Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Havoriy Pavlus o‘zi haqida «barvaqt tug‘ilgan»,— deganda nimani nazarda tutgan? (1 Korinfliklarga 15:8)

Havoriy Pavlus 1 Korinfliklarga 15:8 da quyidagicha degan: «Nihoyat, [u] barvaqt tug‘ilgan bolaga o‘xshagan menga ko‘rindi». Bu yerda Pavlus vahiyda Isoni osmonda ko‘rgani haqida aytyapti. Lekin u «barvaqt tug‘ilgan» deganda nimani nazarda tutgan? Oldinlari, buni boshqacha tushunardik. Go‘yoki Pavlus samoviy hayot uchun tug‘ilish yoki tirilish sharafiga barvaqt ega bo‘lganday edi. Aslida bu tirilish bir necha asrlardan so‘ng yuz berishi lozim edi. Ammo ushbu oyatni chuqurroq tadqiq qilgach, uning tushunchasiga o‘zgarish kiritishga ehtiyoj sezdik.

Xo‘sh, Pavlus nimani nazarda tutgan? Quyida bir nechta taxmin keltirilgan.

Uning o‘zgargani kutilmagan va og‘riqli edi. Odatda bola barvaqt tug‘ilsa, bu hamma uchun kutilmagan voqea bo‘ladi. Shoul (keyinchalik Pavlus deb tanilgan) masihiylarni ta’qib qilish uchun Damashqqa ketayotganida, vahiy orqali tirilgan Isoni ko‘raman, deb o‘ylamagan. Pavlusning o‘zgargani uning o‘zi va Damashqdagi masihiylar uchun kutilmagan voqea bo‘lgan. Bu o‘zgarish Pavlusga og‘riq keltirgan, chunki u vaqtincha ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan. (Havor. 9:1–9, 17–19)

U «noma’qul paytda» o‘zgargan. «Barvaqt tug‘ilgan» deb tarjima qilingan yunoncha so‘z, shuningdek, «noma’qul paytda tug‘ilgan» degan ma’noni bildirishi mumkin. Bir kitobda bu shunday yoritilgan: «Go‘yoki men hech kim kutmagan paytda tug‘ilganman». («The Jerusalem Bible») Pavlus o‘zgargan paytda Iso allaqachon osmonga ko‘tarilgan edi. Pavlus oldingi oyatlarda tilga olgan odamlardan farqli ravishda, tirilgan Iso osmonga ko‘tarilganini ko‘rmagan. (1 Kor. 15:4–8) Hatto «noma’qul paytday» tuyulgan bo‘lsa ham, Iso Masih tirilganidan keyin Pavlusni uni ko‘rish sharafiga muyassar qilgan.

U o‘zi haqida kamtarlik ila gapirgan. Ba’zi olimlarning fikricha, Pavlus bu iborani qo‘llaganida o‘zini pastga urganday bo‘lgan. Agar rostdan ham Pavlus buni nazarda tutgan bo‘lsa, u o‘zini havoriy bo‘lishga noloyiq ekanini tan olgan. Sababi u davom etib, shunday degan: «Men havoriylarning eng kichigiman va havoriy deb nomlanishga ham noloyiqman, chunki Tangrining jamoatini ta’qib qilardim. Endi esa, Xudoning inoyati bilan shu mavqega ega bo‘ldim». (1 Kor. 15:9, 10)

Demak, Pavlus Iso unga kutilmaganda ko‘ringanini, o‘zgargani noma’qul paytda bo‘lganini yoki shu kabi ajoyib vahiyni ko‘rishga noloyiq ekanini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Shunisi aniqki, Pavlus uchun bu voqea juda muhim bo‘lgan. Bu tufayli Pavlus Iso tirilganiga ishonch hosil qilgan. Shubhasizki, u boshqalarga Isoning tirilgani haqida va’z qilganida o‘sha voqeani tez-tez tilga olgan. (Havor. 22:6–11; 26:13–18)