Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-TADQIQ MAQOLASI

Onalar, Evnikaning o‘rnagidan saboq oling

Onalar, Evnikaning o‘rnagidan saboq oling

Onang o‘gitlarini rad etma. Boisi ular boshing uchun go‘zal gulchambar, bo‘yning uchun zeb-ziynatdir. HIK. 1:8, 9

137-QO‘SHIQ Yahovaga vafodor ayol-qizlar

BU MAQOLADA a

Timo‘tiyning onasi Evnika va buvisi Loida u suvga cho‘mganida juda suyunib, u bilan faxrlanyapti (1-xatboshiga qarang.)

1, 2. a) Evnika kim edi va u ona sifatida qanday qiyinchilikka duch kelgan? b) Muqovadagi rasmga sharh bering.

 MUQADDAS KITOBDA Timo‘tiyning suvga cho‘mish jarayoni haqida aytilmagan bo‘lsa-da, o‘sha kuni Evnika nimalarni his qilganini tasavvur qilishimiz mumkin. (Hik. 23:25) Evnika suvda turgan Timo‘tiyga faxr ko‘zlari bilan qarab, tabassum qilyapti. Uning oldida Timo‘tiyning buvisi Loida ham turibdi. Timo‘tiy suvga cho‘mdirilar ekan, Evnika hayajonlanib chuqur nafas olyapti. Timo‘tiy suvdan chiqqanidan keyin Evnika quvonch ko‘z yoshlarini ushlay olmayapti. U qiyinchiliklariga qaramay Timo‘tiyga Yahovani hamda Isoni ko‘proq sevishga yordam bergan. Bu borada Evnika qanday qiyinchiliklarga duch kelgan?

2 Timo‘tiyning ota-onasi har xil din vakillari bo‘lgan. Otasining millati yunon, onasi bilan buvisiniki esa yahudiy edi. (Havor. 16:1) Evnika bilan Loida masihiy bo‘lishni tanlaganida, Timo‘tiy o‘smir bo‘lgandir. Ammo otasi masihiy bo‘lishni tanlamadi. Xo‘sh, Timo‘tiy nimani tanladi? U shaxsiy qaror chiqarish uchun yetarlicha yoshda bo‘lganga o‘xshaydi. U otasining tarafini tanladimi? Bolaligidan o‘rgatilgan yahudiylarning urf-odatlariga amal qildimi yoki Iso Masihning shogirdi bo‘ldimi?

3. Onalar farzandlariga ma’nan o‘sishga yordam berishiga Yahova qanday munosabatda? (Hikmatlar 1:8, 9)

3 Masihiy onalar Evnika kabi o‘z oilalarini yaxshi ko‘rishadi. Ular uchun eng asosiysi farzandlariga Yahova bilan do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga yordam berishdir. Xudoyimiz ularning harakatlarini juda qadrlaydi. (Hikmatlar 1:8, 9 ni o‘qing.) Yahova ko‘plab onalarga farzandlariga U haqida bilim berish hamda Uni sevishga o‘rgatish uchun yordam berib kelyapti.

4. Onalar qanday qiyinchiliklarga duch kelishyapti?

4 Tabiiyki, ko‘p hollarda onalar farzandlari Timo‘tiy kabi Yahovaga xizmat qilarmikan, deb o‘ylashadi. Chunki ularning farzandlari Shaytonning dunyosida qanday bosimga duch kelayotganini bilishadi. (1 Butr. 5:8) Qolaversa, ko‘p onalar farzandlarini yolg‘iz tarbiyalashda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Yoki hatto ularning eri bor bo‘lsa-da, ular Yahovaga xizmat qilmasligi mumkin. Misol uchun, Kristina b ismli opamiz shunday dedi: «Erim yaxshi ota va oilaparvar inson. Ammo u farzandlarimizga Yahovaning ta’lim-tarbiyasini berishimga qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Men ko‘p yig‘lab: “Farzandlarim qachondir Yahovaga xizmat qilarmikan?” — deb o‘ylardim».

5. Bu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

5 Xudojo‘y ona sifatida siz ham Evnika kabi baxtli bo‘la olasiz. Bu maqolada uning o‘rnagiga qay yo‘sin taqlid qilishingiz va so‘zlaringiz-u harakatlaringiz bilan bolangizga ta’lim berishingiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, Yahova sizga qanday yordam berishini muhokama qilamiz.

BOLALARINGIZGA SO‘ZLARINGIZ BILAN TA’LIM BERING

6. Qanday qilib Timo‘tiy masihiy bo‘lgan? (2 Timo‘tiyga 3:14, 15)

6 Timo‘tiy kichik bo‘lganida, onasi unga yahudiylar «Muqaddas Yozuvlarni» tushungani bo‘yicha ta’lim bergan. Evnika Iso Masih haqida hech narsa bilmagani uchun bilimi chegaralangan edi. Shunday bo‘lsa-da, Timo‘tiyning Kalomdan o‘rgangan bilimlari unga masihiylikni qabul qilish uchun yaxshi poydevor bo‘lgan. Lekin u masihiylikni qabul qilganmi? Timo‘tiy masihiy bo‘lish-bo‘lmasligini o‘zi hal qilish huquqiga ega edi. Shubhasizki, uning Iso haqidagi bilimlarga «ishonch hosil qilishida» onasining ham hissasi bor. (2 Timo‘tiyga 3:14, 15 ni o‘qing.) Evnika qiyinchiliklarga qaramay, farzandiga Yahova haqida bilim berganidan nihoyatda xursand bo‘lgandir. U o‘z ismiga monand hayot kechirgan. Ismining ma’nosi «zabt etuvchi» degani.

7. Evnika Timo‘tiy suvga cho‘mganidan keyin ma’nan o‘sishiga qanday yordam bergan?

7 Suvga cho‘mish Timo‘tiyning hayotida muhim qadamlardan biri bo‘lgan. Ammo Evnika bundan keyin ham o‘g‘li uchun xavotirlanishda davom etgan. Timo‘tiy buyog‘iga hayotini qanday o‘tkazadi? Unga yomon ta’sir qiladigan odamlar bilan do‘stlashadimi? Afinaga ketib, u yerdagi butparast faylasuflarning ta’limotiga ishonib ketadimi? Vaqti, kuchi va yoshligidan boylik orttirish uchun foydalanadimi? Evnika Timo‘tiy uchun qaror chiqara olmasa-da, unga yordam bera olardi. Qanaqasiga? Evnika o‘g‘liga Yahovani ko‘proq sevishga va Isoga bo‘lgan minnatdorligini kuchaytirishga yordam berishi mumkin edi. Qiyinchiliklarga faqat diniy e’tiqodi turlicha bo‘lgan ota-onalar duch kelmaydi. Hatto ota-onalar haqiqatda bo‘lsa ham, farzandlari Yahovaga xizmat qilishi uchun ularning qalbini zabt etish qiyin bo‘lishi mumkin. Ota-onalar Evnikadan qanday saboq olsa bo‘ladi?

8. Opamiz imondoshimiz bo‘lgan eriga bolasining ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun qanday yordam bera oladi?

8 Muqaddas Kitobni bolalaringiz bilan tadqiq qiling. Qadrdon opa-singillar, turmush o‘rtog‘ingiz haqiqatda bo‘lsa, Yahova farzandingizning ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun eringizga yordam berishingizni xohlaydi. Buni qilishning bir yo‘li muntazam ravishda oilaviy topinish o‘tkazishdir. Bu topinish haqida ijobiy fikr bildiring va u yoqimli, qiziqarli o‘tishi uchun nima qila olishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Balki eringizga Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish uchun biron loyiha o‘ylab topishga yordam berarsiz. Qolaversa, ba’zi bolalaringiz «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobi yordamida shaxsiy tadqiq o‘tkazish uchun yetarlicha yoshda bo‘lsa, ularni eringiz bilan birga qo‘llab-quvvatlarsiz.

9. Turmush o‘rtog‘i haqiqatda bo‘lmagan ayollar qayerdan yordam olishi mumkin?

9 Ba’zi onalar farzandlari bilan Muqaddas Kitobni o‘zlari tadqiq qilishlariga to‘g‘ri keladi. Sababi ular yolg‘iz bo‘lishi yoki turmush o‘rtog‘i haqiqatda bo‘lmasligi mumkin. Lekin bundan haddan tashqari xavotirlanmang. Yahova sizga yordam beradi. Farzandlaringizga ta’lim berish uchun Yahova O‘z tashkiloti orqali berayotgan amaliy asboblardan foydalaning. Balki bu asboblardan qanday foydalanish haqida tajribali ota-onalardan so‘rarsiz c. (Hik. 11:14) Shuningdek, Yahova farzandlaringiz bilan suhbat qurishingizga ko‘maklasha oladi. Ular nima o‘ylayotgani yoki nima his qilayotganini bilish uchun Yahovadan yordam so‘rang. (Hik. 20:5) «Maktabda duch kelayotgan eng katta qiyinchiliging nima?» — deb oddiygina savol berish mazmunli suhbatga zamin yaratadi.

10. Bolalaringizga Yahova haqida ta’lim berish uchun yana nima qilsangiz bo‘ladi?

10 Farzandlaringizga Yahova haqida ta’lim berish yo‘llarini izlang. Ularga Yahova hamda U siz uchun qilgan ko‘p yaxshiliklari to‘g‘risida aytib bering. (Qonun. 6:6, 7; Ishayo 63:7) Farzandlaringiz bilan muntazam ravishda uyda tadqiq o‘ta olmasangiz buni qilish ayniqsa muhim. Yuqorida tilga olingan Kristina quyidagicha dedi: «Farzandlarim bilan Yahova haqida gaplashish imkoni kam bo‘lgani uchun har bir fursatdan unumli foydalanishga harakat qilardim. Ular bilan sayr qilganda yoki qayiqda suzganda, Yahovaning ijodlari va boshqa ma’naviy mavzular to‘g‘risida suhbatlashishga intilardim. Farzandlarim katta bo‘lgani sayin ularni Muqaddas Kitobni shaxsan tadqiq qilishga undardim». Bundan tashqari, Yahovaning tashkiloti va birodar-u opa-singillaringiz to‘g‘risida ijobiy gapiring. Oqsoqollarni tanqid qilmang. Aytgan so‘zlaringiz farzandlaringiz qiyin damlarda ulardan yordam so‘rash-so‘ramasligiga ta’sir qilishi mumkin.

11. Yoqub 3:18 ga ko‘ra, nega oilada tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shish muhim?

11 Oilangizda tinchlik bo‘lishiga harakat qiling. Eringiz va bolalaringizga ularni yaxshi ko‘rishingizni doim aytib turing. Turmush o‘rtog‘ingizga mehr va hurmat ila gapiring. Bolalaringizni ham shunday yo‘l tutishga o‘rgating. Bunday qilib, oilangizda tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shasiz va farzandlaringizga Yahova haqida ta’lim berish osonroq kechadi. (Yoqub 3:18 ni o‘qing.) Ruminiyada maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Jozefning misolini olaylik. Bolaligida otasi unga, onasiga va opa-ukalariga Yahovaga xizmat qilishga qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Jozef shunday dedi: «Onam uyimizda tinchlik hukm surishiga harakat qilardi. Otam qanchalik yomon munosabat ko‘rsatsa, onam shunchalik mehr ko‘rsatardi. Otamizni hurmat qilmaganimizda va quloq solmaganimizda, onam biz bilan Efesliklarga 6:1–3 ni muhokama qilardi. So‘ng otamizning yaxshi tomonlari haqida gapirardi. Shuningdek, nega biz uni qadrlashimiz kerakligini tushunishimizga ko‘maklashardi. Bu oilamizda tinchlik bo‘lishiga yordam bergan».

BOLALARINGIZGA ISHLARINGIZ BILAN TA’LIM BERING

12. Evnikaning o‘rnagi Timo‘tiyga qanday ta’sir qilgan? (2 Timo‘tiyga 1:5)

12 2 Timo‘tiyga 1:5 ni o‘qing. Evnika Timo‘tiy uchun yaxshi o‘rnak bo‘lgan. U o‘g‘liga imon ishlar orqali ko‘rsatilishini tushuntirgan bo‘lsa kerak. (Yoqb. 2:26) Shubhasizki, Timo‘tiy onasining harakatlari ortida Yahovaga bo‘lgan kuchli sevgi turganini ko‘rgan. Shuningdek, Yahovaga xizmat qilish onasiga qanchalik quvonch keltirganiga e’tibor bergan. Evnikaning o‘rnagi Timo‘tiyga qanday ta’sir qilgan? Havoriy Pavlus aytganiday, Timo‘tiy onasi kabi imonni namoyon etgan. U tasodifan kuchli imonga ega bo‘lib qolmagan. Timo‘tiy onasining o‘rnagiga diqqat qaratib, unga taqlid qilishga qaror qilgan. Shu kabi, ko‘plab onalar oila a’zolarining qalbini so‘zsiz zabt eta olyapti. (1 Butr. 3:1, 2) Siz ham shunday qila olasiz. Qay yo‘sin?

13. Onalar Yahova bilan munosabatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish uchun nima qilishlari kerak?

13 Yahova bilan munosabatlaringiz birinchi o‘rinda bo‘lsin. (Qonun. 6:5, 6) Aksariyat onalar kabi ko‘p fidoyiliklarga boryapsiz. Farzandlaringizning jismoniy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun vaqtingizni, pulingizni, uyqungizni va boshqa narsalarni ayamayapsiz. Ammo bu ehtiyojlarga g‘amxo‘rlik qilaman deb, Yahova bilan shaxsiy munosabatlaringizni qurbon qilmang. Muntazam ravishda shaxsan ibodat qiling, tadqiq o‘tkazing va yig‘ilishlarga qatnang. Shu yo‘sin, o‘zingizni ma’nan mustahkamlab, oila a’zolaringizga va boshqalarga o‘rnak ko‘rsatasiz.

14, 15. Leana, Mariya va Joanning misolidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

14 Onasining o‘rnagiga e’tibor qaratib, Yahovaga bo‘lgan sevgini va ishonchni rivojlantirgan bir nechta yoshlarning misolini ko‘rib chiqaylik. Kristinaning qizi Leana shunday dedi: «Otam uyda bo‘lganida, Muqaddas Kitobni tadqiq qila olmasdik. Ammo onam yig‘ilishlarni hecham qoldirmasdi. Muqaddas Kitob borasida bilimimiz kam bo‘lganiga qaramay, onamning ishlari imonimizni mustahkamlashga yordam berdi. Yig‘ilishlarga qatnashdan ancha avval bu haqiqat ekanini bilardik».

15 Mariyaning otasi uni va uyidagilarini yig‘ilishlarga borgani uchun jazolab turardi. Mariya shunday aytib berdi: «Onamni eng jasoratli opalardan biri deb bilaman. Kichkinaligimda odamlar nima deydi, deb qo‘rqqanim uchun ba’zi ishlarni qilishdan bosh tortardim. Ammo onamning jasorati va hayotida doimo Yahovani birinchi o‘ringa qo‘ygani odamlar oldidagi qo‘rquvni yengishimga yordam berdi». Joanning otasi uyda ma’naviy mavzularda gaplashishni man etgan. Joan quyidagicha dedi: «Menga onamning misoli qattiq ta’sir qilgan. U otamning ko‘nglini topish uchun — Yahovaga bo‘lgan sevgisidan tashqari — hamma narsadan voz kechishga tayyor bo‘lgan».

16. Onalarning o‘rnagi boshqalarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

16 Qadrdon onalar, shuni unutmangki, o‘rnagingiz boshqalarga ta’sir qiladi. Qanaqasiga? Evnikaning o‘rnagi havoriy Pavlusga qanday ta’sir qilgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. U Timo‘tiyning samimiy imoni «avvaldan... Evnikada bor edi», deb yozgan. (2 Tim. 1:5) Xo‘sh, u bunga qachon e’tibor bergan? Ehtimol, Pavlus birinchi va’zgo‘ylik safarida Listrada Loida va Evnika bilan tanishgan hamda ularga masihiy bo‘lishga yordam bergan. (Havor. 14:4–18) Bir o‘ylab ko‘ring, Pavlus Timo‘tiyga taxminan 15-yil o‘tgach, maktub yozganida hali ham Evnikaning sadoqat ila qilgan ishlarini yodda tutgan va uni taqlid qilishga arziydigan o‘rnak sifatida keltirgan. Shubhasizki, Evnikaning o‘rnagi havoriy Pavlus va birinchi asrdagi boshqa ko‘p masihiylarga juda ta’sir qilgan. Siz ham yolg‘iz o‘zingiz yoki diniy e’tiqodi turli bo‘lgan oilada farzand tarbiyalayotgan bo‘lsangiz, shunda amin bo‘lingki, o‘rnagingiz atrofingizdagilarga kuchli ta’sir qiladi.

Bolangizga ma’nan ulg‘ayishga yordam berish vaqt talab qiladi. Hecham taslim bo‘lmang! (17-xatboshiga qarang.)

17. Harakatlaringiz behudaday tuyulsa, nima qilishingiz kerak?

17 Agar harakatlaringiz behudaday tuyulsa-chi? Yodda tutingki, farzand tarbiyasi vaqt talab etadi. Rasmda ko‘rsatilganiday, urug‘ ekkach, u qachondir unib meva berarmikan, deb o‘ylashimiz mumkin. Ushbu urug‘ meva berishini kafolatlay olmasak-da, uni sug‘orib, o‘sishida davom etishiga yordam bera olamiz. (Mark 4:26–29) Shu kabi, onalar ham harakatlarim farzandlarimga ta’sir qilyaptimi, deb o‘ylashi mumkin. Farzandlaringiz qanday qaror chiqarishini oldindan bila olmaysiz. Ammo ta’lim-tarbiya berish uchun qo‘lingizdan kelganini qilib ularga ma’nan o‘sishga yordam berasiz. (Hik. 22:6)

YAHOVANING KO‘MAGIGA TAYANING

18. Bolalaringiz ma’nan ulg‘ayishiga Yahova qanday yordam berishi mumkin?

18 Qadimdan beri Yahova ko‘pdan-ko‘p yoshlarga Uning do‘sti bo‘lishga yordam berib kelyapti. (Zab. 22:9, 10) Qolaversa, Xudo bolangiz ma’nan ulg‘ayishiga ko‘maklashishi mumkin. Albatta, u buni o‘zi ham xohlashi lozim. (1 Kor. 3:6, 7) Hatto bolalaringiz Yahovaga chin dildan xizmat qilmayotgan bo‘lsa-da, U ularni yaxshi ko‘rishda davom etadi. (Zab. 11:4) Ular oz bo‘lsa ham «haqiqatni qabul qilishga moyil» bo‘lsa, Xudo ularga Uning do‘sti bo‘lishiga yordam berishga tayyor. (Havor. 13:48; 2 Sol. 16:9) U shuningdek, bolangiz eshitishga muhtoj bo‘lgan kerakli fikrlarni aytishingizga ko‘maklashishi mumkin. (Hik. 15:23) Yoki biron g‘amxo‘r imondoshingizni unga o‘zgacha qiziqish ko‘rsatishga undar. Hatto bolalaringiz ulg‘ayganda, Yahova o‘tmishda o‘rgatgan narsalaringizni ularning yodiga solishi mumkin. (Yuhan. 14:26) Ham so‘z, ham o‘rnagingiz bilan farzandlaringizga ta’lim berishda davom etsangiz, Yahova qut-barakalar ato etadi.

19. Nega Yahova sizdan mamnun ekaniga amin bo‘lishingiz mumkin?

19 Yahovaning sizga bo‘lgan sevgisi farzandlaringiz qanday qaror chiqarishiga bog‘liq emas. Siz Uni yaxshi ko‘rganingiz uchun U ham sizni yaxshi ko‘radi. Agar yolg‘iz o‘zingiz bola tarbiyalayotgan bo‘lsangiz, Yahova farzandlaringizga Ota, sizga esa Himoyachi bo‘lishni va’da beryapti. (Zab. 68:5) Bolalaringiz Yahovaga xizmat qilish-qilmasligini oldindan bila olmaysiz. Ammo Yahovaning ko‘magiga tayanib, qo‘lingizdan kelganini qilishda davom etsangiz, Uni mamnun qilasiz.

134-QO‘SHIQ Farzandlar Yahovadan merosdir

a Bu maqolada masihiy onalar Timo‘tiyning onasi Evnikadan qanday saboq olishlari mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, ular farzandlariga Yahova haqida bilim olishga va Uni sevishga qanday ko‘maklasha olishiga e’tibor beramiz.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Masalan, «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobining 50- darsi va «Qo‘riqchi minorasi»ning 2011-yil 15-avgust sonidagi 6-, 7- sahifalarda keltirilgan «Oilaviy topinish va shaxsiy tadqiq uchun takliflar» nomli maqolaga qarang.