Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-TADQIQ MAQOLASI

Ma’naviy maqsadlar qo‘yib, ularga erishing

Ma’naviy maqsadlar qo‘yib, ularga erishing

Ushbu narsalar ustida mulohaza yurit va muvaffaqiyating hammaga oshkor bo‘lishi uchun bu ishlar bilan band bo‘l. 1 TIM. 4:15

84-QO‘SHIQ Ehtiyoj bor joyga shoshamiz

BU MAQOLADA a

1. Qanday ma’naviy maqsadlar qo‘yishimiz mumkin?

 ISONING haqiqiy izdoshlari bo‘lganimiz uchun Yahovani juda yaxshi ko‘ramiz. Unga o‘zimizdagi eng yaxshisini berishni istaymiz. Qo‘limizdan kelganini qilish uchun esa ma’naviy maqsadlar qo‘yishimiz lozim. Masalan, Xudoga yoqadigan fazilatlarni rivojlantirishimiz, foydali ko‘nikmalarni o‘rganishimiz va boshqalarga xizmat qilishning yo‘llarini izlashimiz mumkin b.

2. Nega ma’naviy maqsadlar qo‘yib, ularga erishish uchun intilishimiz kerak?

2 Nega ma’nan o‘sishga harakat qilishimiz kerak? Avvalambor, biz Samoviy Otamizni mamnun qilishni istaymiz. Iste’dod-u qobiliyatlarimizdan xizmatda to‘liq foydalanganimizda, bu Yahovani xursand qiladi. Bundan tashqari, ma’nan o‘sish orqali birodar-u opa-singillarimizga ko‘proq yordam bera olamiz. (1 Salon. 4:9, 10) Qanchadan beri haqiqatda bo‘lmaylik, har birimiz ma’nan o‘sishga harakat qila olamiz. Keling, buni qanday qilishimiz mumkinligini ko‘raylik.

3. Havoriy Pavlus Timo‘tiyni nima qilishga undagan? (1 Timo‘tiyga 4:12–16)

3 Timo‘tiy Pavlusdan birinchi maktubni olganida, allaqachon oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgandi. Bunga qaramay, Pavlus uni ma’nan o‘sishga undagan. (1 Timo‘tiyga 4:12–16 ni o‘qing.) Pavlusning so‘zlaridan shuni ko‘rishimiz mumkinki, u Timo‘tiyni ikki yo‘nalishda yaxshilanishini istagan: 1) sevgi, imon va poklik kabi Yahovaga yoqimli fazilatlarni rivojlantirish; 2) omma oldida o‘qish, nasihat qilish va ta’lim berish kabi ko‘nikmalarni yaxshilash. Timo‘tiyning o‘rnagini yodda tutgan holda, keling, erisha oladigan maqsadlar qo‘yish qay yo‘sin ma’nan o‘sishimizga yordam berishini ko‘rib chiqaylik. Shuningdek, xizmatda ko‘proq qila olishimiz mumkin bo‘lgan narsalarga e’tibor beramiz.

XUDOGA YOQADIGAN FAZILATLARNI RIVOJLANTIRING

4. Nima tufayli Timo‘tiy Yahovaning xizmatida foyda keltira olgan? (Filippiliklarga 2:19–22)

4 Nima tufayli Timo‘tiy Yahovaning xizmatida foyda keltira olgan? Hamma gap uning Xudoga yoqadigan fazilatlarida edi. (Filippiliklarga 2:19–22 ni o‘qing.) Pavlus Timo‘tiy haqida yozgan so‘zlaridan u kamtar, sodiq, tirishqoq va ishonchli bo‘lganini ko‘ryapmiz. Timo‘tiy birodarlarini yaxshi ko‘rgan va ular haqida qattiq qayg‘urgan. Pavlus Timo‘tiyni sevikli farzandiday ko‘rgan va murakkab vazifalarni unga bemalol topshirgan. (1 Kor. 4:17) Shunga o‘xshab, jamoatda ko‘proq foyda keltirish maqsadida Yahovaga yoqadigan fazilatlarni rivojlantirsak, U bizni yaxshi ko‘radi. (Zab. 25:9; 138:6)

Yanada ko‘proq rivojlantirishni xohlagan fazilatni aniqlang (5-, 6-xatboshilariga qarang.)

5. a) Qay yo‘sin Xudoga yoqadigan fazilatlarni rivojlantirish maqsadini qo‘ya olasiz? b) Rasmda ko‘rsatilgan singlimiz hamdardlik fazilatini namoyon etish uchun nima qilyapti?

5 Aniq maqsad qo‘ying. Ibodat qilib shaxsiyatingizning qaysi tomonlarini yaxshilashingiz kerakligiga diqqat qarating. Rivojlantirishingiz kerak bo‘lgan aniq bir fazilatni tanlang. Masalan, yanada hamdard bo‘lishni yoki imondoshlaringizni qo‘llab-quvvatlashni o‘rganishni istarsiz. Yoki yanada tinchlikparvar va kechirimli bo‘lishni xohlarsiz. Ehtimol, do‘stingizdan yaxshilash kerak bo‘lgan tomonlaringiz haqida so‘rash foydali bo‘lar. (Hik. 27:6)

6. Biron-bir fazilatni rivojlantirish uchun nima qilsak bo‘ladi?

6 Maqsadingizga erishishga harakat qiling. Buni qanday qila olasiz? Buning bir yo‘li siz yaxshilashni istagan fazilat ustida tadqiq o‘tkazish. Aytaylik, kechirimli bo‘lish fazilati ustida ishlamoqchisiz. Buning uchun boshqalarni chin dildan kechirgan va kechirmagan insonlarning misollarini Muqaddas Kitobdan o‘qib, ularning ustida mulohaza yuritsangiz bo‘ladi. Keling, Isoning o‘rnagiga e’tibor beraylik. U boshqalarni chin dildan kechirgan. (Luqo 7:47, 48) Qolaversa, u insonlarning kamchiligiga emas, balki nima qila olishiga qaratgan. Bundan farqli ravishda, Isoning davrida yashagan farziylar «boshqalarni nazar pisand qilmagan». (Luqo 18:9) Ushbu misollar ustida mulohaza yuritgandan keyin, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Boshqalarga qaraganda nimasiga e’tibor beraman? Ularning qaysi fazilatiga diqqat qarataman?» Agar kimnidir kechirish siz uchun qiyin bo‘lsa, uning ijobiy fazilatlarini qog‘ozga yozishingiz mumkin. Keyin o‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Iso bu insonning nimasiga e’tibor qaratyapti? U uni kechirgan bo‘larmidi?» Bu qadamlarni qo‘yish fikrlash tarzimizni o‘zgartirishga yordam berishi mumkin. Boshida bizni xafa qilgan insonni kechirish uchun ko‘p harakat qilishimizga to‘g‘ri kelar. Ammo harakatdan to‘xtamasak, vaqt o‘tgach boshqalarni kechirish osonroq bo‘ladi.

FOYDALI KO‘NIKMALARNI O‘RGANING

Yig‘ilish zalidagi ta’mirlash ishlarini o‘rganishga tayyor bo‘ling (7-xatboshiga qarang.) e

7. Yahova bugungi kunda mahoratli xizmatchilaridan qay tarzda foydalanyapti? (Hikmatlar 22:29)

7 Yana bir maqsad, foydali ko‘nikmalarni o‘rganishdir. Bir o‘ylab ko‘ring, Baytil binolarini, Yig‘ilish va Anjuman zallarini qurish uchun juda ko‘p ishchilar kerak. Bunday xizmatchilarning aksariyati tajribali imondoshlarimiz bilan hamkorlik qilib, kerakli ko‘nikmalarni orttirgan. Rasmda ko‘rsatilganiday, imondoshlarimiz Anjuman va Yig‘ilish zallarini ta’mirlash uchun yordam beradigan ko‘nikmalarni o‘rganyapti. Bu va boshqa yo‘llar orqali «Abadiyat podshohi» Tangri Yahova hamda «Podshohlarning podshohi» Iso Masih qobiliyatli ishchilar orqali ajoyib ishlarni amalga oshiryapti. (1 Tim. 1:17; 6:15; Hikmatlar 22:29 ni o‘qing.) Biz o‘zimizni emas, Yahovani ulug‘lash maqsadida sidqidildan mehnat qilishni va ko‘nikmalarimizdan foydalanishni istaymiz. (Yuhan. 8:54)

8. Qaysi ko‘nikmalarni rivojlantirishingiz kerakligini qanday bilishingiz mumkin?

8 Aniq maqsad qo‘ying. Qaysi ko‘nikmani o‘rganishingiz mumkin? Jamoatdagi oqsoqollardan qaysi ko‘nikmani orttirishingiz kerakligi to‘g‘risida so‘rang. Ehtimol, tuman noziringizga ham murojaat qilarsiz. Misol uchun, ular gapirish va ta’lim berish qobiliyatingizni yaxshilash kerakligi haqida aytishsa, aynan qaysi jihatini yaxshilashingiz kerakligini so‘rang. Keyin amaliy qadamlar qo‘ying. Bunga qanday erisha olasiz?

9. Muayyan ko‘nikmani o‘rganish uchun nima qila olasiz?

9 Maqsadingizga erishishga harakat qiling. Aytaylik, ta’lim berish mahoratingizni yaxshilamoqchisiz. Buning uchun «O‘qishda va ta’lim berishda davom eting» nomli risolani tadqiq qiling. Hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvda nutq bilan chiqishdan oldin tajribali birodardan uni tinglashni va yaxshilanishingiz uchun tavsiyalar berishni so‘rashingiz mumkin. Nafaqat qobiliyatli, balki tirishqoq va ishonchli inson sifatida obro‘ga ega bo‘ling. (Hik. 21:5; 2 Kor. 8:22)

10. Ko‘nikmaga ega bo‘lish uchun nima qilish kerak? Misol keltiring.

10 Agar siz uchun qilish qiyin bo‘lgan biror narsaga o‘rganishni maqsad qilgan bo‘lsangiz-chi? Bu borada mehnat qilishda davom eting. Masalan, Gerri ismli birodar yaxshi qiroat qilolmasdi. U yig‘ilishda ovoz chiqarib o‘qiganida, juda hayajonlanganini eslaydi. Lekin Gerri bu yo‘nalishda yaxshilanishdan to‘xtamadi. Uning aytishicha, orttirgan bilimlari tufayli hozir yig‘ilish-u anjumanlarda nutqlar ayta olyapti.

11. Timo‘tiy kabi Yahovaning xizmatida ko‘proq qila olishimizga nima yordam beradi?

11 Timo‘tiy taniqli notiq yoki mahoratli ta’lim beruvchiga aylanganmi? Muqaddas Kitobda bu haqida aytilmagan. Lekin shubhasizki, Timo‘tiy Pavlusning maslahatiga amal qilib, vazifalarini bajarishda yaxshilanishga harakat qilgan. (2 Tim. 3:10) Shu kabi, biz ham ko‘nikmalarimizni yaxshilashga harakat qilsak, Yahovaning xizmatida ko‘proq qila olamiz.

BOSHQALARGA XIZMAT QILISH YO‘LLARINI IZLANG

12. Boshqalar sizga yordam berganidan qanday foyda olgansiz?

12 Boshqalar bizga yordam berish uchun ko‘p harakat qiladi. Masalan, kasalxonada yotganimizda Kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitadagi yoki Bemorlarni yo‘qlash guruhlaridagi oqsoqollar bizni ko‘rish uchun tashrif buyurganda, juda minnatdor bo‘lamiz. Yoki qiyinchiliklarga duch kelganimizda, g‘amxo‘r oqsoqollar bizni tinglash va dalda berish uchun vaqt ajratganida buni qadrlaymiz. Yo bo‘lmasa, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish borasida yordamga muhtoj bo‘lganimizda, tajribali kashshoflar biz bilan tadqiqqa borishga rozi bo‘lganida va maslahat berganida xursand bo‘lamiz. Ushbu barcha birodar-u opa-singillar bizga yordam berishdan baxtiyor. Biz ham imondoshlarimizga xizmat qilish orqali shunday quvonchni his qilishimiz mumkin. Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb aytgan. (Havor. 20:35) Shu yoki boshqa yo‘llar orqali Yahovaning xizmatida ko‘proq qilishni istasangiz, bunda sizga nima yordam beradi?

13. Maqsad qo‘yganimizda nimani yodda tutishimiz kerak?

13 Umumiy maqsadlar qo‘ymang. Masalan, jamoatda ko‘proq ishlar bajarmoqchiman, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo bu maqsadga qanday erishish mumkinligini bilmassiz va unga erisha olmayman, degan xulosaga kelarsiz. Shuning uchun, aniq va muayyan bir maqsad tanlang. Bu maqsadni va unga qanday erishmoqchi ekaningizni yozib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.

14. Nega maqsadlar qo‘yganda moslashuvchan bo‘lishimiz kerak?

14 Maqsadlar qo‘yganimizda moslashuvchan bo‘lishimiz kerak. Nega? Sababi vaziyatni butunlay nazorat qila olmaymiz. Masalan, havoriy Pavlus Salonika shahrida yangi jamoat tashkil qilishda yordam bergan. Shubhasizki, u o‘sha yerda qolib, yaqinda masihiy bo‘lganlarga yordam berishni istagan. Lekin dushmanlar Pavlusni u yerni tark etishga majbur qilgan. (Havor. 17:1–5, 10) Agar Pavlus u yerda qolsa, imondoshlarini xavf ostiga qo‘yardi. Ammo u taslim bo‘lmagan. Aksincha, vaziyatga moslashishga harakat qilgan. Keyinroq esa Salonikadagi yaqinda masihiy bo‘lganlarning ma’naviyligiga g‘amxo‘rlik qilish uchun Timo‘tiyni u yerga yuborgan. (1 Salon. 3:1–3) Timo‘tiy qayerda ehtiyoj bor bo‘lsa, o‘sha yerda xizmat qilishga tayyor ekanidan salonikaliklar nihoyatda quvongan bo‘lsa kerak.

15. O‘zgargan vaziyatlar maqsadlarimizga qay yo‘sin ta’sir qilishi mumkin? Tushuntiring.

15 Salonikada Pavlus bilan bo‘lgan vaziyatdan saboq olsak bo‘ladi. Muayyan maqsad qo‘ysak-da, biz nazorat qila olmaydigan vaziyatlar sababli ularga erisha olmasligimiz mumkin. (Voiz 9:11) Agar sizda ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, erishishingiz mumkin bo‘lgan maqsadlar qo‘yishga harakat qiling. Ted va Xeydi ismli bir juftlik aynan shunday yo‘l tutdi. Sog‘lik muammolari tufayli ular Baytil xizmatini to‘xtatdi. Ammo ular Yahovani yaxshi ko‘rgani uchun Unga ko‘proq xizmat qilishning boshqa yo‘llarini qidirib ko‘rdi. Boshida ular doimiy kashshoflik xizmatini boshladi. Vaqt o‘tib, ular maxsus kashshof etib tayinlandi va Ted tuman nozirining o‘rinbosari sifatida ta’lim oldi. Keyinchalik, tuman nozirlik xizmatidagi yoshga nisbatan talab o‘zgardi. Ted va Xeydi yoshi tufayli bu xizmatni davom ettira olmasligini tushundi. Ted va Xeydining ruhi tushganiga qaramay, xizmatning boshqa turida ham ishtirok eta olishini anglab yetdi. Ted shunday dedi: «Yahovaga ko‘p yo‘llar orqali xizmat qilishimiz mumkinligini tushundik».

16. Galatiyaliklarga 6:4 dan qanday saboq olishimiz mumkin?

16 Hayotimizdagi barcha narsani nazorat qila olmaymiz. Demak, faqat vazifalarimiz uchun Yahova bizni qadrlaydi, deb o‘ylamasligimiz muhim. Shuningdek, biz qila olmayotgan vazifalarni boshqalar bajarayotgan bo‘lsa, o‘zimizni ular bilan solishtirmaymiz. Xeydi shunday bo‘lishdi: «Hayotingizni boshqalarniki bilan solishtirsangiz baxtsiz bo‘lasiz». (Galatiyaliklarga 6:4 ni o‘qing.) Boshqalarga yordam berish va Yahovaga xizmat qilish yo‘llarini izlash o‘ta muhim c.

17. Sharafli vazifalarga ega bo‘lish uchun nima qila olasiz?

17 Oddiy hayot tarzini kechirsangiz va muhtoj bo‘lmaganda qarz olmasangiz, Yahovaning xizmatida ko‘proq qila olasiz. Uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun kichik maqsadlar qo‘ying. Masalan, doimiy kashshof bo‘lishni istasangiz, hozirgi vaqtda har oy ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qila olasizmi? Yoki jamoat xizmatkori bo‘lmoqchisiz. Va’zgo‘ylik xizmatida ko‘proq ishtirok etib, jamoatingizdagi kasal va keksa imondoshlaringizni yo‘qlab tura olasizmi? Hozir ega bo‘lgan tajribangiz sizga kelajakdagi sharafli vazifalar eshigini ochib berishi mumkin. Sizga topshirilgan har qanday xizmatni sidqidildan bajarishga qaroringiz qat’iy bo‘lsin. (Rim. 12:11)

Erishishingiz mumkin bo‘lgan muayyan maqsad qo‘ying (18-xatboshiga qarang.) f

18. Rasmda ko‘rsatilgan Beverli opamizdan qanday saboq olishimiz mumkin?

18 Yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, hammamiz ma’naviy maqsadlar qo‘yib, ularga erishishimiz mumkin. 75 yoshli Beverli opamizning misoliga e’tibor beraylik. U jiddiy sog‘lik muammosiga yo‘liqdi va bu tufayli yurishga qiynaladi. Ammo u Qutlug‘ Kechlik kampaniyasida ko‘proq ishtirok etishni juda istagandi. Shunga, u aniq maqsad qo‘ydi. Beverli ushbu maqsadiga erishganida juda baxtiyor bo‘ldi. Uning o‘rnagi boshqalarni xizmatda g‘ayrat bilan ishtirok etishga undadi. Keksa birodar-u opalarimizning imkoniyati chegaralanganiga qaramay, Yahova ularning mehnatini qadrlaydi. (Zab. 71:17, 18)

19. Qanday ma’naviy maqsadlar qo‘yishimiz mumkin?

19 Erishishingiz mumkin bo‘lgan maqsadlar qo‘ying. Yahova yaxshi ko‘radigan fazilatlarni rivojlantiring. Xudo va Uning tashkiloti uchun ko‘proq foyda keltirish maqsadida ko‘nikmalar orttiring. Birodar-u opa-singillarga yanada ko‘proq xizmat qilish yo‘llarini izlang d. Timo‘tiyning vaziyatida bo‘lganidek, Yahovaning barakasi orqali «muvaffaqiyatingiz hammaga oshkor bo‘ladi». (1 Tim. 4:15)

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

a Timo‘tiy qobiliyatli va’zgo‘y bo‘lgan. Bunga qaramay, havoriy Pavlus uni ma’nan o‘sishda davom etishga undagan. Chunki shu yo‘sin Timo‘tiy Yahovaning xizmatida yanada foydali bo‘lib, birodar-u opa-singillariga ko‘proq yordam bera olardi. Timo‘tiy kabi siz ham Yahovaga va imondoshlaringizga ko‘proq xizmat qilishni istaysizmi? Shubhasizki, ha. Buni amalga oshirishga qaysi maqsadlar yordam berishi mumkin? Qay yo‘sin ushbu maqsadlarni qo‘yib, ularga erisha olasiz?

b IBORA MA’NOSI. Ma’naviy maqsadlar Yahovaga yanada ko‘proq xizmat qila olish va Uni quvontirish uchun qilinadigan har qanday ishni o‘z ichiga oladi.

c «Yahovaning irodasini bajarayotgan tashkilot» kitobining 10- bobidagi «Ehtiyoj bor joyda xizmat qilish» sarlavhasi ostidagi 6–9-xatboshilariga qarang.

d «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobidagi «Ma’nan o‘sishda davom eting» nomli 60- darsga qarang.

e RASMLARGA SHARH. Birodarimiz ikkita opamizga ta’mirlash ishlari bo‘yicha ta’lim beryapti va ular o‘rgangan ko‘nikmalarini amalda qo‘llashyapti.

f RASMLARGA SHARH. Uydan chiqa olmaydigan opamiz telefon orqali samarali xizmat qilyapti va odamlarni Qutlug‘ Kechlikka taklif qilyapti.