Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1923. Yuz yil avval

1923. Yuz yil avval

«Qo‘riqchi minorasi»ning 1923-yil 1-yanvar sonida quyidagilar yozilgandi: «1923-yil o‘zgacha bo‘lishini kutyapmiz. Ezilgan odamlarga yaxshi kunlar hali oldinda ekanini aytish katta sharaf». O‘sha yili Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari yig‘ilishlar, anjumanlar va va’zgo‘ylik faoliyatiga ajoyib o‘zgarishlar kiritdi. Natijada bu ularni yanada birlashtirdi.

YIG‘ILISHLAR ULARNI BIRLASHTIRDI

Oyatlar va qo‘shiq raqamlari keltirilgan kalendar

O‘sha yili tashkilot Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining birligiga hissa qo‘shgan bir qancha o‘zgarishlar kiritgan. «Qo‘riqchi minorasi»da har hafta ko‘rib chiqish uchun oyatlar tushuntirilgan izohlar nashr etila boshladi. Ular «Ibodat va Yahovani sharaflash uchrashuvi»da muhokama qilinardi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari har hafta o‘sha uchrashuvda muhokama qilinadigan oyatlar yoki shaxsiy tadqiqda yo oilaviy topinishda har kuni kuylash mumkin bo‘lgan qo‘shiqlar raqami keltirilgan kalendarni nashr etadigan bo‘lishdi.

Yig‘ilishlarda Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari va’zgo‘ylikda yuz bergan voqealar borasida sharh berib, nega Yahovadan minnatdor ekanini aytishardi, qo‘shiq kuylashardi yoki hatto ibodat qilishardi. 1923-yili Yeva Barni ismli opamiz 15 yoshligida suvga cho‘mgan. U shunday deb bo‘lishgan: «Sharh berishni xohlagan kishi o‘rnidan turib, avval mana shularga o‘xshash so‘zlarni aytishi kerak edi: “Rabbimiz men uchun qilgan barcha yaxshiliklaridan minnatdorman”». Ayrim birodarlarimiz ko‘proq gapirishni yoqtirardi. Barni opamiz yana shunday degan: «Qadrdon birodarimiz Gudvinning Rabbimizga rahmatlar aytish uchun ko‘pgina sabablari bo‘lgan. Uning xotini yig‘ilishni olib borayotgan birodar asabiylashayotganini ko‘rganida, erining pidjagini astagina tortib qo‘yardi va u gapini tugatib joyiga o‘tirardi».

Oyida bir marta har bir jamoatda «Ibodat va Yahovani sharaflash uchrashuvi» bo‘lardi. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1923-yil 1-aprel sonida bu uchrashuv haqida quyidagicha aytilgandi: «Yig‘ilish dasturining yarmi va’zgo‘ylikdagi voqealar bilan bo‘lishish hamda va’zgo‘ylarga dalda berishga ajratilishi muhim. [...] Bu uchrashuv har biringizga dalda berib, sizlarni o‘zaro yaqinlashtirishiga ishonamiz».

O‘shanda 19 yoshda bo‘lgan Vankuverdagi (Kanada) Charlz Martin ismli va’zgo‘y bu uchrashuvlardan ko‘pgina foyda olgan. U quyidagicha bo‘lishgan: «Men bu uchrashuvda uyma-uy va’zgo‘ylikda nima deyishni o‘rganganman. U yerda va’zgo‘ylar uyma-uy xizmatda yuz bergan voqealar bilan bo‘lishardi. Bu tufayli va’zgo‘ylikda nima deyishni va turli xil e’tirozlarga qanday javob berishni o‘rganardim».

VA’ZGO‘YLIK XIZMATI ULARNI BIRLASHTIRDI

«Xabarnoma», 1923-yil 1-may

«Xizmat kunlari» ham tashkilotimizda birlik bo‘lishiga hissa qo‘shgan. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1923-yil 1-aprel sonida shunday e’lon qilingan: «Barchamiz bitta ishda qatnashyapmiz. [...] Shu bois 1923-yil 1-maydan boshlab, har oyning birinchi seshanba kuni hamma xizmat qilishi uchun ajratiladi. [...] Barcha jamoatlardagi har bir va’zgo‘y bu ishda o‘z hissasini qo‘shishi kerak».

Hatto yosh Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari ham va’zgo‘ylik ishida qatnashardi. O‘sha paytlarda 16 yoshda bo‘lgan Xeyzl Berferd ismli opamiz quyidagilarni aytdi: «”Xabarnoma”da yodlab olishimiz uchun taxminiy suhbatlar keltirilardi a. Bobom bilan birgalikda va’z qilishga jon kuydirardik». Biroq Berferd opamiz va’zgo‘ylikda qatnashgani uchun bir birodarimiz unga norozilik bildirgan. U shunday dedi: «Yoshi katta bitta birodar va’zgo‘ylikda qatnashganim uchun meni koyib bergandi. O‘sha paytda ba’zilar barcha Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari, shuningdek, “yigit-u qizlar” ham ulug‘ Parvardigorimizni madh etish ishida qatnashishi kerakligini tushunmasdi». (Zab. 148:12, 13) Ammo Berferd opamiz taslim bo‘lmagan. U Gilad maktabining ikkinchi sinfida o‘qib, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida Panamada xizmat qilgan. Yoshlarning va’zgo‘ylikda qatnashishiga norozilik bildirgan birodarlar esa vaqt o‘tib nuqtai nazarini o‘zgartirgan.

ANJUMANLAR ULARNI BIRLASHTIRDI

Mahalliy hamda hududiy anjumanlar ham birodarlar birlashishiga ko‘maklashgan. O‘sha anjumanlarning ko‘pida xizmat kunlari o‘tkazilgan. Masalan, bu Kanadaning Vinnipeg shahrida bo‘lib o‘tgan. U yerdagi anjumanga kelganlarning hammasi o‘sha shaharda «Vinnipegni bombardimon qilish» nomli kampaniyada 31-mart kuni qatnashishga taklif qilingan. Shunga o‘xshash xizmat kunlari kelajakda faoliyatimiz kengayishiga hissa qo‘shgan. 5-avgustda Vinnipegda bo‘lib o‘tgan boshqa anjumanga taxminan 7000 kishi tashrif buyurgan. Bu Kanadada bo‘lib o‘tgan anjumanlar orasida eng ko‘p odam tashrif buyurgan anjuman edi.

Yahovaning xalqi uchun muhim anjumanlardan biri 1923-yil 18–26-avgustgacha Los-Anjelesda (Kaliforniya) o‘tkazilgan. Anjumandan bir necha hafta oldin gazetalarda bu haqda e’lon qilingan va Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari 500000dan ziyod taklifnoma tarqatishgan. Ular jamoat va shaxsiy transportlariga anjumanning taklifnoma plakatlarini yopishtirishgan.

Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining Los-Anjelesdagi anjumani (1923-yil)

25-avgust, shanba kuni birodar Ruterford «Qo‘y va echkilar» nomli nutqni so‘zlagan. Nutqida u «qo‘ylar» haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan odil insonlar ekanini va ular yer yuzidagi jannatda yashashini ochib bergan. Shuningdek, u «Ogohlantirish» nomli rezolyutsiyani o‘qib bergan. Rezolyutsiyada xristian olamining ishlari fosh etilgan hamda samimiy insonlar «Buyuk Bobil»dan chiqib ketishga undalgan. (Vah. 18:2, 4) So‘ng g‘ayratli Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari bu rezolyutsiyaning millionlab nusxalarini dunyo bo‘ylab tarqatishgan.

«Bu uchrashuv har biringizga dalda berib, sizlarni o‘zaro yaqinlashtiradi»

O‘sha anjumanning oxirgi kunida birodar Ruterford «Barcha xalqlar Armageddonga qarab ketyapti, lekin hozir yashayotgan millionlab insonlar hech qachon o‘lmaydi» nomli nutqni so‘zlagan. Uni 30 000 dan ziyod odam tinglagan. Shuncha ko‘p odam sig‘ishi uchun Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Los-Anjelesdagi katta yangi stadionni ijaraga olishgan. Ularning hammasi dasturni yaxshi eshita olishi uchun birodarlar o‘sha paytdagi yangi texnologiyalardan foydalanishgan. Bu dasturni boshqa ko‘plab insonlar radio orqali ham tinglashgan.

XALQARO O‘SISH

1923-yili Afrika, Yevropa, Hindiston va Janubiy Amerikada va’zgo‘ylik faoliyati keng quloch yozgan. Hindistonda E. J. Jozef xotini va oltita farzandi bo‘lsa ham adabiyotlar hind, tamil, telugu va urdu tillarida chiqishiga ko‘maklashgan.

Uilyam Braun va uning oilasi

Serra-Leonedagi Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Alfred Jozef hamda Leonard Blekmen Bruklindagi (Nyu-York) Xalqaro bosh idoraga yordam so‘rab murojaat qilishgan. 1923-yil 14-aprel kuni ularga javob kelgan. Alfred quyidagicha aytib bergan: «Yakshanba kuni kechasi edi. Kutilmaganda telefon jiringladi». U baland ovozda bir kishi shunday deyayotganini eshitgan: «”Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati”ga va’zgo‘ylar kerakligi haqida yozgan inson sizmisiz?» Alfred: «Ha»,— deb javob bergan. Keyin u kishi: «Ular meni yuborishdi»,— deb aytgan. Bu Uilyam Braun edi. U o‘sha kuniyoq xotini Antoniya hamda yosh qizlari Lois va Lyusi bilan Karib dengizidan yo‘lga chiqqan. Birodarlar ularni ko‘rishni intiqib kutishgan.

Alfred yana shunday degan: «Ertalab har hafta qilganimizday, Leonard bilan Muqaddas Kitobni muhokama qilayotgandik. Kutilmaganda eshik oldida baland kishi paydo bo‘ldi. Bu birodar Braun edi. U judayam g‘ayratli bo‘lgan va keyingi kuniyoq ommaviy nutq aytishni xohlagan. Bir oy o‘tmay, u o‘zi bilan olib kelgan hamma adabiyotlarni tarqatib chiqqan edi. Ko‘p vaqt o‘tmasidan, unga 5000 ta kitob yuborishgan va tez orada unga bundan ham ko‘proq kitob kerak edi. Ammo uni odamlar kitob sotib yuradigan inson deb hisoblashmagan. Yahovaning g‘ayratli xizmatchisi sifatida u doim nutqlarida Muqaddas Yozuvlardan oyatlar keltirardi. Shu bois odamlar uni «Muqaddas Kitobchi Braun» deb atashardi.

Magdeburgdagi Baytil (1920 yillar)

Birodarlar Barmendagi (Germaniya) filial kichkina bo‘lgani uchun boshqa yerga ko‘chishga qaror qilishgan. Shuningdek, Fransiya harbiylari bu shaharga bostirib kelmoqchi ekani haqida eshitishgan. Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Magdeburgdagi binoni adabiyotlarni bosib chiqarish uchun ayni muddao deb bilishgan. 19-iyun kuni birodarlar barcha asbob-uskunalarni hamda jihozlarni yig‘ishgan va Magdeburgdagi yangi Baytilga ko‘chishgan. Ko‘chish yakunlangani haqida Xalqaro bosh idoraga xabar berishganining ertasi kuniyoq gazetada Fransiya Barmen shahrini bosib olgani haqida e’lon qilingan. Birodarlar bu ko‘chish Yahovaning barakasi hamda himoyasi bo‘lganini ko‘rishgan.

Jorj Yang hamda Sara Ferguson (o‘ngda ) va uning opasi

Braziliyada Jorj Yang xushxabarni va’z qilish uchun juda ko‘p joylarga borgan. U yangi filialdagi ishlarni yo‘lga qo‘ygan hamda «Qo‘riqchi minorasi»ni portugal tilida chop etishni boshlagan. Bir necha oy ichida u odamlarga 7000 dan ziyod adabiyotlarni tarqatgan. U Sara Fergusonnikiga tashrif buyurganida ajoyib imkoniyat tug‘ilgan. Sara 1899-yildan beri «Qo‘riqchi minorasi»ni o‘qirdi, lekin suvga cho‘ma olmayotgan edi. Bir necha oydan so‘ng Sara Ferguson va uning to‘rtta farzandi nihoyat bu muhim qadamni qo‘yishgan.

«XUDOGA G‘AYRAT VA QUVONCH ILA XIZMAT QILISH»

O‘sha yilning oxirida Muqaddas Kitob Tadqiqotchilariga yig‘ilishlar, va’zgo‘ylik ishi va anjumanlar borasida qilingan o‘zgarishlar qanday ta’sir qilgani haqida «Qo‘riqchi minorasi»ning 1923-yil 15-dekabr sonida quyidagicha aytilgandi: «Jamoatdagilarning ma’naviy holati [...] yaxshilangani yaqqol ko‘rinib turibdi. [...] Keling, 1924-yili ham Xudoga g‘ayrat va quvonch ila xizmat qilib, mehnat qilishda davom etaylik».

1924-yil juda muhim bo‘lgan. Baytildagi birodarlar Staten orolidan yer sotib olish rejasi ustida oylar mobaynida ishlashgan. U Bruklindagi Bosh idoraga yaqin edi. U yerdagi binolarning qurilish ishlari 1924-yilning boshida tugatilgan va ular yordamida umumjahon birodarligimiz birlashib, xushxabar oldinlari imkonsiz bo‘lgan turli yo‘llar orqali tarqatilgan.

Staten orolidagi qurilish ishlari

a Hozir «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi».