Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaga eng yaxshisini berishdan quvonch toping

Yahovaga eng yaxshisini berishdan quvonch toping

Har kim o‘z ishini tekshirsin. GALAT. 6:4

37-QO‘SHIQ Yahovaga jon-jahd-la xizmat qilaylik

BU MAQOLADA a

1. Qay yo‘sin haqiqiy quvonchni his qilishimiz mumkin?

 YAHOVA baxtli bo‘lishimizni istaydi. Sevinch muqaddas ruh samarasining bir qirrasi bo‘lganidan buni bilishimiz mumkin. (Galat. 5:22) Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta bo‘lganidek, xizmatda astoydil mehnat qilish va imondoshlarimizga turli yo‘llar orqali yordam berish bizga haqiqiy quvonch keltiradi. (Havor. 20:35)

2, 3. a) Qaysi ikkita omil Yahovaning xizmatida quvonchni saqlab qolishimizga yordam beradi? (Galatiyaliklarga 6:4) b) Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

2 Galatiyaliklarga 6:4 da (o‘qing) havoriy Pavlus quvonchni saqlab qolishimizga yordam beradigan ikkita omil haqida aytgan. Birinchisi, Yahovaga o‘zimizda bor eng yaxshisini berishimiz kerak. O‘zimizda bor eng yaxshisini Yahovaga bersak, quvonch his qilamiz. (Mat. 22:36–38) Ikkinchisi, o‘zimizni boshqalar bilan solishtirishdan qochishimiz darkor. Sog‘lig‘imiz, bilim darajamiz yoki qobiliyatlarimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Yahovadan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Chunki bularning barini U bizga hadya etgan. Boshqa tomondan, imondoshlarimiz xizmatning ba’zi turlarida muvaffaqiyatliroq bo‘lsa, xursand bo‘lishimiz kerak. Chunki ular qobiliyatlaridan o‘z xohish-istaklarini qondirish emas, balki Yahovaga sharaf keltirish uchun foydalanyapti. Shunga, o‘zimizni boshqalar bilan solishtirmaylik. Aksincha, ulardan o‘rnak olishga intilaylik.

3 Bu maqolada imkoniyatlarimiz chegaralangani tufayli o‘zimiz xohlaganday xizmat qila olmaganimizda, bizga nima yordam berishini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, in’omlarimizdan qay yo‘sin foydalanishimiz va boshqalarning o‘rnagidan qanday saboq olishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

IMKONIYATLARIMIZ CHEGARALANGANIDA

Butun hayotimiz davomida qo‘limizdan kelgan eng yaxshisini qilsak, Yahovani quvontiramiz (4–6-xatboshilariga qarang.) b

4. Nima tufayli tushkunlikka tushishimiz mumkin? Misol keltiring.

4 Ba’zi masihiylar yoshi o‘tgani va zaif sog‘ligi tufayli xizmatda o‘zlari istaganday qila olmaydi. Bu ularni tushkunlikka tushiradi. Kerol ismli opamizda ham shunday bo‘lgan. U ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilgan. O‘shanda bu opamiz 35 ta Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan hamda ayrimlarga o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mishga yordam bergan. Ha, Kerol opamiz xizmatda ko‘p muvaffaqiyatga erishgan. Ammo keyin sog‘ligi zaiflashgan va ko‘pincha uyda qolishiga to‘g‘ri kelgan. U quyidagicha aytib berdi: «Kasalligim tufayli boshqalar kabi ko‘p qila olmasligimni tushunaman. Lekin o‘zimni ular kabi kuchli imonni namoyon etmayotganday his qilaman. Men xizmatda o‘zim xohlaganday qila olmayman. Bundan tushkunlikka tushaman». Bu opamiz Yahova uchun eng yaxshisini berishni istaydi va bu maqtovga sazovor. Hamdard Xudoyimiz uning harakatlarini qadrlashiga aminmiz.

5. a) Imkoniyatlarimiz chegaralangani tufayli tushkunlikka tushsak, nimani esda saqlashimiz kerak? b) Qay yo‘sin rasmdagi birodar Yahovaning xizmatida eng yaxshisini berishda davom etyapti?

5 Agar imkoniyatlaringiz chegaralangani tufayli tushkunlikka tushsangiz, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Yahova mendan nima kutyapti?» Yahova sizda bor bo‘lgan eng yaxshisini berishingizni kutyapti. Bir vaziyatni tasavvur qilaylik. Opamiz 80 yoshda. U 40 yoshda bo‘lganida xizmatda faol qatnashgan. Opamiz oldingiday xizmat qila olmayotgani uchun tushkunlikka tushyapti. Uning fikricha, hozir ham eng yaxshisini berishga harakat qilsa-da, Yahova bundan mamnun emas. Lekin bu rostdan ham shundaymi? Bir o‘ylab ko‘ring, opamiz 40 yoshida eng yaxshisini bergan bo‘lsa, 80 yoshida ham bunday qilishga harakat qilyapti. Demak, u eng yaxshisini berishdan hech qachon to‘xtamagan. Biz ham Yahovani mamnun qilish uchun yetarlicha xizmat qilmayapman deb o‘ylayotgan bo‘lsak, shuni unutmaylikki, Yahova harakatlarimizning qanchasi Uni mamnun qilishini O‘zi belgilaydi. Yahovaga eng yaxshisini berishga harakat qilsak, U bizni: «Barakalla!» — deb maqtaydi. (Matto 25:20–23 ni solishtiring.)

6. Mariya opamizdan qanday saboq olishimiz mumkin?

6 E’tiborimizni qila olmaydigan emas, qila oladigan narsalarga qaratsak, quvonch topish osonroq bo‘ladi. Mariya ismli opamizning vaziyatini ko‘rib chiqaylik. Kasalligi tufayli u xohlaganday ko‘p xizmat qila olmaydi. Boshida u tushkunlikka tushgan va o‘zini keraksizday his qilgan. Ammo keyinchalik u jamoatidagi to‘shakka mixlangan bir opa haqida o‘ylay boshlagan va unga yordam berishga qaror qilgan. Mariya shunday aytib berdi: «Opamiz bilan telefon va xat yozish orqali xizmat qilishga kelishib oldik. Har safar hamkorlik qilib, uyga qaytganimda unga yordam bera olganim uchun quvonch va mamnuniyat his qilardim». Biz ham e’tiborimizni qila olmaydigan emas, qila oladigan narsalarga qaratsak, quvonch his qilishimiz mumkin. Agar qo‘limizdan ko‘proq qilish kelsa yoki xizmatning muayyan turida muvaffaqiyatliroq bo‘lsak-chi?

IN’OMGA EGA BO‘LSANGIZ, UNDAN FOYDALANING

7. Havoriy Butrus masihiylarga qanday amaliy maslahat bergan?

7 Havoriy Butrus birinchi maktubida imondoshlarini in’omlari va qobiliyatlaridan foydalanib, boshqalarni mustahkamlashga undagan. Butrus shunday deb yozgan: «Tangrining turli yo‘llar bilan ko‘rsatilgan inoyatining ibratli boshqaruvchilari sifatida, har biringiz Undan olgan in’omingizga yarasha bir-biringizga xizmat qiling». (1 Butr. 4:10) In’omlarimizga yarasha yo‘l tutish, ya’ni qobiliyatlarimizdan to‘liq foydalanish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Bu tufayli boshqalar tushkunlikka tushadi yoki hasad qiladi, deb o‘ylamasligimiz lozim. Agar qobiliyatlarimizdan to‘liq foydalanmasak, Yahovaga eng yaxshisini bermagan bo‘lamiz.

8. Nega in’omlarimiz bilan maqtanishdan qochishimiz kerak? (1 Korinfliklarga 4:6, 7)

8 In’omlarimizdan to‘laligicha foydalanishimiz kerak. Ammo ular bilan maqtanishdan ehtiyot bo‘lishimiz lozim. (1 Korinfliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.) Aytaylik, Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashda muvaffaqiyatlisiz. Bu in’omingizdan foydalanishingiz kerak. Lekin in’omdan foydalanish va u bilan maqtanish o‘rtasida farq bor. Tasavvur qilaylik, xizmatda siz bilan ajoyib voqea yuz berdi. Muqaddas Kitob tadqiqini boshladingiz va bu haqda xizmat guruhingizga aytib bermoqchisiz. Guruhingiz bilan uchrashganda, bir opa xizmatda jurnal bera olgani haqida aytib berdi. U jurnal bera oldi, siz Muqaddas Kitob tadqiqini boshladingiz. Endi nima qilasiz? Bu voqea guruhga dalda berishini bilsangiz-da, uni boshqa payt aytib berishga qaror qilarsiz. Chunki opamizning quvonchini susaytirishni aslo istamaysiz. Eng asosiysi, Muqaddas Kitob tadqiqlarini taklif qilishdan to‘xtamang. In’omingiz bor bo‘lsa, undan foydalaning!

9. In’omlarimizdan qanday foydalanishimiz kerak?

9 Qanday qobiliyatlarga ega bo‘lmaylik, bari Xudoning in’omidir. Bu in’omlardan o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish uchun foydalanmasligimiz kerak. Aksincha, ular yordamida imondoshlarimizni mustahkamlashimiz darkor. (Filip. 2:3) Kuchimiz hamda qobiliyatlarimizdan o‘zimizni ko‘rsatish yoki boshqalardan ustunroq ekanimizni isbotlash emas, balki Xudoning irodasini bajarish uchun foydalansak quvonamiz. Chunki in’omlarimiz bilan Yahovaga sharaf keltiramiz.

10. Nega o‘zimizni boshqalar bilan solishtirish nodonlik?

10 Agar inson ehtiyot bo‘lmasa, kuchli tomonlarini boshqalarning kuchsiz tomonlari bilan solishtirish tuzog‘iga tushishi mumkin. Masalan, birodar zo‘r ommaviy nutqlar so‘zlaydi. Bu uning kuchli tomoni. Ehtimol, u unchalik yaxshi nutq aytmaydigan boshqa birodarga past nazar bilan qaraydi. Lekin o‘sha birodar yaxshi nutq ayta olmasa-da, mehmondo‘stlik, farzandlarini tarbiyalash va xizmatda g‘ayrat ko‘rsatishda yaxshi o‘rnakdir. Yahovaga xizmat qilishda va boshqalarga yordam berishda in’omlaridan foydalanayotgan qobiliyatli birodar-u opa-singillarimiz borligi naqadar ajoyib.

BOSHQALARDAN O‘RNAK OLING

11. Nega Isoning o‘rnagiga taqlid qilishga intilishimiz lozim?

11 O‘zimizni boshqalar bilan solishtirmasak-da, Yahovaning sadoqatli xizmatchilaridan o‘rnak olishimiz mumkin. Iso Masih biz uchun eng a’lo o‘rnak. Albatta, mukammal bo‘lmasak ham, uning go‘zal fazilatlari-yu ajoyib ishlaridan o‘rganishimiz mumkin. (1 Butr. 2:21) Uning o‘rnagiga ergashish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilsak, Yahovaning xizmatchisi sifatida yaxshilanib, xizmatda yanada muvaffaqiyatli bo‘lamiz.

12, 13. Shoh Dovuddan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

12 Muqaddas Kitobda nomukammalligiga qaramay sadoqatli bo‘lgan ko‘pgina erkag-u ayollar haqida aytilgan. Ulardan saboq olishimiz mumkin. (Ibron. 6:12) Masalan, shoh Dovudni olaylik. Yahova uni «ko‘nglimga yoqadigan odam», deb aytgan. (Havor. 13:22) Lekin Dovud nomukammal bo‘lgan va ba’zi jiddiy xatolarga qo‘l urgan. Bunga qaramay, undan o‘rnak olsak bo‘ladi. Nega? Chunki unga maslahat berilganda, u o‘zini oqlashga harakat qilmagan. Aksincha, uni qabul qilib, qilmishi uchun chin dildan kechirim so‘ragan. Natijada Yahova uni kechirgan. (Zab. 51:3, 4, 10–12)

13 O‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Maslahatni qanday qabul qilaman? Xatolarimni tan olamanmi yoki o‘zimni oqlashga harakat qilamanmi? Yo bo‘lmasa, darrov boshqalarni ayblaymanmi? Xatolarimni qaytarmaslikka harakat qilamanmi?» Muqaddas Kitobdagi boshqa sadoqatli erkag-u ayollar haqida o‘qiganingizda, shu kabi savollarni o‘zingizga bersangiz bo‘ladi. Ular ham siz kabi qiyinchiliklarga duch kelganmi? Ushbu vaziyatda qanday fazilatlarni namoyon etishgan? Har safar Muqaddas Kitobni o‘qiganingizda, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Yahovaning bu xizmatchisiga qanday taqlid qila olaman?»

14. Imondoshlarimizni kuzatib qanday foyda olishimiz mumkin?

14 Qolaversa, yosh va keksa imondoshlarimizni kuzatib foyda olishimiz mumkin. Masalan, jamoatingizdagi qiyinchiliklarda sadoqatli qolayotgan imondoshingiz haqida o‘ylarsiz. Balki u tengdoshlarining bosimi, oila a’zolarining qarshiligi yoki zaif sog‘ligi bilan kurashayotgandir. Bu imondoshingizda siz yanada ko‘proq rivojlantirishni istagan fazilatni ko‘ryapsizmi? Birodar-u opa-singillarning misoli qiyinchiliklarimizda bardoshli qolishga yordam berishi mumkin. Taqlid qilishimiz mumkin bo‘lgan sadoqatli imondoshlarimizning o‘rnagi borligidan juda minnatdormiz. Bu quvonishimiz uchun sabab bo‘la oladi. (Ibron. 13:7; Yoqb. 1:2, 3)

YAHOVAGA QUVONCH BILAN XIZMAT QILING

15. Havoriy Pavlus xizmatimizni quvonch ila davom ettirishimizga ko‘maklashadigan qanday maslahat bergan?

15 Jamoatda tinchlik va birlik bo‘lishi uchun har birimiz o‘zimizda bor eng yaxshisini berishimiz kerak. Keling, birinchi asrdagi masihiylarga diqqat qarataylik. Ularning har biri turli in’om va qobiliyatlarga ega bo‘lgan. (1 Kor. 12:4, 7–11) Lekin bu ularning orasida raqobat yoki bo‘linishlar bo‘lishiga sabab bo‘lmagan. Pavlus ularga Masihning tanasini barpo etish uchun nima qilish kerakligini aytgan. U efesliklarga shunday deb yozgan: «Har bir a’zo... bir-biri bilan hamkorlik qiladi. Shu tariqa, butun tana a’zolari sevgida mustahkamlanish uchun birgalikda o‘sib boradi». (Efes. 4:1–3, 11, 12, 16) Ular Pavlusning maslahatiga amal qilib, tinchlik va birlikka hissa qo‘shgan. Bugun ham jamoatlarda buni kuzatishimiz mumkin.

16. Qanday yo‘l tutish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak? (Ibroniylarga 6:10)

16 O‘zingizni boshqalar bilan solishtirishdan ehtiyot bo‘ling. Aksincha, Isodan o‘rganib, uning fazilatlariga taqlid qilishga urining. Muqaddas Kitobda tilga olingan insonlarning misolidan va hozirgi kunda mustahkam imonga ega bo‘lgan imondoshlarimizdan foyda oling. Eng yaxshisini qilishda davom etar ekansiz, Yahova «adolatsiz emas... mehnatingizni unutmaydi», degan so‘zlarga ishoning. (Ibroniylarga 6:10 ni o‘qing.) Yahovaga tinmay quvonch ila xizmat qiling. Zero, Uni mamnun qilish uchun chin yurakdan qilayotgan barcha urinishlaringizni U juda qadrlaydi.

65-QO‘SHIQ Olg‘a bos!

a Barchamiz Yahovaga sidqidildan xizmat qilayotgan masihiylardan o‘rnak olishimiz mumkin. Lekin o‘zimizni boshqalar bilan solishtirishdan qochishimiz kerak. Bu maqola quvonchni saqlashimizga va o‘zimizni boshqalar bilan solishtirib mag‘rurlanishdan yoki tushkunlikka tushib qolishdan ehtiyot bo‘lishga yordam beradi.

b RASMLARGA SHARH. Birodar yoshligida Baytilda xizmat qilgan. Keyinchalik, u uylangan va xotini bilan birga kashshoflik qilgan. Farzandlari tug‘ilganidan keyin ularga xizmat qilishni o‘rgatgan. Hozir u keksa bo‘lishiga qaramay, xat yozish orqali va’z qilib o‘zida bor eng yaxshisini berishda davom etyapti.