Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

37-TADQIQ MAQOLASI

Imondoshlaringizga ishoning

Imondoshlaringizga ishoning

Sevgi... hamma narsaga ishonadi, har narsaga umid qiladi. 1 KOR. 13:7

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

BU MAQOLADA a

1. Ko‘pchilik boshqalarga ishonmayotganidan nega hayron emasmiz?

 SHAYTONNING dunyosida odamlar kimga ishonishni bilmaydi. Ular din rahbarlari, tijoratchi va siyosatchilarning ishlaridan doim norozi. Qolaversa, ko‘plar do‘stlari, qo‘shnilari va hatto oila a’zolariga ishonmaydi. Biz bundan hayron emasmiz. Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, «oxirzamonda» odamlar sadoqatsiz, tuhmatchi va sotqin bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ular ushbu zamonaning xudosi Shaytonga o‘xshaydi. Unga ishonib bo‘lmaydi. (2 Tim. 3:1–4; 2 Kor. 4:4)

2. a) Kimga to‘liq ishonamiz? b) Ba’zilarda qanday savol paydo bo‘lishi mumkin?

2 Masihiylar sifatida Yahovaga to‘liq ishonamiz. (Yerm. 17:7, 8) U bizni sevishiga hamda do‘stlarini «aslo tark etmasligiga» aminmiz. (Zab. 9:10) Shuningdek, Iso Masihga ham ishonamiz. Chunki u o‘z jonini biz uchun fido qilgan. (1 Butr. 3:18) Muqaddas Kitobdagi prinsiplar amaliy ekanini o‘z tajribamizdan bilamiz. (2 Tim. 3:16, 17) Ha, Yahovaga, Isoga va Muqaddas Kitobga ishonamiz. Lekin ba’zilar: «Birodar-u opa-singillarimga doim ishonsam bo‘ladimi?» — deb o‘ylanib qoladi. Agar bu savolning javobi «ha» bo‘lsa, nega ularga ishonishimiz mumkin?

IMONDOSHLARIMIZGA MUHTOJMIZ

Dunyo bo‘ylab biz kabi Yahovani sevadigan ishonchli birodar-u opa-singillarimiz bor (3-xatboshiga qarang.)

3. Qanday sharafga egamiz? (Mark 10:29, 30)

3 Yahova bizni umumjahon oilasiga qo‘shdi. Bu katta sharaf bo‘lib, ko‘p foyda keltiradi. (Mark 10:29, 30 ni o‘qing.) Dunyoning turli joylarida biz kabi Yahovani sevadigan va Uning me’yorlari bo‘yicha yashashga intiladigan imondoshlarimiz bor. Tilimiz, madaniyatimiz va kiyimlarimiz turlichadir. Ammo birinchi martda tanishganimizdayoq bir-birimizga yaqin bo‘lib qolamiz. Ayniqsa, ular bilan birga samoviy Otamizni ulug‘lab, Unga topinishni yaxshi ko‘ramiz. (Zab. 133:1)

4. Nega birodar-u opa-singillarimizga muhtojmiz?

4 Hozir birodar-u opa-singillarimiz bilan har qachongidan ham yaqinroq munosabatlarga ega bo‘lishimiz kerak. Ba’zan ular bizning og‘irliklarimizni ko‘tarishadi. (Rim. 15:1; Galat. 6:2) Shuningdek, ular Yahovaning xizmatida faol bo‘lishimizga hamda ma’nan mustahkam qolishimizga yordam berishadi. (1 Salon. 5:11; Ibron. 10:23–25) Dushmanlarimizga, ya’ni Shayton Iblis va uning yovuz dunyosiga qarshi turibmiz. Bizga ko‘maklashadigan jamoatimiz bo‘lmaganida, o‘zimizni qanday his qilardik-a?! Tez orada Shayton va uning tomonida bo‘lganlar Xudoning xizmatchilariga hujum qiladi. O‘shanda birodar-u opa-singillarimiz bizni qo‘llab-quvvatlayotganidan nihoyatda minnatdor bo‘lamiz!

5. Nega ba’zilar boshqalarga ishonishga qiynaladi?

5 Ammo ba’zilar imondoshlariga ishonishga qiynaladi. Ehtimol, ular shaxsiy ma’lumotni kimgadir aytgan va u boshqalarga uni yetkazgan yoki va’dasida tura olmagan. Yoki bo‘lmasa, jamoatdagi biron kishi ularning qalbiga ozor yetkazgandir. Bunday vaziyatlarda boshqalarga ishonish qiyin bo‘lishi hech gap emas. Xo‘sh, imondoshlarimizga ishonishga nima yordam berishi mumkin?

SEVGI ISHONISHGA YORDAM BERADI

6. Qay yo‘sin sevgi ishonchni mustahkamlashga yordam beradi? (1 Korinfliklarga 13:4–8)

6 Ishonchning poydevori — sevgi. 1 Korinfliklarga 13- bobda tasvirlangan sevgining qirralari boshqalarga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashga yoki qayta tiklashga yordam beradi. (1 Korinfliklarga 13:4–8 ni o‘qing.) Misol uchun, 4- oyatda: «Sevgi sabr-toqatli va mehribondir»,— deb aytilgan. Yahova Unga qarshi gunoh qilganimizda ham bizga sabr qiladi. Shu bois, birodar-u opa-singillarimizning gapi yoki harakati g‘ashimizni keltirganida yo qalbimizni og‘ritganida, ularga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishimiz kerak. 5- oyatda esa: «[Sevgi] achchiqlanmaydi, xafagarchiliklarni hisoblab yurmaydi»,— deyilgan. Biz ham xafagarchiliklarni hisoblab yurishni, ya’ni imondoshlarimiz qalbimizni og‘ritganini doim yodda tutishni istamaymiz. Voiz 7:9 da: «Arazchi bo‘lma»,— deb aytilgan. Keling, yaxshisi, Efesliklarga 4:26 dagi ushbu so‘zlarga amal qilaylik: «Quyosh botguncha g‘azabdan qaytinglar».

7. Qanday qilib boshqalarga bo‘lgan ishonchimizni oshira olamiz? (Matto 7:1–5)

7 Shuningdek, imondoshlarimizga Yahova kabi qarasak ularga ko‘proq ishona olamiz. Xudo ularni yaxshi ko‘radi va xatolarini hisoblamaydi. Biz ham Unga taqlid qilishni istaymiz. (Zab. 130:3) Boshqalarning kamchiliklariga emas, balki yaxshi tomonlariga diqqat qaratishimiz va ular qila oladigan yaxshi ishlari haqida o‘ylashimiz lozim. (Matto 7:1–5 ni o‘qing.) Ularning niyati xolis ekanidan hech qachon shubhalanmaymiz. Chunki «sevgi hamma narsaga chidaydi». (1 Kor. 13:7) Bu odamlarga ko‘r-ko‘rona ishonishimiz kerakligini anglatmaydi. Aksincha, ishonchli bo‘lgani uchun ularga ishonamiz b.

8. Qanday qilib imondoshlarga ko‘proq ishonishga o‘rgana olasiz?

8 Ishonchni ham hurmat kabi qozonish kerak. Bu esa vaqt talab etadi. Qanday qilib imondoshlarga ko‘proq ishona olasiz? Ularni yaxshiroq bilishga harakat qiling. Jamoat yig‘ilishlarida imondoshlar bilan suhbatlashing. Ular bilan birgalikda va’zgo‘ylikda ishtirok eting. Sabrli bo‘lib, ularga ishonish mumkinligini isbotlashga imkon bering. Ehtimol, boshida ularga his-tuyg‘ularingiz va shaxsiy ma’lumotlarni aytmassiz. Lekin munosabatlaringiz qalinlashgani sayin bularni aytish siz uchun osonroq bo‘lar. (Luqo 16:10) Agar imondoshingiz sizni ranjitsa, nima qilasiz? Undan umidingizni uzishga shoshilmang, biroz vaqt o‘tishiga yo‘l qo‘ying. Ba’zilarning xatti-harakati imondoshlarga bo‘lgan ishonchingizni o‘g‘irlashiga yo‘l qo‘ymang. Bu borada Yahovaning ba’zi sodiq xizmatchilarining misollarini ko‘rib chiqamiz. Boshqalar ularni xafa qilgan bo‘lsa-da, ular ishonishda davom etishgan.

BOSHQALARGA BO‘LGAN ISHONCHNI RIVOJLANTIRGAN INSONLARDAN SABOQ OLING

Elaxning noto‘g‘ri munosabatiga qaramay, Xanna Yahovaga ishongan (9-xatboshiga qarang.)

9. a) Qanday qilib Xanna ba’zilarning xatolariga qaramay Yahovaga ishonishda davom etgan? b) Xannaning misolidan qanday saboq olyapsiz? (Rasmga qarang.)

9 Qachondir mas’uliyatli birodardan ranjiganmisiz? Unday bo‘lsa, Xannaning misolini ko‘rib chiqish siz uchun foydali bo‘ladi. O‘sha paytlarda Isroilda oliy ruhoniy Elax Yahovaga topinishda muhim o‘rin egallagan. Ammo uning oila a’zolari yaxshi o‘rnak ko‘rsatmagan. Elaxning o‘g‘illari ruhoniy bo‘lganiga qaramay, uyatsiz va axloqsiz ishlarga qo‘l urgan. Otasi esa ularni to‘g‘ri yo‘lga solishga deyarli harakat qilmagan. Lekin Yahova Elaxni oliy ruhoniy vazifasidan shu zahoti mahrum etmagan. Xanna u muqaddas chodirda oliy ruhoniy bo‘lganida Yahovaga topinishda davom etgan. Elax Xanna ko‘ngli g‘amga to‘lib ibodat qilayotganini ko‘rganida, uni mast deb o‘ylagan. Tafsilotlarni tekshirib ko‘rmay Elax ko‘ngli ezilgan Xannani tanqid qilgan. (1 Shoh. 1:12–16) Shunday bo‘lsa ham, Xanna o‘g‘il ko‘rsa uni muqaddas chodirda xizmat qilishga olib kelishni va’da qilgan. Chunki u Elax o‘g‘liga g‘amxo‘rlik qilishiga ishongan. (1 Shoh. 1:11) Qiziq, Elaxning o‘g‘illari bilan nima bo‘lgan? Vaqti kelib, Yahova ularni jazolagan, Xannani esa mukofotlab o‘g‘li Shomuilni bergan. (1 Shoh. 4:17; 1 Shoh. 1:17–20)

10. Ba’zilar Dovudning ko‘nglini og‘ritgan bo‘lsa-da, qanday qilib u boshqalarga ishonishda davom etdi?

10 Qachondir yaqin do‘stingiz ko‘nglingizni og‘ritganmi? Agar shunday bo‘lsa, shoh Dovudning misoliga diqqat qarataylik. Oxito‘fel uning do‘sti edi. Lekin u Absalomga sherik bo‘lib, Dovudni taxtdan tushirmoqchi bo‘ldi. Ham o‘g‘lining, ham do‘stining ko‘magisiz qolish Dovud uchun kuchli zarba bo‘lgandir. Shunga qaramay, u boshqalarga ishonishda davom etdi. Dovud isyonga qo‘shilishdan bosh tortgan sadoqatli do‘sti Xushayga ishondi. Bu to‘g‘ri qaror edi. Chunki Xushay Dovudni qutqarish uchun hatto o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, yaxshi do‘st ekanini isbotladi. (2 Shoh. 17:1–16)

11. Qanday qilib Navolning bitta xizmatkori ishonchni namoyon etgan?

11 Navolning xizmatkori ko‘rsatgan o‘rnakka e’tibor qarataylik. Bir safar Dovud va uning odamlari boy bo‘lgan isroillik Navolning xizmatkorlarini himoya qilishgan. Vaqt o‘tib, Dovud undan odamlari uchun yegulik so‘ragan. Navol qo‘lidan keladigan bu ishni qilishdan bosh tortgan. Shunda Dovud g‘azabga minib, uning xonadoniga tegishli barcha erkak kishilarni o‘ldirishga qaror qilgan. Navolning bitta xizmatkori xo‘jayinining xotini Obigaylga barchasini aytib bergan. U Navolning xonadoniga tegishli bo‘lgan va Obigayl uning hayotini qutqarib qolishini yaxshi bilgan. Xizmatkor qochib ketishning o‘rniga, Obigayl vaziyatni hal qilishiga ishongan. U Obigayl boshqalar orasida dono ayol sifatida tanilganini bilgan. Shuning uchun, undan shubhalanmagan. Keyinchalik yuz bergan voqealar u to‘g‘ri yo‘l tutganini ko‘rsatyapti. Chunki Obigayl jasorat ila yo‘l tutib, Dovudni rejalashtirgan ishidan qaytishga undagan. (1 Shoh. 25:2–35) Obigayl Dovud to‘g‘ri qaror chiqarishiga ishongan.

12. Iso shogirdlariga ishonganini qay yo‘sin ko‘rsatgan?

12 Iso shogirdlarining xatolariga qaramay ularga ishongan. (Yuhan. 15:15, 16) Yoqub va Yuhanno Isodan Shohlikda o‘zgacha mavqega ega bo‘lishni so‘rashganida, u ularning niyatini shubha ostiga qo‘ymagan yoki ularni havoriy bo‘lishdan mahrum etmagan. (Mark 10:35–40) Keyinchalik, Iso hibsga olingan kechada shogirdlari uni tashlab ketishgan. (Mat. 26:56) Ammo Iso ularga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmagan. U shogirdlarining nomukammal ekanini tushungan va «ularni oxirigacha sevgan». (Yuhan. 13:1) Iso tirilganidan so‘ng 11 ta sadoqatli havoriysiga shogird tayyorlash va uning qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qilishni topshirgan. (Mat. 28:19, 20; Yuhan. 21:15–17) Isoning ushbu nomukammal insonlarga bo‘lgan ishonchi ko‘r-ko‘rona bo‘lmagan. Shogirdlar yerdagi hayotining yakuniga qadar sadoqat ila xizmat qilishgan. Ha, Xanna, Dovud, Navolning xizmatkori, Obigayl va Iso nomukammal insonlarga ishonish borasida a’lo o‘rnak.

ISHONCHINGIZNI TIKLANG

13. Boshqalarga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishga nima sabab bo‘lishi mumkin?

13 Birodarga biron maxfiy ma’lumotni aytib, keyinchalik u ishonchingizni oqlamagan vaziyatga duch kelganmisiz? Bunday vaziyat tufayli tushkunlikka tushish hech gap emas. Bir opamizning misoliga diqqat qarataylik. U shaxsiy masalasini bir oqsoqolga aytib bergan. Keyingi kuni esa oqsoqolning xotini opamizga qo‘ng‘iroq qilib, uning masalasi bo‘yicha unga dalda bergan. Bundan keyin bu opamiz oqsoqolga ishonmay qo‘ygan. Lekin u to‘g‘ri yo‘l tutgan va yordam izlagan. Opamiz bu haqda boshqa oqsoqol bilan gaplashgan. U opamizga oqsoqollarga bo‘lgan ishonchini tiklashga ko‘maklashgan.

14. Bir birodarimizga ishonchini tiklashga nima yordam bergan?

14 Bir birodar ikkita oqsoqoldan xafa bo‘lib, ularga ishonmay qo‘ygan. Ammo u juda hurmat qilgan birodarning so‘zlari ustida mulohaza yurita boshlagan. O‘sha birodar: «Bizning dushmanimiz imondoshlar emas, Shaytondir»,— deb aytgan. Bu so‘zlar uni harakatga undagan. U Yahovaga ibodat qilgan va ikkala oqsoqol bilan munosabatini tiklagan.

15. Nega ishonchni tiklash uchun vaqt kerak bo‘lishi mumkin? Misol keltiring.

15 Qachondir jamoatdagi mas’uliyatli vazifangizdan mahrum bo‘lganmisiz? Bu nihoyatda og‘ir bo‘lishi mumkin. Masalan, 1930-yillar davomida natsistlar Germaniyasida faoliyatimiz taqiq ostida bo‘lganida Greta va uning onasi sadoqat ila xizmat qilishgan. Greta «Qo‘riqchi minorasi» jurnalini chop etishga yordam bergan. Ammo birodarlar opamizning otasi haqiqatga qarshi ekanini bilishganida, u jamoatga oid ma’lumotlarni dushmanlarga aytib berishidan qo‘rqib, uni vazifasidan ozod etishgan. Greta boshqa qiyinchiliklarga ham duch kelgan. Ikkinchi jahon urushi paytida birodarlar Greta va uning onasiga jurnallarimizni bermay qo‘yishgan. Ko‘chada ko‘rib qolishganida esa hatto salomlashishmagan. Bu ularga juda og‘ir botgan. Greta o‘sha birodarlarni kechirishiga va ularga bo‘lgan ishonchini tiklashiga ko‘p vaqt kerak bo‘lgan. U: «Yahova ularni kechirgan bo‘lsa kerak. Men ham kechirishim lozim»,— degan c.

«Bizning dushmanimiz imondoshlar emas, Shaytondir»

16. Nima uchun birodar-u opa-singillarga bo‘lgan ishonchimizni tiklashimiz kerak?

16 Agar siz ham shu kabi yoqimsiz voqeani boshdan kechirgan bo‘lsangiz, ishonchingizni tiklashda davom eting. Harakatlaringiz behuda emas. Misol uchun, qaysidir taomni yeb mazangiz qochsa, bundan buyog‘iga nima yeyayotganingizga e’tiborli bo‘lasiz. Birgina yomon taom sizni ovqatlanishdan to‘xtatmaydi. Shu kabi, birgina yomon voqea nomukammal birodaru opa-singillarga bo‘lgan ishonchingizni o‘g‘irlashiga yo‘l qo‘ymang. Ishonchimizni tiklaganda, baxtliroq bo‘lamiz va jamoatda hamma bir-biriga ishonishi uchun nimalar qilishimiz mumkinligiga e’tibor bera olamiz.

17. Nega ishonch muhim va keyingi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

17 Shaytonning dunyosiga emas, imondoshlarimizga ishonaylik. Chunki ularni yaxshi ko‘ramiz va ular ham bizni sevadi. Bunday ishonch quvonchimizga quvonch qo‘shib, hozirning o‘zida yakdil bo‘lishimizga va oldimizdagi og‘ir paytlarda duch keladigan qiyinchiliklarda himoya qiladi. Bordi-yu, kimdir sizni ranjitgan bo‘lsa va unga boshqa ishonmayotgan bo‘lsangiz, vaziyatga Yahova kabi qarashga harakat qiling. Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni qo‘llang va u yerdagi misollardan saboq oling. Imondoshlarga bo‘lgan sevgingizni kuchaytiring. Shuningdek, xafagarchilikni yengib, boshqalarga bo‘lgan ishonchingizni tiklang. Shu yo‘sin, «tug‘ishgandan ham yaqinroq do‘stlar» orttirasiz. (Hik. 18:24) Biroq nafaqat biz boshqalarga, balki ular ham bizga ishonishi kerak. Navbatdagi maqolada birodarlarimiz bizga ishonishi uchun nima qilishimiz mumkinligi haqida so‘z yuritamiz.

99-QO‘SHIQ Son-sanoqsiz Shohidlarmiz

a Birodar-u opa-singillarimizga ishonishimiz kerak. Bu doim ham oson emas, ayniqsa, ular bizni ranjitganda juda qiyin bo‘ladi. Ushbu maqolada imondoshlarimizga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashga yoki qayta tiklashga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni va o‘tmishda yashagan ba’zilarning misollarini ko‘rib chiqamiz.

b Muqaddas Kitobda jamoatdagi ba’zilarga ishonmasligimiz kerakligi haqida yozilgan. (Yahd. 4) Kam hollarda, soxta birodarlar «noto‘g‘ri ta’limotlar» orqali boshqalarni haq yo‘ldan ozdiradi. (Havor. 20:30) Ularga ishonmasligimiz va quloq solmasligimiz darkor.

c Gretaning vaziyati haqida ko‘proq bilish uchun 1974-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»ning (ingl.) 129–131- sahifalariga qarang.