Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Qay yo‘sin g‘am-tashvishni yenga olasiz?

Qay yo‘sin g‘am-tashvishni yenga olasiz?

G‘AM-TASHVISH odamning qalbini ezadi. (Hik. 12:25) G‘am-tashvish tufayli azob chekkanmisiz? O‘zingizni bu tashvishlarni yenga olmaydiganday his qilganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, siz yolg‘iz emassiz. Ko‘plarimiz turli sabablarga ko‘ra charchaymiz, xavotirlanamiz va tushkunlikka tushamiz. Masalan, kasal oila a’zolarimizga g‘amxo‘rlik qilishimiz, yaqinimiz hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishi yoki tabiiy ofatga duch kelishimiz mumkin. Xo‘sh, g‘am-tashvishni yengishimizga nima yordam beradi? a

G‘am-tashvishni yengishda shoh Dovudning o‘rnagini ko‘rib chiqish bizga yordam beradi. U ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan va hatto bir necha marta hayoti xavf ostida qolgan. (1 Shoh. 17:34, 35; 18:10, 11) Xo‘sh, Dovudga barcha g‘am-tashvishni yengishga nima ko‘maklashgan? Unga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

QAY YO‘SIN DOVUD TASHVISHLARNI YENGA OLGAN?

Dovud bir vaqtning o‘zida turli qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Keling, misol tariqasida Dovud uni o‘ldirish payida bo‘lgan shoh Shouldan qochib yurgan vaziyat haqida o‘ylab ko‘raylik. Dovud va uning odamlari Zixlaxga, uyiga qaytganida, dushmanlari mol-mulkini talon-toroj qilganini, uy-joylarini yondirib yuborganini va oilalarini asirlikka olib ketganini bilib qolishdi. O‘shanda Dovud nima qildi? «Dovud bilan odamlari faryod solib yig‘lay boshlashdi. Ular yig‘layverib, oxiri holdan toyib qolishdi». Qolaversa, Dovud u ishongan odamlari «uni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lganida» tushkunlikka tushdi. (1 Shoh. 30:1–6) Dovud birdaniga uchta jiddiy qiyinchilikka duch keldi. Uning oilasi xavf ostida edi, odamlari uni o‘ldirmoqchi edi va shoh Shoul uni hali ham ta’qib qilayotgandi. U qanchalik tashvishlanganini tasavvur qilsak bo‘ladi.

Keyin Dovud nima qildi? U zudlik bilan «Tangrisi Yahovadan madad oldi». Qanaqasiga? Bilamizki, Dovud odatda yordam so‘rab Yahovaga ibodat qilgan va U o‘tmishda unga qay yo‘sin yordam bergani haqida fikr yuritgan. (1 Shoh. 17:37; Zab. 18:2, 6) Shuningdek, Dovud Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga muhtoj ekanini tushungan. Shuning uchun, u Yahovadan nima qilishi kerakligi haqida so‘ragan. Yo‘l-yo‘riq olgach, Dovud darhol harakatga tushgan. Natijada, Yahova unga hamda uning odamlariga baraka bergan va ular oilalari-yu mol-mulkini qaytarib olgan. (1 Shoh. 30:7–9, 18, 19) Dovud qanday uchta qadam qo‘yganiga e’tibor berdingizmi? U Yahovadan yordam so‘rab ibodat qilgan, Uning barcha yaxshiliklari haqida fikr yuritgan va olgan yo‘l-yo‘rig‘iga yarasha harakat qilgan. Dovudga qanday taqlid qila olamiz? Buning uchta yo‘lini ko‘rib chiqamiz.

G‘AM-TASHVISHGA YO‘LIQQANDA, DOVUDGA TAQLID QILING

1. Ibodat qiling. G‘am-tashvishga berilishni boshlaganimizda, Yahovadan yordam va donolik so‘rab ibodat qilsak bo‘ladi. Bizni xavotirga solayotgan hamma narsani Unga aytib bersak, o‘zimizni yengilroq his qilamiz. Yoki vaziyatga qarab ichimizda qisqacha ibodat qilishimiz mumkin. Yahovadan har safar yordam so‘raganimizda, Dovud kabi Unga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. U shunday degan: «Yahova mening qoyam, qo‘rg‘onim va Qutqaruvchimdir. Xudoyim mening qoyamdir, Unda panoh topaman». (Zab. 18:2) Xo‘sh, ibodat rostdan ham yordam beradimi? Kaxliya ismli kashshof shunday dedi: «Ibodat qilgach, o‘zimni yaxshi his qilaman. Ibodat menga Yahova kabi fikr yuritishga va Unga ko‘proq tayanishga yordam beradi». Ha, ibodat Yahovaning hadyasi bo‘lib, g‘am-tashvishni yengishga ko‘maklashadi.

2. Fikr yuriting. O‘tmishga nazar solib, Yahovaning ko‘magi bilangina yenga olgan qiyinchiliklaringizni eslay olasizmi? Yahova bizni hamda o‘tmishdagi xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlagani haqida mulohaza yuritsak, ichki xotirjamlikni his qilamiz va Unga bo‘lgan ishonchimiz oshadi. (Zab. 18:17–19) Joshua ismli oqsoqol shunday dedi: «Qaysi ibodatlarimga javob olganimni yozib boraman. Bu menga Yahovadan aniq narsani so‘raganimni va Undan kerakli paytda yordam olganimni yodda saqlashga ko‘maklashadi». Ha, Yahovaning bizga qilgan yaxshiliklari haqida fikr yuritish g‘am-tashvishlar bilan kurashishga yordam beradi.

3. Harakat qiling. Biron muammoni hal qilishdan avval Xudoning Kalomidan ishonchli yo‘l-yo‘riqlar izlashimiz lozim. (Zab. 19:7, 11) Ko‘plarning fikricha, muayyan oyat borasida izlanish o‘tkazish uning amaliy foydasini ko‘rishga ko‘maklashadi. Jerrod ismli oqsoqol quyidagicha bo‘lishdi: «Oyat haqida izlanish o‘tkazish uning turli qirralarini ko‘rishga hamda Yahovaning fikrlarini tushunishga yordam beradi. Shuningdek, o‘qiyotganlarimga ishonch hosil qilishga va Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilishga ko‘maklashadi». Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini Muqaddas Yozuvlardan izlab, unga amal qilsak, g‘am-tashvishlar bilan kurashish osonroq bo‘ladi.

YAHOVA QIYINCHILIKLARNI YENGISHINGIZGA KO‘MAKLASHADI

Dovud g‘am-tashvishlarini muvaffaqiyat ila yengishi uchun Yahovaning yordami kerakligini tushungan. Dovud Yahova uni qo‘llab-quvvatlaganini qadrlagani uchun shunday degan: «Allohning qudrati ila devordan oshib o‘taman. Meni mustahkam qiluvchi haq Tangridir». (Zab. 18:29, 32) Muammolarimiz xuddi oshib bo‘lmaydigan tog‘dek ko‘rinishi mumkin. Ammo Yahovaning yordami bilan har qanday jiddiy qiyinchilikni yenga olamiz. Ha, Yahovadan yordam so‘rab ibodat qilsak, biz uchun qilgan yaxshiliklari haqida fikr yuritsak va yo‘l-yo‘rig‘i bo‘yicha harakat qilsak, U g‘am-tashvishlarimizni muvaffaqiyat ila yengishimiz uchun kuch va donolik beradi!

a Kishi qattiq g‘am-tashvish tufayli shifokorga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.