Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-TADQIQ MAQOLASI

«Eski o‘zligingizni» yechib tashlay olasiz

«Eski o‘zligingizni» yechib tashlay olasiz

Eski o‘zligingizni ishlari bilan yechib tashlang. KOLOS. 3:9

29-QO‘SHIQ Nomimizga munosib yashaylik

BU MAQOLADA *

1. Tadqiq boshlashdan avval hayotingiz qanday kechgan?

 YAHOVANING SHOHIDLARI bilan tadqiq boshlaganingizdan avval hayotingiz qanday bo‘lgan? Ko‘plarimiz bu haqda o‘ylashni yoqtirmaymiz. Chunki nuqtai nazarimiz va o‘zligimiz bu dunyoning nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlarining ta’siri ostida shakllangan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, bu «dunyoda umidsiz va Xudodan bexabar yashaganmiz». (Efes. 2:12) Ammo Muqaddas Kitobni tadqiq qilgach, hayotimiz o‘zgara boshladi.

2. Tadqiq o‘tganingiz sayin nimalarni tushungansiz?

2 Tadqiq o‘tganingiz sayin sizni qattiq sevadigan samoviy Otangiz borligini bildingiz. Uni mamnun qilish va topinuvchilaridan iborat oilasiga tegishli bo‘lish uchun hayotingiz, nuqtai nazaringiz va fikrlash tarzingizga katta o‘zgarishlar kiritishingiz kerakligini tushungandirsiz. Bundan tashqari, Uning yuqori axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashashni o‘rganishingizga to‘g‘ri kelgandir. (Efes. 5:3–5)

3. Yahova nima qilishimizni xohlaydi va bu maqolada nimalarni bilib olamiz? (Kolosaliklarga 3:9, 10)

3 Yaratuvchimiz va samoviy Otamiz sifatida Yahova topinuvchilari qanday yo‘l tutishi kerakligini belgilashga haqli. U kishi suvga cho‘mishidan avval eski o‘zligini «ishlari bilan yechib tashlashini» talab qiladi *. (Kolosaliklarga 3:9, 10 ni o‘qing.) Bu maqola suvga cho‘mmoqchi bo‘lgan kishilarga quyidagi uchta savolga javob topishga qo‘l keladi: 1) «eski o‘zlik» nima degani? 2) Nega Yahova uni yechib tashlashimizni xohlayapti? 3) Buni qay yo‘sin qila olamiz? Suvga cho‘mganlar ham eski o‘zligiga xos bo‘lgan xulq-atvor va fikrlash tarziga qaytmasligiga nima yordam berishiga diqqat qaratamiz.

«ESKI O‘ZLIK» NIMA DEGANI?

4. Odam «eski o‘zligi» uni boshqarishiga yo‘l qo‘yayotgani nimalardan bilinadi?

4 Odam «eski o‘zligi» uni boshqarishiga yo‘l qo‘ysa, tana istaklariga muvofiq yo‘l tutadi. Masalan, u xudbin, jahli tez, noshukur va mag‘rur bo‘lishi mumkin. Ustiga-ustak, bunday odam pornografiya ko‘rishni yoki axloqsiz va zo‘ravon filmlarni tomosha qilishni yoqtiradi. Shubhasizki, u qandaydir yaxshi xislatlarga ega va hatto noto‘g‘ri ishi yoki gaplaridan afsusdadir. Ammo xulq-atvori va fikrlash tarzida o‘zgarish qilish uchun kuchli istak yo‘q. (Galat. 5:19–21; 2 Tim. 3:2–5)

Eski o‘zlikni» yechib tashlaganda, tanaga xos fikrlash tarzi-yu ishlar bizni boshqarmaydi (5-xatboshiga qarang.) *

5. «Eski o‘zlikni» butunlayin yechib tashlay olamizmi? Tushuntiring. (Havoriylar 3:19)

5 Barchamiz nomukammalmiz, shuning uchun hech birimiz hamma yomon fikrlarimizni va xohish-istaklarimizni butunlay bartaraf eta olmaymiz. Gohida keyinchalik afsuslanishimiz mumkin bo‘lgan nimadir qilib qo‘yishimiz yoki aytib qo‘yishimiz hech gap emas. (Yerm. 17:9; Yoqb. 3:2) Biroq eski o‘zlikni yechib tashlaganimizda noto‘g‘ri fikrlash tarzi-yu xulq-atvor bizni boshqarmaydi. Umuman boshqacha insonga aylanamiz. (Ishayo 55:7; Havoriylar 3:19 ni o‘qing.)

6. Nima uchun Yahova eski o‘zlikka xos bo‘lgan noto‘g‘ri fikrlash tarzi-yu yomon odatlardan qutulishga undayapti?

6 Yahova bizni qattiq sevgani va hayotdan zavqlanishimizni istagani uchun noto‘g‘ri fikrlash tarzi-yu yomon odatlardan qutulishga undayapti. (Ishayo 48:17, 18) Noto‘g‘ri istaklariga berilganlar ham o‘ziga, ham atrofidagilarga zarar keltirishini U biladi. Noto‘g‘ri yo‘l tutib, o‘zimizni va boshqalarni jarohatlaganimizni ko‘rish Yahova uchun og‘riqlidir.

7. Rimliklarga 12:1, 2 ga binoan qanday tanlov oldida turibmiz?

7 O‘zligimizni o‘zgartirishga harakat qilayotganimiz uchun ba’zi do‘stlarimiz va qarindoshlarimiz ustimizdan kulishi mumkin. (1 Butr. 4:3, 4) Ular xohlaganimizni qilishga haqqimiz borligini va boshqalar nima qilish kerakligini bizga uqtirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerakligini aytar. Ammo aslini olganda Yahovaning me’yorlarini rad etayotgan insonlar mustaqil emas. Chunki ular Shayton boshqarayotgan bu dunyo ularni shakllantirishiga yo‘l qo‘yyapti. (Rimliklarga 12:1, 2 ni o‘qing.) Barchamiz tanlov oldida turibmiz, ya’ni gunoh va Shayton shakllantirayotgan eski o‘zlikka ega bo‘lamizmi yoki Yahova bizni yaxshiroq insonga o‘zgartirishiga yo‘l qo‘yamizmi? (Ishayo 64:8)

QAY YO‘SIN ESKI O‘ZLIKNI «YECHIB TASHLAY» OLASIZ?

8. Nimalar yordamida noto‘g‘ri fikrlash tarzi-yu yomon odatlardan qutula olamiz?

8 Noto‘g‘ri fikrlash tarzi-yu yomon odatlardan qutulish uchun vaqt va kuch kerakligini Yahova biladi. (Zab. 103:13, 14) U Kalomi, muqaddas ruhi va tashkiloti orqali kerakli o‘zgarishlarni qilishimiz uchun bizga donolik, kuch va yordam beryapti. Shubhasizki, siz ham bu yordamni olgansiz. Keling, eski o‘zlikni yechib tashlash va suvga cho‘mishga yordam beradigan ba’zi amaliy qadamlarni ko‘rib chiqamiz.

9. Xudoning Kalomi nima qilishingizga yordam berishi mumkin?

9 Muqaddas Kitobdan foydalanib o‘zingizni sinchkovlik ila tekshiring. Xudoning Kalomi ko‘zguga o‘xshaydi. U orqali fikrlash, gapirish tarzingizni va xatti-harakatlaringizni tekshira olasiz. (Yoqb. 1:22–25) Siz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgan kishi va ma’nan yetuk masihiylar sizga maslahat berishi mumkin. Masalan, ular Xudoning Kalomi asosida kuchli va zaif tomonlaringizni aniqlashingizga yordam bera oladi. Shuningdek, ular yomon odatlaringizni yengish uchun asqatadigan Muqaddas Kitobga asoslangan amaliy maslahatlarni topishni o‘rgatadi. Yahova sizga yordam berishga doim tayyor. U sizga qanday ko‘maklashishni yaxshi biladi. Sababi U qalbingizdagilarni ko‘radi. (Hik. 14:10; 15:11) Shu bois, ibodat qilishni va Kalomni kunda o‘qishni odat tusiga kiriting.

10. Eli birodarimiz boshdan kechirganlardan qanday saboq oldingiz?

10 Yahovaning me’yorlari eng a’losi ekaniga amin bo‘ling. Yahova nimaiki qilishimizni aytmasin, ularning bari bizga foyda keltiradi. Muqaddas Kitob me’yorlari bo‘yicha yashaydiganlarning o‘ziga bo‘lgan hurmati oshadi, hayotida mazmun va chinakam quvonch bo‘ladi. (Zab. 19:7–11) Bundan farqli ravishda Xudoning me’yorlarini nazariga ilmaydiganlar tana ishlarining oqibatidan azob chekadi. Eli ismli birodarimiz Yahovaning me’yorlarini rad etish borasida nima deganiga diqqat qarating. U Yahova Shohidlarining oilasida ulg‘aygan, lekin o‘smirligida unga yomon ta’sir qilgan odamlarga o‘ralashib qolgan. U giyohvand moddalarni qabul qilgan, axloqsiz hayot kechirgan va o‘g‘rilik qila boshlagan. U tobora badjahl va zo‘ravon bo‘lganini aytdi. Eli shunday dedi: «Rostini aytsam masihiylarga mutlaq nomunosib hayot tarzini kechirardim». Ammo u yoshligida o‘rganganlarini unutmadi. Oxiri Eli Muqaddas Kitobni yana tadqiq qila boshladi. U yomon odatlaridan qutulish uchun jon-jahdi bilan harakat qildi va 2000-yili suvga cho‘mdi. Qiziq, Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashash unga qanday foyda keltirdi? Eli shunday dedi: «Hozir qalbimda tinchlik bor. Vijdonim esa toza» *. Bundan shuni ko‘ryapmizki, Yahovaning me’yorlarini rad etadiganlar o‘ziga jabr yetkazadi, xolos. Lekin shunda ham Yahova ularga o‘zgarishi uchun yordam berishga tayyor.

11. Yahova qaysi narsalardan nafratlanadi?

11 Yahova nafratlanadigan narsalardan nafratlanishni o‘rganing. (Zab. 97:10) Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yahova «takabbur ko‘zlar, yolg‘onchi til, begunoh qon to‘kuvchi qo‘llardan» nafratlanadi. (Hik. 6:16, 17) Shuningdek, U «zo‘ravon va yolg‘onchi odamlardan jirkanadi». (Zab. 5:6) Yahova bunday ruhni namoyon etayotganlardan shu qadar nafratlanadiki, yer zo‘ravonlikka to‘lib ketgani tufayli Nuh davridagi barcha insonlarni yo‘q qilib tashlagan. (Ibt. 6:13) Quyidagi fikr borasida o‘ylab ko‘ring. Yahova Malaki payg‘ambar orqali beayb turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishni niyat qilib yurganlardan nafratlanishini aytgan. Xudo bundaylarning topinishini rad etadi va qilmishi uchun ularni hukm qiladi. (Mal. 2:13–16; Ibron. 13:4)

Yahova yomon deb aytayotgan narsani qilish xuddi aynigan yegulikni yeyishdek jirkanchli bo‘lishi kerak (11-, 12-xatboshilariga qarang.)

12. «Yomonlikdan jirkanish» nimani bildiradi?

12 Yahova «yomonlikdan jirkanishimizni» istaydi. (Rim. 12:9) Jirkanish kuchli tuyg‘u bo‘lib, biron nimadan qattiq nafratlanishni yoki undan hazar qilishni bildiradi. Tasavvur qiling, sizga aynigan ovqatni berib, uni yeyishni aytishdi. Bu haqida o‘ylashning o‘zi mazangizni qochiradi. Shu singari, Yahova nimanidir noto‘g‘ri deb bilsa, bu ish haqidagi fikrning o‘zi bizda jirkanish tuyg‘usini uyg‘otishi kerak.

13. Nega fikrlarimizni nazorat qilishimiz kerak?

13 Fikrlaringizni nazorat qiling. Fikrlarimiz yurish-turishimizga ta’sir qiladi. Shu sababdan ham Iso jiddiy gunohga yetaklashi mumkin bo‘lgan fikrlarni rad etishni aytgan. (Mat. 5:21, 22, 28, 29) Samoviy Otamizga ma’qul kelishni istaymiz. Shunday ekan, xayolimizga kelgan noto‘g‘ri fikrlarni shu zahoti rad etish naqadar muhim.

14. Nutqimiz biz haqimizda nimalarni ayon qiladi va o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

14 Gap-so‘zlaringizni nazorat qiling. Iso: «Og‘izdan chiqadigan narsalar yurakdan chiqadi»,— degan. (Mat. 15:18) Ha, gap-so‘zlarimiz aslida qanday inson ekanimiz borasida ko‘p narsani ayon qiladi. Shu bois, o‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Muammo tug‘dirsa ham rostini aytishga tayyormanmi? Turmush o‘rtog‘im bo‘la turib boshqalar bilan noz-karashma qilishdan ehtiyot bo‘lyapmanmi? Axloqsiz gaplardan o‘latdan qochganday qochyapmanmi? Kimdir meni xafa qilsa ham muloyimlik bilan javob beryapmanmi?» Mazkur savollar ustida yaxshilab o‘ylab ko‘rishni foydali deb toparsiz. Masalan, choklar yordamida kiyim bir butun holatda bo‘ladi. Nutqimizni kiyimdagi mana shunday choklarga o‘xshatsa bo‘ladi. Yomon nutq eski o‘zligimizni yechib tashlashga xalaqit beradi. Shu bois, eski o‘zlikdan qutulishni istasak haqoratli, axloqsiz va yolg‘on gap-so‘zlardan qochishimiz kerak.

15. Eski o‘zligimizni «azob ustuniga» mixlash nima degani?

15 Kerakli o‘zgarishlar qilishga tayyor bo‘ling. Hayot tarzimizga kerakli o‘zgarishlarni kiritishimiz qanchalik muhim ekanini havoriy Pavlus yozgan so‘zlardan ko‘rsak bo‘ladi. U eski o‘zligimizni «azob ustuniga mixlashimiz» kerakligini yozgan. (Rim. 6:6) Boshqacha qilib aytganda, Masihning izidan yurishimiz kerak. Qolaversa, Yahova nafratlanadigan nuqtai nazar va ishlardan qochishimiz lozim. Bu qadamlarni qo‘yibgina toza vijdonga va hayotdan toabad zavqlanish umidiga ega bo‘lamiz. (Yuhan. 17:3; 1 Butr. 3:21) Yahova bizga qulay bo‘lishi uchun O‘zining me’yorlarini o‘zgartirmasligini unutmang. Aksincha, shaxsiyatimizni o‘zgartirishimiz va o‘zimizni Uning me’yorlari asosida shakllantirishimiz kerak. (Ishayo 1:16–18; 55:9)

16. Nima uchun tana istaklariga qarshi kurashishda qaroringiz qat’iy bo‘lishi kerak?

16 Zaifliklaringiz bilan kurashishdan to‘xtamang. Suvga cho‘mganingizdan keyin ham tana istaklariga qarshi kurashishda davom etishingiz kerak bo‘ladi. Maurisio ismli birodarning misoliga diqqat qarating. U yoshligida gomoseksual hayot tarzini kechirgan. Vaqt o‘tib, u Yahovaning Shohidlari bilan tanishgan va Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshlagan. Hayotini o‘zgartirgach, u 2002-yili suvga cho‘mgan. Maurisio Yahovaga ancha yillardan beri xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, quyidagicha dedi: «Shuni tan olishim kerakki, gohida noto‘g‘ri istaklar bilan kurashganman». Lekin u tushkunlikka tushmadi. U shunday dedi: «Tana istaklariga qarshi kurashganimda Yahovani mamnun qilayotganimni bilishdan kuch olaman» *.

17. Nabihaning hayotiy misoli sizga qanday dalda beryapti?

17 Yahovadan yordam so‘rab o‘zingizning kuchingizga emas, Uning muqaddas ruhiga tayaning. (Galat. 5:22; Filip. 4:6) Eski o‘zligimizni yechib tashlab, uni qayta kiymaslik qarorimizda mahkam turishimiz kerak. Keling, Nabihaning misoliga diqqat qarataylik. U atigi olti yoshda bo‘lganida otasi uni tashlab ketgan. U shunday bo‘lishdi: «Bu menga qattiq hissiy og‘riq keltirgandi». Nabiha jahli burni uchida turadigan bo‘lib ulg‘aydi. U giyohvand moddalar savdosiga aralashib bir necha yil qamoqda o‘tirgan. Va’z qilish uchun qamoqxonaga boradigan Shohidlar u bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan. Nabiha hayotiga jiddiy o‘zgarishlar kirita boshlagan. «Ba’zi yomon odatlarimdan voz kechish qiyin bo‘lmadi, lekin chekishni tashlash haqida bunday deya olmayman»,— deb bo‘lishdi u. Nabiha bunday odatdan bir yildan ortiq vaqt davomida qutulishga harakat qildi va oxiri buning uddasidan chiqdi. Xo‘sh, unga nima yordam berdi? U: «Yahovaga tinmay ibodat qilish orqali bu odatimdan qutuldim»,— dedi. Hozirda u boshqalarga: «Yahovani mamnun qilish uchun hayotimga o‘zgarishlar kirita olgan bo‘lsam, bu har bir odamning qo‘lidan kelishiga ishonchim komil»,— deb aytadi *.

SUVGA CHO‘MISH UCHUN TALABLARGA MOS KELA OLASIZ!

18. Xudoning ko‘pgina xizmatchilari nima qila oldi? (1 Korinfliklarga 6:9–11)

18 Yahova Masih bilan birga boshqarish uchun birinchi asrda tanlagan erkag-u ayollarning ba’zilari ham yomon odatlar bilan kurashgan. Masalan, ular zinokor bo‘lgan, gomoseksual hayot tarzini kechirgan va o‘g‘rilik qilgan. Lekin Xudoning muqaddas ruhi yordamida ular shaxsiyatini o‘zgartira olgan. (1 Korinfliklarga 6:9–11 ni o‘qing.) Bugungi kunda ham Muqaddas Kitob yordamida millionlab odamlar hayotini o‘zgartira olgan *. Ha, ular shaxsiyatining bir qismiga aylangan yomon odatlaridan qutulgan. Ularning misoli shuni ko‘rsatyaptiki, siz ham shaxsiyatingizga o‘zgarishlar kiritib, yomon odatlarni yengsangiz, suvga cho‘mish uchun talablarga mos kela olasiz.

19. Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

19 Suvga cho‘mmoqchi bo‘lganlar nafaqat eski o‘zlikni yechishi, balki yangi o‘zlikni kiyish uchun jon kuydirishi kerak bo‘ladi. Navbatdagi maqolada bunda bizga nima yordam berishi va boshqalar bizga qanday ko‘maklashishi mumkinligi haqida so‘z yuritamiz.

41-QO‘SHIQ Yo Rab, qabul et duomni

^ 5- x.b. Suvga cho‘mish talablariga mos kelish uchun shaxsiyatimizga o‘zgarishlar kiritishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Ushbu maqolada eski o‘zlik nima ekanini, nega uni tashkil etgan odatlardan qutulishimiz kerakligini va buni qay yo‘sin qila olishimizni ko‘rib chiqamiz. Keyingi maqolada esa suvga cho‘mganimizdan keyin ham qanday qilib yangi o‘zlikni kiyishda to‘xtamasligimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

^ 3- x.b. IBORA MA’NOSI. «Eski o‘zligingizni... yechib tashlang» degan so‘zlar Yahovaga ma’qul kelmaydigan nuqtai nazar va istaklardan qutulish kerakligini anglatadi. Buni suvga cho‘mishdan avval qilish darkor. (Efes. 4:22)

^ 10- x.b. Ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning bp 121 2012-yil 1-aprel sonidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi. Men Tangri Yahovaga qaytishim kerak edi» nomli maqolaga qarang.

^ 16- x.b. Ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 1-may (rus) sonidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi. Ular menga juda mehribon edi» nomli maqolaga qarang.

^ 17- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 1-oktabr (rus) sonidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi. Men jahldor va agressiv bo‘lib qoldim» nomli maqolaga qarang.

^ 64- x.b. RASMLARGA SHARH. Noto‘g‘ri fikrlash tarzi-yu ishlaridan xalos bo‘lish eski kiyimni yechib tashlashga o‘xshaydi.