Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahovadan o‘rganish va U haqda ta’lim berishdan zavq olyapman

Yahovadan o‘rganish va U haqda ta’lim berishdan zavq olyapman

MEN Istonda (Pensilvaniya, AQSH) katta bo‘lganman. Oldinlari universitetga kirib mansabdor inson bo‘lishni istardim. O‘qishni juda yaxshi ko‘rardim. Matematika va fizika eng yaxshi ko‘rgan fanlarim edi. 1956-yili qora tanli o‘quvchilar orasida eng yuqori ball olganim uchun fuqarolik huquqlari tashkiloti menga 25 dollar bergandi. Keyinchalik, hayotimdagi maqsadlar o‘zgardi. Nega deysizmi?

YAHOVA HAQIDA BILIB OLDIM

1940-yillarning boshida ota-onam Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq boshlashdi. Ular tadqiqni to‘xtatgan bo‘lsa ham, onam «Qo‘riqchi minorasi» va «Uyg‘oning!» jurnallarini olib turardi. 1950-yili Nyu-Yorkda xalqaro anjuman bo‘ldi va oilamiz bilan u yerga bordik.

Bundan ko‘p vaqt o‘tmay birodar Lourens Jeffriz uyimizga kelishni boshladi. U haqiqatga bo‘lgan qiziqishimni kuchaytirishga harakat qilardi. Boshida Yahovaning Shohidlari betaraflikni saqlamay, siyosatga aralashishi va harbiy xizmatni o‘tashi kerak deb o‘ylardim. Men: «Agar Amerikadagi barcha odamlar urushga borishdan bosh tortsa, dushmanlar mamlakatni bosib oladi-ku!» — deb aytgandim. Birodar Jeffriz sabr ila shunday degandi: «Nima deb o‘ylaysan, agar Amerikadagi hamma odamlar Yahovaga topinganida va dushmanlar ularga hujum qilganida U qanday yo‘l tutgan bo‘lardi?» Uning bu va boshqa masalalar borasida aytganlari noto‘g‘ri fikrda ekanimni tushunishga yordam berdi. Shu yo‘sin, haqiqatga bo‘lgan qiziqishim oshdi.

A. Suvga cho‘mishim

Onam «Qo‘riqchi minorasi» va «Uyg‘oning!» jurnallarining eski sonlarini yerto‘lada to‘plab qo‘ygandi. Men ularni soatlab o‘qib o‘tirardim. Vaqt o‘tgani sayin bu haqiqat ekanini tushundim va birodar Jeffrizning Muqaddas Kitobni tadqiq qilish taklifini qabul qildim. Shuningdek, yig‘ilishlarga muntazam qatnaydigan bo‘ldim. Olayotgan bilimlar o‘zimga yoqardi va men va’zgo‘y bo‘ldim. «Yahovaning ulug‘ kuni yaqin» ekanini tushunganimda, hayotimdagi maqsadlarni o‘zgartirdim. (Zaf. 1:14) Universitetga kirishning o‘rniga boshqalarga Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rgatishni xohlardim.

1956-yili 13-iyunda maktabni bitirdim va uch kundan keyin tuman anjumanida suvga cho‘mdim. Hayotimni boshqalarga Yahova haqida ta’lim berishga bag‘ishlab ko‘p barakalarga ega bo‘laman, deb hech qachon o‘ylamaganman.

KASHSHOF SIFATIDA O‘RGANISH VA TA’LIM BERISH

Suvga cho‘mganimdan olti oy o‘tgach, doimiy kashshof bo‘ldim. «Ilohiy xizmatimiz»ning 1956-yil dekabr sonida «Ehtiyoj katta hududda xizmat qila olasizmi?» nomli maqola chiqdi. Men xizmat qila olardim va xushxabar keng tarqalmagan hududda yordam berishni istardim. (Mat. 24:14)

Men Edjfildga ko‘chib o‘tdim (Janubiy Karolina). U yerdagi jamoatda to‘rtta va’zgo‘y bor edi. Men beshinchisi bo‘ldim. Yig‘ilishlarni bir birodarning uyida o‘tkazardik. Har oy 100 soat va’z qilardim. Va’zgo‘ylik xizmatini tashkillashtirish va yig‘ilishlarda nutqlar aytish bilan band bo‘lardim. Qizig‘i shundaki, bu ishlar bilan shug‘ullanganim sayin Yahova haqida ko‘proq bilib olardim.

Bitta ayol bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazardim. U bir necha kilometr uzoqlikda bo‘lgan Jonston shahrida yashardi. Qolaversa, u mehribonlik qilib menga ish topib berdi. U yerda haftasiga bir necha kun ishlardim. Bundan tashqari, u o‘zining kichik bir binosida yig‘ilishlar o‘tkazishimizga ruxsat berdi.

Lourens birodarning o‘g‘li Jolli Jeffriz Bruklindan (Nyu-York) ketib, men bilan birga kashshoflik xizmatida ishtirok etadigan bo‘ldi. Biz bir birodar berib turgan treylerda (g‘ildirakli uy) yashardik.

Janubda ish haqi juda kam edi. Kuniga ikki-uch dollar to‘lashardi. Bir safar bor pulimga oziq-ovqat sotib olgandim. Do‘kondan chiqqanimda oldimga bir kishi kelib: «Ishlashni xohlaysizmi? Soatiga bir dollar beraman»,— dedi. U menga uch kun ichida qurilish maydonchasini tozalashni aytdi. Yahova Edjfildda qolishim uchun menga yordam berayotganini aniq ko‘rdim. Shuningdek, pulim kam bo‘lishiga qaramay 1958-yili Nyu-Yorkda o‘tkazilgan xalqaro anjumanga bora oldim.

B. To‘y kunimiz

Anjumanning ikkinchi kuni ajoyib voqea yuz berdi. Men Gallatinda (Tennessi) doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilgan Rubi Vadlington ismli singlimizni uchratdim. Biz to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lishni orzu qilardik. Shu bois, o‘sha anjumanda Gilad maktabida o‘qishni xohlaydigan va’zgo‘ylar uchun o‘tkazilgan uchrashuvga bordik. Keyinchalik bir-birimizga xat yozishni boshladik. Bir kuni meni Gallatinga ommaviy nutq so‘zlashga taklif qilishdi. O‘sha imkoniyatdan foydalanib, Rubiga oila qurishni taklif qildim. So‘ng uning jamoatiga ko‘chdim va 1959-yili biz turmush qurdik.

JAMOATDA O‘RGANISH VA TA’LIM BERISH

23 yoshda bo‘lganimda Gallatinda meni jamoat xizmatkori (hozir oqsoqollar kengashining raisi deb ataladi) etib tayinlashdi. Charlz Tompson tuman noziri bo‘lganidan keyin birinchi bo‘lib bizning jamoatga tashrif buyurdi. U juda tajribali edi, lekin bunga qaramay imondoshlarning ehtiyojlari hamda boshqa tuman nozirlari ularga qanday g‘amxo‘rlik qilayotgani borasida o‘z fikrimni bildirishni so‘radi. Undan muhim qarorlar chiqarishdan oldin savollar berish va barcha tafsilotlarga ega bo‘lish kerakligini o‘rgandim.

1964-yili mayda meni Saut-Lansingga (Nyu-York) bir oylik Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturiga taklif qilishdi. Ta’lim bergan birodarlar Yahova haqida ko‘proq o‘rganib, Unga yaqinlashish istagimni yanada kuchaytirishdi.

TUMAN VA VILOYAT NOZIRLIK XIZMATIDA O‘RGANISH VA TA’LIM BERISH

1965-yili yanvarda bizni tuman nozirlik xizmatiga taklif qilishdi. Birinchi hududimiz juda katta edi. Unga Noksvilldan (Tennessi) Richmondgacha (Virginiya) bo‘lgan hudud kirardi. Shimoliy Karolina (Kentukki) va G‘arbiy Virginiyadagi jamoatlar ham hududimizga kirardi. Qo‘shma Shtatlarning janubida qora tanli odamlar oq tanli odamlar bilan birga yig‘ilishi mumkin emas edi. Shu bois, biz qora tanli kishilardan iborat bo‘lgan jamoatlarga tashrif buyurardik. Imondoshlarimiz kambag‘al edi. Bor narsamizni muhtoj bo‘lganlar bilan bo‘lishishni o‘rgandik. Ancha yillar tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan bir birodar shunday maslahat berdi: «Imondoshlaringiz uchun xo‘jayin emas, birodar bo‘ling. Ular birodari ekaningizni his qilishsagina yordam bera olasiz».

Kichkina jamoatga tashrif buyurganimizda, Rubi 17 yoshli bir qiz bilan tadqiq boshladi. Uning bir yoshli qizalog‘i bor edi. Jamoatda hech kim u bilan tadqiq o‘tkazmagan, lekin Rubi buni xatlar orqali qildi. Keyingi safar tashrif buyurganimizda u barcha uchrashuvlarga keldi. O‘sha jamoatga tayinlangan ikkita maxsus kashshof opamiz u bilan tadqiqni davom ettirdi. Vaqt o‘tib u suvga cho‘mdi. Taxminan 30-yildan keyin 1995-yili Pattersondagi Baytilda yosh singlimiz Rubining yoniga kelib o‘zini tanishtirdi. Bu o‘sha qiziquvchining qizi edi. U va uning eri Gilad maktabining 100- sinfida o‘qishgan.

Ikkinchi hududimiz Florida edi. O‘sha paytlarda bizga mashina kerak bo‘lgani uchun yaxshi narxga bittasini sotib oldik. Lekin birinchi haftaning o‘zidayoq motori ishdan chiqdi. Uni tuzatish uchun pulimiz yo‘q edi. Shuning uchun, bizga yordam bera oladigan bitta birodarga mashinani ko‘rsatdim. U ishchisiga mashinani tuzatib berishni aytdi va buning uchun bizdan pul olmay: «Bu chin yurakdan»,— dedi. U bizga sovg‘a sifatida ozgina pul ham berdi. Bu Yahova O‘z xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilishining yaqqol isboti edi. Bundan boshqalarga saxiylik ko‘rsatishni o‘rgandik.

Jamoatlarga tashrif buyurganimizda imondoshlarimiznikida yashardik. Bu tufayli ko‘p do‘stlar orttirdik. Bir safar chop etish mashinasida jamoat haqida hisobot yozdim. O‘sha xatni chop etish mashinasining ichida qoldirib ketgandim. Kechki payt uyga qaytganimda, biz yashagan oiladagi uch yoshli bolakay chop etish mashinasining tugmalariga bosib, uni tugatib qo‘yishga «yordam berganini» ko‘rdim. Ancha yillar davomida unga buni eslatib hazillashib turardim.

1971-yili Nyu-Yorkka viloyat noziri sifatida tayinlanganim haqida xat oldim. Bu xatni o‘qiganimizda lol qoldik. Men o‘shanda atigi 34 yoshda edim. U yerdagi imondoshlar birinchi qora tanli viloyat nozirini, ya’ni meni iliq qarshi oldi.

Viloyat noziri sifatida har hafta tuman anjumanida Yahova haqida ta’lim berishdan zavq olardim. Aksariyat tuman nozirlari menga qaraganda ko‘proq tajribaga ega edi. Ulardan biri suvga cho‘mishimdan oldin nutq so‘zlagan. Boshqasi esa Teodor Yarach edi. U keyinchalik Yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan. Shuningdek, anjumanda Bruklin Baytilida xizmat qilgan ko‘pgina tajribali birodarlar ham bor edi. Men o‘sha tuman nozirlari va baytilchilardan juda minnatdorman. Chunki ular o‘zimni erkinroq his qilishimga yordam berishgan. Ushbu birodarlar Xudoning Kalomiga asoslanib yo‘l tutadigan mehribon cho‘ponlar ekanini hamda tashkilotni sadoqat ila qo‘llab-quvvatlaganini shaxsan ko‘rganman. Ularning kamtarligi viloyat noziri sifatida xizmat qilishimga yordam bergan.

TUMAN NOZIRLIK XIZMATIGA QAYTISH

1974-yili Yetakchi kengash boshqa tuman nozirlarini viloyat noziri sifatida tayinladi. Men esa yana Janubiy Karolinaga tuman noziri etib tayinlandim. O‘shanda Qo‘shma Shtatlarning janubidagi oq va qora tanli kishilardan iborat jamoatlarga birga yig‘ilish ruxsat etilgandi. Bundan juda baxtiyor edik.

1976-yilning oxirida men Atlanta va Kolumbus shaharlarining o‘rtasidagi hududga — Jorjiyaga tayinlandim. Qora tanli imondoshlarimizning beshta farzandi nobud bo‘lganida dafn nutqini aytganim haliyam esimda. Bir kishi ularning uyiga o‘t qo‘ygandi. Beshta farzandning ota-onasi esa jarohat olgani uchun kasalxonada edi. Ham qora tanli, ham oq tanli Yahovaning Shohidlari kasalxonaga ularni yo‘qlashga kelib, tasalli berishardi. Men imondoshlarimizning cheksiz sevgisini ko‘rgandim. Bu Xudoning xizmatchilariga eng qiyin damlarda bardoshli bo‘lishga yordam beradi.

BAYTILDA BILIM OLISH VA TA’LIM BERISH

1977-yili bir loyihada yordam berish uchun bizni bir necha oyga Bruklindagi Baytilga taklif qilishdi. Loyiha tugay deb qolganida Yetakchi kengashning ikkita a’zosi biz bilan uchrashdi va Baytilda qolib xizmat qilishni taklif qildi. Biz taklifni qabul qildik.

24-yil davomida Xizmat bo‘limida mehnat qildim. Ko‘pincha birodarlarga murakkab masalalarni hal qilishga ko‘maklashardim. Yillar davomida Yetakchi kengash Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga muvofiq yo‘l-yo‘riqlar berib kelyapti. Bu yo‘l-yo‘riqlar yordamida Xizmat bo‘limi savollarga javob berib tuman noziri, oqsoqollar va kashshoflarga ta’lim beryapti. Bunday ta’lim ma’nan o‘sishimga asqatib, Yahovaning tashkilotini yanada mustahkamlayapti.

1995-yildan 2018-yilgacha men Bosh idora vakili (oldinlari mintaqa noziri deb atalardi) sifatida turli filiallarga tashrif buyurdim. Men Filial qo‘mitasi a’zolari, baytilchilar, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bilan uchrashib, ularning ruhini ko‘tarishga va yordam berishga harakat qilardim. Imondoshlarimizning turli vaziyatlari haqida eshitish Rubi ikkimizga dalda berardi. Misol uchun, 2000-yili Ruandaga tashrif buyurdik. U yerdagi imondoshlar va Baytil oilasi 1994-yili sodir bo‘lgan genotsiddan qanday omon qolgani haqida eshitish qalbimizga qattiq ta’sir qildi. Ko‘plar yaqinlarini yo‘qotdi. Ular qiyinchiliklarga qaramay, sadoqat va quvonch bilan xizmat qilishda davom etib, umidini so‘ndirmadi.

To‘yimizning 50-yilligi

Hozir yoshimiz 80 dan oshgan. Oxirgi 20-yil davomida Qo‘shma Shtatlardagi Filial qo‘mitasida xizmat qilyapman. Universitetda o‘qimagan bo‘lsam-da, Yahova va Uning tashkilotidan eng a’lo ta’lim olyapman. Bu menga boshqalarga abadiy yordam berishi mumkin bo‘lgan haqiqatlarni o‘rgatish imkonini berdi. (2 Kor. 3:5; 2 Tim. 2:2) Bu haqiqatlar boshqalarga hayotini yaxshilashga hamda Yaratuvchimiz bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashayotganini ko‘ryapman. (Yoqb. 4:8) Rubi ikkimiz qo‘ldan kelgancha boshqalarni Yahova haqida ta’lim olishga va Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni boshqalar bilan bo‘lishishga undayapmiz. Bu Yahovaning xizmatchisi ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng katta sharaf!