Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-TADQIQ MAQOLASI

27-QO‘SHIQ Xudo o‘g‘illarining oshkor bo‘lishi

«Seni... aslo tark etmayman»!

«Seni... aslo tark etmayman»!

Xudoning O‘zi: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman»,— degan. (IBRON. 13:5b)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Xudo moylanganlarning yer yuzidagi qolgan qismi osmonga ko‘tarilganida yerdagi boshqa xizmatchilarini tashlab qo‘ymaslikka ishontirayotganini bilib olamiz.

1. Qachon hamma moylanganlar osmonda bo‘lishadi?

 YILLAR oldin Yahovaning xizmatchilari: «Moylangan masihiylarning oxirgisi osmonga qachon ko‘tariladi?» — deb o‘ylashgan. Avvallari ba’zi moylangan masihiylar yer yuzida qolishi va Armageddondan keyin qaysidir payt yashashi mumkin deb o‘ylardik. Ammo «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2013-yil 15-iyul sonidan Armageddon boshlanishidan avval barcha moylangan masihiylar osmonda bo‘lishini bilib oldik. (Mat. 24:31)

2. Qanday savol tug‘ilishi mumkin va bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Biroq ba’zilarda shunday savol tug‘ilar: «“Buyuk musibat” davomida Yahovaga sadoqat ila xizmat qiladigan Masihining “boshqa qo‘ylari” bilan nima bo‘ladi»? (Yuhan. 10:16; Mat. 24:21) Ularning ayrimlari qadrdon moylangan birodar-u opalari osmonga ko‘tarilganida, o‘zlarini tark etilganday his qilishdan yoki nima qilarini bilmay qolishdan xavotirlanishi mumkin. Keling, ularning xayoliga kelishi mumkin bo‘lgan Muqaddas Kitobdagi ikkita bayonotni ko‘rib chiqaylik. Qolaversa, nega xavotirlanishga hojat yo‘qligining sabablariga diqqat qaratamiz.

NIMA YUZ BERMAYDI?

3, 4. Ba’zilar qanday fikrga borishi mumkin va nega?

3 Ayrimlar boshqa qo‘ylarga yo‘l-yo‘riq beradigan Yetakchi kengashdagi moylangan birodarlar bo‘lmasa, ular Yahovaga xizmat qilmay qo‘yishi mumkin degan fikrga borayotgandir. Hoynahoy, ular Kalomdagi muayyan bayonotlar tufayli bunday deb o‘ylashayotgandir. Keling, ikkita misolga nazar solaylik. Birinchisi oliy ruhoniy Yohayido bilan bog‘liq. U Xudoning sodiq xizmatchisi edi. Yohayido xotini Yohushevat bilan Yo‘sh ismli bolakayni himoya qilib, unga yaxshi va sodiq shoh bo‘lib ulg‘ayishga ko‘maklashishgan. Yoshi ulug‘ Yohayido hayotligida Yo‘sh to‘g‘ri yo‘l tutardi. Biroq uning o‘limidan ko‘p vaqt o‘tmay, Yo‘sh yomon ishlar qiladigan bo‘ldi. U yovuz beklarga quloq soladigan bo‘ldi va Yahovadan yuz o‘girdi. (2 Sol. 24:2, 15–19)

4 Keyingi misol ikkinchi asrdagi masihiylar bilan bog‘liq. Bilamizki, havoriylardan eng oxirgisi Yuhanno edi. U tirikligida ko‘p masihiylarga Yahovaga sadoqatli qolishga yordam bergan. (3 Yuhan. 4) Boshqa sodiq havoriylar singari Yuhanno ham qaysidir payt davomida, tarqalayotgan murtadlikka qarshi kurash olib borgan edi. (1 Yuhan. 2:18; 2 Salon. 2:7) Uning o‘limidan keyin esa murtadlik avjiga chiqdi. Bir necha yil ichida jamoatda murtadlik gurkirab ketgandi.

5. Mazkur ikkita bayonotdan qanday xulosaga kelmasligimiz lozim?

5 Xo‘sh, ushbu ikkita bayonotga ko‘ra, moylanganlar osmonga ko‘tarilgach, Masihning boshqa qo‘ylari bilan ham shunday bo‘ladi, deb aytsa bo‘ladimi? O‘shanda yerdagi sadoqatli masihiylar Yo‘sh kabi olgan ta’limidan yuz o‘giradimi yoki mil. ikkinchi asrdagi ko‘p masihiylarga o‘xshab murtadlarga aylanadimi? Albatta yo‘q! Moylanganlar osmonga ko‘tarilgach, boshqa qo‘ylarga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishlariga va ular ma’nan to‘q bo‘lishiga yuz foiz ishonsak bo‘ladi. Qiziq, nega?

POK TOPINISH BULG‘ANMAYDI

6. Qaysi uchta davrni qisqacha ko‘rib chiqamiz?

6 Nega kelajakdagi og‘ir paytda ham pok topinish bulg‘anmasligiga aminmiz? Muqaddas Kitobdan biz yashayotgan payt to‘g‘risida bilib olganlarimiz tufayli bunda aminmiz. Bu payt qadimgi Isroil va ikkinchi asrdagi masihiylarning paytidan anchagina farq qiladi. Shuning uchun keling, ushbu uchta davr borasida so‘z yuritaylik: 1) qadimgi Isroil payti, 2) havoriylarning o‘limidan keyingi payt va 3) Alloh «barcha aytganlarini o‘z o‘rniga qo‘yadigan vaqt», ya’ni bizning davrimiz. (Havor. 3:21)

7. Nega shohlar va boshqa ko‘plar yovuzlik yo‘liga turishganda sadoqatli isroilliklar umidini so‘ndirmasligi kerak edi?

7 Qadimgi Isroil payti. Muso o‘limidan sal oldin isroilliklarga shunday degan: «O‘limimdan keyin, men sizlarga buyurgan yo‘ldan og‘ib, razillik qilishingizni aniq bilaman». (Qonun. 31:29) Shuningdek, u Isroil xalqi isyon ko‘tarsa, asirlikka olib ketilishidan ogohlantirgan. (Qonun. 28:35, 36) Bu amalga oshdimi? Ha. Yuzlab yillar o‘tgach, ko‘p shohlar yovuzliklar qilishgan va Xudoning xalqini to‘g‘ri yo‘ldan urishgan. Buning dastidan Yahova yovuz insonlarni jazolab, isroillik shohlarning boshqarishiga chek qo‘ygan. (Hiz. 21:25–27) Biroq sadoqatli isroilliklar Xudoning kalomi amalga oshganini ko‘rganda jasoratga to‘lishgan. (Ishayo 55:10, 11)

8. Ikkinchi asrdagi masihiylar jamoati bulg‘anganidan hayron bo‘lishimiz kerakmi? Tushuntiring.

8 Havoriylarning o‘limidan keyingi payt. Ikkinchi asrdagi masihiylar jamoati bulg‘angani bizni hayratga solishi kerakmi? Aslo. Iso murtadlik avjiga chiqishini bashorat qilgan edi. (Mat. 7:21–23; 13:24–30, 36–43) Havoriy Pavlus, Butrus va Yuhanno Isoning bu bashorati mil. birinchi asrda amalga oshishni boshlaganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan. (2 Salon. 2:3, 7; 2 Butr. 2:1; 1 Yuhan. 2:18) Mil. ikkinchi asrda esa masihiylar jamoati bulg‘andi, murtadlar ko‘payib, soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilning asosiy qismini tashkil etadigan bo‘lishdi. Shu tariqa, Isoning bashorati amalga oshdi.

9. Bizning paytimiz qadimgi Isroil va ikkinchi asrdagi masihiylarning davridan nimasi bilan farq qiladi?

9 Alloh «barcha aytganlarini o‘z o‘rniga qo‘yadigan vaqt». Bizning davrimiz qadimgi Isroil va mil. ikkinchi asrdagi murtadlik avjiga chiqqan paytdan farq qiladi. Xo‘sh, bu payt qanday nomlanadi? Odatda bu davrni «oxirzamon», ya’ni bu yovuz dunyoning oxirgi kunlari deb aytamiz. (2 Tim. 3:1) Biroq Muqaddas Kitobdan ko‘rayotganimizday, bu ulkan va uzoq davomli davr bir paytda boshlangan. U Masihiy Shohlik ostida odamlar mukammal bo‘lmaguncha va yer yuzi jannatga aylanmaguncha davom etadi. Bu davr Alloh «barcha aytganlarini o‘z o‘rniga qo‘yadigan vaqt» deb ataladi. (Havor. 3:21) U 1914-yili boshlangan. Xo‘sh, o‘shanda nima o‘z o‘rniga qo‘yilgan? Iso Masih osmonda Shoh etib tayinlangan. Shunday qilib, yana Yahovaning vakili boshqarish uchun taxtga o‘tirgan. U sadoqatli shoh Dovudning avlodidan bo‘lgan. Lekin Yahova shohlikdan tashqari boshqa narsalarni ham o‘z o‘rniga qo‘ygan. Ko‘p o‘tmay, pok topinish o‘z o‘rniga qo‘yila boshladi! (Ishayo 2:2–4; Hiz. 11:17–20) Qiziq, u yana bulg‘anadimi?

10. a) Muqaddas Kitobda bizning paytimizdagi pok topinish borasida nima bashorat qilingan? (Ishayo 54:17) b) Nega bu kabi bashoratlar imonimizga imon qo‘shadi?

10 Ishayo 54:17 ni o‘qing. «Senga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozonmaydi»,— degan bashorat haqida bir o‘ylab ko‘ring. Ilohiy ilhom ostida yozilgan bu so‘zlar hozir amalga oshyapti. Quyidagi tasalli beruvchi so‘zlar ham bugungi kunga taalluqli: «Barcha o‘g‘illaring Yahovadan ta’lim oladi, ularning tinchligi cheksiz bo‘ladi. Odilligingni barqaror qilasan... hech narsadan qo‘rqmaysan, seni hech nima dahshatga solmaydi. Chunki bular senga yaqin yo‘lamaydi». (Ishayo 54:13, 14) Hatto «ushbu zamonaning xudosi» Shayton Yahovaning xalqi olib borayotgan ta’lim berish faoliyatini to‘xtatishga qodir emas. (2 Kor. 4:4) Pok topinish o‘z o‘rniga qo‘yiladi yoki tiklanadi va boshqa hech qachon bulg‘anmaydi. U abadulabad bor bo‘ladi. Bizga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozonmaydi!

NIMA YUZ BERADI?

11. Moylanganlar osmonga ko‘tarilganida, ulkan olomon yolg‘iz qolmasligiga bizni nima ishontiryapti?

11 Moylanganlar osmonga ko‘tarilgach nima yuz beradi? Iso Masih Cho‘ponimiz ekanini unutmang. U masihiylar jamoatining Boshi. Iso: «Birgina Yo‘lboshchingiz bor. U ham bo‘lsa Masihdir»,— deb aytgan. (Mat. 23:10) Osmonda hukm surayotgan Shohimiz haqiqiy izdoshlariga doim g‘amxo‘rlik qiladi. Ha, Masihning ko‘magi bilan yer yuzidagi izdoshlari hech narsadan qo‘rqmaydi. Albatta, Masih o‘sha paytda ularga qay yo‘sin yo‘l ko‘rsatishining har bir tafsilotini bilmaymiz. Shu bois, keling, imonimizga imon qo‘shadigan ba’zi misollarni Muqaddas Kitob yordamida ko‘rib chiqaylik.

12. a) Qanday qilib Yahova Musoning o‘limidan keyin xalqiga g‘amxo‘rlik qilgan? b) Yahova Ilyosga boshqa vazifa topshirganidan so‘ng xalqiga qanday g‘amxo‘rlik qilgan?

12 Isroilliklar va’da qilingan yurtga kirishidan avval Muso payg‘ambar hayotdan ko‘z yumgandi. Xo‘sh, o‘shanda ular nima qilgan? Bu sadoqatli kishi bo‘lmaganida ular Xudoning yordamisiz qolishdimi? Yo‘q. Ular sadoqatli yo‘l tutishganida Yahova ularga g‘amxo‘rlik qilardi. Musoning o‘limidan oldin ularni boshqarish uchun Xudo Yoshuani tayinlagandi. Muso unga ko‘p yillar mobaynida ta’lim bergan. (Chiq. 33:11; Qonun. 34:9) Bundan tashqari, boshqa qobiliyatli kishilar — mingboshi, yuzboshi, ellikboshi va o‘nboshilar tayinlangan edi. (Qonun. 1:15) Xudoning xalqiga yaxshi g‘amxo‘rlik qilinardi. Endi esa Ilyos payg‘ambarni olaylik. U ancha yillar davomida isroilliklar orasida pok topinishni olg‘a surishda yetakchilik qilgan. Ammo keyinchalik Yahova uni Yahudoda xizmat qilishga tayinlagan. (4 Shoh. 2:1; 2 Sol. 21:12) Xo‘sh, o‘shanda o‘n qabilali Isroildagi sadoqatli kishilar yolg‘iz qolib ketganmi? Aslo. Ilyos yillar mobaynida Elishayga ta’lim bergandi. Shuningdek, «payg‘ambarlar o‘g‘illari» bo‘lgan va, hoynahoy, ular ham ta’lim olgan. (4 Shoh. 2:7) Shunday ekan, Xudoning xalqiga ko‘maklashgan ko‘pgina sodiq kishilar bo‘lgan. Yahova niyatini amalga oshirishda davom etib, sadoqatli xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilgan.

Muso (chap tomondagi rasmda) va Ilyos (o‘ng tomondagi rasmda). Har biri Xudoning xalqini boshqara oladigan kishilarga ta’lim beryapti (12-xatboshiga qarang.)


13. Ibroniylarga 13:5 ga ko‘ra, Yahova bizga nima va’da qilyapti? (Rasmga ham qarang.)

13 Ushbu misollar asosida, sizningcha, so‘nggi moylangan masihiy osmonga ko‘tarilgach, nima bo‘ladi? Xavotirlanishga hojat yo‘q. Muqaddas Kitobdan oddiy va imonimizga imon qo‘shadigan mana shu fikrni bilib olyapmiz: Yahova yer yuzidagi xalqini hech qachon tark etmaydi! (Ibroniylarga 13:5 ni o‘qing.) Muso hamda Ilyos kabi, rahbarlikni zimmasiga olgan moylangan masihiylarning kichik guruhi boshqalarga ta’lim berish juda muhim ekanini tushunyapti. Yetakchi kengashdagi birodarlar ancha yillardan beri boshqa qo‘ylar orasidagi kishilarni rahbarlikni zimmasiga olishni o‘rgatib kelyapti. Misol uchun, ular oqsoqollarga, tuman nozirlariga, Filial qo‘mitasining a’zolariga, Baytildagi nozirlarga va boshqalarga ta’lim berish maqsadida ko‘pgina maktablarni tashkil etgan. Yetakchi kengashdagi birodarlar Yetakchi kengashning turli qo‘mitalarining yordamchilariga shaxsan o‘zlari ta’lim beryapti. Ushbu yordamchilar tashkilotimizda ko‘pgina mas’uliyatli vazifalarni sadoqat ila bajarib kelyapti. Ular Masihning qo‘zichoqlariga g‘amxo‘rlik qilishda davom etish uchun puxta tayyorlangan.

Yetakchi kengash yordamchilarga, oqsoqollarga, tuman nozirlariga, Filial qo‘mita a’zolariga, Baytildagi nozirlarga va butun dunyodagi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarga ta’lim berish maqsadida maktablar tashkil etish uchun mehnat qilyapti (13-xatboshiga qarang.)


14. Muhokamamizning asosiy mag‘zi nimadan iborat?

14 Muhokamamizning asosiy mag‘zi quyidagicha: buyuk musibatning yakuniga oz vaqt qolganida, so‘nggi moylangan masihiy osmonga ko‘tarilganda, Yahovaning xalqi yer yuzida Unga sadoqat ila topinishda davom etadi. Yo‘lboshchimiz Iso Masihga ming rahmat, chunki Xudoning xalqi bir soniyaga ham tashlab qo‘yilmaydi. Bilamizki, o‘shanda Mago‘g yurtidagi Go‘g, ya’ni zulmkor xalqlar ittifoqi bizga hujum qiladi. (Hiz. 38:18–20) Biroq bu qisqa vaqt davom etadigan hujum muvaffaqiyat qozonmaydi. U Xudoning xalqini Unga topinishdan to‘xtata olmaydi. Alloh xalqini qutqarishi shubhasiz! Havoriy Yuhanno vahiyda Masihning boshqa qo‘ylari «ulkan olomon» ekanini ko‘rgan. Yuhannoga «ulkan olomon» «buyuk musibatdan chiqib kel»ishi haqida aytilgan. (Vah. 7:9, 14) Darhaqiqat, ular omon qolishadi!

15, 16. Vahiy 17:14 ga binoan, moylangan masihiylar Armageddon jangida nima qilishadi va nega bu daldali?

15 Shunday bo‘lsa ham ayrimlar: «Moylanganlar-chi, osmonga ko‘tarilgach, nima qilishadi?» — deb o‘ylar. Kalomda bunga aniq javob berilgan. U yerda aytilishicha, bu dunyodagi hukumatlar «Qo‘zi bilan jang qilishadi». Shubhasizki, ular mag‘lub bo‘lishadi. «Qo‘zi ularni yengib chiqadi». Qiziq, unga kim yordam beradi? Kalomda shunday javob berilgan: «Da’vat etilganlar, tanlanganlar va sodiq qolganlar». (Vahiy 17:14 ni o‘qing.) Kimlar haqida gap ketyapti? Bu tirilgan moylangan masihiylar. Demak, buyuk musibatning yakuni yaqinlashib qolganda so‘nggi moylangan osmonga ko‘tarilganida, ularning vazifalaridan biri jang qilishdan iborat bo‘ladi. Naqadar ahamiyatli vazifa! Ba’zi moylangan masihiylar Yahovaning Shohidlari bo‘lishdan oldin insonlar bilan jang qilgan. Ayrimlari hatto bu dunyoda harbiy kuchlarda xizmat qilgan. Lekin keyin ular haqiqiy masihiylarga aylanib, tinchlik yo‘lini bilib olgan. (Galat. 5:22; 2 Salon. 3:16) Ular jang qilishni ortda qoldirgan. Biroq osmonga ko‘tarilgach, ular Masih va uning muqaddas farishtalari bilan birga xizmat qilib, Xudoning dushmanlariga qarshi so‘nggi jangda ishtirok etishadi.

16 Bir o‘ylab ko‘ring. Yer yuzidagi ba’zi moylangan masihiylar qarib qolgan va hatto zaifdir. Ammo osmonda yashash uchun tirilishganida ular qudratli, o‘lmaydigan ruhiy shaxslar bo‘lishadi va g‘alaba qozonadigan Shohi Iso Masih bilan yelkama-yelka jang qilish uchun tayinlanishadi. Armageddon jangidan so‘ng ular insonlarga mukammallik sari intilishga ko‘maklashishadi. Shubhasizki, ular osmondan turib yer yuzidagi qadrdon birodar-u opa-singillari uchun nomukammal kishilar sifatida qilganidan ham ko‘prog‘ini amalga oshirishadi.

17. Xudoning hamma xizmatchilari Armageddon jangi paytida xavfsizlikda bo‘lishini qayerdan bilamiz?

17 Siz ham, boshqa qo‘ylar qatoridanmisiz? Unday bo‘lsa, hal qiluvchi Armageddon jangi boshlanganida, siz nima qilishingiz kerak bo‘ladi? Shunchaki, Yahovaga umid bog‘lashingiz va Uning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishingiz kerak. Bunga yana nima kirishi mumkin? Muqaddas Yozuvlarda tasalli beruvchi quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Ichkari xonalaringga kirib, ortingdan eshiklaringni yop. Xudoning g‘azabi bosilmaguncha, bir lahzaga yashirin». (Ishayo 26:20) O‘sha paytda Xudoning osmondagi va yerdagi barcha sadoqatli xizmatchilari xavfsizlikda bo‘ladi. Havoriy Pavlus kabi biz ham «na hukumatlar, na hozirgi, na kelajakdagi narsalar... bizni Xudoning sevgisidan judo qilishga qodir» emasligiga aminmiz. (Rim. 8:38, 39) Hamisha yodingizda bo‘lsin: Yahova sizni yaxshi ko‘radi va aslo tark etmaydi!

MOYLANGANLAR OSMONGA KO‘TARILGANIDA...

  • nima yuz beradi?

  • nega pok topinish bulg‘anmasligiga amin bo‘lishimiz mumkin?

  • nega Yahova xalqiga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonsak bo‘ladi?

8-QO‘SHIQ Yahova — Boshpanamdir