Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-TADQIQ MAQOLASI

Nutqda o‘rnak bo‘lyapsizmi?

Nutqda o‘rnak bo‘lyapsizmi?

Nutqda,.. ishonchli kishilarga o‘rnak bo‘lgin. 1 TIM. 4:12

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

BU MAQOLADA a

1. Gapirish qobiliyatimiz qanday paydo bo‘lgan?

 GAPIRISH qobiliyatimiz mehribon Xudoyimizning sovg‘asidir. Ilk inson Odamato yaratilganidan ko‘p o‘tmay samoviy Otasi bilan gaplasha olgan. Shuningdek, u yangi so‘zlar bilan so‘z boyligini oshirishi mumkin edi. Odamato bu qobiliyatidan barcha hayvonlarga nom berish vazifasida foydalangan. (Ibt. 2:19) U ayniqsa, boshqa bir inson, ya’ni go‘zal rafiqasi Momohavo bilan gaplashganda nihoyatda quvongan bo‘lsa kerak. (Ibt. 2:22, 23)

2. O‘tmishda odamlar nutqidan qanday foydalangan, hozir-chi?

2 Vaqt o‘tib, nutqdan noto‘g‘ri foydalanadigan bo‘lishdi. Shayton Iblis Momohavoni aldadi. Buning dastidan odamlarga gunoh va nomukammallik o‘tdi. (Ibt. 3:1–4) Odamato Momohavoni — va hatto Yahovani ayblaganida, tilidan noto‘g‘ri foydalandi. (Ibt. 3:12) Qobil esa ukasi Hobilni o‘ldirganida Yahovani aldadi. (Ibt. 4:9) Keyinchalik, Qobilning avlodidan bo‘lgan Lamex uning davridagi odamlar juda zo‘ravon bo‘lib ketgani haqida she’r yozgandi. (Ibt. 4:23, 24) Xo‘sh, bugungi vaziyat haqida nima desa bo‘ladi? Masalan, gohida siyosiy rahbarlar haqoratli so‘zlardan foydalanishdan uyalmaydi. Aksariyat filmlarda yomon nutq ishlatiladi. Maktabda yoki ishxonada ham xuddi shunday. Afsuski, hozir yomon nutq keng tarqalib ketgan. Bu dunyo juda razillashib ketganining isbotidir.

3. Nimadan ehtiyot bo‘lishimiz kerak va bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Agar ehtiyot bo‘lmasak, beadab gaplarni tez-tez eshitganimiz tufayli ular bizga ham yuqishi mumkin. Albatta, masihiylar sifatida Yahovani xursand qilishni istaymiz. Shuning uchun, yomon nutqdan aslo foydalanmaymiz. Nutq kabi ajoyib sovg‘adan to‘g‘ri — Yahovani madh etish uchun foydalanishni istaymiz. Ushbu maqolada 1) xizmatda; 2) yig‘ilishlarda va 3) kundalik muloqotda buni qay yo‘sin qila olishimizni ko‘rib chiqamiz. Keling, avvaliga nutqimiz nega Yahova uchun muhim ahamiyatga ega ekanini bilib olaylik.

YAHOVA NUTQIMIZGA BEFARQ EMAS

Qay yo‘sin nutqimiz qalbimizda nima borligini oshkor etadi? (4-, 5-xatboshilariga qarang.) d

4. Malaki 3:16 ga ko‘ra, nima uchun Yahova nutqimizga befarq emas?

4 Malaki 3:16 ni o‘qing. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz nega Yahova Undan qo‘rqib, ismi haqida mulohaza yuritadigan insonlarning ismini «xotira kitobiga» yozib qo‘yadi? Gap shundaki, nutqimiz qalbimizda nima borligini oshkor etadi. Iso shunday degan: «Odamning dilida nima bo‘lsa, tili shuni gapiradi». (Mat. 12:34) Gaplarimiz Yahovani qanchalik sevishimizni ko‘rsatadi. Yahova Uni yaxshi ko‘radigan insonlar yangi dunyoda hayotdan toabad zavqlanib yashashini xohlaydi.

5. a) Topinishimiz gapirish tarzimiz bilan qanday bog‘liq? b) Rasmda ko‘rsatilganiday, nutqimiz borasida nimani yodda saqlashimiz kerak?

5 Gapirish tarzimiz Yahova topinishimizni qabul qilish-qilmasligiga ta’sir qiladi. (Yoqb. 1:26) Xudoni sevmaydigan ba’zilar jahl bilan, qo‘pol va kekkayib gapiradi. (2 Tim. 3:1–5) Biz ularga o‘xshashni xohlamaymiz. Yahovani nutqimiz bilan mamnun qilishni istaymiz. Biroq yig‘ilishda yoki xizmatda mehr ila gapirsak, boshqalar ko‘rmaganida esa oila a’zolarimiz bilan qo‘pol muomala qilsak, Yahova mamnun bo‘ladimi? (1 Butr. 3:7)

6. Kamolaning gapirish tarzi qanday natija keltirdi?

6 Nutqimizdan to‘g‘ri foydalanib o‘zimizni Yahovaning topinuvchilari sifatida tanitamiz. Shuningdek, bu boshqalarga «Xudoga xizmat qilayotgan kishi bilan Unga xizmat qilmayotgan kishi o‘rtasidagi farqni» ko‘rishga yordam beradi. (Mal. 3:18) Kamola b singlimizning misoli buning yaqqol isbotidir. U maktabda sinfdoshi bilan bir vazifani bajargandi. Ish jarayonida sinfdoshi Kamola boshqalardan farq qilishiga e’tibor berdi. Chunki u hech kimning orqasidan yomon gapirmasdi va beadab so‘zlarni ishlatmasdi, aksincha, xushmuomala bo‘lishga harakat qilardi. Kamolaning sinfdoshiga bu qattiq ta’sir qildi va hatto keyinchalik u Muqaddas Kitob tadqiqini boshladi. Demak, nutqimiz bilan boshqalarni haqiqatga jalb qilsak, Yahovani mamnun qilgan bo‘lamiz.

7. Xudoning sovg‘asi bo‘lmish nutqdan qanday foydalanmoqchisiz?

7 Har birimiz nutqimiz Yahovaga sharaf keltirishini va bizni imondoshlarimizga yaqinlashtirishini xohlaymiz. Keling, nutqda o‘rnak bo‘lishimizga yordam beradigan ba’zi amaliy maslahatlarni ko‘rib chiqaylik.

XIZMATDA O‘RNAK BO‘LING

Xizmatda xushmuomalalik bilan gapirish Yahovani mamnun qiladi (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

8. Iso nutqidan qay yo‘sin foydalangani biz uchun qanday o‘rnak bo‘la oladi?

8 Boshqalar jahlingizni chiqarganida, mehr va hurmat ila gapiring. Iso yer yuzidagi xizmati davomida mayxo‘r, ochofat, Iblisning sherigi, Shabbat kuniga rioya qilmaydigan va Xudoga qarshi gapiradigan kishi sifatida ayblangan. (Mat. 11:19; 26:65; Luqo 11:15; Yuhan. 9:16) Shunday bo‘lsa-da, Iso bunday vaziyatlarda yomon so‘zlar bilan javob qaytarmagan. Boshqalar bizga qo‘pol gapirganida, Isoga o‘xshashimiz va ularga xuddi shunday javob qaytarmasligimiz lozim. (1 Butr. 2:21–23) Albatta, bunday qilish doim ham oson emas. (Yoqb. 3:2) Xo‘sh, bunda bizga nima yordam berishi mumkin?

9. Xizmatda nutqimizni nazorat qilishga nima yordam berishi mumkin?

9 Xizmatda kimdir qattiq botadigan so‘zlar aytganida, xafa bo‘lmaslikka harakat qilishimiz kerak. Samandar birodarimiz shunday bo‘lishdi: «Men diqqatimni suhbatdoshim xushxabarni eshitishi kerakligiga va o‘zgarishi mumkinligiga qarataman». Ba’zida shunchaki noqulay paytda kelganimiz uchun uy egasining jahli chiqishi mumkin. Achchig‘i chiqqan kishi bilan gaplashganda, Laylo ismli opamiz kabi yo‘l tutsak bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda u qisqa ibodat qilib, Yahovadan xotirjamlikni saqlashga va xushmuomalalik hamda hurmat bilan gapirishga yordam berishini so‘raydi.

10. Nimaga intilishimiz kerak? (1 Timo‘tiyga 4:13)

10 Ta’lim berishda yanada mahoratli bo‘ling. Timo‘tiy tajribali va’zgo‘y bo‘lgan, lekin shunga qaramay ta’lim berishda mahoratini rivojlantirishi kerak edi. (1 Timo‘tiyga 4:13 ni o‘qing.) Qanday qilib biz mohirlik ila ta’lim bera olamiz? Buning uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Yaxshiyamki, xizmatda mahoratimizni oshirishga yordam beradigan turli asboblarga egamiz. «O‘qishda va ta’lim berishda davom eting» risolasi hamda «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi»ning «Xizmatda faol bo‘ling» qismidan foydali ma’lumotlarni topish mumkin. Bu adabiyotlardan foydalanyapsizmi? Puxta tayyorgarlik ko‘rsak xizmatda kamroq hayajonlanamiz va ishonch bilan gapiramiz.

11. Ba’zi masihiylar qanday qilib yaxshi ta’lim bera olyapti?

11 Yanada yaxshiroq ta’lim berish borasida jamoatdagilardan ham ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Yuqorida tilga olingan Samandar nega ba’zi birodar-u opa-singillar yaxshi ta’lim berishi haqida o‘ylaydi. U shuningdek, ular qay yo‘sin ta’lim berishiga e’tibor qaratib o‘rnak olishga intiladi. Tamara ismli imondoshimiz mahoratli ma’ruzachilar ommaviy nutqlarni qay tarzda yoritib berayotganiga diqqat qaratadi. Shu yo‘sin, u xizmatda odamlar ko‘pincha muhokama qiladigan mavzularda qanday gapirish va muzokara yuritish borasida o‘rganadi.

YIG‘ILISHLARDA O‘RNAK BO‘LING

Yig‘ilishlarda sidqidildan kuylash Yahovaga sharaf keltiradi (12-, 13-xatboshilariga qarang.)

12. Ayrimlar uchun nima qilish qiyin kechadi?

12 Barchamiz yig‘ilishlarda birga qo‘shiq kuylab va yaxshi tayyorlangan sharhlar berib ishtirok eta olamiz. (Zab. 22:22) Ammo ayrimlar uchun omma oldida bunday qilish qiyin kechadi. Bu siz uchun ham qiyinmi? Agar shunday bo‘lsa, boshqalarga bunday qo‘rquvni yengishga nima yordam berganini bilish siz uchun qiziqarli bo‘ladi.

13. Yig‘ilishlarda sidqidildan kuylashingizga nima yordam berishi mumkin?

13 Sidqidildan kuylang. Hamd-u sano qo‘shiqlarini kuylaganimizda, diqqatimizni Yahovani ulug‘lashga qaratishimiz kerak. Sitora ismli opamiz o‘zini yaxshi qo‘shiq kuylaydi, deb hisoblamaydi. Lekin shunga qaramay kuylash orqali u Yahovani ulug‘lashni istaydi. Yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rganida qo‘shiqlarni oldindan kuylash unga yordam beryapti. U qo‘shiqlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rganida, matndagi so‘zlar yig‘ilishda muhokama qilinadigan asosiy fikrlar bilan qanday bog‘liq ekani haqida o‘ylashga harakat qiladi. Sitora shunday deb bo‘lishdi: «Bunday qilish diqqatimni ko‘proq qanday kuylayotganimga emas, so‘zlarning ma’nosiga qaratishga yordam beryapti».

14. Tortinchoq bo‘lsangiz, sharh berishingizga nima yordam berishi mumkin?

14 Muntazam ravishda sharh bering. Ba’zilarning aytishicha, sharh berish ular uchun qiyin. Yuqorida tilga olingan Tamara shunday bo‘lishdi: «Ovozim past bo‘lgani uchun ko‘p odamlar oldida o‘zimni noqulay his qilaman. Hatto ular menga e’tibor bermasa ham, sharh berishga qiynalaman». Ammo Tamara taslim bo‘lmadi. U yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rayotib, savolga beriladigan birinchi javob qisqa va aniq bo‘lishi kerakligini yodda tutadi. U quyidagicha dedi: «Javoblarim qisqa va oddiy bo‘lishi, asosiy fikrni ta’kidlashi yaxshi. Chunki muhokamani o‘tkazayotgan birodar shu kabi javoblarni kutadi».

15. Sharhlarimiz borasida nimani yodda tutishimiz kerak?

15 Hatto tortinchoq bo‘lmagan masihiylar ham ba’zan sharh bermaydi. Nega? Jamila ismli opamiz shunday bo‘lishdi: «Sharhlarim juda oddiy bo‘lgani va uncha yaxshi tuyulmagani uchun ba’zan sharh berishga ikkilanaman». Lekin shuni yodda tuting, Yahova imkonimiz boricha eng yaxshi sharh berishimizni istaydi c. Qo‘rquvga qaramasdan, yig‘ilishlarda Yahovani sharaflash uchun qo‘limizdan kelganini qilganimizda, U xursand bo‘ladi.

KUNDALIK MULOQOTDA O‘RNAK BO‘LING

16. Qanday nutqdan foydalanmasligimiz kerak?

16 «Haqoratli so‘zlarni» ishlatmang. (Efes. 4:31) Yuqorida aytilganiday, masihiylar haqoratli so‘zlardan foydalanmaydi. Ammo yana qanday so‘zlarni ishlatishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak? Masalan, boshqa madaniyat, qabila yoki millatga mansub odamlar haqida yomon gapirmaymiz. Qolaversa, boshqalarning diliga qattiq botadigan so‘zlardan foydalanmaymiz. Bir birodar shunday bo‘lishdi: «Gaplarim kulgili va zararsiz deb o‘ylardim, ammo aslida ular boshqalarga og‘riq keltirardi. Yillar mobaynida xotinim menga yordam berdi. Qo‘pol gapirganimda yoki so‘zlarim bilan uni va boshqalarni ranjitganimda, bu haqida menga aytardi».

17. Efesliklarga 4:29 ga ko‘ra, qay yo‘sin so‘zlarimiz bilan boshqalarni mustahkamlay olamiz?

17 Mustahkamlaydigan so‘zlarni gapiring. Boshqalarni tanqid qilish yoki ulardan norozi bo‘lishning o‘rniga ularni maqtashga harakat qiling. (Efesliklarga 4:29 ni o‘qing.) Isroilliklarda minnatdor bo‘lish uchun ko‘pgina sabablar bor edi. Lekin ular tez-tez noligan. Norozilik ruhi atrofimizdagilarga ta’sir qilishi mumkin. O‘nta ayg‘oqchi olib kelgan yomon xabar tufayli «barcha Isroil o‘g‘illari Musoga... qarshi chiqib, noligani» yodingizda bo‘lsa kerak. (Sah. 13:31–14:4) Boshqa tomondan, maqtov kishini yanada baxtli qilishi mumkin. Yiftoxning qiziga dugonalarining maqtovi vazifasini quvonch bilan bajarishga yordam bergani shubhasiz. (Hak. 11:40) Yuqorida tilga olingan Sitora shunday deb bo‘lishdi: «Boshqalarni maqtaganda, Yahova ularni yaxshi ko‘rishini va Uning tashkilotida o‘z o‘rni borligini his qilishga yordam beramiz». Shuning uchun, imondoshlarimizni chin qalbdan maqtash imkoniyatlarini qidiring.

18. Zabur 15:1, 2 ga binoan, nega rost gapirishimiz kerak va bu nimani o‘z ichiga oladi?

18 Rost gapiring. Rostgo‘y bo‘lmasak, Yahova bizdan mamnun bo‘lmaydi. Chunki U yolg‘ondan nafratlanadi. (Hik. 6:16, 17) Bugungi kunda ko‘p odamlar yolg‘onga oddiy holdek qarasa-da, biz Yahova kabi yolg‘ondan nafratlanamiz. (Zabur 15:1, 2 ni o‘qing.) Ha, biz nafaqat yolg‘on gapirmaymiz, balki boshqalarda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadigan chala haqiqatni aytishdan ham qochamiz.

Salbiy suhbatni ijobiy tomonga yo‘naltirib, Yahovaning marhamatiga sazovor bo‘la olamiz (19-xatboshiga qarang.)

19. Yana nima qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak?

19 G‘iybat qilishdan qoching. (Hik. 25:23; 2 Salon. 3:11) Yuqorida tilga olingan Jamila g‘iybat unga qanday ta’sir qilishi haqida shunday deb bo‘lishdi: «G‘iybat qilishganini eshitganimda ruhim tushadi. Bu g‘iybat qilayotgan insonga nisbatan ishonchimni susaytiradi. Bir kun kelib, u men haqimda ham g‘iybat qilmasligini qayerdan bilaman?» Suhbat g‘iybatga aylanayotganini sezsangiz, mavzuni ijobiy tomonga burishga harakat qiling. (Kolos. 4:6)

20. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

20 Biz yomon nutq keng tarqalgan dunyoda yashayapmiz. Shunga, nutqimiz Yahovani xursand qilishi uchun jon kuydirishimiz darkor. Unutmang, nutq Yahovaning sovg‘asidir. U nutqimizdan qanday foydalanayotganimizga befarq emas. Xizmatda, yig‘ilishda va kundalik muloqotda nutqimizdan to‘g‘ri foydalanish uchun qilgan harakatlarimizga Xudo baraka beradi. Yahova bu yovuz dunyoni yo‘q qilganida, nutqimiz bilan Uni sharaflash ancha osonroq bo‘ladi. (Yahd. 15) Ungacha esa, keling, og‘zimizdan «chiqqan so‘zlar» bilan Yahovani mamnun qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Zab. 19:14)

121-QO‘SHIQ O‘zini tiymoq muhimdir

a Nutqimiz Yahovaning ajoyib sovg‘asidir. Afsuski, ko‘p odamlar bu sovg‘adan Yahova xohlagandek foydalanmayapti. Bu yovuz dunyoda nutqimiz boshqalarga dalda berishiga va Yahovani mamnun qilishiga nima yordam berishi mumkin? Qay yo‘sin xizmatda, yig‘ilishlarda va boshqalar bilan muloqot qilganda nutqimiz bilan Yahovani xursand qila olamiz? Ushbu savollarga bu maqoladan javob topamiz.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Sharh berish haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2019-yil yanvar sonidagi «Jamoat ichra Tangri Yahovaga hamd-u sano ayting» nomli maqolaga qarang.

d RASMLARGA SHARH. Birodar g‘azabga mingan uy egasiga qo‘pol javob qaytaryapti, birodar yig‘ilishda qo‘shiq kuylashga tortinyapti, opamiz g‘iybat qilyapti.