Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ayollarga Yahova kabi munosabat ko‘rsatyapsizmi?

Ayollarga Yahova kabi munosabat ko‘rsatyapsizmi?

KO‘PGINA sadoqatli ayollar bilan yelkama-yelka xizmat qilish sharafiga egamiz. Sodiq, mehnatkash har bir opamizni, singlimizni yaxshi ko‘ramiz va ulardan minnatdormiz a. Shunday ekan, aziz birodarlar, ularga mehr, adolat va hurmat ila munosabat ko‘rsatishga harakat qiling. Lekin nomukammal bo‘lganimiz uchun ba’zida bunday qilishga qiynalamiz. Ayrim birodarlar boshqa qiyinchiliklarga ham duch kelgan.

Ba’zilar ko‘p erkak kishilar ayollarni ulardan pastroq deb hisoblaydigan madaniyatda ulg‘aygan. Misol uchun, Boliviyada tuman noziri bo‘lib xizmat qilayotgan Gans shunday bo‘lishdi: «Ayrim erkaklar erkak kishi ayoldan ustuvor bo‘lib, ko‘p hollarda ayollarga nisbatan mensimaydigan madaniyatda katta bo‘lgan». Tayvandagi Shensyan ismli oqsoqol quyidagicha dedi: «Men yashaydigan joyda ko‘pgina erkaklar ayollar ularga o‘z fikrini aytmasligi kerak deb biladi. Mabodo, birorta kishi ayolning qandaydir fikrini inobatga olsa, boshqalar unga past nazar bilan qaraydi». Ba’zi kishilar esa ayollarga yuzxotirchilik qilishini boshqacha tarzda ko‘rsatadi. Masalan, ular ayollarni kamsitadigan hazil-xuzul qiladi.

Yaxshiyamki, kishi qaysi madaniyatda ulg‘ayganiga qaramay, erkaklar ayollardan ustunroq degan fikrini yengishi mumkin. (Efes. 4:22–24) Buni Yahovaning misoliga taqlid qilish orqali uddalasa bo‘ladi. Ushbu maqolada Xudo ayollarga qanday munosabatda ekani, birodarlar ayollarga U kabi munosabat ko‘rsatishni qay yo‘sin o‘rganishi va qanday qilib oqsoqollar opa-singillarga hurmat ko‘rsatishda tashabbus ko‘rsatishlari mumkinligi borasida so‘z yuritamiz.

YAHOVA AYOLLARGA QANDAY MUNOSABAT KO‘RSATADI?

Yahova ayollarga qanday munosabatda bo‘lish borasida a’lo o‘rnak ko‘rsatyapti. U rahmdil Otamiz sifatida barcha bandalarini yaxshi ko‘radi. (Yuhan. 3:16) Sadoqatli opa-singillarni U qimmatbaho qizlariday ko‘radi. Xudo ayollarning qadri baland deb bilishining ba’zi qirralariga diqqat qarataylik.

Xudo ayollarga yuzxotirchilik qilmaydi. U ham erkakni, ham ayolni O‘ziga monand qilib yaratgan. (Ibt. 1:27) Alloh erkak kishini aqlliroq yoki qobiliyatliroq qilib yaratmagan va uni ayol kishidan afzalroq deb hisoblamaydi. (2 Sol. 19:7) U erkak va ayolni bir xil aqliy qobiliyatlar bilan yaratgani uchun ular Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni tushunib, Uning ajoyib fazilatlariga taqlid qila olishadi. Yahova Unga ishonadigan erkag-u ayollarni qadrlab, ularga yer yuzida abadiy yashash yoki osmonda shohlar-u ruhoniylar sifatida xizmat qilish umidini bergan. (2 Butr. 1:1) Darhaqiqat, Yahova ayollarga yuzxotirchilik qilmaydi.

Xudo ayollarga quloq soladi. U ayollarning tuyg‘ulari-yu tashvishlariga befarq emas. Misol uchun, Xudo Rohila va Xannaning ibodatlarini eshitib, ularga javob bergan. (Ibt. 30:22; 1 Shoh. 1:10, 11, 19, 20) Qolaversa, Yahova Kalomining yozuvchilarini ilhomlantirib, erkaklar ayollarga quloq solgani haqidagi bayonotlarni yozishga g‘amxo‘rlik qilgan. Masalan, Ibrohim Yahovaning gapiga kirib, xotini Soraga quloq solgan. (Ibt. 21:12–14) Shoh Dovud Obigaylga quloq solgan. Ha, u Yahova Obigaylni unga gapirishi uchun yuborgan deb hisoblagan. (1 Shoh. 25:32–35) Otasining fazilatlariga mukammal tarzda taqlid qilgan Iso onasi Maryamga quloq solgan. (Yuhan. 2:3–10) Ushbu misollardan shuni ko‘ryapmizki, Yahova ayollarga hurmat ko‘rsatishining bir yo‘li ularga quloq solishidir.

Xudo ayollarga ishonadi. Misol uchun, U Momohavoga butun yer yuziga g‘amxo‘rlik qilishga ko‘maklashishni ishonib topshirgan. (Ibt. 1:28) Shu yo‘sin, Xudo uni Odamatoga qaraganda kamroq ahamiyatga ega emas, balki uni to‘ldirib turadigan yordamchi deb bilgan. Shuningdek, U payg‘ambar ayol Dobira va Xuldaga xalqiga, jumladan, hakam va shohga maslahat berishni ishonib topshirgan. (Hak. 4:4–9; 4 Shoh. 22:14–20) Hozir Yahova opa-singillarga Uning ishini bajarishni ishonib topshiryapti. Ushbu sodiq ayollar va’zgo‘y, kashshof va to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida xizmat qilyapti. Ular Yig‘ilish zallari-yu tashkilotimizning boshqa binolarining loyihalashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlarida yordam berishyapti. Ba’zilari Baytilda, boshqalari esa masofaviy tarjima ofislarida xizmat qilyapti. Bu opa-singillarimiz Yahova irodasini amalga oshirish uchun foydalanayotgan ulkan qo‘shinday. (Zab. 68:11) Ko‘rib turganimizday, Xudo ayollarni zaif yoki qobiliyatsiz deb hisoblamaydi.

BIRODARLAR AYOLLARGA YAHOVA KABI MUNOSABAT KO‘RSATISHNI QANDAY O‘RGANISHI MUMKIN?

Qadrdon birodarlar, opa-singillarga Yahova kabi munosabat ko‘rsatayotganimizni aniqlash uchun fikrlarimiz-u harakatlarimizni rostgo‘ylik ila tekshirishimiz kerak. Bunday qilish uchun yordamga muhtojmiz. Xuddi rentgen apparati yordamida inson yuragidagi muammolarni aniqlash mumkin bo‘lganiday, yaxshi do‘st va Xudoning Kalomi bizga ayollarga nisbatan nuqtai nazarimiz Yahovaga ma’qulmi yo‘qmi aniqlashga ko‘maklashishi mumkin. Bunday yordamni olish uchun nima qilsak bo‘ladi?

Yaxshi do‘stingizdan so‘rang. (Hik. 18:17) Ishonchli, mehribon va mulohazakor do‘stimizdan quyidagicha so‘rab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi: «Sizningcha, opa-singillarga qanday munosabat ko‘rsatyapman? Hurmat qilayotganimni ular his qilishyaptimi? Ularga yaxshiroq munosabat ko‘rsatish uchun nimanidir o‘zgartirishim kerakmi?» Agar do‘stingiz yaxshilanishingizga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan ba’zi fiklarni aytsa, o‘zingizni oqlashga harakat qilmang. Aksincha, kerakli o‘zgarishlar qilishga jon kuydiring.

Xudoning Kalomini tadqiq qiling. Opa-singillarga qanday munosabatda ekanimizni aniqlashning eng zo‘r yo‘li nuqtai nazarimizni va harakatlarimizni Kalom asosida tekshirib ko‘rishdir. (Ibron. 4:12) Muqaddas Kitobni tadqiq qilganimizda, ayollarga yaxshi va yomon munosabat ko‘rsatgan kishilar haqida bilib olamiz. Keyin ularning xatti-harakatlarini o‘zimizniki bilan solishtirib ko‘rsak bo‘ladi. Bundan tashqari, oyatlarni bir-biri bilan solishtirganda, ayollar borasidagi xato fikrimizni to‘g‘ri deb, uni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zimiz bilmagan holda biron oyatni matn tarkibidan ajratib olmasligimiz lozim. Masalan, 1 Butrus 3:7 ga ko‘ra, erlar xotinlarini «go‘yo nafis idishdek» e’zozlashi kerak b. Bu ayol kamroq ahamiyatga ega, ya’ni erkak kishiga qaraganda uncha aqlli yoki qobiliyatli deganimi? Aslo. Butrusning bu so‘zlarini Galatiyaliklarga 3:26–29 da yozilganlar bilan solishtirib shuni ko‘ryapmizki, Yahova ayollarni osmonda Iso bilan birga boshqarishi uchun tanlagan. Kalomni tadqiq qilsak va yaxshi do‘stimizdan ayollarga nisbatan munosabatimiz borasida so‘rasak, opa-singillarimizga o‘rinli tarzda hurmat ko‘rsatishni o‘rgana olamiz.

OQSOQOLLAR OPA-SINGILLARGA QAY YO‘SIN HURMAT KO‘RSATISHADI?

Birodarlar mehribon oqsoqollarning opa-singillarga ko‘rsatayotgan hurmatidan ham o‘rganishi mumkin. Xo‘sh, oqsoqollar opa-singillarni hurmat qilishda qanday o‘rnak ko‘rsatishyapti? Muayyan tomonlarga nazar solaylik.

Oqsoqollar opa-singillarni maqtaydi. Havoriy Pavlus oqsoqollar taqlid qilishlariga arziydigan yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. U Rimdagi jamoatga yozgan maktubida bir nechta opamizni ochiq-oydin maqtagan. (Rim. 16:12) Bu maktub jamoatda o‘qib berilayotganda o‘sha opalar qanchalik suyunganini bir tasavvur qiling. Shu kabi oqsoqollar opa-singillarni ularning yaxshi fazilatlari-yu xizmatda qilayotgan mehnati uchun saxiylik ila maqtashadi. Bu bilan opa-singillar ularni nihoyatda hurmat qilishlarini va qadrlashlarini his qilishadi. Oqsoqol aytgan daldali so‘zlar Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishda davom etayotgan bunday opa-singillar uchun aynan ular muhtoj bo‘lgan narsa bo‘lishi mumkin. (Hik. 15:23)

Maqtang

Opa-singillarni maqtaganda oqsoqollar samimiy bo‘lib, muayyan narsani ta’kidlashi yaxshidir. Nega? Jessika ismli opamiz shunday dedi: «Birodarlar opa-singillarga barakalla deb aytishlari yoqimli. Ammo ular muayyan biron narsa, masalan, yig‘ilishda bolamizni shovqin qilmaslikka o‘rgatayotganimiz yoki tadqiq o‘tayotgan insonlarni uchrashuvlarga olib kelish uchun vaqt ajratayotganimiz uchun maqtasa, ko‘proq dalda baxsh etadi». Oqsoqollar opa-singillarni muayyan narsalar uchun maqtaganda, ular o‘zini kerakli va jamoatda qadri baland deb his qilishadi.

Oqsoqollar opa-singillarga quloq soladi. Kamtarin oqsoqollar faqat ularda yaxshi fikrlar bo‘lishi mumkin deb hisoblamaydi. Ular opa-singillardan takliflari bilan bo‘lishishini so‘rashadi va diqqat ila tinglashadi. Bunday qilib, ular opa-singillarga dalda berishadi va o‘zlariga foyda keltirishadi. Qanaqasiga? Baytilda xizmat qilayotgan Gerardo ismli oqsoqol shunday deb aytdi: «Opa-singillar o‘z fikrini bildirishlarini so‘rayman, chunki bu ishimning sifatini yaxshilaydi. Odatda, aksariyat birodarlarga qaraganda opa-singillar bu ishni ko‘p yillar mobaynida bajarib kelishadi». Jamoatda ko‘p opa-singillar kashshof bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois ular mahalliy hududda yashayotgan odamlar to‘g‘risida ancha narsalarni bilishadi. Brayn ismli oqsoqol quyidagicha dedi: «Opa-singillarimiz tashkilotimiz uchun kerakli yaxshi fazilatlarga va qobiliyatlarga ega. Shunga ularning tajribasidan foyda oling».

Quloq soling

Dono oqsoqollar opa-singillarning takliflarini darrov rad qilishmaydi. Nega? Edvard ismli oqsoqol shunday bo‘lishdi: «Opa-singillarimizning fikrlari va tajribasi birodarga biron masalani to‘liqroq tushunishga va rahmdillikni rivojlantirishga ko‘maklashishi mumkin». (Hik. 1:5) Hatto birorta oqsoqol opa-singillarning taklifiga amal qila olmasa ham, fikri, bilimi va mulohazalari bilan bo‘lishgani uchun minnatdorlik bildirishi mumkin.

Oqsoqollar opa-singillarga ta’lim beradi. Fahm-farosatli oqsoqollar opa-singillarga ta’lim berish imkoniyatlarini izlaydi. Masalan, oqsoqollar suvga cho‘mgan birodar bo‘lmaganida, voizlik xizmati uchrashuvini qanday o‘tkazishni ularga o‘rgatishi mumkin. Shuningdek, ularga asboblar yoki elektron qurilmalardan foydalanishni o‘rgatishar. Shunda ular tashkilotimizning qurilish va ta’mirlash loyihalarida yordam bera olishadi. Baytilda nozirlar opa-singillarga turli vazifalarni bajarishga, jumladan, ta’mirlash, xarid qilish, kompyuter dasturlari bilan ishlashni o‘rgata olishadi. Ular opa-singillarga ta’lim berishganida, ularni qobiliyatli va ishonchli deb bilishayotganini ko‘rsatishadi.

Ta’lim bering

Ko‘pgina opa-singillar oqsoqollardan olgan ta’limdan boshqalarga foyda keltirish uchun foydalanyapti. Misol uchun, ba’zilari qurilish borasida olgan bilimlarni tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga uylarini ta’mirlashga yordam berishda qo‘llayapti. Boshqalari esa ko‘proq opa-singillar va’zgo‘ylik xizmatida qatnashishiga yordam berish uchun jamoat joylarida va’z qilish borasida orttirgan bilimidan foydalanyapti. Xo‘sh, oqsoqollar tomonidan ta’lim olgan opa-singillar bu tufayli o‘zini qanday his qiladi? Jennifer shunday dedi: «Yig‘ilish zalining qurilish loyihasida ishtirok etganimda, u yerdagi nozirimiz menga ta’lim berish uchun vaqt ajratardi. U qilgan ishimga ahamiyat berib, meni maqtardi. U bilan hamkorlik qilish jon-u dilim edi, chunki o‘zimni qadrli va ishonchli inson sifatida his qilardim».

OPA-SINGILLARGA OILA A’ZOLARIMIZGA KABI MUNOSABAT KO‘RSATISHNING FOYDASI

Sadoqatli opa-singillarimizni Yahovaga o‘xshab yaxshi ko‘ramiz. Shuning uchun ularga oila a’zolarimizga kabi munosabat ko‘rsatamiz. (1 Tim. 5:1, 2) Ularni qadrlaymiz va ular bilan hamkorlik qilayotganimizdan boshimiz ko‘kka yetyapti. Qadrdon opa-singillarimiz sevgimizni va qo‘llab-quvvatlayotganimizni his qilishganida rosa quvonamiz. Vanessa ismli opamiz shunday dedi: «Menga dalda beradigan birodarlarga to‘la tashkilotda ekanimdan Yahovadan minnatdorman». Tayvandagi opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Yahova hamda tashkilotimiz bizni juda qadrlayotgani va his-tuyg‘ularimizni inobatga olayotganidan minnatdorman. Bu tufayli imonim yanada mustahkamlanib, Yahovaning tashkilotida ekanim uchun bo‘lgan minnatdorchiligim yanada oshyapti».

Sadoqatli birodarlar ayollarni qadrlab, ularga Yahova kabi munosabat ko‘rsatishga intilganida U ular bilan faxrlanadi. (Hik. 27:11) Shotlandiyadagi Benjamin ismli oqsoqol: «Bu dunyoda ayollarga past nazar bilan qarashlari mumkin. Shuning uchun ayol kishi Yig‘ilish zaliga qadam bosganida, o‘zini butunlayin boshqacha his qilishini istaymiz»,— dedi. Keling, aziz opa-singillarimiz loyiq bo‘lgan sevgi hamda hurmat ila munosabat ko‘rsatish orqali Yahovaga taqlid qilishga jon kuydiraylik. (Rim. 12:10)

a Bu maqolada «opa-singillar» iborasi tug‘ishgan emas, masihiy ayollarga ishora qiladi.

b «Nafis idish» iborasi borasida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2006-yil 15-may (rus) sonidagi «“Nafis idish”ning qadr-qimmati» va «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2005-yil 1-mart (rus) sonidagi «Juftlik uchun yo‘l-yo‘riq» nomli maqolalarga qarang.