Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-TADQIQ MAQOLASI

Oqsoqollar, havoriy Pavlusga taqlid qilishda davom eting

Oqsoqollar, havoriy Pavlusga taqlid qilishda davom eting

Menga taqlid qilinglar. 1 KOR. 11:1

99-QO‘SHIQ Son-sanoqsiz Shohidlarmiz

BU MAQOLADA *

1, 2. Havoriy Pavlusning o‘rnagi nega oqsoqollarga yordam berishi mumkin?

 HAVORIY PAVLUS birodarlarini yaxshi ko‘rgan va ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun jon kuydirgan. (Havor. 20:31) Imondoshlari ham Pavlusni qattiq yaxshi ko‘rgan. Bir safar Efesdagi oqsoqollar Pavlusni boshqa ko‘ra olmasligini bilganida «zor yig‘lagan». (Havor. 20:37) Shu singari, bugungi kunda oqsoqollar birodar-u opa-singillarini qattiq sevadi va ularga yordam berish uchun jonini ham ayamaydi. (Filip. 2:16, 17) Lekin gohida oqsoqollar qiyinchiliklarga duch keladi. Xo‘sh, bu qiyinchiliklarni yengishga nima yordam berishi mumkin?

2 Zahmatkash oqsoqollar Pavlusning o‘rnagiga e’tibor berishi mumkin. (1 Kor. 11:1) U farishta bo‘lmagan. Pavlus ba’zida to‘g‘ri ishni qilishga qiynalgan nomukammal inson bo‘lgan. (Rim. 7:18–20) U turli qiyinchiliklarni yengishiga to‘g‘ri kelgan. Ammo taslim bo‘lmagan va quvonchini yo‘qotmagan. Oqsoqollar Pavlusga taqlid qilib, duch kelayotgan qiyinchiliklarni yengishi va Yahovaga quvonch ila xizmat qilishi mumkin. Qiziq, qanaqasiga? Keling, buni ko‘rib chiqaylik.

3. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Ushbu maqolada oqsoqollar duch kelayotgan asosiy to‘rtta qiyinchilikka ahamiyat beramiz: 1) ham va’zgo‘ylik, ham boshqa vazifalar o‘rtasida muvozanatni saqlash; 2) g‘amxo‘r cho‘pon bo‘lish; 3) o‘z kamchiliklari bilan kurashish; 4) nomukammal odamlar bilan hamkorlik qilish. Bu borada Pavlusga nima yordam berganini muhokama qilib, oqsoqollar undan qanday saboq olishi mumkinligiga diqqat qaratamiz.

VA’ZGO‘YLIK VA BOSHQA VAZIFALAR O‘RTASIDA MUVOZANATNI SAQLASH

4. Nima uchun oqsoqollarga va’zgo‘ylik ishida yetakchilik qilish qiyin bo‘lishi mumkin?

4 Nega bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin? Va’zgo‘ylik ishida yetakchilik qilishdan tashqari, oqsoqollarda boshqa ko‘p vazifalari bor. Masalan, ular hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlarda dastur raisi bo‘ladi va jamoat bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazadi. Qolaversa, ular nutqlar bilan chiqadi. Bundan tashqari, oqsoqollar jamoat xizmatkorlariga doimiy ravishda ta’lim beradi va daldaga muhtoj birodar-u opa-singillarni bajonidil qo‘llab-quvvatlaydi. (1 Butr. 5:2) Ayrim oqsoqollar Yig‘ilish zallarini va tashkilotimizga tegishli boshqa binolarni qurish va ta’mirlash ishida qatnashadi. Lekin bunga qaramay, jamoatdagi barcha singari ular va’zgo‘ylik ishini ham muhim deb biladi. (Mat. 28:19, 20)

5. Pavlus va’zgo‘y sifatida qanday o‘rnak qoldirgan?

5 Pavlusning o‘rnagi. Filippiliklarga 1:10 dan Pavlus muvaffaqiyatli va’zgo‘y bo‘lganining sirini bilib olsak bo‘ladi. U yerda shunday deyilgan: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». Pavlus bu maslahatga o‘zi amal qilgan. Unga muqaddas xizmat ishonib topshirilgan va o‘nlab yillar davomida bu xizmat hayotida muhim o‘rin egallagan. Pavlus «el oldida hamda uyma-uy yurib» va’z qilgan. (Havor. 20:20) U kunning muayyan qismida yoki haftaning aniq bir kunida xizmat qilib o‘zini cheklab qo‘ymagan. Aksincha, u har bir fursatdan foydalanib va’z qilgan. Misol uchun, Afinada hamkorlarini kutayotganida, u obro‘li insonlarga va’z qilgan va ulardan ba’zilari haqiqatni qabul qilgan. (Havor. 17:16, 17, 34) Pavlus «zanjirband bo‘lganida» ham uning oldiga kelganlarga shohidlik bergan. (Filip. 1:13, 14; Havor. 28:16–24)

6. Pavlus boshqalarga nima qilishni o‘rgatgan?

6 Pavlus vaqtidan unumli foydalangan. Odatda u va’zgo‘ylikka boshqalarni taklif qilgan. Misol uchun, birinchi va’zgo‘ylik safarida Pavlus Yuhanno Markni, ikkinchisida esa Timo‘tiyni taklif qilgan. (Havor. 12:25; 16:1–4) Shubhasizki, Pavlus ularga jamoatlarni qanday tashkillashtirish, oqsoqollar sifatida vazifalarini bajarish va mohirlik ila ta’lim berishni o‘rgatgan. (1 Kor. 4:17)

Pavlus kabi shohidlik berishga tayyor bo‘ling (7-xatboshiga qarang.) *

7. Qanday qilib oqsoqollar Pavlusning Efesliklarga 6:14, 15 dagi so‘zlariga amal qila oladi?

7 Bundan qanday saboq olsa bo‘ladi? Oqsoqollar nafaqat uyma-uy va’z qilib, balki har fursatdan unumli foydalanib shohidlik berish orqali Pavlusga taqlid qilishi mumkin. (Efesliklarga 6:14, 15 ni o‘qing.) Masalan, ular ish joyida yoki bozor-o‘char qilganida shohidlik berar. Yoki tashkilotimiz binolariga g‘amxo‘rlik qilganida, atrofdagilarga yo sotuvchilarga xushxabarni aytishi mumkin. Oqsoqollar Pavlus kabi xizmatda boshqalarga, jumladan, jamoat xizmatkorlariga ta’lim berish uchun vaqt ajratadi.

8. Ba’zida oqsoqollar nima qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin?

8 Oqsoqollar va’zgo‘ylikda ishtirok etish uchun jamoat yoki tuman ishlaridagi vazifalari bilan haddan ortiq band bo‘lmasligi kerak. Ular muvozanatli bo‘lish uchun ba’zida ayrim vazifalarini rad etishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu borada fikr yuritib, ibodat qilgandan keyin ular muayyan vazifalarni bajarsa, muhimroq ishlar chetda qolishini anglab yetar. Muhimroq ishlarga har hafta oilaviy topinish o‘tkazish, va’zgo‘ylik ishida to‘liq qatnashish yoki farzandlarini bunga o‘rgatish kiradi. Ba’zilar sharafli vazifalarni rad etishga qiynaladi, lekin ular shunga amin bo‘lishi mumkinki, barcha narsada muvozanatni saqlash istagini Yahova yaxshi tushunadi.

G‘AMXO‘R CHO‘PON BO‘LISH

9. Vazifalari ko‘p bo‘lgan oqsoqollar qanday qiyinchilikka duch kelishi mumkin?

9 Nega bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin? Yahovaning xizmatchilari ko‘p qiyinchiliklarga duch kelyati. Oxirzamonda hammamiz dalda, tasalli va qo‘llab-quvvatlashga muhtojmiz. Gohida ayrimlar noto‘g‘ri ishga qo‘l urmaslik uchun yordamga muhtoj bo‘ladi. (1 Salon. 5:14) Albatta, oqsoqollar Yahovaning xizmatchilari duch kelayotgan hamma sinovlarni bartaraf eta olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Yahova oqsoqollar Uning qo‘zichoqlariga dalda berib, ularni himoya qilish uchun jon kuydirishini xohlaydi. Xo‘sh, oqsoqollar band bo‘lishiga qaramay, kerakli yordamni taqdim etish uchun qanday qilib vaqt topishi mumkin?

Boshqalarni maqtang va mustahkamlang (10-, 12-xatboshilariga qarang.) *

10. Qay yo‘sin Pavlus Xudoning xalqiga g‘amxo‘rlik qilgan? (1 Salonikaliklarga 2:7)

10 Pavlusning o‘rnagi. U birodarlarini maqtash va ularga dalda berish imkoniyatlarini izlagan. Oqsoqollar Yahovaning xalqiga sevgi ila muomala qilib Pavlusning ajoyib o‘rnagiga taqlid qilsa arziydi. (1 Salonikaliklarga 2:7 ni o‘qing.) Pavlus imondoshlarini o‘z sevgisiga va Yahova ularni yaxshi ko‘rishiga ishontirgan. (2 Kor. 2:4; Efes. 2:4, 5) U imondoshlarini do‘sti deb bilib ular bilan vaqt o‘tkazgan. Qolaversa, u qo‘rquvlari-yu zaif tomonlari haqida ochiqchasiga aytib ularga ishonishini ko‘rsatgan. (2 Kor. 7:5; 1 Tim. 1:15) Shu bilan birga Pavlus faqat o‘z muammolariga diqqat qaratmagan. Aksincha, birodarlariga yordam berishni xohlagan.

11. Pavlus birodar-u opa-singillariga nega maslahat bergan?

11 Ba’zida Pavlus birodar-u opa-singillariga maslahat berishiga to‘g‘ri kelgan. Lekin u buni xafa bo‘lgani tufayli emas, balki imondoshlari haqida qayg‘urib, ularni turli xavflardan himoya qilishni istagani uchun bergan. U tushunarli tarzda maslahat berishga harakat qilgan hamda imondoshlari uni qabul qilishini xohlagan. Misol uchun, Korinfliklarga yo‘llagan maktubida Pavlus jiddiy maslahat bergan. Maktubni yozganidan keyin u Titusni ularning oldiga yuborgan. Pavlus imondoshlari maktubini qanday qabul qilganini bilishni istagan. Imondoshlari maslahatini yaxshi qabul qilganini bilgach, u juda xursand bo‘lgandir. Buni bir tasavvur qiling. (2 Kor. 7:6, 7)

12. Oqsoqollar imondoshlarini qanday mustahkamlashi mumkin?

12 Bundan qanday saboq olsa bo‘ladi? Oqsoqollar Pavlusning o‘rnagiga ergashib, imondoshlari bilan vaqt o‘tkaza oladi. Buning bir yo‘li, yig‘ilishlarga ertaroq kelib, boshqalar bilan daldali suhbatlar qurishdir. Odatda, yordamga muhtoj bo‘lgan birodar-u opa-singillarga dalda berish uchun bir necha daqiqaning o‘zi kifoya. (Rim. 1:12; Efes. 5:16) Pavlusning o‘rnagiga ergashgan oqsoqol, shuningdek, Muqaddas Kitobdan foydalanib birodar-u opa-singillarga imonini mustahkamlashga yordam beradi. Qolaversa, ularni Xudoning sevgisiga ishontiradi. Bundan tashqari, u imondoshlariga ularni sevishini aytadi. Oqsoqol doim ular bilan gaplashadi, ularni maqtash uchun fursat izlaydi va Muqaddas Kitob asosida maslahat beradi. U birodar-u opa-singillari maslahatga amal qilishini xohlagani uchun ochiq, lekin mehr ila gapiradi. (Galat. 6:1)

KAMCHILIKLAR BILAN KURASHISH

13. Kamchiliklari tufayli oqsoqol nimalarni his qilishi mumkin?

13 Nega bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin? Oqsoqollar nomukammal. Shu bois, ular ham barcha qatori xatolarga yo‘l qo‘yadi. (Rim. 3:23) Ba’zida ular kamchiliklariga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishga qiynalishi mumkin. Gohida ular kamchiliklariga haddan ortiq e’tibor qaratib ruhi tushar. Yoki ular o‘zini oqlashi, bular muhim emas va o‘zgarishlar kiritishimga hojat yo‘q, deb o‘ylashi mumkin.

14. Pavlusga zaifliklarini yengishga kamtarlik qanday yordam bergan? (Filippiliklarga 4:13)

14 Pavlusning o‘rnagi. Pavlus o‘z kuchi bilan zaifliklariga qarshi kurasha olmasligini kamtarlik ila tan olgan. U Xudoning kuchiga muhtoj bo‘lgan. Haqiqatga kelishidan oldin Pavlus qaysar bo‘lib, masihiylarni shafqatsizlarcha ta’qib qilgan. Lekin keyinroq u noto‘g‘ri yo‘l tutganini aytgan va nuqtai nazari-yu shaxsiyatini o‘zgartirgan. (1 Tim. 1:12–16) Yahovaning yordami bilan Pavlus g‘amxo‘r, mehr-shafqatli va kamtarin cho‘pon bo‘lgan. U ko‘plab kamchiliklari borligini bilgan, ammo ular haqida hadeb o‘ylamagan. Aksincha, Yahova uni kechirishiga ishongan. (Rim. 7:21–25) U mukammal bo‘lishini kutmagan. Pavlus masihiylarga xos shaxsiyat ustida ishlashga jon kuydirgan va xizmatini to‘la ado etish uchun kamtarlik ila Yahovaning yordamiga tayangan. (1 Kor. 9:27; Filippiliklarga 4:13 ni o‘qing.)

Kamchiliklaringizni yengish uchun jon kuydiring (14-, 15-xatboshilariga qarang.) *

15. Qanday qilib oqsoqollar kamchiliklariga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘la oladi?

15 Bundan qanday saboq olsa bo‘ladi? Birodarlar mukammal bo‘lgani uchun oqsoqol bo‘lib tayinlanmaydi. Yahova ular o‘z xatolarini tan olishini va shaxsiyatini yaxshilashini kutadi. (Efes. 4:23, 24) Oqsoqol o‘zini Xudoning Kalomi asosida tekshirishi va kerakli o‘zgarishlar qilishi kerak. Shunda, Yahova unga baxtli va muvaffaqiyatli bo‘lishga yordam beradi. (Yoqb. 1:25)

NOMUKAMMAL ODAMLAR BILAN HAMKORLIK QILISH

16. Oqsoqol boshqalarning kamchiliklariga e’tibor qarataversa, nima bo‘lishi mumkin?

16 Nega bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin? Oqsoqollar yaqindan hamkorlik qiladigan imondoshlarining kamchiliklaridan xabardor bo‘lishi mumkin. Ular ehtiyot bo‘lmasa, bundan jahli chiqishi, qattiqqo‘l bo‘lib qolishi va tanqid qilishi turgan gap. Pavlus masihiylarni Shayton ular aynan shunday yo‘l tutishini istashi to‘g‘risida ogohlantirgan. (2 Kor. 2:10, 11)

17. Pavlus imondoshlariga qanday nuqtai nazarda bo‘lgan?

17 Pavlusning o‘rnagi. Pavlus birodar-u opa-singillarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan. U imondoshlarining kamchiliklarini yaxshi bilgan, hatto ba’zida ularning xatti-harakatlari uni ranjitgan. Lekin Pavlus kimdir xato qilib qo‘ygani uchungina yomon odam bo‘lib qolmasligini yaxshi bilgan. U imondoshlarini sevgan va diqqatini ularning yaxshi tomonlariga qaratgan. Imondoshlari to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilishga qiynalsa, Pavlus ularning niyati yaxshi bo‘lgani va ular yordamga muhtoj ekani haqida mulohaza yuritgan.

18. Pavlus Evodiya va Sintixaga yordam berganidan nimani o‘rganyapsiz? (Filippiliklarga 4:1–3)

18 Keling, Pavlus Filippidagi jamoatda xizmat qilgan ikkita opamizga qanday yordam berganiga diqqat qarataylik. (Filippiliklarga 4:1–3 ni o‘qing.) Evodiya va Sintixa o‘rtasida kelishmovchilik yuz bergan. Bu tufayli ular bir-biridan xafa bo‘lib qolgan. Pavlus qo‘pol bo‘lmagan va ularni tanqid qilmagan. Aksincha, ularning yaxshi tomonlariga diqqat qaratgan. Evodiya va Sintixa Yahovaga sadoqatli bo‘lib ko‘p yillar mobaynida xizmat qilgan edi. Pavlus Yahova ularni yaxshi ko‘rishini bilgan va ularga ijobiy nuqtai nazarda bo‘lgani uchun yarashib olishiga yordam bergan. Shuningdek, boshqalarning yaxshi tomonlariga diqqat qaratgani uchun u quvonchini yo‘qotmagan va o‘sha jamoatdagilar bilan yaqin do‘st bo‘lib qolgan.

Boshqalarni tanqid qilmaslikka intiling (19-xatboshiga qarang.) *

19. a) Qay yo‘sin oqsoqol imondoshlariga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni saqlay oladi? b) Yig‘ilish zalini tozalayotgan oqsoqolning misolidan qanday saboq olyapsiz? (Rasmga qarang.)

19 Bundan qanday saboq olsa bo‘ladi? Aziz oqsoqollar, birodar-u opa-singillaringizning yaxshi taraflariga diqqat qarating. Hamma nomukammal, lekin har bir odamda bizga yoqadigan fazilatlar topiladi. (Filip. 2:3) To‘g‘ri, ba’zida oqsoqol imondoshlariga bo‘lgan nuqtai nazarini o‘zgartirib turishi kerak. U Pavlus kabi kishining g‘ashiga tegadigan so‘zlari-yu xatti-harakatlaridan ko‘prog‘iga diqqat qaratishi lozim. Oqsoqol imondoshining Yahovaga bo‘lgan sevgisi, Unga sabr-bardosh ila xizmat qilib kelayotgani va yaxshi ishlar qilishga intilishi to‘g‘risida o‘ylasa, foydali bo‘lardi. Oqsoqol birodar-u opa-singillarining yaxshi tomonlariga diqqat qaratsa, jamoatda barcha o‘zini sevimli his qiladi.

PAVLUSNING O‘RNAGIGA TAQLID QILISHDA DAVOM ETING

20. Oqsoqollar Pavlusning o‘rnagidan ko‘proq foyda olish uchun nima qilsa bo‘ladi?

20 Oqsoqollar, Pavlusning hayotini tadqiq qilishda davom etar ekansiz, ko‘proq foyda olasiz. Misol uchun, «Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik beraylik» kitobining 12- bobi, 17–20- xatboshilarini o‘qishingiz mumkin. Pavlus haqida bilimga ega bo‘lganingiz sayin, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Oqsoqol sifatida xizmat qilar ekanman, Pavlusning o‘rnagi qay yo‘sin quvonchimni saqlashga yordam beradi?»

21. Oqsoqollar nimada amin bo‘lishi mumkin?

21 Qadrdon oqsoqollar, unutmang, Yahova mukammal bo‘lishingizni kutmaydi. U sadoqatli bo‘lishingizni istaydi. (1 Kor. 4:2) Yahova Pavlusning og‘ir mehnatidan va sadoqatidan mamnun bo‘lgan. Xudo sizning ham xizmatingizni juda qadrlaydi. U «sizlarning avval ham, hozir ham muqaddas kishilarga xizmat qilib, Uning ismiga ko‘rsatgan sevgingizni hamda mehnatingizni unutmaydi». (Ibron. 6:10)

87-QO‘SHIQ Keling, halovat toping!

^ 5- x.b. Qadrdon oqsoqollarimiz bizni deb qilayotgan mehnati uchun minnatdormiz. Bu maqolada oqsoqollar duch kelayotgan to‘rtta qiyinchilikka e’tibor qaratamiz. Oqsoqollar havoriy Pavlusning o‘rnagidan ularni yengishda qanday saboq olishi mumkinligini ham bilib olamiz. Mazkur maqola oqsoqollarga rahm-shafqatli bo‘lishimizga va o‘z sevgimizni ko‘rsatib, ularni qo‘llab-quvvatlashimizga yordam beradi.

^ 61- x.b. RASMLARGA SHARH. Birodar ishdan ketayotganida, hamkasbi bilan xushxabarni bo‘lishyapti.

^ 63- x.b. RASMLARGA SHARH. Oqsoqol o‘zini boshqalardan olib qochadigan birodarga mehr ila gapiryapti.

^ 65- x.b. RASMLARGA SHARH. Birodar xafa bo‘lib qolgan imondoshga foydali maslahat beryapti.

^ 67- x.b. RASMLARGA SHARH. Oqsoqol mas’uliyatiga jiddiy yondashmagan birodarni tanqid qilmayapti.