‘lsangiz, Yahovadan jamoatingizda ko‘proq qilish istagini uyg‘otishini so‘rang. Ba’zi mamlakatlarda jamoat xizmatkorlaridan ko‘ra oqsoqollar ko‘proq va jamoat xizmatkorlari o‘rta yoshda yoki undan ham kattaroq. Tashkilotimiz son jihatdan o‘sib borar ekan, imondoshlarimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun yosh birodarlar kerak bo‘ladi. Ko‘magingiz kerak bo‘lgan har qanday sohada hissangizni qo‘shsangiz baxtiyor bo‘lasiz. Nega? Chunki Yahovani quvontirasiz, yaxshi obro‘ga ega bo‘lasiz va boshqalarga yordam berayotganingizdan mamnuniyat his qilasiz.

Masihiylar Iordan daryosi orqali Yahudiyadan Pella shahriga qochgan. Shaharga oldin yetib kelgan masihiylar u yerga endi borgan imondoshlariga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatyapti (13- xatboshiga qarang.)

13, 14. Birodar-u opa-singillarimizga yordam berish uchun qanday amaliy qadamlar qo‘ya olamiz? (Muqovadagi rasmga qarang.)

13 Boshqalarning ehtiyojlariga e’tiborli bo‘ling. Havoriy Pavlus ibroniylarga: «Yaxshilik qilishni va bor narsangizni boshqalar bilan bo‘lishishni unutmanglar, chunki bunday qurbonliklar Tangriga ma’quldir»,— deb yozgan. (Ibron. 13:16) Bu amaliy maslahat bo‘lgan. Ular Pavlusning maktubini olganidan ko‘p o‘tmay Yahudiyadagi masihiylar uyini, ishini va imondoshi bo‘lmagan qarindoshlarini tashlab «tog‘larga qochishga» majbur bo‘lgan. (Mat. 24:16) Shubhasizki, o‘shanda ular bir-biriga yordam berishi muhim edi. Ular Pavlusning boshqalar bilan bo‘lishish haqidagi maslahatiga oldin ham amal qilib kelgan bo‘lsa, buyog‘iga ham yangi hayot tarziga moslashish ular uchun osonroq bo‘lardi.

14 Birodar-u opa-singillarimizga nimadir kerak bo‘lsa, doim ham bu haqda bizga aytmasligi mumkin. Deylik, birodarimiz xotinining vafotidan keyin qayg‘u chekyapti. U kimdir, masalan, ovqat tayyorlashiga, mashinasida u bu joyga olib borishiga yoki uy ishlarida ko‘maklashishiga muhtojmi? Birodarimiz imondoshlarimizga og‘irligi tushmasligi uchun bu haqda aytmas. Lekin birinchi qadamni qo‘yib, unga yordamimizni taklif qilsak, u bundan xursand bo‘lar. Unga biron kishi yordam beradi yoki yordam kerak bo‘lsa bizga aytadi, deb o‘ylamasligimiz kerak. Aksincha, o‘zimizni uning o‘rniga qo‘yib: «Bu paytda menga qanday yordam kerak bo‘lardi?» — deb o‘zimizdan so‘rashimiz kerak.

15. Boshqalarga yordam berishni xohlasak, nima qilishimiz kerak?

15 Boshqalar sizdan bemalol yordam so‘ray olsin. Shubhasizki, boshqalarga doim yordam berishga tayyor imondoshlarni bilasiz. Ular doimo jon deb yordam berishga shay turadi. Yordamga muhtoj bo‘lganimizda, ularga tayanishimiz mumkinligini bilamiz. O‘zimiz ham ular kabi yo‘l tutishni yaxshi ko‘ramiz. Masalan, 45 yoshdagi Alan ismli oqsoqol boshqalar undan bemalol yordam so‘rashini istaydi. U Isoning o‘rnagi haqida quyidagicha bo‘lishdi: «Iso band edi, lekin har qanday yoshdagi odamlar unga intilardi va undan bemalol yordam so‘rardi. Odamlar Iso ularga g‘amxo‘rlik qilishini sezardi. Men ham Isoning nuqtai nazarini aks ettirishni xohlayman. Boshqalar menga bemalol murojaat qilishini, ular bilan do‘st bo‘lishni va ularga g‘amxo‘rlik qilishni istayman».

16. Zabur 119:59, 60 dagi so‘zlarni amalda qo‘llash Isoning o‘rnagiga yaxshiroq taqlid qilishimizga qanday yordam beradi?

16 Isoga mukammal darajada taqlid qila olmasak, ko‘nglimiz tushmasligi kerak. (Yoqb. 3:2) Masalan, shogird biron ishni ustozi kabi a’lo darajada qila olmasligi mumkin. Ammo u xatolaridan o‘rgangani va ustozining o‘rnagiga qo‘ldan kelgancha yaxshiroq ergashgani sayin yaxshilanishda davom etadi. Shu singari, shaxsiy tadqiqlarimizda bilib olganimizga amal qilsak va kamchiliklarimiz ustida ishlashga intilsak, Isoning o‘rnagiga taqlid qilgan bo‘lamiz. (Zabur 119:59, 60 ni o‘qing.)

FIDOYILIK RUHI FOYDALIDIR

Isoning fidoyiligiga taqlid qilib oqsoqollar jamoatdagi yosh birodarlarga o‘rnak bo‘la oladi (17- xatboshiga qarang.) *

17, 18. Isoga ergashib qanday foyda olamiz?

17 Fidoyilik ruhi yuqumli bo‘lishi mumkin. Tim ismli birodar quyidagicha bo‘lishdi: «Yosh bo‘lsa-da, ba’zi birodarlar jamoat xizmatkori bo‘ldi. Buning sabablaridan biri ular fidoyilik ruhini namoyon etayotganlarni kuzatdi va ularga taqlid qildi. Jonkuyarlik ila xizmat qilayotgan bu birodarlar jamoatdagi imondoshlarga va oqsoqollarga ko‘proq yordam bera olyapti».

18 Xudbin odamlarga to‘la dunyoda yashayapmiz. Ammo Yahovaning xizmatchilari umuman boshqacha. Sababi Isoning fidoyi o‘rnagi ularga ta’sir qiladi va ular unga ergashishga intiladi. To‘g‘ri, biz Isoning izidan mukammal ravishda yura olmaymiz. Lekin «izidan og‘may yurishimiz» mumkin. (1 Butr. 2:21) Isoga taqlid qilish uchun chin dildan intilsak, Yahovani mamnun qilamiz. Bu esa bizga quvonch keltiradi.

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

^ 5- x.b. Iso doim boshqalarning ehtiyojlarini o‘zinikidan ustun qo‘ygan. Bu maqolada qaysi yo‘llar orqali unga ergashishimiz mumkinligini bilib olamiz. Qolaversa, uning fidoyi o‘rnagiga taqlid qilishga intilish bizga qanday yordam berishiga diqqat qaratamiz.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARH. Den ismli yosh birodar otasini ko‘rishga kelgan ikkita oqsoqolni kuzatyapti. Oqsoqollarning mehribonchiligidan u ta’sirlandi. Bu uni jamoatdagilarga g‘amxo‘rlik qilishga undadi. Ben ismli boshqa yosh birodar Denning g‘amxo‘rligini kuzatyapti. Uning o‘rnagi Benni Yig‘ilish zalini tozalashda hissasini qo‘shishga undadi.