Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahova Uning ismi toabad sharaflanishiga g‘amxo‘rlik qiladi

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Qay yo‘sin «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2020-yil iyun sonidagi «”Isming muqaddas bo‘lsin”» nomli maqola Xudoning ismi va hukmdorligi borasidagi tushunchamizni oydinlashtirdi?

▪ O‘sha maqoladan bilib olganimizday, insonlar va farishtalarga ta’sir qiladigan eng muhim masala — Xudoning ulug‘ ismi muqaddas bo‘lishidir. Yahovaning hukmdorligi borasidagi masala, ya’ni U eng a’lo tarzda boshqarishi bu eng muhim masalaning bir qirrasi. Odamlarning benuqsonligi borasidagi masala esa boshqa qirrasi.

Nega Xudoning ismi va hukmdorligi borasidagi masala hozir eng muhimi deb aytyapmiz? Keling, buning uchta sababini ko‘rib chiqaylik.

Shayton Adan bog‘idagi qo‘zg‘olondan beri Xudoning ismiga dog‘ tushirib kelyapti

Birinchisi, Shayton Adan bog‘ida Yahovaning ismiga yoki obro‘yiga dog‘ tushirgan. Shayton Momohavoga ayyorona savol berib, bu orqali Yahovani xasis va insonlarga qo‘ygan cheklovlari asossiz ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Shayton Yahovaning so‘zlarini rad etib, Uni yolg‘onchiga chiqargan. Bu orqali u Yahovaning obro‘siga dog‘ tushirgan. Shu sababli u «Iblis», ya’ni «tuhmatchi» deb nom olgan. (Yuhan. 8:44) Momohavo uning yolg‘oniga ishongani uchun Xudoga itoatsizlik qilib, Uning hukmdorligiga qarshi chiqqan. (Ibt. 3:1–6) Hozirgacha Shayton Xudoning ismini qoralab, U haqda bo‘htonlar tarqatib kelyapti. Bu yolg‘onlarga ishonganlarning Yahovaga itoatsizlik qilish ehtimoli katta. Shuning uchun Xudoning xalqi Uning muqaddas ismiga qilinayotgan tuhmatlarni o‘taketgan adolatsizlik deb hisoblaydi. Bu butun dunyodagi azoblar va yovuzliklarning asosiy sababi.

Ikkinchisi, barcha mavjudotlar foyda olishi uchun Yahova O‘z ismini ulug‘lab, barcha tuhmatlardan uni oqlaydi. Bu Yahova uchun eng muhimidir. Shu bois U quyidagicha degan: «Buyuk ismimni Men albatta muqaddas qilaman». (Hiz. 36:23) Iso ham Yahovaning barcha sodiq xizmatchilari eng avvalo nima haqida ibodat qilishi kerakligi to‘g‘risida shunday degan: «Isming muqaddas bo‘lsin». (Mat. 6:9) Kalomda qayta-qayta Yahovaning ismi ulug‘lanishi muhim ekani ta’kidlangan. Keling, bir nechta misolga diqqat qarataylik. «Ismi sharafiga Yahovani madh eting». (1 Sol. 16:29; Zab. 96:8) «Uning ulug‘vor ismini madh etib kuylang». (Zab. 66:2) «Ismingni toabad sharaflayman». (Zab. 86:12) Bir safar Yahovaning O‘zi osmondan gapirganida, Iso Quddusdagi ma’badda Unga shunday degan: «Ota, ismingni ulug‘la». Yahova esa unga javoban: «Ulug‘ladim va yana ulug‘layman»,— deb aytgan. (Yuhan. 12:28) a

Uchinchisi, Yahovaning niyati doim ismi yoki obro‘yi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bir o‘ylab ko‘ring: Isoning Ming yillik boshqaruvi oxiridagi so‘nggi sinovdan keyin nima yuz beradi? O‘shanda barcha farishtalar va insonlar Xudoning ismi borasida qanday fikrda bo‘lishadi? Ushbu savolga javob berish uchun u bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita masalani eslaylik — insonlarning benuqsonligi hamda Yahovaning hukmdorligi. O‘z sadoqatini isbotlagan insonlar benuqson qolish uchun qiyinchiliklar bilan kurashishda davom etadimi? Yo‘q. O‘shanda ular mukammal va sinovdan to‘liq o‘tgan bo‘ladi. Bu insonlar abadiy hayotdan bahra olishadi. Yahovaning hukmdorligi borasidagi masala esa ongli mavjudotlar orasida muhokamalarga va hatto bo‘linishlarga sabab bo‘lishda davom etadimi? Yo‘q. O‘shanda Yahovaning boshqaruvi eng a’lo ekanini isbotlashning boshqa hojati qolmaydi. Xudoning ismi haqida-chi, nima desa bo‘ladi?

Xudoning ismi ham butunlay muqaddas bo‘lib barcha tuhmatlardan oqlanadi. Ammo osmondagi va yerdagi sadoqatli xizmatchilar uchun Xudoning ismi eng muhimi bo‘lib qoladi. Nega? Sababi, ular Yahova ajoyib ishlarni qilishda davom etishini ko‘rishadi. Mana bunga e’tibor bering: Iso kamtarlik ila butun hokimiyatni Yahovaga qaytaradi. Shunda «Alloh barchaning yagona Hukmdori» bo‘ladi. (1 Kor. 15:28) Bundan so‘ng yer yuzidagi insonlar «Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga» ega bo‘lishdan zavq olishadi. (Rim. 8:21) Yahova uzoq kutilgan niyatini butunlay amalga oshiradi, ya’ni osmondagi va yerdagi farzandlari bitta katta va yakdil oilaga aylanadi. (Efes. 1:10)

Bu narsalar Yahovaning osmondagi va yerdagi oilasiga qanday ta’sir qiladi? Shak-shubhasizki, har birimizda Xudoning ismini ulug‘lashda davom etish istagi kuchli bo‘ladi. Sano bastakori Dovud quyidagilarni yozishga ilhomlantirilgan: «Tangri Yahovaga maqtovlar bo‘lsin! [...] Uning ulug‘vor ismi abadiy maqtalsin». (Zab. 72:18, 19) Toabad bunday qilishning yangi hamda hayratomuz sabablarini topishda davom etamiz.

Xudoning ismi U haqda hamma narsani oshkor etmoqda. Ismi ustida fikr yuritganimizda sevgisini ko‘ramiz. (1 Yuhan. 4:8) Yahova bizni yaratganida hamda to‘lovni taqdim etganida bizga sevgi ko‘rsatganini va Uning hukmdorligi adolatli hamda mehrga to‘la ekanini doim yodda tutamiz. Lekin Yahovaning bizga bo‘lgan sevgisini toabad ko‘rishda davom etamiz. Abadiyat davomida Otajonimizga yanada yaqinroq bo‘lamiz va Uning ulug‘vor ismiga sharaflar keltiramiz. (Zab. 73:28)

a Shuningdek, Muqaddas Kitobda Yahova «O‘z ismi haqqi» harakat qilishi to‘g‘risida yozilgan. Misol uchun, U xizmatchilarini yo‘naltiradi, qutqaradi, kechiradi va omon saqlaydi. Xudo bularning barini Yahova degan ulug‘ ismi haqqi qiladi. (Zab. 23:3; 31:3; 79:9; 106:8; 143:11)