Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-TADQIQ MAQOLASI

Haq topinish quvonchingizga quvonch qo‘shadi

Haq topinish quvonchingizga quvonch qo‘shadi

Ey Allohimiz Yahova, Sen shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga loyiqsan. VAH. 4:11

31-QO‘SHIQ Allohga hamroh bo‘ling!

BU MAQOLADA *

1, 2. Qachon Yahova topinishimizdan mamnun bo‘ladi?

 «TOPINISH» so‘zini eshitganingizda xayolingizga nima keladi? Ehtimol, kamtarin birodar uxlashdan oldin tiz cho‘kib qalbidagi borini Yahovaga to‘kib solib chin dildan ibodat qilayotgani kelar. Yo bo‘lmasa, baxtli oila Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgani gavdalanar.

2 Bu ikkala vaziyatda ham imondoshlarimizning harakati topinishga kiradi. Xo‘sh, Yahova ularning topinishini qabul qiladimi? Agar bu topinish Yahovaning niyatiga muvofiq bo‘lsa hamda Unga bo‘lgan sevgi va hurmatga asoslansa, U buni qabul qiladi. Biz Yahovani qattiq sevamiz. Bilamizki, U topinishimizga loyiq. Yahovaga bo‘lgan topinishimiz eng sifatlisi bo‘lishini istaymiz.

3. Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Mazkur maqolada o‘tmishda Yahovaga ma’qul kelgan topinish tarzini va bugungi kunda Unga ma’qul keladigan topinishning sakkizta sohasini ko‘rib chiqamiz. Bunday qilar ekanmiz, shaxsan har birimiz topinishimizning sifatini qanday yaxshilashimiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, haq topinish nega quvonchimizga quvonch qo‘shishi haqida so‘z yuritamiz.

QADIMDA YAHOVA MA’QUL DEB BILGAN TOPINISH

4. Masih kelishidan avval Yahovaga topingan kishilar qay yo‘sin Unga bo‘lgan hurmati va sevgisini ko‘rsatgan?

4 Masih kelishidan avval Hobil, Nuh, Ibrohim va Ayub kabi sadoqatli kishilar Yahovaga bo‘lgan hurmatini va sevgisini ko‘rsatgan. Qanaqasiga? Ular Xudoga itoatli bo‘lgan, Unga ishongan va qurbonliklar keltirgan. Muqaddas Kitobda ular aynan qay yo‘sin topinishi kerak bo‘lgani to‘g‘risida barcha tafsilotlar yo‘q. Lekin shunisi aniqki, ular Yahovani sharaflash uchun jon-jahdi bilan harakat qilgan va U bu xizmatchilarining topinishini ma’qullagan. Yahova Ibrohimning avlodiga Musoning Qonunini bergan. Unda isroilliklar Yahovaga ma’qul tarzda topinishi borasida muayyan yo‘l-yo‘riqlar keltirilgandi.

5. Yahova masihiylar Unga qanday topinishini istagan?

5 Isoning o‘lgani va tirilganidan keyin Yahova xizmatchilaridan Musoning Qonuniga bo‘ysunishini kutmaydi. (Rim. 10:4) Birinchi asrdagi masihiylar yangi qonunga, ya’ni «Masihning qonuniga» bo‘ysunishi kutilardi. (Galat. 6:2) Ular bu «qonunga» qoidalar ro‘yxatini yodlab, unga amal qilib emas, balki Isoga ergashish va ta’limotlariga quloq solish orqali bo‘ysunishi kerak edi. Bugungi kunda ham xuddi shunday. Masihiylar Yahovani mamnun etish va jonlari «rohat topishi» uchun Masihning izidan yurishga jon kuydiradi. (Mat. 11:29)

6. Qay yo‘sin bu maqoladan foyda olishimiz mumkin?

6 Topinishimizning har bir sohasini ko‘rib chiqar ekanmiz, o‘zingizdan: «Bu borada qanday yutuqlarga erishdim?» — deb so‘rang. Bundan tashqari, o‘zingizga quyidagi savolni berib ko‘rsangiz bo‘ladi: «Topinishimning sifatini yaxshilay olamanmi?» Qandaydir yutuqqa erishgan bo‘lsangiz, bundan xursand bo‘lishingiz kerak. Shu bilan birga qaysidir sohada yaxshilanishingiz kerakligini tushunsangiz, bu haqida ibodat ila fikr yuriting.

TOPINISHIMIZGA NIMALAR KIRADI?

7. Chin dildan qilgan ibodatlarimizga Yahova qanday qaraydi?

7 Ibodat qilib Yahovaga topinamiz. Muqaddas Yozuvlarda ibodatlarimiz puxta tayyorlangan tutatqi bilan solishtirilgan. Bunday tutatqilar muqaddas chodirda, keyinchalik esa ma’badda keltirilgan. (Zab. 141:2) Tutatqi o‘zidan xushbo‘y hid taratgan va bu Yahovaga yoqimli bo‘lgan. Ibodatlarimiz ham chin dildan chiqsa, hatto so‘zlarimiz oddiy bo‘lsin, Yahovaga «yoqimlidir». (Hik. 15:8; Qonun. 33:10) Ibodatlarimizda Yahovaga bo‘lgan sevgi va hurmat aks etsa, U bundan xursand bo‘ladi. Yahova niyatlarimiz-u istaklarimizni Unga aytishimizni istaydi. Unga ibodat qilishdan oldin nimalar aytishingiz borasida yaxshilab o‘ylab ko‘rsangiz, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunday qilib, samoviy Otangizga eng yaxshi «tutatqi» keltirgan bo‘lasiz.

8. Yahovani madh etish uchun qanday ajoyib imkoniyatimiz bor?

8 Yahovani madh etib Unga topinamiz. (Zab. 34:1) Yahovaning go‘zal fazilatlari-yu ishlarini qanchalik yaxshi ko‘rishimiz to‘g‘risida boshqalarga aytib Uni madh etamiz. Qalbimiz minnatdorchilikka to‘lib-toshsa, U maqtovlar sarchashmasiga aylanadi. Yahovaning himmati — U biz uchun qilgan barcha yaxshiliklari haqida o‘ylashga vaqt ajratsak, Uni madh etish uchun doim sabab topa olamiz. Ayniqsa, va’zgo‘ylik faoliyati Allohga «hamd-u sano qurbonligini, ya’ni... og‘zimizdan chiqqan so‘zlarni baxshida etish» uchun yaxshi imkoniyatdir. (Ibron. 13:15) Ibodat qilishdan avval nima deyishimiz to‘g‘risida yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lganiday, xizmatda Yahova to‘g‘risida nima aytmoqchi ekanimiz borasida ham chuqur o‘ylab ko‘rishimiz lozim. «Hamd-u sano qurbonligimiz» eng a’losi bo‘lishini istaymiz. Haqiqat bilan bo‘lishganimizda, chin qalbdan gapirishni xohlaymiz.

9. Qadimgi isroilliklar kabi birga yig‘ilishdan qanday foyda olyapmiz? O‘z misolingiz bilan bo‘lishing.

9 Yig‘ilishlarga borib Yahovaga topinamiz. «Yiliga uch marta... barcha erkaklaringiz Allohingiz Yahovaning huzurida turish uchun, U tanlagan joyga borishsin». (Qonun. 16:16) Ular uy va ekinzorlarini qarovsiz qoldirib ketishiga to‘g‘ri kelardi. Lekin Yahova ularga shunday va’da bergan: «Tangringiz Yahova huzuriga kelganingizda, hech kim sizlarning yurtingizni egallashni niyat qilmaydi». (Chiq. 34:24) Xudotars isroilliklar Yahovaga to‘liq tayanib, har yili bo‘lib o‘tgan bayramlarga borgan. Shu sababli, ular ajoyib barakalarga ega bo‘lgan. Masalan, ular Xudoning Qonuni to‘g‘risidagi tushunchasini kengaytirgan. Yahovaning himmati ustida mulohaza yuritgan va imondoshlari bilan daldali suhbatlardan zavq olgan. (Qonun. 16:15) Biz ham yig‘ilishlarga borish uchun fidoyiliklar qilsak, shunga o‘xshash barakalarga ega bo‘lamiz. Bir o‘ylab ko‘ring: yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rib, qisqa va ma’noli sharhlar berganingizda, Yahova juda mamnun bo‘ladi.

10. Qo‘shiq kuylash nega topinishimizning muhim qismi, deb aytsak bo‘ladi?

10 Qo‘shiq kuylab Yahovaga topinamiz. (Zab. 28:7) Isroilliklar qo‘shiqlar kuylashni topinishning muhim qismi deb bilgan. Masalan, shoh Dovud ma’badda 288 ta levini qo‘shiqchilar sifatida tayinlagan. (1 Sol. 25:1, 6–8) Hozir ham Allohga bo‘lgan sevgimizni hamd-u sano qo‘shiqlarini kuylaganimizda ko‘rsata olamiz. Buning uchun zo‘r qo‘shiqchi bo‘lish shart emas. Bir fikrga e’tibor qarataylik. Gapirganimizda «barchamiz tez-tez xato qilib turamiz». Biroq bu jamoatda yoki xizmatda gapirishdan bizni to‘xtatmaydi. (Yoqb. 3:2) Shunga o‘xshab, yaxshi kuylay olmayman, degan fikr Yahovani madh etish uchun hamd-u sano kuylashimizga to‘siq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

11. Nega oilamiz bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilish uchun vaqt ajratishimiz kerak? (Zabur 48:13)

11 Muqaddas Kitobni tadqiq qilib va farzandlarimizga Yahova haqida o‘rgatib Unga topinamiz. Shabbat kuni isroilliklar kundalik ishlarini chetga surib, diqqatini Yahova bilan bo‘lgan munosabatlariga qaratishi mumkin edi. (Chiq. 31:16, 17) Ularning orasidagi sadoqatli kishilar bolalariga Yahova hamda Uning himmati haqida o‘rgatgan. Biz ham Muqaddas Kitobni o‘qish va tadqiq qilish uchun vaqt ajratishimiz lozim. Bu topinishimizning bir qismi va bunday yo‘l tutib, Yahova bilan yaqinroq do‘st bo‘lamiz. (Zab. 73:28) Qolaversa, oilamiz bilan birga Muqaddas Kitobni o‘rgansak, kelajak avlodga — farzandlarimizga sevuvchi samoviy Otamiz bilan iliq va shaxsiy munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashamiz. (Zabur 48:13 ni o‘qing.)

12. Muqaddas chodirdagi anjomlarni yasaganlarning ishiga Yahova qanday qaraganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

12 Topinish joylarini qurib, ularni yaxshi holatda saqlab Xudoga topinamiz. Xudoning Kalomida muqaddas chodir va undagi jihozlarni yasash «muqaddas ish» deb aytilgan. (Chiq. 36:1, 4) Bugun ham Yahova Yig‘ilish zallarini qurish ishini va tashkilotimizning boshqa qurilish loyihalarida ishtirok etishni muqaddas xizmat, deb biladi. Ba’zi birodar-u opa-singillarimiz ularda qatnashish uchun ko‘p vaqt ajratadi. Shohlik ishi uchun bunday fidoyiliklar qilayotgan imondoshlarimizni juda qadrlaymiz, shunday emasmi?! Albatta, ular va’zgo‘ylikda ham o‘z hissasini qo‘shadi. Hatto ularning ba’zilari kashshof bo‘lib xizmat qilishni istar. Bu fidoyi imondoshlarimiz talablarga mos kelganida, oqsoqollar ularni kashshof etib tayinlashga ikkilanmaydi. Bu orqali oqsoqollar qurilish loyihalarini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi. Qurilish ishlarida tajribalimizmi yoki yo‘qmi barchamiz tashkilotimiz binolarini toza va yaxshi holatda saqlashda hissa qo‘sha olamiz.

13. Xayr-ehsonlarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?

13 Xayr-ehson qilib Yahovaga topinamiz. Isroilliklar bayramlarga borganda, Yahovaning oldiga bo‘sh qo‘l bilan kelmasligi kerak edi. (Qonun. 16:16) Ulardan sharoitiga qarab ataganini berish kutilardi. Shu yo‘sin, isroilliklar Yahova ular uchun qilgan hamma narsadan minnatdor bo‘lganini ko‘rsatardi. Xo‘sh, Yahova biz uchun qilayotgan barcha ishlarini qadrlayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz? Buning bir yo‘li, sharoitimizga qarab jamoatimizni va umumjahon faoliyatimizni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashdir. Havoriy Pavlus shunday degan: «Chin qalbdan berilgan ehson Allohga ma’quldir, zero Alloh insondan unda yo‘q narsani emas, bor narsani kutadi». (2 Kor. 8:4, 12) Demak, Yahova hatto oz bo‘lsa ham chin qalbdan berganimizni qadrlaydi. (Mark 12:42–44; 2 Kor. 9:7)

14. Hikmatlar 19:17 ga ko‘ra, yordamga muhtojlarga ko‘maklashsak, Yahova bunga qanday qaraydi?

14 Yordamga muhtoj imondoshlarimizga ko‘maklashib Yahovaga topinamiz. Isroilliklar kambag‘allarga saxiylik ko‘rsatsa, Yahova ularning bu yaxshiliklarini qaytarishni va’da bergan. (Qonun. 15:7, 10) Har safar muhtoj imondoshlarimizga yordam berganimizda, Yahovaga sovg‘a berganday bo‘lamiz. (Hikmatlar 19:17 ni o‘qing.) Masalan, Filippidagi masihiylar qamoqda bo‘lgan Pavlusga sovg‘a yuborganida, u buni «Allohga yoqadigan,.. ma’qul qurbonlik» deb bilgan. (Filip. 4:18) Imondoshlarimiz haqida o‘ylab: «Kim yordamimga muhtoj?» — deb o‘zimizdan so‘rasak bo‘ladi. Yordamga muhtoj imondoshlarimizdan vaqt, kuch, qobiliyat va moddiy narsalarimizni ayamasak, Yahova bundan mamnun bo‘ladi. U buni topinishimizning bir qismi sifatida qabul qiladi. (Yoqb. 1:27)

HAQ TOPINISH BIZNI BAXTIYOR QILADI

15. Haq topinish uchun vaqt hamda harakatlar talab etiladi, ammo nega bu og‘ir emas?

15 Haq topinish uchun vaqt hamda harakatlar talab qilinadi. Ammo bu og‘ir emas. (1 Yuhan. 5:3) Nima sababli? Chunki Yahovani sevganimiz uchun Unga topinyapmiz. Tasavvur qiling, bir bola otasiga nimadir sovg‘a qilmoqchi. U otasi uchun rasm chizaman, deb bir necha soat vaqtini sarflashi mumkin. Bola sarflagan vaqtidan afsuslanmaydi. Boisi u otasini yaxshi ko‘radi va bu sovg‘ani unga berishdan quvonadi. Shu kabi, Yahovani sevganimiz sababli Unga topinish niyatida vaqt hamda kuchimizni ayamaganimizdan quvonamiz.

16. Ibroniylarga 6:10 ga ko‘ra, Yahova Uni quvontirish uchun qilayotgan harakatlarimizga qanday qaraydi?

16 Mehribon ota-ona hamma farzandi ularga bir xil sovg‘a berishini kutmaydi. Ular har bir farzandi o‘zgacha va sharoiti har xil ekanini biladi. Shunga o‘xshab, samoviy Otamiz ham har birimizning vaziyatimiz o‘zgacha ekanini tushunadi. Ehtimol, siz bilgan va yaxshi ko‘rgan insonlaringizga qaraganda ko‘prog‘ini bera olarsiz. Yo bo‘lmasa yoshingiz, sog‘ligingiz yoki oiladagi mas’uliyatlaringiz tufayli boshqalar kabi ko‘p qila olmassiz. Tushkunlikka tushmang. (Galat. 6:4) Yahova mehnatingizni unutmaydi. O‘zingizdagi eng yaxshisini to‘g‘ri niyat ila bersangiz, U sizdan mamnun bo‘ladi. (Ibroniylarga 6:10 ni o‘qing.) Yahova qalbingizdagi niyatlaringizni biladi. U quvonishingizni va Unga topinish uchun qiladigan ishlaringizdan mamnun bo‘lishingizni xohlaydi.

17. a) Topinishimizning ba’zi sohalari biz uchun qiyin kechayotgan bo‘lsa, qanday qadamlar qo‘ya olamiz? b) « Quvonchingizga quvonch qo‘shing» nomli ramkadagi qaysi sohadan foyda olgansiz?

17 Topinishimizning qaysidir sohasi, masalan, shaxsiy tadqiq o‘tkazish yoki va’z qilish biz uchun qiyin kechayotgan bo‘lsa-chi? Bu ishlar bilan qanchalik tez-tez band bo‘lsak, ulardan shuncha ko‘p quvonch va foyda olamiz. Buni biron mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga, misol uchun, musiqa asbobini chalish yoki jismoniy mashq qilishga o‘xshatsa bo‘ladi. Bordi-yu, faqat ba’zida mashq qilsak, uncha ko‘p yutuqqa erisha olmaymiz. Lekin aytaylik, har kuni mashq qilishga qaror qildik. Boshida ozgina mashq qilishimiz mumkin. Keyin esa bora-bora bu vaqtni ko‘paytirarmiz. Harakatlarimiz yaxshi natijalar keltirayotganini ko‘rganimiz sayin, bu mashg‘ulotlarni intiqib kutamiz va ularni xursand bo‘lib bajaramiz. Buni topinishimizga ham qo‘llasak bo‘ladi.

18. Eng muhim maqsadimiz qanday va unga erishsak nimalar yuz beradi?

18 Yahovaga butun qalbimiz bilan topinish hayotimizdagi eng muhim maqsad. Bunday qilsak, baxtli va mazmunli hayot kechiramiz. Qolaversa, Yahovaga abadulabad topinish umidiga ega bo‘lamiz. (Hik. 10:22) Hozirning o‘zida xotirjamlikni his qilyapmiz. Chunki Yahova xizmatchilari duch kelayotgan muammolarni yengishga yordam berishini bilamiz. (Ishayo 41:9, 10) Ha, Yahova barcha ijodlaridan «shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga loyiq». Unga topinar ekanmiz, baxtli bo‘lish uchun ko‘p sabablarimiz bor. (Vah. 4:11)

24-QO‘SHIQ Yahovaning tog‘iga keling

^ 5- x.b. Yahova butun borliqning Yaratuvchisi ekan, Unga topinishimiz kerak. Uning amrlariga itoatli bo‘lib, prinsiplariga muvofiq yashasak, topinishimiz Unga ma’qul bo‘ladi. Bu maqolada topinishimizga oid sakkizta turli sohani ko‘rib chiqamiz. Ularning har birida qatnashar ekansiz, qay yo‘sin ular quvonchingizga quvonch qo‘shishiga e’tibor bering.