Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-TADQIQ MAQOLASI

Xudoning Kalomini ikir-chikirigacha tushuning

Xudoning Kalomini ikir-chikirigacha tushuning

Haqiqatning kengligi, uzunligi, balandligi, teranliklarini to‘liq anglashga qobiliyatli bo‘linglar. (EFES. 3:18)

95-QO‘SHIQ Nur yanada yorqinroq porlamoqda

BU MAQOLADA a

1, 2. Muqaddas Kitobni o‘qish va tadqiq qilishning eng yaxshi yo‘li qanday? Misol keltiring.

 AYTAYLIK, siz uy xarid qilmoqchisiz. Uyni sotib olishdan avval uni ko‘rishni istaysizmi? Uning faqat tashqi ko‘rinishini ko‘zdan kechirish yetarli bo‘ladimi? Shubhasizki, o‘zingiz shaxsan borib, o‘sha uyni yaxshilab ko‘zdan kechirasiz, atrofini aylanib chiqasiz, ichkariga kirib, hamma xonalariga va ikir-chikirigacha qaraysiz. Ehtimol, hatto uyning rejasini tekshirib, u qanday qurilganini bilib olasiz. Darhaqiqat, bo‘lajak uyingizning barcha tafsilotlariga diqqat qaratishga intilasiz.

2 Muqaddas Kitobni o‘qib, tadqiq qilganimizda ham xuddi shunday yo‘l tutishimiz mumkin. Bir ilohiyotshunos Muqaddas Kitobni «keng, baland va mustahkam poydevorga ega binoga» o‘xshatgan. Xo‘sh, Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni qay yo‘sin yaxshiroq o‘rgana olamiz? Agar Kalomni tez o‘qisangiz, siz shunchaki asosiy haqiqatlarni, ya’ni «Allohning muqaddas kalomidagi oddiy narsalarni» bilib olasiz. (Ibron. 5:12) Bunday qilishning o‘rniga uy kabi bo‘lganidek, barcha ikir-chikirlarni bilib olish uchun «ichkariga» kiring. Muqaddas Kitobning turli qismlaridagi ma’lumotlar bir-biri bilan qanday bog‘liq ekanini bilib olish, uni tadqiq qilishning samarali yo‘llaridan biri. Nafaqat nimaga ishonayotganingizni, balki bunga nima uchun ishonayotganingizni tushunishga harakat qiling.

3. Havoriy Pavlus imondoshlarini nima qilishga undagan va nega? (Efesliklarga 3:14–19)

3 Xudoning Kalomini to‘liq ikir-chikirigacha tushunish uchun u yerdagi haqiqatlarni chuqur o‘rganishimiz kerak. Havoriy Pavlus masihiy birodar-u opa-singillarni Kalomni sinchkovlik bilan o‘rganishga undagan. Shunday qilib, ular «haqiqatning kengligi, uzunligi, balandligi, teranliklarini to‘liq anglashga qobiliyatli» va «imonda ildiz otib, mustahkam» bo‘la olishardi. (Efesliklarga 3:14–19 ni o‘qing.) Biz ham shunday qilishimiz kerak. Keling, qay yo‘sin Xudoning Kalomini chuqurroq o‘rganib, ikir-chikirigacha bilib olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

MUQADDAS KITOBDAGI CHUQUR HAQIQATLARNI TADQIQ QILING

4. Yahovaga ko‘proq yaqinlashish uchun nima qilishimiz mumkin? Misollar keltiring.

4 Masihiylar sifatida Muqaddas Kitobdagi faqat asosiy ta’limotlarni bilish bilan kifoyalanmaymiz. Muqaddas ruhning yordami bilan «hatto Xudoning chuqur donoligini» o‘rganamiz. (1 Kor. 2:9, 10) Yahovaga ko‘proq yaqinlashish maqsadida shaxsiy tadqiq uchun biron loyihani rejalashtirishdan boshlashingiz mumkin. Masalan, Xudo sevgisini qadimdagi xizmatchilariga qay yo‘sin ko‘rsatganini va bu U sizni ham sevishini qanday isbotlayotganini tushunishga harakat qilarsiz. Yoki Isroilda topinish uchun Yahova tashkil etgan tadbir borasida izlanish olib borib, bu hozirgi tadbir bilan qanday o‘xshashini solishtirsangiz bo‘lar. Yo bo‘lmasa, Iso yer yuzida xizmat qilganida qaysi bashoratlar amalga oshganini batafsil ko‘rib chiqarsiz.

5. Shaxsiy tadqiqda qaysi mavzu bo‘yicha izlanish o‘tkazmoqchisiz?

5 Muqaddas Kitobni puxta tadqiq qiladigan ba’zilardan qaysi mavzular ustida chuqurroq izlanish olib borishmoqchi ekanini so‘rashgan. Ular aytgan ba’zi mavzular « Shaxsiy tadqiq uchun mavzular» nomli ramkada yozilgan. «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi» yoki «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»dan foydalanib, bu kabi mavzular borasida tadqiq o‘tkazib siz ham zavq olishingiz mumkin. Kalomni sinchkovlik ila tadqiq qilib imoningizni mustahkamlaysiz hamda o‘zingizga «Xudo haqida bilimga» ega bo‘lishga yordam berasiz. (Hik. 2:4, 5) Keling, endi, tadqiq qilishimiz mumkin bo‘lgan Muqaddas Kitobdagi ba’zi haqiqatlarga e’tibor qarataylik.

XUDONING NIYATI USTIDA CHUQUR FIKR YURITING

6. a) Reja va niyat o‘rtasida qanday farq bor? b) Nega Yahovaning insonlar va yerga nisbatan niyati «mangu» deb ayta olamiz? (Efesliklarga 3:11)

6 Kalomda Allohning niyati haqida nima deyilganiga nazar solaylik. Unga ko‘ra, reja bilan niyatning katta farqi bor. Rejani manzilga olib boradigan aniq va belgilangan yo‘lga o‘xshatsa bo‘ladi. Biroq undan ketayotganimizda to‘siq paydo bo‘lsa reja puchga chiqishi mumkin. Niyatni esa borishni xohlagan manzilga o‘xshatsa bo‘ladi. Safarimizni qayerda tugatishni aniq bilamiz. Ammo u yerga borish uchun boshqa yo‘lni ham tanlay olamiz. Kerak bo‘lganida esa unga o‘zgarish kiritarmiz. Yahova «mangu niyatini» Kalomida asta-sekin oshkor etayotganidan juda minnatdormiz. (Efes. 3:11) Gap shundaki, Xudo niyatini amalga oshirish uchun turli yo‘llarni tanlashi mumkin va «barcha narsani niyatini bajo keltirmoq uchun qiladi». (Hik. 16:4) Yahova amalga oshirgan ishning natijasi abadiy bo‘ladi. Xo‘sh, bu niyat nimadan iborat va uni amalga oshirish uchun U qanday o‘zgarishlar kiritdi?

7. Ilk juftlik isyon ko‘targach, Yahova niyatini amalga oshirish yo‘liga qanday o‘zgarish kiritdi? (Matto 25:34)

7 Xudo ilk juftlikka ular haqidagi niyatini aytdi. Ularga: «Serfarzand bo‘lib, ko‘payinglar va yer yuzini to‘ldirib, tobe qilinglar... va yer yuzidagi barcha jonzotlar ustidan hokimlik qilinglar»,— deb aytgan. (Ibt. 1:28) Odamato bilan Momohavo isyon ko‘targanida gunoh barcha insonga o‘tdi. Bu Yahovaning niyati amalga oshishiga to‘sqinlik qilmadi. U niyatiga erishish yo‘liga o‘zgarish kiritdi. Shu zahotiyoq, Xudo osmonda Shohlik o‘rnatishga qaror qildi va u orqali insonlar hamda yer yuziga nisbatan ilk niyati amalga oshishi kerak edi. (Matto 25:34 ni o‘qing.) O‘z vaqtida Yahova insonlarga osmondagi Shohlik haqida o‘rgatish, ularni gunoh va o‘limdan qutqarish uchun yagona O‘g‘lini to‘lov sifatida sevgi ila yer yuziga yubordi. Keyin Yahova Isoni Samoviy Shohlikda boshqarish uchun tiriltirdi. Lekin Xudoning niyati borasida yanada ko‘proq bilib olishimiz mumkin.

Osmondagi va yerdagi barcha ongli jonzotlar Yahovaga sodiq bo‘lish qarorida yakdil bo‘ladigan paytni tasavvur qiling! (8-xatboshiga qarang.)

8. a) Muqaddas Kitobning mavzusi nimadan iborat? b) Efesliklarga 1:8–11 ga ko‘ra, Yahova yana nimani amalga oshiradi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

8 Muqaddas Kitobning asosiy mavzusi Masih boshqaruvi ostidagi shohlik orqali Yahova O‘z niyatini amalga oshirganida ismi oqlanishidan iborat. Uning niyati hech qachon o‘zgarmaydi. U buni muvaffaqiyat ila amalga oshirishni kafolatlagan. (Ishayo 46:10, 11; Ibron. 6:17, 18) Vaqt o‘tib, yer yuzi jannatga aylanadi va unda Odamato hamda Momohavoning mukammal va odil avlodlari hayotdan «toabad mamnun bo‘lib» yashaydi. (Zab. 22:26) Yahova bundan ham ko‘prog‘ini amalga oshirishni niyat qilib qo‘ygan. U osmondagi hamda yerdagi barcha xizmatchilarini ham birlashtiradi. So‘ng ularning barchasi Unga Hukmdori sifatida sadoqat ila bo‘ysunadi. (Efesliklarga 1:8–11 ni o‘qing.) Yahova niyatini o‘zgacha tarzda amalga oshirayotgani nihoyatda ajoyib, shunday emasmi?!

KELAJAGINGIZ HAQIDA CHUQUR FIKR YURITING

9. Muqaddas Kitobni o‘qish orqali qanchalik uzoq kelajakni ko‘ra olamiz?

9 Yahova Adan bog‘ida aytgan bashoratni ko‘rib chiqaylik. U Ibtido 3:15 da yozilgan b. U yerda Xudoning niyati amalga oshishiga hissa qo‘shadigan hodisalar tilga olingan. Ammo ular minglab yillardan keyin yuz bergan. Masalan, Xudo Ibrohim payg‘ambarga ko‘pgina avlodlari paydo bo‘lganidan keyin o‘sha avlodlardan biri Masih bo‘lishini aytgan. (Ibt. 22:15–18) So‘ng bashorat qilinganiday, mil. 33-yili Isoning tovoni chaqilgan. (Havor. 3:13–15) Bu bashoratdagi so‘nggi hodisa, Shaytonning boshi ezib tashlanishi 1000 yildan oshiqroq vaqt o‘tgach yuz beradi. (Vah. 20:7–10) Shaytonning tuzumi va Yahovaning tashkiloti orasidagi adovat nima bilan tugashi haqidagi ko‘pgina narsalarni Muqaddas Kitobdan bilib olyapmiz.

10. a) Yaqinda qanday voqealar yuz beradi? b) Ongimizni va qalbimizni qay yo‘sin tayyorlay olamiz? (Izohga qarang.)

10 Muqaddas Kitobdagi misli ko‘rilmagan bashoratlar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Avvaliga xalqlar «Tinchlik va xavfsizlik!» — deb e’lon qiladi. (1 Salon. 5:2, 3) Ular barcha soxta dinlarga hujum qilganida esa «nogahon» buyuk musibat boshlanadi. (Vah. 17:16) Bundan so‘ng «Inson O‘g‘lining kuch-qudrat va shon-shuhrat bilan bulutlar uzra kelayotgani» g‘ayritabiiy tarzda namoyon bo‘lishi mumkin. (Mat. 24:30) O‘shanda Iso insoniyatni hukm qilib, qo‘ylarni echkilardan ajratadi. (Mat. 25:31–33, 46) Shayton esa Yahovaga qarshi chiqishga intiladi. U g‘azabga to‘lib, Kalomda Mago‘g yurtidagi Go‘g deb nomlangan xalqlar ittifoqini Yahovaning odil xizmatchilariga hujum qilishga undaydi. (Hiz. 38:2, 10, 11) Yer yuzidagi moylangan masihiylar buyuk musibatning qaysidir paytida osmonda Isoning oldiga yig‘iladi va uning samoviy kuchlari buyuk musibatning oxirida, Armageddonda jang qilishadi. (Mat. 24:31; Vah. 16:14, 16) c So‘ng Masih Ming yillik boshqaruvi paytida yer yuzi ustidan boshqaradi. (Vah. 20:6)

Milliardlab yillar davomida Yahova to‘g‘risida o‘rgangach, Unga qanchalik yaqin bo‘lishingizni bir o‘ylab ko‘ring! (11-xatboshiga qarang.)

11. Abadiy yashash imkoni siz uchun nima degani? (Rasmga ham qarang.)

11 Endi esa kelajagingiz haqida qo‘shimcha tafsilotlar borasida ham o‘ylab ko‘ring. Muqaddas Kitobga binoan, Parvardigorimiz «inson qalbiga abadiylik tuyg‘usini soldi». (Voiz 3:11) Bu siz va Yahova bilan bo‘lgan munosabatlaringiz uchun nimani anglatishi haqida mulohaza yuriting. Ko‘p tillarga tarjima qilingan «Yahova Taologa yaqinlashing» nomli kitobning 319-sahifasida quyidagi qiziqarli ma’lumot yozilgan: «Yuz, million va hatto milliardlab yillar yashagandan keyin hozirgiga qaraganda Yahova haqida ko‘proq narsalarni bilib olamiz. Biroq shunda ham o‘rganish kerak bo‘lgan ajoyib, behisob narsalar bo‘ladi. [...] Abadiy hayot qanchalik go‘zal va qiziqarli bo‘lishini hozir to‘liq tasavvur qila olmaymiz. Eng muhimi esa Yahovaga ko‘proq yaqinlashishda davom etamiz». Kalomni tadqiq qilar ekanmiz, yana nimani tushunishimiz kutiladi?

SAMOLARGA KO‘Z TIKING

12. Qanday qilib samolarga ko‘z tika olamiz? Misol keltiring.

12 Yahovaning «samoda»gi maskani haqida Kalomidan ayrim narsalarni o‘rganyapmiz. (Ishayo 33:5) Shuningdek, u yerdan Yahova hamda tashkilotining osmondagi qismi haqida ajoyib narsalarni bilib olyapmiz. (Ishayo 6:1–4; Don. 7:9, 10; Vah. 4:1–6) Misol uchun, Hizqiyo payg‘ambar osmon ochilgani va «Xudodan kelgan vahiyni ko‘ra boshla»ganida bilib olgan hayratomuz narsalar haqida o‘qishimiz mumkin. (Hiz. 1:1)

13. Ibroniylarga 4:14–16 ga binoan, Iso samolarda turib qilayotgan qaysi ishlari uchun minnatdorsiz?

13 Shuningdek, Iso samolarda Shoh hamda rahmdil Oliy ruhoniy sifatida biz uchun nimalarni amalga oshirayotgani borasida mulohaza yuriting. U orqali «inoyat ko‘rsatuvchi Allohning taxtiga yaqinlashib» ibodat qilishimiz va «muhtoj bo‘lganimizda» Undan rahm-shafqat hamda yordam so‘rashimiz mumkin. (Ibroniylarga 4:14–16 ni o‘qing.) Keling, hech bir kunimiz Yahova hamda Iso biz uchun samolarda nimalar qilishgani va qilishayotgani borasida o‘ylamasdan o‘tishiga yo‘l qo‘ymaylik. Ularning sevgisi qalbimizga kuchli ta’sir qilib, xizmatda va topinishda g‘ayratli bo‘lishga bizni undashi lozim. (2 Kor. 5:14, 15)

Boshqalarga Yahovaning Shohidi va Isoning shogirdi bo‘lishiga yordam berganingizni bilishdan yangi dunyoda qanchalik suyunishingizni tasavvur qiling! (14-xatboshiga qarang.)

14. Yahova hamda Isodan qanchalik minnatdor ekanimizni ko‘rsatishning eng yaxshi yo‘llaridan biri qanday? (Rasmlarga ham qarang.)

14 Otajonimiz Yahovadan hamda Uning O‘g‘lidan minnatdor ekanimizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biri boshqalarga Uning xizmatchisi va Masihning shogirdi bo‘lishga yordam berishdir. (Mat. 28:19, 20) Havoriy Pavlus ham Xudodan va Masihdan minnatdor ekanini shu yo‘sin ko‘rsatgan. U Yahovaning irodasi «har turli odamlar haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lib», najot topishlaridan iborat ekanini bilgan. (1 Tim. 2:3, 4) U xizmatda qo‘ldan kelgancha qatnashib, ko‘proq insonlarga yordam bermoqchi edi. Pavlus «hech bo‘lmasa ayrimlarni qutqarib» qolishni xohlagan. (1 Kor. 9:22, 23)

XUDONING KALOMINI O‘RGANISHDAN ZAVQ TOPING

15. Zabur 1:2 ga ko‘ra, nima tufayli baxtli bo‘lamiz?

15 Sano bastakori «Yahovaning qonunidan zavq olib, qonuni ustida tun-u kun fikr yuritadi»gan kishi baxtiyor hamda muvaffaqiyatli bo‘lishini aytgan. (Zab. 1:1–3) Iosif Rotergam ismli Muqaddas Kitob tarjimoni bu oyatlar borasida o‘z kitobida aytishicha, «inson Xudoning yo‘l-yo‘rig‘ini bilishni juda xohlagani uchun izlanish o‘tkazish, uni tadqiq qilish va ustida fikr yuritish maqsadida bunga vaqt ajratadi». Qolaversa, u Kalomni o‘qiydigan kishi «u yerdagi donolikka ega bo‘lish uchun vaqt ajratmagan har bir kunni bekor ketgan, deb hisoblashini» aytgan. Muqaddas Kitobdagi hamma tafsilotlarni va ular o‘zaro qanday bog‘liq ekanini ko‘rish uchun tadqiq o‘tkazishdan zavq topishingiz mumkin. Kalomning barcha ikir-chikirlarini tadqiq qilish nihoyatda quvonchli!

16. Navbatdagi maqolada nimani muhokama qilamiz?

16 Yahova Kalomi orqali bizga o‘rgatayotgan haqiqatlarni tushunish unchalik qiyin emas. Keyingi maqolada havoriy Pavlus Ibroniylarga yo‘llangan maktubida tushuntirgan Yahovaning buyuk ramziy ma’badi to‘g‘risidagi chuqur haqiqatni ko‘rib chiqamiz. Iloyim, bu mavzuni tadqiq qilish sizga ulkan zavq keltirsin!

94-QO‘SHIQ Allohning Kalomi uchun minnatdormiz

a Muqaddas Kitobni tadqiq qilish orqali hayotimiz xursandchilikka to‘la bo‘lishi mumkin. Bu bizga foyda keltirib, samoviy Otamizga yaqinlashtiradi. Ushbu maqolada Kalomning «kengligi, uzunligi, balandligi, teranliklarini» qay yo‘sin tushunishimiz mumkinligini bilib olamiz.

b «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2022-yil iyul sonidagi «Qadimgi bashoratning siz uchun ahamiyati» nomli maqolaga qarang.

c Yaqinda yuz beradigan larzaga soluvchi voqealar uchun qanday qilib tayyorgarlik ko‘rishni bilmoqchi bo‘lsangiz, «Xudoning Shohligi boshqarmoqda» kitobining (rus) 230-sahifasiga qarang.