Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-TADQIQ MAQOLASI

«Hushyor va sergak bo‘linglar»

«Hushyor va sergak bo‘linglar»

Hushyor va sergak bo‘linglar. 1 BUTR. 5:8

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

BU MAQOLADA a

1. Iso shogirdlariga oxirat haqida nima degan va ularni nimaga undagan?

 ISONING o‘limidan bir necha kun oldin to‘rtta shogirdi unga: «Zamon oxirlab borayotganini qaysi belgidan bilib olamiz?» — deb savol bergan. (Mat. 24:3) Hoynahoy, ular Quddus va ma’bad qachon vayron bo‘lishini bilmoqchi bo‘lgandir. Iso ularga javoban nafaqat Quddus va ma’badning vayron bo‘lishi, balki aynan biz yashayotgan «zamonning oxiri» haqida aytgan. Iso: «U kun va u soat haqida osmondagi farishtalar ham, O‘g‘il ham bilmaydi. Faqatgina samoviy Otam biladi»,— degan. So‘ng barcha shogirdlarini «hushyor turishga» undagan. (Mark 13:32–37)

2. Nima uchun birinchi asrdagi masihiylar hushyor turishi kerak edi?

2 Birinchi asrda Yahudiyada yashagan masihiylar hayotini saqlab qolish uchun hushyor bo‘lishi kerak edi. Iso izdoshlariga Quddus vayron bo‘lish vaqti yaqin ekanini nimadan bilishlari mumkinligini aytgan. U shunday degan: «Harbiylar Quddusning atrofida qarorgoh qurganini ko‘rsangiz, bilinglarki, uning vayron bo‘lishi yaqindir». O‘shanda ular Isoga quloq solib, «tog‘larga qochishi» kerak edi. (Luqo 21:20, 21) Uning so‘zlariga diqqatli bo‘lganlar rimliklar Quddusni vayron qilganida omon qolishgan.

3. Ushbu maqolada nima haqida so‘z yuritamiz?

3 Biz yovuz dunyoning oxirgi kunlarida yashayapmiz. Shuning uchun, sergak va hushyor turishimiz har qachongidan ham muhimroq. Ushbu maqolada, dunyodagi hodisalarni kuzatayotib qay yo‘sin muvozanat saqlashimiz, o‘zimizga diqqat qilishimiz hamda vaqtdan unumli foydalanishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

DUNYODAGI VOQEALARNI KUZATAR EKANSIZ, MUVOZANAT SAQLANG

4. Nega bashoratlar amalga oshayotgani bilan qiziqishimiz kerak?

4 Muqaddas Kitobdagi bashoratlar hozir qanday amalga oshayotganini ko‘rish biz uchun qiziqarli. Masalan, Iso Shayton dunyosining oxiri yaqin ekanini ko‘rsatadigan bir nechta hodisalarni sanab o‘tgan. (Mat. 24:3–14) Havoriy Butrus bizni bashoratlar qanday amalga oshayotganiga e’tibor qaratishga undagan. Chunki bu imonimizni mustahkamlaydi. (2 Butr. 1:19–21) Vahiy 1:1 da quyidagicha yozilgan: «Yaqinda yuz beradigan voqealarni O‘z qullariga oshkor etish maqsadida, Alloh bu vahiyni Iso Masihga berdi». Shuning uchun, bashoratlar hozir qanday amalga oshayotgani bizda qiziqish uyg‘otyapti va hatto ularni bir-birimiz bilan muhokama qilayotgandirmiz.

Bashoratlarni muhokama qilayotib, nima qilishimiz va qilmasligimiz lozim? (5-xatboshiga qarang.) b

5. Nima qilishimiz va qilmasligimiz kerak? (Rasmlarga ham qarang.)

5 Bashoratlarni muhokama qilar ekanmiz, turli xil taxminlar qilishdan qochishimiz kerak. Nega? Sababi, jamoatning birligiga nimadir salbiy ta’sir qilishini xohlamaymiz. Misol uchun, dunyo boshliqlari muayyan kelishmovchilikni hal qilib, tinchlik va xavfsizlik o‘rnatmoqchi ekanini eshitib qolamiz. Bunday paytda 1 Salonikaliklarga 5:3 dagi bashorat amalga oshayotgani haqida taxminlar qilishning o‘rniga tashkilotimiz taqdim etayotgan so‘nggi ma’lumotdan xabardor bo‘lishimiz kerak. Buning asosida suhbat qursak, jamoatdagilarga «bir fikr orqali» yakdil bo‘lishga ko‘maklashamiz. (1 Kor. 1:10; 4:6)

6. Ushbu oyatlardan qanday saboq olsak bo‘ladi? (2 Butrus 3:11–13)

6 2 Butrus 3:11–13 ni o‘qing. Havoriy Butrus bashoratlarni qaysi niyatda tadqiq qilayotganimiz haqida o‘ylab ko‘rishga chorlayapti. U: «Yahovaning kuni kelishini kutib, uni esingizda saqlanglar»,— deb aytgan. Nima uchun? Hamma gap, Yahova Armageddonni qaysi kun va soatda boshlashini bilishni xohlayotganimizda emas, balki vaqtimizdan unumli foydalanib, «muqaddas fe’l-atvorli hamda xudojo‘y bo‘lishni» istaganimizdadir. (Mat. 24:36; Luqo 12:40) Boshqacha aytganda, biz to‘g‘ri yo‘l tutishni va Yahova uchun qilayotgan barcha ishlarimiz Unga bo‘lgan sevgiga asoslanishini xohlaymiz. Buning uchun o‘zimizga diqqat qilishimiz darkor.

O‘ZIMIZGA DIQQAT QILISH NIMANI ANGLATADI?

7. O‘zimizga diqqat qilayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz? (Luqo 21:34)

7 Iso shogirdlarini nafaqat dunyodagi hodisalarga, balki o‘ziga ham diqqat qilishga undagan. Buni Luqo 21:34 dan (o‘qing) bilib olyapmiz. U: «O‘zingizga diqqat qilinglar»,— deb aytgan. Bunday yo‘l tutadigan inson Yahova bilan munosabatlariga yomon ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har qanday xavfdan ogoh bo‘ladi va qochadi. Shu yo‘sin, u o‘zini Xudoning mehr-muhabbatida saqlaydi. (Hik. 22:3; Yahd. 20, 21)

8. Havoriy Pavlus masihiylarni nima qilishga chorlagan?

8 Havoriy Pavlus masihiylarni o‘zlariga diqqatli bo‘lishga undagan. Misol uchun, u Efesdagi masihiylarga quyidagicha yozgan: «Qanday yo‘l tutayotganingizga o‘ta diqqatli bo‘lib, nodonlar kabi emas, donolar kabi yo‘l tutinglar». (Efes. 5:15, 16) Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimiz doim Shaytonning nishonida. Agar Muqaddas Kitobda aytilganiday, «Yahovaning irodasi qanday ekanini anglab olsak», uning hujumlariga qarshi tura olamiz. (Efes. 5:17)

9. Qay yo‘sin Yahovaning bizga nisbatan irodasini aniqlay olamiz?

9 Muqaddas Kitobda Yahova bilan do‘stligimizga raxna soladigan har bir xavf-xatar haqida aytilmagan. Ko‘pincha Kalomda aniq yo‘l-yo‘riqlar berilmagan masalalar bo‘yicha qaror chiqarishimizga to‘g‘ri keladi. Dono qaror chiqarish uchun Yahovaning irodasini anglashimiz lozim. Buni Kalomni muntazam ravishda tadqiq qilish va mulohaza yuritish orqali qila olamiz. «Yahovaning irodasini» ko‘proq tushunish va «Masih kabi fikr yuritish», hatto muayyan qoidalar bo‘lmagan vaziyatlarda ham «donolar kabi yo‘l tutishimizga» yordam beradi. (1 Kor. 2:14–16) Ayrim hollarda xavf-xatarlarni aniqlash oson bo‘ladi, ba’zida esa yo‘q.

10. Nimalardan qochishimiz zarur?

10 Masalan, noz-karashma, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, ochofatlik, boshqalarni ranjitadigan gaplarni aytish, zo‘ravon o‘yin-kulgi turlari, pornografiya va hokazolardan qochishimiz kerak. (Zab. 101:3) Dushmanimiz Iblis Yahova bilan munosabatlarimizga zarar keltirish ilinjida. (1 Butr. 5:8) Agar hushyor bo‘lmasak, u ongimiz-u qalbimizga hasad, ochko‘zlik, takabburlik, qalloblik, nafrat va gina-kudurat urug‘larini ekishi hech gap emas. (Galat. 5:19–21) Avvaliga bunday kamchiliklar zararsizday tuyular. Biroq shu zahoti tomiri bilan sug‘urib tashlamasak, ular yovvoyi o‘t kabi o‘sib ketishi va muammo tug‘dirishi mumkin. (Yoqb. 1:14, 15)

11. Qaysi yashirin xavfdan qochishimiz muhim va nega?

11 Qochishimiz kerak bo‘lgan xavflardan biri — xulqi yomon odamlar bilan do‘stlashish. Quyidagi vaziyatga e’tibor bering. Siz imondoshingiz bo‘lmagan inson bilan ishlaysiz. U Yahovaning Shohidlari haqida yaxshi fikrda bo‘lishi uchun siz mehribon va doim yordamga tayyorsiz bo‘lasiz. Ba’zida u bilan tushlik qilasiz. Keyinchalik bu odatga aylanadi. Gohida hamkoringiz axloqsiz narsalar haqida gapiradi. Boshida siz buni yoqtirmassiz, lekin vaqt o‘tib, uning gaplariga o‘rganib qolasiz va nima deyayotganiga e’tibor bermay qo‘yasiz. Bir kuni u sizni ishdan keyin ichishga taklif qiladi va siz rozi bo‘lasiz. Oxir-oqibat hamkoringiz kabi fikr yurita boshlaysiz. Endi o‘ylab ko‘ring: xuddi u kabi yo‘l tutishingizga ko‘p vaqt kerak bo‘ladimi? Albatta, barcha insonlarga mehribon bo‘lib, hurmat ko‘rsatishga harakat qilamiz. Lekin kim bilan vaqt o‘tkazayotganimiz bizga qattiq ta’sir qilishini unutmasligimiz lozim. (1 Kor. 15:33) Agar Iso Masih aytganiday, o‘zimizga diqqat qilsak, Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashamaydigan insonlar bilan do‘stlashishdan ehtiyot bo‘lamiz. (2 Kor. 6:15) Shunda xavfni ko‘rib, undan qocha olamiz.

VAQTINGIZDAN UNUMLI FOYDALANING

12. Hozir Isoning shogirdlari nima bilan band?

12 Isoning shogirdlari zamonaning oxiri kelishini kutayotib qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Sababi, Iso ularga muhim vazifani topshirib, «Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar» xushbaxarni e’lon qilishni aytgan. (Havor. 1:6–8) Ha, ular qilishi kerak bo‘lgan ish hali juda ko‘p! Isoning izdoshlari va’z qilish uchun qo‘lidan kelganini qilib, vaqtdan unumli foydalanishyapti.

13. Nega vaqtimizdan unumli foydalanish kerak? (Kolosaliklarga 4:5)

13 Kolosaliklarga 4:5 ni o‘qing. O‘zimizga diqqat qilish uchun vaqtimizdan qanday foydalanayotganimiz borasida yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz darkor. Har birimiz «vaqt va tasodifga duch kelishimiz» mumkin. (Voiz 9:11) Kutilmaganda hayotimizdan ayrilib qolishimiz hech gap emas.

Qay yo‘sin vaqtimizdan unumli foydalana olamiz? (14-, 15-xatboshilariga qarang.)

14, 15. Qay yo‘sin vaqtimizdan samarali foydalana olamiz? (Ibroniylarga 6:11, 12) (Rasmga ham qarang.)

14 Yahovaning irodasini bajarish va U bilan munosabatlarimizni mustahkamlash uchun jon kuydirish arziydi. (Yuhan. 14:21) Biz: «Barqaror va mahkam turinglar. Doimo Rabbimizning ishi bilan band bo‘linglar»,— degan so‘zlarga amal qilishimiz lozim. (1 Kor. 15:58) Shunda bu yovuz dunyoning oxiri keladimi yoki hayotdan ko‘z yumamizmi hech narsadan afsuslanmaymiz. (Mat. 24:13; Rim. 14:8)

15 Bugungi kunda Iso shogirdlari Shohlik haqidagi xabarni butun dunyo bo‘ylab va’z qila olishlari uchun yo‘l-yo‘riqlar beryapti. U va’dasining ustidan chiqdi. Yahovaning tashkiloti orqali Iso bizni va’z qilishga o‘rgatib, bu ish olg‘a surilishi uchun kerakli barcha narsalarni taqdim etyapti. (Mat. 28:18–20) Va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishida g‘ayrat ko‘rsatish hamda bu yovuz dunyoning oxiri kelguncha hushyor turish orqali minnatdorchiligimizni namoyon etamiz. Shuningdek, Ibroniylarga 6:11, 12 dagi (o‘qing) maslahatga amal qilib, umidimizni «oxirigacha» saqlay olamiz.

16. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

16 Tangri Yahova Shaytonning yovuz dunyosini yo‘q qilish kunini va soatini allaqachon belgilagan. O‘sha payt kelganida U Kalomida yozib qoldirilgan barcha narsalarni amalga oshiradi. Ba’zida oxirat yaqin orada kelmasa kerak, deb o‘ylashimiz mumkin. Lekin unutmang, Yahovaning kuni «kechikmaydi!» (Xab. 2:3) Shuning uchun «Yahovaga ko‘z tikib, Najotkorimiz Xudoni sabr bilan kutish» qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Mixo 7:7)

139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik

a Dunyodagi hodisalarni kuzatayotib, qay yo‘sin muvozanatni saqlashimiz va hushyor bo‘lishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, qanday qilib o‘zimizga diqqat qilishimiz hamda vaqtdan unumli foydalanishimiz borasida so‘z yuritamiz.

b RASMGA SHARH: (Yuqorida) Er-xotin yangiliklarni tomosha qilyapti. Yig‘ilishdan keyin esa tuyg‘ularga berilib, bu borada shaxsiy nuqtai nazarini boshqalarga aytyapti. (Pastda) Bir juftlik Yetakchi kengash a’zosi bashoratning yangilangan tushunchasini taqdim etayotganini tomosha qilyapti. Ular ishonchli xizmatkor tomonidan taqdim etilayotgan adabiyotlarimizni boshqalarga taklif qilyapti.