Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Shifokorlikdan ham muhimroq narsalar bor ekan

Shifokorlikdan ham muhimroq narsalar bor ekan

«SIZLAR aytgan narsalarni bolaligimdan orzu qilaman!» Bu so‘zlarni 1971-yili bir juftlikka aytgandim. O‘shanda yangi klinika ochib, u yerda ishlashni boshlagandim. Xo‘sh, bu juftlik kim bo‘lgan va qanday orzuyim bor edi? Keling, o‘sha suhbat hayotimda eng muhimi nima ekanini aniqlashga qanday undaganini va bolaligimdagi orzuyim yaqinda amalga oshishiga ishonganimning sababini aytib beray.

Men 1941-yili Fransiyaning Parij shahrida o‘rta hol oilada dunyoga kelganman. O‘qishni yaxshi ko‘rardim. Lekin 10 yoshimda sil kasalligiga chalinib, maktabga bormay qo‘yganimda rosa xafa bo‘lganman. Shifokorlar menga o‘pkam zaiflashib qolgani uchun uyda yotishimni aytishgandi. Shu sababdan bir necha oy davomida uyda lug‘at o‘qib, Parij universiteti tomonidan Sorbonna radiosida eshittirilgan dasturlarni tinglash bilan vaqt o‘tkazdim. Shifokorim menga tuzalganim va endi maktabda o‘qishim mumkinligini aytganida, xursandchiligim ichimga sig‘may ketgandi. O‘shanda shifokorlik eng zo‘r kasb, deb o‘yladim. Shundan keyin odamlarni davolashni niyat qildim. Otam mendan: «Katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?» — deb so‘raganida, men doim: «Shifokor bo‘laman»,— derdim. Shunday qilib, shifokorlik kasbiga ilk bor mehr qo‘ydim.

ILM-FAN MENI XUDOGA YAQINLASHTIRDI

Oilamiz katolik edi. Lekin Xudo haqida deyarli hech narsani bilmasdim va ko‘pgina savollarimga javob topa olmasdim. Universitetda tibbiyot sohasida ta’lim olishni boshlaganimda, hayot yaratilganiga amin bo‘ldim.

Ilk bor lola gulning hujayralarini mikroskopda kuzatganim hali ham esimda. O‘shanda hujayralar issiqdan va sovuqdan qanday himoyalanishini ko‘rib hayratda qolganman. Shuningdek, sitoplazma (hujayra ichidagi modda) tuz ta’sirida qisqarishini va toza suvga quyilganida kengayishini ko‘rganman. Bu va boshqa ko‘pgina jarayonlar organizmlarning o‘zgaruvchan muhitga moslashishiga imkon beradi. Har bir hujayraning aql bovar qilmas murakkabligini ko‘rganimda, hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaganini tushunganman.

Universitetda ikkinchi kursda o‘qiganimda, Xudo borligining ko‘proq isbotlarini ko‘rdim. Anatomiya darsida odam tanasini o‘rganishni boshladik va odam bilagining tuzilishi tufayli barmoqlarni bukib ochish mumkinligini ko‘rib chiqdik. Mushak, bog‘lam va paylarning o‘z o‘rnida bo‘lgani o‘zgacha mo‘jiza ekan. Masalan, bilakning bitta mushagini barmoqning ikkinchi suyagiga biriktiradigan paylar ikkiga bo‘linar ekan. Ular ko‘priklarni hosil qiladi va ularning tagida paylar bor ekan. Ular barmoqlarning uchigacha yetib boradi va sirpanadi hamda o‘z o‘rnida qo‘zg‘almay turadi. Mustahkam to‘qimalar ham paylarni barmoq to‘qimalariga biriktirib turadi. Bunday mexanizmlar yordamida paylar kamonning tortilgan iplariga o‘xshab turmas ekan. O‘shanda odam tanasining Yaratuvchisi juda aqlli ekanini yaqqol ko‘rganman.

Bolaning dunyoga kelish jarayonini o‘rganganimda, Yaratuvchining ishlaridan yanada lol qoldim. Masalan, bola bachadonda bo‘lganida nafas olishiga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki u kislorodni onasi orqali oladi. Shuning uchun, alveolalar, ya’ni o‘pka pufakchalari havo bilan to‘lmaydi. Tug‘ilish payti yaqinlashar ekan, o‘pka pufakchalaridagi yo‘llar surfaktant, ya’ni sirtqi faol moddalar bilan to‘la boshlaydi. Chaqaloq tug‘ilganidan keyin birinchi nafasini olishi uchun ketma-ket ajoyib jarayonlar yuz beradi. Bolaning yuragidagi teshik yopiladi va qon o‘pkaga yo‘l oladi. Bu muhim daqiqalarda o‘pka pufakchalari havo bilan to‘lganida, surfaktant tufayli o‘zaro yopishib qolmaydi. Shunda chaqaloq bemalol o‘zi nafas olishi mumkin.

Shunday ajoyib mo‘jizalarni yaratgan Shaxsni yaqindan tanib-bilishni istadim. Shu bois, Muqaddas Kitobni o‘qishga jiddiy yondasha boshladim. Xudo Isroil xalqiga bundan 3 000-yildan ko‘proq vaqt oldin gigiena borasida qonunlar bergani meni lol qoldirdi. Xudo isroilliklarga najasni ko‘mishni, muntazam yuvinib turishni hamda kimdadir yuqumli kasallikning belgilari ko‘ringanida, uni boshqalardan ajratib qo‘yishni aytgan. (Lev. 13:50; 15:11; Qonun. 23:13) Olimlar kasallik qanday tarqalishini oxirgi 150-yil ichida aniqlagan bo‘lsa, Muqaddas Kitobda bu ancha yillar oldin aytilgan edi. Shuningdek, Levilar kitobidagi jinsiy munosabatlar haqidagi qonunlar butun Isroil xalqiga sog‘lom bo‘lishga yordam bergan. (Lev. 12:1–6; 15:16–24) Xudo bu qonunlarni isroilliklarning manfaatini ko‘zlab bergan va ularga amal qilganlar ko‘p foyda olgan. Muqaddas Kitob Xudo tomonidan — o‘sha paytda men uchun ismi noma’lum bo‘lgan Shaxs tomonidan ilhomlantirilganiga amin bo‘ldim.

RAFIQAMNI UCHRATGANIM VA YAHOVANI TOPGANIM

Lidiya bilan turmush qurgan kunimiz, 1965-yil 3-aprel

Universitetda o‘qiyotganimda Lidiya ismli qiz bilan tanishdim. Bir-birimizni sevib qoldik va 1965-yili turmush qurdik. O‘shanda o‘qishni tugatish arafasida edim. 1971-yilga kelib uchta farzandli bo‘ldik. Keyinchalik yana uchta farzand ko‘rdik. Lidiya meni ham ishda, ham oilada ko‘p qo‘llab-quvvatlaydi.

Klinika ochishimdan oldin uch yil davomida kasalxonada ishladim. Uni ochganimdan ko‘p o‘tmay yuqorida tilga olingan juftlik davolanishga keldi. Eri uchun dorilarni yozib bermoqchi edim, xotini: «Iltimos, doktor, tarkibida qon bo‘lmagan dorilarni yozib bera olasizmi?» — dedi. Shunda men hayron qolib: «Nega?» — deb so‘radim. Ayol: «Biz Yahovaning Shohidlarimiz»,— deb javob berdi. Men Yahovaning Shohidlari va ularning qonga bo‘lgan nuqtai nazari haqida oldin eshitmagandim. Xotini Muqaddas Kitobni olib, nima uchun tarkibida qon bo‘lgan dorilarni qabul qilmasligini oyatlar yordamida tushuntirdi. (Havor. 15:28, 29) Keyin esa eri bilan birgalikda Xudoning Shohligi nimalarni amalga oshirishini, ya’ni azob-uqubat, o‘lim va kasallikka chek qo‘yishini aytib berdi. (Vah. 21:3, 4) Shunda ularga: «Sizlar aytgan narsalarni bolaligimdan orzu qilaman! Odamlarni azob-uqubatdan qutqarish uchun shifokor bo‘lganman»,— deb aytdim. Ular bilan bir yarim soat suhbat qurdim va juda xursand edim. O‘sha juftlik ketgach, buyog‘iga katolik bo‘lishni istamasdim. Meni lol qoldirgan Yaratuvchining ismi Yahova ekanini bilib oldim.

O‘sha juftlik klinikamga uch marta keldi va har safar ular bilan bir soatdan oshiqroq vaqt davomida gaplashardik. Muqaddas Kitob asosida ko‘proq suhbat qurish uchun ularni uyimga taklif qildim. Lidiya Muqaddas Kitob tadqiqiga qo‘shilgan bo‘lsa ham, cherkovning ba’zi ta’limotlari noto‘g‘ri ekanini tan olgisi kelmadi. Shu bois, uyga ruhoniyni taklif qildim. U bilan Muqaddas Kitob asosida kechga qadar suhbatlashdik. Bu suhbatdan keyin Yahovaning Shohidlari haqiqatni o‘rgatishiga Lidiyaning ishonchi komil bo‘ldi. Shundan keyin Yahovaga bo‘lgan sevgimiz oshdi va 1974-yili suvga cho‘mdik.

YAHOVANI BIRINCHI O‘RINGA QO‘YISH

Xudoning insonlar uchun niyati haqida bilganimdan keyin hayotimda birinchi o‘rinda nima turibdi, deb o‘ylab qoldim. Lidiya ikkimiz Yahovaga xizmat qilishni birinchi o‘ringa qo‘ydik. Bolalarimizni Muqaddas Kitobdagi me’yorlar bo‘yicha tarbiyalashga qaror qildik. Ularga Xudoni va odamlarni sevishni o‘rgatdik. Shu yo‘sin, oilaviy rishtalarimiz juda qalin bo‘ldi. (Mat. 22:37–39)

Ortga qarab, Lidiya bilan qarorlarimizda o‘zaro yakdil bo‘lganimiz bolalarimizga qanday ta’sir qilganini o‘ylab, kulamiz. Ular Isoning «“ha” deganingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” deganingiz “yo‘q” bo‘lsin», degan so‘zlari uyimizda qoida ekanini bilardi. (Mat. 5:37) Masalan, katta qizimiz 17 yoshligida do‘stlari bilan aylanishga bormoqchi edi. Lidiya unga ruxsat bermadi. Shunda qizimizning dugonalaridan biri: «Oying ruxsat bermagan bo‘lsa, dadangdan so‘ra»,— deb aytibdi. Qizimiz esa: «Buning foydasi yo‘q. Ularning gapi doim bir joydan chiqadi»,— deya javob beribdi. Ha, oltita bolamiz ham biz Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga birgalikda amal qilishimizni ko‘rardi. Hozirda oilamizning aksar qismi Yahovaga xizmat qilayotgani uchun Undan minnatdormiz.

Haqiqat hayotimda ustuvor turadigan narsalarga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, kasbimga bo‘lgan sevgim so‘nmadi. Aksincha, undan Xudoning xalqiga yordam berishda foydalandim. Shu bois, Parijdagi Baytilda, keyinroq Luve shahridagi yangi Baytilda shifokor sifatida ixtiyoriy tarzda xizmat qildim. Baytilda deyarli 50-yildan beri ko‘maklashib kelyapman. Bu vaqt davomida baytilchilar orasidan ajoyib do‘stlar orttirdim. Ularning ba’zilari 90 yoshdan oshgan. Shuningdek, bir safar yangi baytilchi bilan tanishishdan rosa quvondim. Sababi bundan taxminan 20-yil oldin tug‘uruqxonada dunyoga kelishiga yordam berganimni bildim.

YAHOVA XALQIGA QANCHALIK G‘AMXO‘RLIK QILISHINI KO‘RDIM

Yillar o‘tib Yahovaga bo‘lgan sevgim kuchaydi. Chunki U tashkiloti orqali O‘z xalqini qanday yo‘naltirganini va himoya qilganini ko‘rardim. Taxminan 1980-yili Yetakchi kengash Yahovaning Shohidlari va shifokorlar o‘rtasida aloqa bo‘lishi uchun Qo‘shma Shtatlarda bir dasturni tashkillashtirdi.

1988-yili Yetakchi kengash Baytilda Tibbiy ma’lumot yetkazish nomli yangi bo‘limni tashkil etdi. Boshida bu bo‘lim kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitalarini nazorat qilardi. Mazkur qo‘mitalar Qo‘shma Shtatlarda tashkillashtirilgan bo‘lib, kasal Shohidlarga mos keladigan davolanish turini topishga yordam berardi. Keyinchalik bu qo‘mita dunyo bo‘ylab tashkillashtirila boshlaganida, Fransiyada ham kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitasi ochildi. Yahovaning Shohidlari tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan birodar-u opa-singillarimizni sevgi ila qo‘llab-quvvatlashini ko‘rib lol qolardim.

ORZUYIM AMALGA OSHDI

Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni quvonch ila va’z qilyapmiz

Ilk mehrimni shifokorlik kasbiga qo‘ygan edim. Lekin hayotimda nima muhimroq ekanini qayta ko‘rib chiqqach, shifokor sifatida odamlarga yordam berishdan ko‘ra, ularga hayot Manbai bo‘lmish Tangri Yahovani tanib-bilishga va Unga xizmat qilishga yordam berish muhimroq ekanini tushunib yetdim. Nafaqaga chiqqach, Shohlik haqidagi xushxabarni ko‘proq va’z qilish uchun Lidiya bilan doimiy kashshof bo‘lib xizmat qildik. Hozirda najotbaxsh xushxabarni imkon boricha va’z qilishga harakat qilyapmiz.

Lidiya bilan, 2021-yil

Bemorlarga vaqtincha yordam beradigan ko‘makni ko‘rsatishga harakat qilyapman. Ammo hatto eng yaxshi shifokor ham barcha kasalliklarni bartaraf etishga yoki o‘limdan xalos etishga qodir emasligini tushundim. Shuning uchun, og‘riq, kasallik va o‘lim bo‘lmaydigan vaqtni intiqib kutyapman. Yaqinda bo‘ladigan yangi dunyoda Xudo ijodlarini, jumladan, odam tanasini qay yo‘sin mo‘jizaviy tarzda yaratgani haqida ko‘proq narsalarni toabad o‘rganaman. Darhaqiqat, bolaligimda orzu qilgan narsalar yaqin orada amalga oshadi. Ha, eng yaxshisi hali oldinda ekaniga 100 foiz aminman!