Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

27-TADQIQ MAQOLASI

«Yahovaga umid bog‘la»

«Yahovaga umid bog‘la»

Yahovaga umid bog‘la, jasoratli va dovyurak bo‘l. ZAB. 27:14

128-QO‘SHIQ So‘nggi damga qadar chidang

BU MAQOLADA *

1. a) Yahova bizga qanday umid bergan? b) «Yahovaga umid bog‘lash» nima degani? («Ibora ma’nosi»ga qarang.)

 YAHOVA Uni sevuvchilarga ajoyib umid bergan. Tez orada U kasallik, og‘riq va o‘limni bartaraf qiladi. (Vah. 21:3, 4) Shuningdek, Yahova Unga umid qilayotgan «kamtar» kishilarga yer yuzini jannatga aylantirishga yordam beradi. (Zab. 37:9–11) Qolaversa, U bilan hozirgidan ham yaqin va do‘stona munosabatlarga ega bo‘la olamiz. Naqadar ajoyib umid! Lekin nima sababli Yahova va’dalarini amalga oshirishiga aminmiz? Chunki U doim so‘zining ustidan chiqadi. Bu Yahovaga «umid bog‘lashimiz» uchun asosli sabab *. (Zab. 27:14) Yahova va’dalarini bajarishini sabr va quvonch bilan kutish orqali Unga umid bog‘layotganimizni ko‘rsatamiz. (Ishayo 55:10, 11)

2. Yahova nimani amalga oshirdi?

2 Yahova va’dalarini bajarishini isbotladi. Keling, bitta misolga nazar solaylik. Vahiy kitobida U bizning davrimizda har bir millat, qabila va tildan bo‘lgan insonlarni yig‘ishi va ular birgalashib Unga xizmat qilishi haqida va’da bergan. Hozir bu guruh insonlar «ulkan olomon» deb taniqli. (Vah. 7:9, 10) Butun dunyodagi irqi, tili va kelib chiqishi turlicha bo‘lgan erkag-u ayollar, bolalar hamjihat bir oiladay. (Zab. 133:1; Yuhan. 10:16) Ular shuningdek, g‘ayrat ila va’z qilib, tinglashni istagan har bir kishiga yaxshiroq sharoitlar bo‘lishi haqidagi umidni baham ko‘rishga doim tayyor. (Mat. 28:19, 20; Vah. 14:6, 7; 22:17) Siz ham ulkan olomon qatorida bo‘lsangiz, shubhasizki, bu umid siz uchun qadrli.

3. Shaytonning maqsadi nimadan iborat?

3 Iblis kelajakka bo‘lgan umidingizdan mahrum qilmoqchi. Uning maqsadi Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilmasligiga hamda va’dalarini amalga oshirmasligiga ishontirishdir. Agar Shayton sizni umidingizdan mahrum qila olsa, jasoratingiz susayib, hatto Yahovaga xizmat qilmay qo‘yishingiz mumkin. U Ayubni ham umidsiz qoldirib, Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatmoqchi bo‘lgan.

4. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz? (Ayub 1:9–12)

4 Ushbu maqolada Shayton Ayubga bosim o‘tkazib, benuqsonligidan voz kechishi uchun foydalangan usullarni ko‘rib chiqamiz. (Ayub 1:9–12 ni o‘qing.) Qolaversa, uning o‘rnagidan qanday saboq olishimiz mumkinligini va Yahova bizni sevishini hamda va’dalarini amalga oshirishini nega yodda tutishimiz kerakligini muhokama qilamiz.

SHAYTON AYUBNI UMIDIDAN MAHRUM QILISHGA INTILGAN

5, 6. Qisqa vaqt ichida Ayubning hayotida nimalar bo‘ldi?

5 Ayubning hayotida hammasi yaxshi edi. U Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lgan. Ayub boy bo‘lib, katta va baxtiyor oilaga ega edi. (Ayub 1:1–5) Lekin bir kunning o‘zida u deyarli hamma narsasini yo‘qotgan. Birinchi bo‘lib, u boyligidan mahrum bo‘lgan. (Ayub 1:13–17) Keyin esa u sevikli farzandlaridan ayrilgan. Bu fojia haqida bir o‘ylab ko‘ring-a! Ota-onaning hatto bitta farzandi vafot etsa yurak-bag‘ri qon bo‘ladi. Ayub va xotini o‘nta farzandidan ayrilganini eshitganida, qanchalik qayg‘u-alam va tushkunlikda bo‘lganini tasavvur qilishimiz mumkin. O‘shanda Ayub kiyimlarini yirtib, yerga muk tushib, ko‘z yosh to‘kkani ajablanarli emas. (Ayub 1:18–20)

6 Keyin Shayton uni juda og‘ir kasallikka giriftor qildi. (Ayub 2:6–8; 7:5) Bundan oldin uni hamma hurmat qilardi. Odamlar u bilan maslahatlashish uchun kelardi. (Ayub 31:18) So‘ng esa hammasi o‘zini undan olib qochdi. Aka-ukalari, yaqin do‘stlari va hatto xizmatkorlari undan yuz o‘girdi. (Ayub 19:13, 14, 16)

Bugungi kunda ko‘p birodar-u opa-singillarimiz qiyinchiliklarni boshdan kechirib, Ayub nimalarni his qilganini tushunadi (7-xatboshiga qarang.) *

7. a) Ayub azob-uqubatlarining sababi nimada deb o‘ylagan, lekin u qanday yo‘l tutishdan bosh tortgan? b) Rasmga ko‘ra, masihiylar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?

7 Shayton Yahova Ayubdan norozi bo‘lgani uchun boshiga azob-uqubatlar tushyapti deb ishontirmoqchi bo‘lgan. Masalan, Shayton Ayubning o‘nta bolasi yig‘ilgan uyga qattiq shamol yuborib, uni barbod qilgan. (Ayub 1:18, 19) Shuningdek, u osmondan olov tushirib, Ayubning qo‘ylari va cho‘ponlarini yutib yuborishiga sababchi bo‘lgan. (Ayub 1:16) Shamol va olov osmondan kelgani uchun Ayub ularni Xudo yubordi degan xayolga borgan. Natijada u biron ishi bilan Yahovani xafa qilgan deb o‘ylagan. Shunday bo‘lsa-da, u samoviy Otasini la’natlashdan bosh tortgan. Ayub ko‘p yillar davomida Yahovadan qut-barakalar olganini tan olgan. Shuning uchun, u yaxshiliklarni quvonch ila qabul qilgandek, yomonliklarni ham qabul qilishga tayyor bo‘lgan. U shunday degan: «Yahovaning ismiga hamd-u sanolar bo‘lsin!» (Ayub 1:20, 21; 2:10) Ayub boyligini, sog‘ligini yo‘qotganiga qaramay Yahovaga sodiq qolgan. Lekin Shayton yana bir narsa qilgan.

8. Shayton Ayubga qarshi yana qanday usulni qo‘llagan?

8 Ayub o‘zini arzimasday his qilishi uchun Shayton uning uchta soxta do‘stidan foydalangan. Ushbu kishilar Ayub ko‘p yomon ishlar qilgani uchun azob chekayotganini aytishgan. (Ayub 22:5–9) Qolaversa, ular Ayub qancha ko‘p yaxshi ishlar qilgan bo‘lmasin, bu Xudo uchun hech qanday ahamiyat kasb etmasligiga ishontirmoqchi bo‘lishgan. (Ayub 4:18; 22:2, 3; 25:4) Shuningdek, ular Ayubga Xudo uni sevmasligi, g‘amxo‘rlik qilmasligi va xizmatini qadrlamasligi kabi shubhali fikrlarni singdirmoqchi bo‘lishgan. Ularning so‘zlari tufayli Ayub o‘zini umidsizday his qilgan bo‘lishi mumkin.

9. Jasoratli va dovyurak bo‘lishga Ayubga nima yordam bergan?

9 Mana shunday vaziyatni tasavvur qiling: Ayub kulda o‘tiribdi va tinmay og‘riqni his qilyapti. (Ayub 2:8) Uning soxta do‘stlari esa uni yomon inson deb ayblab, qilgan ishlari qadrsiz ekanini tinmay gapirishyapti. Boshiga tushgan qiyinchiliklari Ayubni og‘ir tosh kabi bosyapti. Farzandlarini yo‘qotish dardi esa yuragini ezyapti. Lekin u sukut saqlayapti. (Ayub 2:13–3:1) Agar Ayubning soxta do‘stlari uning sukunatini Xudodan yuz o‘girish deb bilishayotgan bo‘lsa, ular noto‘g‘ri fikrda. Shunda ehtimol, Ayub boshini ko‘tarib, do‘stlariga qarab: «Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman!» — deyapti. (Ayub 27:5) Qiyinchiliklar paytida jasoratli va dovyurak bo‘lishga Ayubga nima ko‘maklashgan? U nihoyatda tushkun ahvolda bo‘lsa-da, Xudo unga yordam berishidan umidini uzmagan. Ayub hatto olamdan o‘tsa ham Xudo uni tiriltirishiga ishongan. (Ayub 14:13–15)

AYUBGA QANDAY TAQLID QILISHIMIZ MUMKIN?

10. Ayub haqidagi voqeadan nimalarni bilib olyapmiz?

10 Ayub haqidagi voqeada Shayton bizga bosim o‘tkazib, Yahovadan yuz o‘girishga majburlay olmasligiga diqqat qaratdik. Shuningdek, Yahova har bir vaziyatdan xabardor. Bu bizga ham tegishli munozarali masalani yaxshiroq tushunishimizga ko‘maklashyapti. Ayub haqidagi voqeadan qanday o‘zgacha saboqlar olishimiz mumkinligiga nazar solaylik.

11. Agar Yahovaga umid qilishda davom etsak, nimaga ishonishimiz mumkin? (Yoqub 4:7)

11 Ayub shuni isbotladiki, agar Yahovaga umid bog‘lashda davom etsak, har qanday qiyinchilikni yengib, Shaytonga qarshi tura olamiz. Buning natijasi qanday bo‘ladi? Muqaddas Kitobda aytilishicha, Iblis bizdan qochadi. (Yoqub 4:7 ni o‘qing.)

12. Tirilishga bo‘lgan umid Ayubni qanday mustahkamlagan?

12 Tirilishga bo‘lgan umidimiz mustahkam bo‘lishi darkor. O‘tgan maqolada ko‘rib chiqqanimizday, Shayton ko‘p hollarda benuqsonligimizdan voz kechishimiz uchun o‘lim oldidagi qo‘rquvdan foydalanadi. Shayton Ayub hayotini saqlab qolishi uchun har qanday narsaga borishini va hatto benuqsonligidan voz kechishini aytgan. Lekin u adashgan. Ayub o‘lim yoqasida turganida ham Allohga sodiq qolgan. Uning Yahova himmatli ekaniga ishonchi va yordam berishiga bo‘lgan kuchli umidi sabotli bo‘lishga ko‘maklashgan. Ayub Xudo masalani hatto u tirikligida hal qilmasa ham kelajakda albatta uni tiriltirishiga ishongan. Uning tirilishga bo‘lgan umidi mustahkam edi. Bizning ham bu umidimiz mustahkam bo‘lsa, hatto o‘lim yoqasida benuqsonligimizdan voz kechmaymiz.

13. Nega Shaytonning Ayubga qarshi qo‘llagan usullariga diqqatli bo‘lishimiz kerak?

13 Shayton Ayubga qarshi qo‘llagan usullariga diqqatli bo‘lishimiz kerak. Chunki bugungi kunda ham u ushbu usullaridan foydalanyapti. Shayton: «[Nafaqat Ayub, balki] odam o‘z hayotini saqlab qolish uchun birovning hayotini ham ayamaydi!» — deb tuhmat qilgan. (Ayub 2:4, 5) Bu bilan Shayton biz Yahovani chin dildan yaxshi ko‘rmasligimizni va o‘z hayotimizni saqlash uchun undan voz kechishimizni aytyapti. Shuningdek, Shayton Xudo bizni sevmaydi va Uning qalbini quvontirish uchun qilayotgan ishlarimizga befarq, deb da’vo qilyapti. Shaytonning usullarini bilar ekanmiz, uning yolg‘onlariga ishonmay Yahovaga umid bog‘laymiz.

14. Qiyinchiliklar o‘zimiz haqimizda nimalarni oshkor etadi? Misol keltiring.

14 Qiyinchiliklarimizga o‘zimiz haqimizda nimanidir bilib olish imkoni deb qarashimiz kerak. Ayub duch kelgan sinovlar unga muayyan kamchiliklarini bilib olishga va ularni o‘zgartirishga ko‘maklashdi. Misol uchun, u kamtarlik fazilatini yanada ko‘proq rivojlantirishi kerakligini anglab yetdi. (Ayub 42:3) Bizning ham anchagina kamchiliklarimiz sinovlar paytida oshkor bo‘lishi mumkin. Nikolay * ismli birodar jiddiy sog‘liq muammolariga qaramay qamoqqa tashlandi. U shunday deb bo‘lishdi: «Qamoqxona rentgenga o‘xshaydi. U yerda, rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan fazilatlarni bilib olamiz». Ha, kamchiliklarimizni aniqlagandan keyin ularni o‘zgartirishga harakat qilamiz.

15. Kimga quloq solishimiz kerak va nega?

15 Biz dushmanlarimizga emas, Yahovaga quloq solishimiz kerak. Ayub Yahovani diqqat bilan tinglagan. Xudo Ayub bilan muzokara qilib, quyidagicha aytganday bo‘lgan: «Ijodlarimda qudratimni ko‘ryapsanmi? Sen bilan sodir bo‘layotgan har bir narsadan xabardorman. Senga g‘amxo‘rlik qila olmayman deb o‘ylaysanmi?» Ayub Yahovaning inoyati uchun minnatdor ekanini ko‘rsatib, kamtarlik ila shunday javob bergan: «Sen haqingda eshitgan edim. Ammo endi Seni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turibman». (Ayub 42:5) Bu so‘zlarni aytganida u ehtimol, badaniga yaralar toshgan holda kulda o‘tirib, farzandlaridan ayrilgani uchun qayg‘u chekayotgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Yahova uni O‘z sevgisiga va undan rozi ekaniga ishontirdi. (Ayub 42:7, 8)

16. Sinovlar paytida nimani yodda tutishimiz lozim? (Ishayo 49:15, 16)

16 Bugungi kunda ham odamlar bizni hech narsaga arzimaydiganday bilishi va haqoratlashi hech gap emas. Qolaversa, ular bizning yoki tashkilotimizning nomiga dog‘ tushirishga harakat qilishi hamda «yolg‘on va har qanday yaramas so‘zlarni aytishi» mumkin. (Mat. 5:11) Ayubning misolidan shuni ko‘ryapmizki, Yahova sinovlar paytida unga sodiq qolishimizga ishonadi. U bizni sevadi va Unga umid qilayotganlarni hecham tashlab ketmaydi. (Ishayo 49:15, 16 ni o‘qing.) Xudoning dushmanlari tarqatayotgan yolg‘onlarga e’tibor bermasligimiz lozim. Turkiyada yashovchi Jeyms ismli birodarning oilasi juda qiyin sinovlarga duch kelgan. U shunday dedi: «Xudoning xalqi haqidagi yolg‘onlarni eshitish jasoratimizni so‘ndirganini tushundik. Shunga Samoviy Shohlikka umid bog‘lab, Yahovaga faol tarzda xizmat qilishda davom etdik. Natijada quvonchimizni saqlab qoldik». Ayub kabi Yahovaga quloq solishimiz lozim. Shunda dushmanlarimizning yolg‘onlari umidimizni so‘ndirmaydi.

UMIDINGIZ SIZNI MUSTAHKAMLAYDI

Ayub sadoqatli qolgani uchun Xudo unga baraka ato etgan. U xotini bilan uzoq va baxtli hayot kechirgan (17-xatboshiga qarang.) *

17. Ibroniylarga 11-bobda tilga olingan sadoqatli erkag-u ayollarning o‘rnagidan qanday saboq olishimiz mumkin?

17 Ayub qiyinchiliklar paytida jasoratli va dovyurak bo‘lib qolgan Yahovaning xizmatchilaridan biri. Havoriy Pavlus Ibroniylarga yo‘llagan maktubida bunday insonlarni «shohidlar olomoni» deb atagan. (Ibron. 12:1) Ularning hammasi qiyin damlarni boshdan kechirgan. Lekin shunga qaramay Yahovaga sadoqatli qolgan. (Ibron. 11:36–40) Xo‘sh, ularning sadoqati va qilgan ishlari besamar bo‘lganmi? Albatta yo‘q. Ushbu sadoqatli kishilar hayoti davomida Yahovaning barcha va’dalari amalga oshganini ko‘rmagan bo‘lsa-da, Unga umid qilishda davom etgan. Chunki ular Yahovaning roziligini olganiga hamda Uning va’dalari amalga oshganini ko‘rishga ishongan. (Ibron. 11:4, 5) Ularning o‘rnagi Yahovaga umid qilishda davom etish qarorimizni mustahkamlaydi.

18. Nima qilish qaroringiz qat’iy? (Ibroniylarga 11:6)

18 Biz razillashib ketayotgan dunyoda yashayapmiz. (2 Tim. 3:13) Shayton Xudoning xalqini sinashda davom etyapti. Oldimizdagi qiyinchiliklarga qaramay Yahovaga xizmat qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Shuningdek, «barhayot Tangriga umid bog‘layotganimizga» ishonch hosil qilaylik. (1 Tim. 4:10) Unutmangki, Ayub «Yahova mehr-shafqatli, rahmdil Xudo» ekanini isbotladi. (Yoqb. 5:11) Keling, biz ham Yahovaga sadoqatli bo‘lib qolaylik. Chunki Xudo «Uni astoydil izlayotganlarni mukofotlaydi». (Ibroniylarga 11:6 ni o‘qing.)

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

^ Og‘ir qiyinchiliklarda sadoqatli qolgan insonlar haqida o‘ylaganimizda, ko‘pincha xayolimizga Ayub payg‘ambar keladi. Bu imonli kishidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Shayton Yahovadan yuz o‘girishga bizni majburlay olmaydi. Qolaversa, Yahova biz bilan nimalar sodir bo‘layotganini yaxshi biladi. U Ayubning qiyinchiliklariga chek qo‘ygani kabi bizning ham azob-uqubatlarimizni bartaraf etadi. Harakatlarimiz bilan bularga to‘laqonli ishonayotganimizni ko‘rsatsak, demak Yahovaga chindan ham umid bog‘layapmiz.

^ IBORA MA’NOSI. «Umid bog‘lash» deb tarjima qilingan ibroniycha ibora asosan nimanidir sabrsizlik bilan «kutish» degan ma’noni bildiradi. Shuningdek bu, kimgadir ishonishni yoki tayanishni ham anglatishi mumkin. (Zab. 25:2, 3; 62:5)

^ Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ RASMGA SHARH. Ayub va xotini farzandlarini yo‘qotish kabi fojiaga duch kelgan.

^ RASMGA SHARH. Ayub qiyinchiliklarni sabr-bardosh ila yenggan. U va xotini Yahova ularga bergan barakalar ustida mulohaza yuritishyapti.