Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-TADQIQ MAQOLASI

Xudoning hadyasi bo‘lmish hayotni qadrlang

Xudoning hadyasi bo‘lmish hayotni qadrlang

U orqali yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz. HAVOR. 17:28

141-QO‘SHIQ Hayot — mo‘jizadir

BU MAQOLADA a

1. Yahova uchun hayotimiz qanday ahamiyatga ega?

 AYTAYLIK, do‘stingiz eski, lekin qimmatbaho noyob rasmni sizga sovg‘a qildi. Uni nodir asar deb aytsa bo‘ladi. Ammo u-bu joylarida dog‘lari va yoriqlari bor, rangi ham oz-moz o‘chgan. Bunga qaramay, u juda qimmat turadi. Shubhasizki, bu sovg‘a uchun minnatdor bo‘lib, uni avaylaysiz. Shunga o‘xshab, Yahova bizga bebaho sovg‘a, ya’ni hayot ato etgan. Darhaqiqat, U O‘z O‘g‘lini biz uchun to‘lov sifatida berib, hayotimizni juda qadrlashini ko‘rsatdi. (Yuhan. 3:16)

2. Yahova bizdan nimani kutadi? (2 Korinfliklarga 7:1)

2 Tangri Yahova hayot Manbai. (Zab. 36:9) Havoriy Pavlus buni yaxshi tushungani uchun: «U orqali yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz»,— deb aytgan. (Havor. 17:25, 28) Chindan ham hayotimiz Allohning bebaho sovg‘asidir. U yashashimiz uchun kerakli barcha narsani mehr ila muhayyo qilgan. (Havor. 14:15–17) Lekin Yahova tirik qolishimiz uchun mo‘jizalar yaratmaydi. U jismoniy va ma’naviy sog‘ligimizga imkon qadar g‘amxo‘rlik qilishimizni istaydi. (2 Korinfliklarga 7:1 ni o‘qing.) Nega sog‘ligimizni va hayotimizni asrashimiz lozim? Buni qay yo‘sin qila olamiz?

HAYOT HADYASINI QADRLANG

3. Sog‘ligimizga e’tiborli bo‘lishimiz kerakligining sabablaridan biri qanday?

3 Sog‘ligimizni asrashga intilishimizning sabablaridan biri Yahovaga eng yaxshisini berib xizmat qilishni istashimizdir. (Mark 12:30) «Tanalaringizni tirik, muqaddas, Xudoga ma’qul keladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlanglar» degan so‘zlarga amal qilib, sog‘ligimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ishlardan qochamiz. (Rim. 12:1) Albatta, nimaiki qilmaylik, bu umuman kasal bo‘lmasligimizni kafolatlamaydi. Lekin samoviy Otamizning hadyasi bo‘lmish hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsatish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz.

4. Shoh Dovud nima qilishni xohlagan?

4 Shoh Dovud nega hayotni qadrlash kerakligi haqida shunday yozgan: «O‘lganimdan, go‘rga tushganimdan ne foyda? Tuproq Senga maqtov aytadimi? Sadoqating haqida gapiradimi?» (Zab. 30:9) Hoynahoy, Dovud bu so‘zlarni hayotining oxirida aytgan. U o‘lishni xohlamagan va Yahovaga imkon boricha ko‘proq xizmat qilmoqchi bo‘lgan. Shubhasizki, barchamiz buni istaymiz.

5. Yoshimiz nechada va kasalligimiz qanchalik jiddiy bo‘lishidan qat’i nazar nima qilishimiz kerak?

5 Kasallik va yoshimiz o‘tgani tufayli oldingiday ko‘p ish qila olmasmiz. Oqibatda xafa bo‘lib, tushkunlikka tusharmiz. Lekin taslim bo‘lib, sog‘ligimizga bee’tibor bo‘lib qolmasligimiz kerak. Nega? Sababi, yoshimiz nechada yoki kasalligimiz qanchalik jiddiy bo‘lishidan qat’i nazar shoh Dovud kabi Allohni sharaflay olamiz. Yahova nomukammal bo‘lishimizga qaramay, bizni qadrlashini bilish nihoyatda ta’sirli! (Mat. 10:29–31) Hatto olamdan o‘tsak ham, U bizni tiriltirishni juda istaydi. (Ayub 14:14, 15) Tirik ekanmiz, sog‘ligimizni va hayotimizni asrash uchun qo‘limizdan kelganini qilishni xohlaymiz.

ZARARLI ODATLARDAN YIROQLASHING

6. Yeyish va ichish borasida Yahova bizdan nimani kutadi?

6 Muqaddas Kitobda sog‘lik yoki parhez masalasida ko‘rsatmalar yozilmagan bo‘lsa ham, Yahovaning bu boradagi nuqtai nazarini bilib olsak bo‘ladi. Masalan, u yerda tanamizga «ziyon yetkazadigan narsalardan uzoqroq yurishimiz» kerakligi yozilgan. (Voiz 11:10) Bo‘kib ovqatlanish yoki spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish ham noto‘g‘ri ekanini ko‘ryapmiz. (Hik. 23:20) Qancha yeyish va ichish borasida qaror chiqarayotib, Yahova o‘zimizni tuta bilishimizni kutadi. (1 Kor. 6:12; 9:25)

7. Qay yo‘sin Hikmatlar 2:11 dagi maslahat sog‘ligimiz borasida to‘g‘ri qarorlar chiqarishga yordam beradi?

7 Fikrlash qobiliyatimizni ishga solish orqali Yahovaning hadyasi bo‘lmish hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz. (Zab. 119:99, 100; Hikmatlar 2:11 ni o‘qing.) Misol uchun, nima yeyish haqida o‘ylayotib, aqli raso bo‘lamiz. Agar muayyan bir ovqat bizga yoqsa, lekin u sog‘ligimizga salbiy ta’sir qilishini bilsak, ongimizni ishga solib, uni yemaymiz. Shuningdek, yetarlicha uxlash, muntazam jismoniy mashqlar qilish, gigiena qoidalariga rioya qilish va uyimizni ozoda saqlash orqali aql-idrokli ekanimizni ko‘rsatamiz.

XAVFSIZLIK CHORALARINI KO‘RISHGA INTILING

8. Muqaddas Kitobga binoan, xavfsizligimiz Yahova uchun qanchalik muhim?

8 Tavrotga ko‘ra, Isroil xalqidan uyda yoki ish joyida jiddiy fojialarning oldini olish kutilardi. (Chiq. 21:28, 29; Qonun. 22:8) Masalan, kimdir nogahon boshqa insonni o‘ldirib qo‘ysa, bu jiddiy oqibatlar keltirardi. (Qonun. 19:4, 5) Tavrotga binoan, hatto tug‘ilmagan bolaga bilmay turib ziyon yetkazgan inson jazoga tortilardi. (Chiq. 21:22, 23) Muqaddas Yozuvlardan bilib olayotganimizday, Yahova fojialar yuz bermasligi uchun xavfsizlik choralarini ko‘rishimizni xohlaydi.

Ushbu vaziyatlarda hayot biz uchun qadrli ekanini qanday ko‘rsata olamiz? (9-xatboshiga qarang.)

9. Qay yo‘sin noxush vaziyatlarning oldini olishimiz mumkin? (Rasmlarga ham qarang.)

9 Hayotni qadrlayotganimizni ishda va uyda xavfsizlik choralariga amal qilish orqali ko‘rsatamiz. Masalan, o‘tkir buyumlarni, kimyoviy zaharli moddalarni va dori-darmonlarni tashlamoqchi bo‘lsak, buni ehtiyotkorlik bilan qilamiz va ularni bolalar topa olmaydigan joyda saqlaymiz. Shuningdek, olov yoqqanda, suv qaynatganda yoki asboblardan foydalanganda, ularni nazoratsiz qoldirmaslikka harakat qilamiz. Qolaversa, mashina haydashga xavf tug‘diradigan dori-darmonlarni ichsak, spirtli ichimliklarni iste’mol qilsak yoki kam uxlagan bo‘lsak rulga o‘tirmaymiz. Shu bilan birga, mashinani boshqarayotganda elektron qurilmalardan foydalanmaymiz.

OFATLAR YUZ BERGANIDA

10. Ofat yuz berishidan oldin va u sodir bo‘lganida nima qilishimiz kerak?

10 Har doim ham baxtsiz hodisalarning oldini ololmaymiz. Ayniqsa, tabiiy ofat, epidemiya va to‘s-to‘polon bo‘lganida. Bunday vaziyatlarda ehtiyot bo‘lish va hukmron hokimiyatning uydan chiqmaslik yoki evakuatsiya borasidagi yo‘l-yo‘riqlariga amal qilish orqali hayotimizni saqlab qolishimiz mumkin. (Rim. 13:1, 5–7) Ba’zi ofatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rsa bo‘ladi. Bunda hukmron hokimiyatning bergan ko‘rsatmalariga amal qilish yordam beradi. Misol uchun, suv, tez buzilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari va birinchi yordam dori vositalarini oldindan olib qo‘ysak bo‘ladi.

11. Yuqumli kasallik keng tarqalganida qanday yo‘l tutishimiz lozim?

11 Hududimizda yuqumli kasallik tarqalsa nima qilishimiz kerak? Masalan, qo‘l yuvish, masofa saqlash, niqob taqish va karantin borasidagi hukumatning ko‘rsatmalariga amal qilamiz. Bunday yo‘l tutsak, hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz.

12. Qay yo‘sin Hikmatlar 14:15 favqulodda vaziyatda nimaga quloq solish-solmaslik borasida qaror chiqarishimizga yordam beradi?

12 Favqulodda vaziyatda tanish-bilish, qo‘shnilarimiz va yangiliklardan yolg‘on ma’lumotlarni eshitishimiz mumkin. Ularning «har bir so‘ziga» ishonishning o‘rniga hukumat va shifokorlar taqdim etayotgan aniq ma’lumotga ega bo‘lishga harakat qilamiz. (Hikmatlar 14:15 ni o‘qing.) Yetakchi kengash va filiallar ham yig‘ilishlar hamda va’zgo‘ylikka oid yo‘l-yo‘riqni taqdim etishdan oldin aniq ma’lumotga ega bo‘lishga intiladi. (Ibron. 13:17) Ushbu ko‘rsatmaga bo‘ysunish orqali o‘zimizning va boshqalarning hayotini himoya qilamiz. Qolaversa, bu boshqalarda Yahovaning Shohidlari haqida ijobiy taassurot qoldirishga yordam beradi. (1 Butr. 2:12)

QONDAN SAQLANISHGA OLDINDAN TAYYORGARLIK KO‘RING

13. Qon quyish masalasida hayotni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

13 Yahovaning Shohidlari qonni muqaddas deb bilishidan ko‘plar xabardor. Hatto tezkor tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganimizda ham qon quymaslik borasidagi Xudoning qonuniga bo‘ysunamiz. (Havor. 15:28, 29) Bu o‘lishni xohlashimizni anglatmaydi, aksincha, hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsatadi. Bunday vaziyatlarda qonsiz davolashga tayyor bo‘lgan yuqori malakali shifokorlarga murojaat qilamiz.

14. Qay yo‘sin jiddiy tibbiy muolajalarning oldini olishimiz mumkin?

14 Ushbu maqoladagi tavsiyalarga rioya qilib, sog‘ligimizni asrasak, jiddiy tibbiy muolaja yoki operatsiyaning keragi bo‘lmas. Ammo biron jarrohlik amaliyotiga yo‘liqsak ham, bu tezroq tuzalib ketishimizga yordam beradi. Qolaversa, uyimiz va ish joyimizda xavfsizlik choralariga hamda yo‘l qoidalariga rioya etsak, operatsiya qilinishning ehtimoli kamayadi.

Hadya bo‘lmish hayotni qadrlaganimiz uchun vakolatnomani to‘ldiramiz va uni doim yonimizda olib yuramiz (15-xatboshiga qarang.) d

15. a) Nega qon borasidagi hujjatni to‘ldirish muhim? (Rasmga ham qarang.) b) Videoda ko‘rsatilganiday, qay yo‘sin qon masalasida to’g’ri qaror chiqara olamiz?

15 «Tibbiy amaliyotlarga nisbatan shaxsiy qaror va vakolatnoma» nomli hujjatni to‘ldirish hamda doimo yonimizda olib yurish orqali hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz b. U yerda qon quymaslik va ba’zi tibbiy muolajalar borasidagi xohish-istagimiz aks etadi. Ushbu hujjatni to‘ldirganmisiz? Agar uni to‘ldirishingiz yoki yangilashingiz kerak bo‘lsa, buni ortga surmang. Chunki u sizga shifokor bilan davolanish usulini muhokama qilish uchun vaqtni ketkazmay, muolajani tezroq olishingizga yordam beradi. Qolaversa, tibbiyot xodimlari siz uchun xavfli bo‘lgan davolash usullari hamda dori-darmonlardan xabardor bo‘ladi c.

16. Agar vakolatnomani qanday to‘ldirishni bilmasangiz nima qilishingiz mumkin?

16 Qanchalik yosh va sog‘lom bo‘lishimizdan qat’i nazar baxtsiz hodisaga yoki kasallikka duch kelishimiz mumkin. (Voiz 9:11) Shuning uchun, vakolatnomani oldindan to‘ldirish donolikdan bo‘lardi. Agar uni qanday to‘ldirishni bilmayotgan bo‘lsangiz, yordam so‘rab oqsoqollarga murojaat qiling. Ular uni to‘ldirishga yordam berishadi, lekin o‘rningizga qaror chiqarishmaydi. Bu sizning burchingiz. (Galat. 6:4, 5) Oqsoqollar xohish-istagingizni hujjatda to‘g‘ri aks ettirishga ko‘maklashishadi.

MULOHAZAKOR BO‘LING

17. Sog‘lik masalasida mulohazakor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

17 Sog‘lik va davolanish usullari borasidagi ko‘pgina qarorlarni Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimizga asoslaymiz. (Havor. 24:16; 1 Tim. 3:9) Qaror chiqarib, uni boshqalar bilan bo‘lishganda Filippiliklarga 4:5 dagi ushbu prinsipga amal qilamiz: «Mulohazakor ekaningiz hamma odamlarga ma’lum bo‘lsin». Bu fazilatni namoyon etsak, sog‘ligimiz borasida haddan tashqari ko‘p tashvishlanmaymiz. Qolaversa, o‘z nuqtai nazarimizni imondoshimizga o‘tkazmaymiz. U biznikidan farq qiladigan qaror chiqarganda ham, uni sevishda va hurmat qilishda davom etamiz. (Rim. 14:10–12)

18. Qay yo‘sin hayot uchun minnatdorchilik ko‘rsata olamiz?

18 Hayotimizni asrash va uning Manbai bo‘lmish Yahovaga o‘zimizda bor eng yaxshisini berish orqali Undan minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. (Vah. 4:11) To‘g‘ri, hozir ofatlarga duch kelishimiz va kasalliklarga chalinishimiz mumkin. Lekin Parvardigor bunday yashashimizni xohlamaydi. Tez orada U og‘riq va o‘lim bo‘lmaydigan abadiy hayotni tuhfa etadi. (Vah. 21:4) Ungacha esa, keling, sog‘ligimizni saqlash uchun qo‘limizdan kelganini qilib, mehribon samoviy Otamizga xizmat qilaylik.

140-QO‘SHIQ Abadiy hayot

a Ushbu maqola Xudoning hadyasi bo‘lmish hayotni yanada qadrlashimizga yordam beradi. Sog‘likni asrash, ofatlarga duch kelganda omon qolish va baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun nimalar qilishimiz mumkinligini bilib olamiz. Shuningdek, tibbiy muolajaga qay yo‘sin oldindan tayyorgarlik ko‘rish kerakligi haqida so‘z yuritamiz.

b «Vakolatnoma» deb ham nomlanadi.

c jw.org saytidagi «Qay yo‘sin qon masalasida to‘g‘ri qaror chiqara olamiz?» nomli videoni tomosha qiling.

d RASMGA SHARH: Birodar vakolatnomani to‘ldiryapti va uni doim o‘zi bilan olib yurish uchun hamyoniga solib qo‘yyapti.