Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-TADQIQ MAQOLASI

Suvga cho‘mgandan keyin ham «yangi o‘zlikni kiyishda» davom eting

Suvga cho‘mgandan keyin ham «yangi o‘zlikni kiyishda» davom eting

Yangi o‘zlikni kiyib olinglar. KOLOS. 3:10

49-QO‘SHIQ Yahovaning qalbini quvontiraylik

BU MAQOLADA *

1. Shaxsiyatimizni asosan nima shakllantiradi?

 BIR necha kun yoki ko‘p yillar oldin suvga cho‘mganmizmi, barchamiz Yahova yoqtiradigan o‘zlikka ega bo‘lishni istaymiz. Bunga erishish uchun fikr-xayollarimizni nazorat qilishimiz kerak. Nima sababli? Chunki shaxsiyatimiz asosan fikrlarimiz ta’sirida shakllanadi. Tana istaklarimiz haqida doim o‘ylasak, yomon gaplar aytamiz va yomon ishlar qilamiz. (Efes. 4:17–19) Lekin yaxshi narsalar haqida fikr yuritsak, Otamiz Yahovani mamnun qiladigan tarzda gapiramiz va yo‘l tutamiz. (Galat. 5:16)

2. Bu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

2 O‘tgan maqolada ko‘rib chiqqanimizday, barcha yomon o‘y-fikrlardan qocha olmaymiz. Lekin bunday fikrlar asosida yo‘l tutish-tutmaslik o‘z qo‘limizda. Suvga cho‘mishdan oldin Yahova nafratlanadigan gapirish tarzi va xatti-harakatdan qutulishimiz kerak. Bu eski o‘zlikni yechishning birinchi va eng muhim qadamlaridan biridir. Yahovani to‘liq mamnun qilish uchun nafaqat eski o‘zlikni yechib tashlash, balki: «Yangi o‘zlikni kiyib olinglar»,— degan amrga bo‘ysunishimiz kerak. (Kolos. 3:10) Mazkur maqolada quyidagi savollarning javobini ko‘rib chiqamiz: «“Yangi o‘zlik” nima degani? Uni qay yo‘sin kiyishimiz mumkin va yechib tashlamaslikka nima yordam beradi?»

«YANGI O‘ZLIK» NIMA DEGANI?

3. «Yangi o‘zlik» nima degani va qay yo‘sin uni kiyib olish mumkin? (Galatiyaliklarga 5:22, 23)

3 «Yangi o‘zlik» Yahovaning shaxsiyatiga xos tarzda fikr yuritishni va harakat qilishni anglatadi. Bunday odam muqaddas ruh samarasini amalda ko‘rsatish, Xudoning ruhi uning fikrlari, his-tuyg‘ulari va harakatlariga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yish orqali yangi o‘zlikni kiyib oladi. (Galatiyaliklarga 5:22, 23 ni o‘qing.) Masalan, u Yahovani va Uning xalqini sevadi. (Mat. 22:36–39) Bunday odam hatto qiyinchiliklar bilan kurashganida xursandchilikni yo‘qotmaydi. (Yoqb. 1:2–4) U tinchlik payida bo‘ladi. (Mat. 5:9) Qolaversa, boshqalar bilan muomala qilganida sabr va mehribonlikni ko‘rsatadi. (Kolos. 3:13) Shuningdek, u yaxshilik qilishni xush ko‘radi va buni amalda namoyon etadi. (Luqo 6:35) U xatti-harakatlari bilan samoviy Otasiga qattiq ishonishini ko‘rsatadi. (Yoqb. 2:18) Bundan tashqari, hatto tarang vaziyatlarda muloyimlik va o‘zini tuta bilish fazilatlarini namoyon etadi. (1 Kor. 9:25, 27; Titus. 3:2)

4. Yangi o‘zlikni kiyish uchun bir vaqtning o‘zida Galatiyaliklarga 5:22, 23 dagi fazilatlarni rivojlantira olamizmi? Tushuntiring.

4 Yangi o‘zlikni kiyish uchun Galatiyaliklarga 5:22, 23 da va boshqa oyatlarda tilga olingan hamma fazilatlarni rivojlantirishimiz kerak *. Bu fazilatlar birma-bir kiyadigan alohida kiyimlarga o‘xshamaydi. Darhaqiqat, ularning aksariyati o‘zaro o‘xshab ketadi. Masalan, yaqinimizni rostdan ham yaxshi ko‘rsak, unga nisbatan sabrli va mehribon bo‘lamiz. Shuningdek, chin dildan yaxshilik qilish uchun muloyim bo‘lib, o‘zimizni tuta bilishimiz lozim.

«YANGI O‘ZLIKNI» QAY YO‘SIN KIYIB OLISH MUMKIN?

Iso kabi fikrlashga qancha ko‘p o‘rgansak, uning shaxsiyatini shuncha ko‘p aks ettiramiz (5-, 8-, 10-, 12-, 14-xatboshilariga qarang.)

5. «Masih kabi fikr yuritish» nima degani va nega Isoning hayotini o‘rganishimiz kerak? (1 Korinfliklarga 2:16)

5 1 Korinfliklarga 2:16 ni o‘qing. Yangi o‘zlikni kiyish uchun «Masih kabi fikr yuritishimiz» kerak. Boshqacha qilib aytganda, Iso qanday fikrlaganini o‘rganish, so‘ng unga taqlid qilishimiz kerak. Iso muqaddas ruh samarasini mukammal darajada namoyon etadi. U tiniq ko‘zgu kabi Yahovaning fazilatlarini o‘zida aks ettiradi. (Ibron. 1:3) Iso kabi qancha ko‘p fikr yuritsak, shuncha ko‘p unga o‘xshab yo‘l tutamiz va uning shaxsiyatini namoyon etishda muvaffaqiyatga erishamiz. (Filip. 2:5)

6. Yangi o‘zlikni kiyib olishga intilar ekanmiz, qaysi omillarni esda saqlash kerak?

6 Xo‘sh, Isoning o‘rnagiga ergashishning imkoni bormi? Balki shunday o‘ylarmiz: «Iso mukammal. Men hech qachon unga butunlayin taqlid qila olmayman». Siz ham shunday o‘ylayotgan bo‘lsangiz, quyidagi omillarni esda saqlang. Birinchidan, siz Yahova hamda Isoga o‘xshash qilib yaratilgansiz. Ularga taqlid qilish-qilmaslik o‘z qo‘lingizda. Shunday ekan, ularga taqlid qila olasiz va bunda qaysidir darajada muvaffaqiyatga erishishingiz tayin. (Ibt. 1:26) Ikkinchidan, muqaddas ruh butun borliqdagi eng qudratli kuchdir. Uning yordamida o‘zingiz hech qachon uddalay olmaydigan ishlarni bajara olasiz. Uchinchidan, Yahova hozir muqaddas ruh samarasini mukammal darajada namoyon etishingizni kutmaydi. Sevuvchi Otamiz yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lganlar mukammallikka erishishi uchun ularga 1 000-yil vaqt ajratgan. (Vah. 20:1–3) Hozirda Yahova jon-jahdingiz bilan harakat qilishingizni va Uning yordamiga tayanishingizni kutyapti, xolos.

7. Nimalarni ko‘rib chiqamiz?

7 Xo‘sh, Isoga qay yo‘sin taqlid qila olamiz? Muqaddas ruh samarasiga kiruvchi fazilatlarning to‘rttasini qisqacha ko‘rib chiqamiz. Har bir vaziyatda Iso ularni qanday namoyon etganidan nimani o‘rganishimiz mumkinligini bilib olamiz. Qolaversa, ba’zi savollarga e’tibor berib, yangi o‘zligimizni qay yo‘sin yaxshilay olishimizni muhokama qilamiz.

8. Iso sevgini qay yo‘sin ko‘rsatgan?

8 Iso Yahovani qattiq sevgani tufayli U va biz uchun fidoyiliklar qilgan. (Yuhan. 14:31; 15:13) Isoning insonlarga bo‘lgan chuqur sevgisini uning yer yuzidagi hayotidan ko‘rsak bo‘ladi. U har kuni, hatto unga qarshi chiqqanlarga sevgi va mehr-shafqat kabi fazilatlarni namoyon etgan. Eng asosiysi, u odamlarni yaxshi ko‘rishini Shohlik haqidagi xushxabarni ularga o‘rgatish orqali ko‘rsatgan. (Luqo 4:43, 44) Iso gunohkorlar qo‘lidan azob chekib, o‘lishga tayyor bo‘lish orqali Xudoga va insonlarga fidoyi sevgini namoyon etgan. Bu tufayli barchamiz abadiy hayotga erishishimiz mumkin.

9. Sevgi ko‘rsatishda qay yo‘sin Isoga taqlid qila olamiz?

9 Samoviy Otamizni sevganimiz uchun o‘zimizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mganmiz. Shu bois, Iso kabi odamlarga qanday muomala qilayotganimiz bilan Yahovaga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsatishimiz kerak. Havoriy Yuhanno: «Biron kim... ko‘rib turgan birodarini seva olmasa, ko‘rmagan Xudoni qanday seva oladi?!» — deb yozgan. (1 Yuhan. 4:20) O‘zimizga quyidagi savollarni bersak bo‘ladi: «Odamlarga nisbatan kuchli sevgini rivojlantira oldimmi? Boshqalar bilan muomala qilganda, ular hatto qo‘pollik qilsa mehr-shafqat ko‘rsatyapmanmi? Yahovaga bo‘lgan sevgim odamlarga U haqida bilib olishga yordam berish uchun vaqtim va mablag‘imdan foydalanishga undayaptimi? Aksariyat odamlar harakatlarimni qadrlamaganida yoki qarshilik ko‘rsatganida ham Shohlik ishida qatnashishga tayyormanmi? Shogird tayyorlash ishida ko‘proq qatnashish imkonini topa olamanmi?» (Efes. 5:15, 16)

10. Iso qanday qilib tinchlik o‘rnatgan?

10 Iso tinchlikparvar inson edi. Odamlar unga yomon muomala qilganda, u yomonlik evaziga yomonlik qaytarmagan. Lekin Iso bundan ham ko‘prog‘ini qilgan. U tinchlik o‘rnatishda tashabbus ko‘rsatgan va boshqalarni bahs-munozaralarni hal qilishga undagan. Masalan, Iso ular Yahovaga ma’qul kelishi uchun birodari bilan yarashishi kerakligini aytgan. (Mat. 5:9, 23, 24) Qolaversa, u havoriylar ularning orasida kim buyukroq ekani haqida bahslashganida ularga qayta-qayta yordam bergan. (Luqo 9:46–48; 22:24–27)

11. Qay yo‘sin tinchlik payida bo‘la olamiz?

11 Tinchlik payida bo‘lish uchun muammolar keltirib chiqarmaslikdan ko‘prog‘ini qilishimiz kutiladi. Masalan, boshqalar bilan tinch yashash va imondoshlarni kelishmovchiliklarni hal qilishga undashda tashabbusni qo‘lga olishimiz kerak. (Filip. 4:2, 3; Yoqb. 3:17, 18) O‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Boshqalar bilan tinch yashash uchun nimalarni qurbon qilishga tayyorman? Imondoshim qalbimga ozor bersa, gina saqlab yuramanmi? Biron kishi bilan yarashish uchun tashabbusni men emas, u ko‘rsatishi kerak, deb aytamanmi? Yoki muammoning sababchisi u, deb o‘ylaganimda ham ilk qadamni o‘zim qo‘yamanmi? O‘rinli bo‘lganda, birodar-u opa-singillarni o‘zaro kelishish uchun tinchlik payida bo‘lishga undaymanmi?»

12. Qay yo‘sin Iso mehribon ekanini ko‘rsatgan?

12 Iso mehribon edi. (Mat. 11:28–30) U hatto qiyin vaziyatlarda muloyim va mulohazakor bo‘lib mehribonlikni ko‘rsatgan. Masalan, finikiyalik ayol undan bolasiga shifo berishini so‘raganida, Iso avvaliga uning iltimosini rad etgan. Ammo keyin u kuchli imonga ega ekanini ko‘rganida Iso ayolning bolasiga mehr ila shifo bergan. (Mat. 15:22–28) Iso mehribon bo‘lgan bo‘lsa-da, maslahat berish kerak bo‘lganida buni ortga surmagan. U o‘zi sevgan insonlarga nisbatan qat’iy bo‘lib mehribonlikni ko‘rsatgan. Misol uchun, Butrus uni Yahovaning irodasini bajarishdan to‘xtatmoqchi bo‘lganida Iso boshqa shogirdlarning oldida uni tuzatgan. (Mark 8:32, 33) U buni Butrusni yerga urish uchun emas, balki uni o‘rgatish va boshqa shogirdlarni manman bo‘lmaslikdan ogohlantirish niyatida qilgan. To‘g‘ri, Butrus uyalgan bo‘lsa kerak, ammo u Isoning tanbehidan foyda olgani turgan gap.

13. Qanday qilib chin dildan mehribon bo‘la olamiz?

13 Siz sevadigan odamlarga chin dildan mehribon ekaningizni ko‘rsatish uchun gohida xolisona maslahat berish kerak bo‘ladi. Shunday vaziyatda Iso kabi Xudoning Kalomidagi prinsiplarga asoslaning. Muloyim bo‘ling. Ular to‘g‘ri yo‘l tutayotganidan shubhalanmang. Yahovani va sizni sevadigan kishi mehr ila bergan maslahatingizga yaxshi munosabat bildirishiga ishoning. O‘zingizdan quyidagicha so‘rab ko‘ring: «Men yaxshi ko‘rgan inson noto‘g‘ri yo‘l tutayotgan bo‘lsa, buni unga ayta olamanmi? Maslahat berishim kerak bo‘lganida, uni mehr ila beramanmi yoki qo‘pol tarzdami? Qaysi niyatda maslahat bermoqchiman? Maslahatni kimdir jahlimni chiqarayotgani uchun bermoqchimanmi yoki ko‘maklashish niyatidami?»

14. Iso himmat fazilatini qanday ko‘rsatdi?

14 Iso nafaqat savob ish nima ekanini biladi, balki uni amalda namoyon etadi. U Otasini sevadi. Shu bois, doim to‘g‘ri niyat ila yaxshilik qiladi. Himmatli inson doim boshqalarga yordam berish yo‘llarini izlaydi va ularga yaxshilik qiladi. Boshqalarga qanday yordam berish mumkinligini bilishning o‘zi yetarli emas. To‘g‘ri niyat ila savob ishlar qilishimiz kerak. Kimdir shunday o‘ylar: «Noto‘g‘ri niyat bilan ham yaxshilik qilsa bo‘larkanmi?» Ha, qilsa bo‘ladi. Misol uchun, Iso kambag‘al odamga hammaga ko‘z-ko‘z qilib, xayr-sadaqa bergan kishilar haqida gapirgan. Ularning qilgan ishi yaxshiday ko‘rinsa ham Yahova ulardan mamnun bo‘lmagan. (Mat. 6:1–4)

15. Qanday qilib chinakamiga himmatli bo‘la olamiz?

15 To‘g‘ri ish qilganimizda, niyatimiz pok bo‘lsagina chinakamiga himmatli inson bo‘la olamiz. O‘zingizga quyidagi savollarni bersangiz bo‘ladi: «Nima to‘g‘ri ekanini faqatgina bilamanmi yoki shunga muvofiq yo‘l tutamanmi? Qaysi niyatda yaxshilik qilyapman?»

QAY YO‘SIN YANGI O‘ZLIKNI YAXSHI HOLATDA SAQLAY OLAMIZ?

16. Har kuni nima qilishimiz kerak va nega?

16 Suvga cho‘mgach yangi o‘zlikni kiyib oldik, deb o‘ylamasligimiz kerak. Yangi o‘zlikni «yangi kiyimga» o‘xshatsa bo‘ladi. Uni ham yaxshi holatda saqlashimiz darkor. Buning bir yo‘li har kuni muqaddas ruh samarasini ko‘rsatishning imkoniyatlarini izlashdir. Nima uchun? Chunki Yahova muqaddas ruhidan samara keltirish uchun foydalanadi. (Ibt. 1:2) Shunday ekan, muqaddas ruh samarasi bizni harakat qilishga undashi kerak. Masalan, Isoning shogirdi Yoqub: «Ishlarsiz imon ham o‘likdir»,— deb yozgan. (Yoqb. 2:26) Muqaddas ruh samarasiga kiruvchi fazilatlarning har biri haqida shunday desa bo‘ladi. Har safar ularni namoyon etganda, Xudoning ruhi bizga yordam berayotganini yaqqol ko‘rsatamiz.

17. Muqaddas ruh samarasini ko‘rsata olmaganimizda nima qilishimiz kerak?

17 Haqiqatda ancha yillardan beri bo‘lgan masihiylar ham ba’zida muqaddas ruh samarasini ko‘rsata olmasligi mumkin. Muhimi, taslim bo‘lmaslik kerak. Quyidagi misol ustida o‘ylab ko‘ring. Aytaylik, yaxshi ko‘rgan kiyimingizni yirtib oldingiz. Uni darrov tashlab yuborasizmi? Yo‘q. Uni ehtiyotkorlik ila yamab qo‘yishga harakat qilasiz va yana yirtib olmaslik uchun ehtiyot bo‘lasiz. Shu singari, kimgadir mehribonlik, sabr-toqat yoki sevgi fazilatlarini ko‘rsata olmasangiz tushkunlikka tushmang. Chin ko‘ngildan kechirim so‘rash o‘sha inson bilan munosabatlaringizni yana yaxshilashingizga yordam beradi. Keyingi safar o‘sha xatoni takrorlamaslik qaroringiz qat’iy bo‘lsin.

18. Nimaga amin bo‘lishimiz mumkin?

18 Iso bizga ajoyib o‘rnak qoldirgani uchun minnatdormiz. Uning nuqtai nazari va fikrlash tarziga qancha ko‘p taqlid qilsak, unga o‘xshash shuncha oson bo‘ladi. Isoga o‘xshaganimiz sayin yangi o‘zlikni yanada yaxshiroq kiyib boramiz. Ushbu maqolada muqaddas ruhning samarasiga kiruvchi fazilatlarning faqat to‘rttasini ko‘rib chiqdik. Vaqt ajratib qolganlari ustida ham izlanish olib borarsiz va ularni qanday namoyon etayotganingiz borasida mulohaza yuritarsiz. Bu fazilatlar yoritilgan maqolalarni «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»ning «Masihiylarning hayoti» va «Muqaddas ruhning samarasi» nomli sarlavhalar ostidan topishingiz mumkin. Shunga amin bo‘lingki, qo‘lingizdan kelganini qilganingizda Yahova yangi o‘zlikni kiyib olishingizga va uni yechib tashlamasligingizga yordam beradi.

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

^ 5- x.b. Kelib chiqishimiz qanday bo‘lmasin, barchamiz «yangi o‘zlikni» kiya olamiz. Buning uchun fikrlash tarzimizni o‘zgartirishdan va Isoga taqlid qilish uchun jon kuydirishdan to‘xtamaslik kerak. Ushbu maqolada Isoning fikrlash tarzini va xatti-harakatlarini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, suvga cho‘mgandan keyin qay yo‘sin unga taqlid qilishda davom etishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 4- x.b. Galatiyaliklarga 5:22, 23 da Xudoning ruhi yordamida rivojlantira oladigan hamma fazilatlar keltirilmagan. Bu borada «Qo‘riqchi minorasi»ning 2020-yil iyun sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.