Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6- TADQIQ MAQOLASI

10-QO‘SHIQ Allohimiz Yahovani ulug‘lang!

«Yahovaning ismiga maqtovlar ayting!»

«Yahovaning ismiga maqtovlar ayting!»

Ey, Yahovaning xizmatchilari, Unga hamdu sano ayting! Yahovaning ismiga maqtovlar ayting! (ZAB. 113:1)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Xudoning muqaddas ismini madh etishga bizni nima undashi mumkinligini bilib olamiz.

1, 2. Qaysi misol Yahova Uning ismi bulg‘anganda O‘zini qanday his qilishini tushunishimizga yordam berishi mumkin?

 AYTAYLIK, siz g‘amxo‘rlik qilgan bir kishi siz haqingizda dahshatli narsalarni gapirib yuribdi. Bu g‘irt yolg‘on ekanini bilasiz, ammo ba’zilar bunga ishonyapti. Eng yomoni esa, ular buni boshqalarga tarqatyapti va ko‘plar bunga ishonyapti. Xo‘sh, o‘zingizni qanday his qilasiz? Birorta kishiga g‘amxo‘rlik qilsangiz va obro‘ingiz yaxshi bo‘lishini xohlasangiz, bunday yolg‘on dastidan siqilasiz, shunday emasmi?! (Hik. 22:1)

2 Bu misol yordamida Yahova Uning obro‘yiga dog‘ tushganida O‘zini qanday his qilishini tushunamiz. Osmondagi o‘g‘illaridan biri U haqda ilk ayol, Momohavoga yolg‘on gapirgan. U bunga laqqa tushgan. Bu yolg‘on dastidan ilk juftlik Yahovaga qarshi isyon ko‘tardi. Oqibatda, insonlar oilasiga gunoh va o‘lim kirib keldi. (Ibt. 3:1–6; Rim. 5:12) Bu dunyodagi hamma muammolar — o‘lim, urush, qashshoqlik Shayton Adan bog‘ida tarqatishni boshlagan yolg‘on tufayli yuz beryapti. Xo‘sh, bunday yolg‘on va uning asoratlari Yahovaga og‘riq keltiryaptimi? Albatta. Ammo Yahovaning achchig‘i chiqmayapti yoki U ranjimayapti. Aksincha, U «baxtiyor Tangri» bo‘lib qolyapti. (1 Tim. 1:11)

3. Qanday sharafga egamiz?

3 «Yahovaning ismiga maqtovlar ayting!» — deyilgan oddiy amrga itoat qilish orqali Xudoning ismi oqlanishiga hissa qo‘shish sharafiga egamiz. (Zab. 113:1) Boshqalarga Uning barcha yaxshi ishlari haqida aytib berganimizda ismini madh etamiz. Siz ham shunday qilyapsizmi? Keling, Tangrimizning ismini sidqidildan madh etishimizga yordam beradigan uchta kuchli omilga nazar solaylik.

YAHOVA UNING ISMINI MADH ETGANIMIZDA MAMNUN BO‘LADI

4. Nega madhlarimiz Yahovani mamnun qilyapti? Misol keltiring. (Rasmga ham qarang.)

4 Samoviy Otamizning ismini madh etganimizda, Uni mamnun qilamiz. (Zab. 69:30, 31) Bu Qodir Tangri nomukammal insonlar kabi maqtovlar olishga muhtoj bo‘lganini anglatadimi? Yo‘q. Bir misolga diqqat qarataylik. Bitta qizaloq otasini qattiq quchoqlab: «Dadajon, siz hammadan zo‘rsiz!» — deb aytadi. Shunda otasi juda suyunadi. Nima uchun? U bolasining daldali va maqtovli so‘zlariga muhtoj bo‘lgani uchun suyunadimi? Yo‘q. Aksincha, u qizalog‘ini yaxshi ko‘rgani uchun o‘zini shunday his qiladi. Qolaversa, u qizi unga bo‘lgan sevgisini va minnatdorchiligini ko‘rsatganidan baxtiyor bo‘ladi. U qizi ulg‘aygani sayin bu kabi fazilatlar yanada baxtli bo‘lishiga hissa qo‘shishini biladi. Xuddi shu sabablarga ko‘ra, Otajonimiz Yahova Uni madh etganimizda mamnun bo‘ladi.

Ota bolasi unga sevgisi-yu minnatdorchiligini bildirganda, mamnun bo‘lganiday, Yahova ham Uning ismini madh etganimizda mamnun bo‘ladi (4-xatboshiga qarang.)


5. Yahovani madh etganimizda, qanday yolg‘onni fosh etamiz?

5 Samoviy Otamizni madh etganimizda, biz haqimizda aytilgan yolg‘onni ham yo‘qqa chiqarishga ko‘maklashamiz. Shayton hech bir inson Xudoning ismini sadoqat ila himoya qila olmasligini aytgan. Sinov ostida hech bir inson Xudoga sodiq bo‘lib qola olmas ekanmish. U barchamizni o‘z foydamizni o‘ylab, Xudodan yuz o‘girishda ayblagan. (Ayub 1:9–11; 2:4) Ammo sadoqatli bo‘lgan Ayub payg‘ambar Shayton yolg‘onchi ekanini isbotlagan. Siz haqingizda nima desa bo‘ladi? Har birimiz Otamizning ismini sadoqat ila himoya qilib, benuqsonlik ila Unga xizmat qilish orqali Uni quvontirish sharafiga egamiz. (Hik. 27:11) Darhaqiqat, bunday qilish chindan ham katta sharaf!

6. Qanday qilib shoh Dovudga va levilarga taqlid qila olamiz? (Naximiyo 9:5)

6 Xudoga bo‘lgan sevgi sadoqatli insonlarni Uning ismini chin yurakdan madh etishga undaydi. Shoh Dovud: «Ey jonim, Yahovani madh et, butun borlig‘im Uning muqaddas ismini madh etsin»,— deb yozgan. (Zab. 103:1) U shuni tushunganki, Xudoning ismini madh etish, Uning O‘zini madh etish bilan teng. Uning ismini eshitganimizda, U qanday Shaxs ekani, hamma go‘zal fazilatlari va ajoyib ishlari borasida fikr yuritamiz. Dovud Otasining ismini muqaddas deb, madh etishni istagan. U buni «butun borlig‘i» bilan — sidqidildan qilishni istagan. Shu kabi levilar ham Yahovani madh etishgan. Ular Uning muqaddas ismi loyiq bo‘lgan madhlarni so‘zlar bilan to‘liq izhor etishning iloji yo‘qligini kamtarlik ila tan olishgan. (Naximiyo 9:5 ni o‘qing.) Shubhasizki, bu kabi kamtarlik ila va chin yurakdan aytilgan madhlar Yahovaning qalbini quvontirgan.

7. Kundalik hayotimizda va xizmatda Yahovani qay yo‘sin madh eta olamiz?

7 Yahova haqida biz Undan qanchalik minnatdor ekanimizni va juda yaxshi ko‘rishimizni namoyon etadigan tarzda gapirib Uni mamnun qilamiz. Xizmatda eng asosiy maqsadimiz insonlarni Yahovaga jalb qilib, ularga Otamizga biz kabi qarashga ko‘maklashishdan iborat ekanini yodda tutamiz. (Yoqb. 4:8) Muqaddas Kitobda Yahova qay tarzda ta’riflanganini, Uning sevgi, adolat, donolik va boshqa ajoyib fazilatlari borligini odamlarga ko‘rsatish jon-u dilimiz. Shuningdek, Yahovaga taqlid qilish orqali Uni madh etib, mamnun qilamiz. (Efes. 5:1) Shu yo‘sin, bu yovuz dunyoda boshqalardan ajralib turamiz. Odamlar buni sezib, buning sababini bilishni xohlashar. (Mat. 5:14–16) Ular bilan kunda biron ish qilishimizga to‘g‘ri kelsa, nega o‘zimizni bunday tutayotganimizni tushuntirib bera olarmiz. Natijada, samimiy kishilar Tangrimizga yaqinlasha oladi. Bu yo‘llar orqali Yahovani madh etsak, Uni rosa xursand qilamiz. (1 Tim. 2:3, 4)

XUDONING ISMINI MADH ETGANIMIZDA ISONI MAMNUN QILAMIZ

8. Xudoning ismini madh etishda nega Iso eng a’lo o‘rnak?

8 Osmon-u yerdagi barcha ongli mavjudotlardan hech biri O‘g‘li kabi Otasini bilmaydi. (Mat. 11:27) Iso Otasini yaxshi ko‘radi va Uning ismini madh etishda biz uchun o‘rnak. (Yuhan. 14:31) U o‘limidan oldingi kechada Otasiga ibodat qilganda, yerdagi xizmati haqida shunday degan: «Men ismingni ularga ma’lum qildim». (Yuhan. 17:26) U nimani nazarda tutgan?

9. Iso Otasi aslida qanday Shaxs ekanini tushuntirish uchun qanday masal keltirgan?

9 Iso Xudoning ismi Yahova ekanini odamlarga shunchaki bildirib qo‘ymagan. U ta’lim bergan yahudiylar Uning ismini bilishardi. Biroq u Xudo haqda tushuntirishda tashabbus ko‘rsatgan. (Yuhan. 1:17, 18) Masalan, Ibroniycha yozuvlardan Yahova «shafqatli va rahmdil» ekanini bilib olyapmiz. (Chiq. 34:5–7) Iso darbadar o‘g‘il va uning otasi haqidagi masalni keltirganda, bu haqiqatni yanada ko‘proq oydinlashtirgan. O‘sha ota o‘g‘li «hali uzoqda kelayotganida», uni ko‘rib, qarshi olish uchun yoniga yugurib bag‘riga bosgani va chin dildan kechirgani haqida o‘qiganimizda, Yahova qanchalik shafqatli va rahmdil ekanini tushunamiz. (Luqo 15:11–32) Iso Otasi aslida qanday Shaxs ekanini oshkor etgan.

10. a) Iso Otasining shaxsiy ismini qo‘llaganini va boshqalar ham shunday qilishni xohlaganini qayerdan bilamiz? (Mark 5:19) (Rasmga ham qarang.) b) Iso hozir nima qilishimizni istayapti?

10 Iso boshqalar ham Otasining yagona ismini qo‘llashini istaganmi? Albatta. Ba’zi din peshvolari Xudoning ismi shunchalik muqaddas bo‘lganidan uni tilga olib bo‘lmaydi deb bilishgandir. Biroq Iso Kalomga zid bunday qarashlar Otasining ismini madh etishdan uni to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymagan. U Gadara hududida jinga chalingan bir kishiga shifo berganini eslaylik. O‘shanda odamlar qo‘rqib, Isodan yurtlarini tark etishni yolvorishgan. (Mark 5:16, 17) Shunday bo‘lsa ham Iso Otasining ismi u yerda ham tanilishini xohlagan. Shu bois Iso o‘sha sog‘aygan kishiga u emas, balki Yahova qilgan bu ish to‘g‘risida boshqalarga yetkazishni aytgan. (Mark 5:19 ni o‘qing.) a Hozir ham u shunday bo‘lishini istaydi — biz butun dunyo bo‘ylab Otasining ismini barchaga tanitishimizni xohlaydi! (Mat. 24:14; 28:19, 20) Bunday qilganimizda, Shohimiz Isoni mamnun qilamiz.

Iso jinlar ta’siridan qutulgan kishiga Yahova unga qanday yordam berganini boshqalarga aytishni tayinlagan (10-xatboshiga qarang.)


11. Iso izdoshlariga nima deb ibodat qilishni o‘rgatgan va nega bu muhim? (Hizqiyo 36:23)

11 Iso Yahovaning niyati ismini muqaddas qilib, uni barcha tuhmatlardan oqlashdan iborat ekanini bilgan. Shuning uchun ham u izdoshlariga: «Osmondagi Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin»,— deb ibodat qilishni o‘rgatgan. (Mat. 6:9) Iso bu barcha ijodlar duch kelayotgan eng ulkan masala ekanini tushungan. (Hizqiyo 36:23 ni o‘qing.) Undan tashqari koinotdagi hech bir ongli shaxs Xudoning ismini u kabi muqaddas qilmagan. Lekin u hibsga olinganda, dushmanlar uni Otasiga o‘taketgan hurmatsizlik ko‘rsatishda ayblashgan. Iso Otasining muqaddas ismini badnom qilish yoki tuhmat qilishni eng dahshatli gunoh deb bilgan. U bunday jinoyatda aybdor deb topilganidan yuragi tilka-pora bo‘lgan. Hoynahoy, bu u hibsga olinishdan oldin «ich-ichidan ezil»ganining asosiy sababi bo‘lgan. (Luqo 22:41–44)

12. Qanday qilib Iso Otasining ismini eng a’lo tarzda muqaddas qilgan?

12 Otasining ismini muqaddas qilish uchun Iso har qanday azob, ayblov va tuhmatga qaramay sabr-bardoshli bo‘lib qolgan. U barcha narsada Otasiga bo‘ysunganini; uyalishiga sabab bo‘ladigan hech qanday ish qilmaganini bilgan. (Ibron. 12:2) Qolaversa, u Shayton o‘sha dahshatli onlarda unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilayotganini tushungan. (Luqo 22:2–4; 23:33, 34) Ha, u Isoning benuqsonligini barbod qilishga umid bog‘lagan; ammo u mag‘lubiyatga uchradi! Iso Shayton g‘irt yolg‘onchi ekanini va eng mudhish sinovlar ostida ham benuqsonlikni saqlab qolishga qodir Yahovaning sodiq xizmatchilari borligini uzil-kesil isbotladi!

13. Hukm surayotgan Shohimizni qay yo‘sin mamnun qila olasiz?

13 Hukm surayotgan Shohimizni mamnun qilmoqchimisiz? Unday bo‘lsa, boshqalarga Xudo aslida qanday Shaxs ekanini bilishga ko‘maklashish orqali Uning ismini madh eting. Bunday qilib, Isoning izidan yurgan bo‘lasiz. (1 Butr. 2:21) U kabi Yahovani quvontirasiz va Uning dushmani, Shayton o‘taketgan yolg‘onchi ekanini isbotlaysiz.

XUDONING ISMINI MADH ETGANIMIZDA NAJOTBAXSH ISHDA KO‘MAKLASHAMIZ

14, 15. Odamlarga Yahova to‘g‘risida ta’lim berganimizda qanday ajoyib narsalar yuz berishi mumkin?

14 Xudoning ismini madh etganimizda, odamlarga omon qolishga yordam beramiz. Qanaqasiga? Bilamizki, Shayton «imonsizlarning zehnlarini ko‘r qilib qo‘ygan». (2 Kor. 4:4) Natijada ular, masalan, Shaytonning quyidagi yolg‘onlariga ishonadi: Xudo yo‘q, U bizdan yiroq va insonlar bilan ishi yo‘q, U zolim va gunohkorlarni toabad do‘zaxda qiynaydi. Bu kabi yolg‘onlar shunchaki Xudoning ismini hamda obro‘sini bulg‘ash uchun xizmat qiladi. Buning oqibatida insonlar Unga yaqinlashishni istashmaydi. Biroq faoliyatimiz Shaytonning maqsadini chippakka chiqaryapti. Biz odamlarga Otamiz to‘g‘risida haqiqatni aytib, Uning muqaddas ismini madh etyapmiz. Natijada nima bo‘lyapti?

15 Kalomdagi haqiqatlar katta kuchga ega. Odamlarga Yahova haqida va aslida U qanday Shaxs ekani borasida ta’lim berganimizda, ajoyib bir narsaning guvohi bo‘lamiz. Ular Shaytonning yolg‘onlaridan xalos bo‘lib, Otamizning go‘zal fazilatlarini ko‘ra boshlashadi, Uning cheksiz kuchi tufayli ehtirom hissiga to‘lishadi. (Ishayo 40:26) Ular Unga mukammal adolati sababli umid bog‘lashni o‘rganishadi. (Qonun. 32:4) Ajoyib donoligidan ham zavq olishadi. (Ishayo 55:9; Rim. 11:33) Qolaversa, Xudoning O‘zi sevgi ekanini bilishdan tasalli topishadi. (1 Yuhan. 4:8) Yahovaga yaqinlashgani sayin, Uning farzandlari sifatida mangu yashash umidi yanada mustahkamlanadi. Odamlarga Otamizga yaqinlashishga yordam berish katta sharaf! Bunday qilganimizda, Yahova bizni «xizmatdoshlari» deb biladi. (1 Kor. 3:5, 9)

16. Xudoning ismini bilish ba’zilarga qanday ta’sir qilgan? Misollar keltiring.

16 Boshida shunchaki odamlarga Xudoning ismi Yahova ekanini aytarmiz. Buning o‘zi samimiy insonga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, masihiylar oilasida ulg‘aymagan Aliya b ismli yosh ayolni olaylik. U dinidan qoniqmasdi va o‘zini Xudodan uzoq deb bilgan. U Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tishni boshlaganida bu borada fikri o‘zgardi. Xudoni Do‘sti sifatida his qila boshladi. Aliya Xudoning ismi Muqaddas Kitobning ko‘p tarjimalaridan olib tashlanganini va Egamiz kabi unvonlarga almashtirilganini bilganida hayron qolgan. Xudoning ismini bilish hayotini tubdan o‘zgartirgan. U shunday dedi: «Eng yaqin Do‘stimning ismi bor! Hozir ich-ichimdan xotirjamlikni his qilyapman. Bu katta sharaf». Musiqachi bo‘lgan Stiv esa urf-odatlariga qat’iy amal qiladigan yahudiylar oilasida ulg‘aygan. U hech qanday diniy tashkilotga tegishli bo‘lishni istamagan, chunki ikkiyuzlamachilikdan to‘yib ketgandi. Biroq onasining o‘limidan so‘ng u Yahovaning Shohidi bilan Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘lgan. Xudoning ismini bilish unga qattiq ta’sir qilgan. U shunday bo‘lishdi: «Xudoning ismini umrimda eshitmaganman. Hayotimda ilk bor Xudo mavjud ekanini tushundim. Uni mavjud Shaxs deb bilaman. Do‘stimni topganimga amin bo‘ldim».

17. Nega Xudoning ismini madh etishni davom ettirish qaroringiz qat’iy? (Rasmga ham qarang.)

17 Va’zgo‘ylik hamda ta’lim berish ishida qatnashganingizda, Xudoning muqaddas ismi Yahova ekanini aytyapsizmi? Ularga Alloh aslida qanday Shaxs ekanini ko‘rishga ko‘maklashyapsizmi? Bunday qilib, Uning ismini madh etyapsiz. Iloyim, bundan buyon ham odamlarga bu muqaddas ism ortida qanday Shaxs turganini ko‘rishga yordam berish orqali uni madh eting. Shu yo‘sin, odamlar omon qolishiga hissa qo‘shasiz. Shohimiz, Iso Masihga ergashgan bo‘lasiz. Eng muhimi esa, mehribon Otajonimiz Yahovani madh etasiz. Keling, Uning ismini «abadulabad madh eta»ylik! (Zab. 145:2)

Odamlarga ta’lim berish va Yahova aslida qanday Shaxs ekanini ko‘rsatish orqali Uni madh etamiz (17-xatboshiga qarang.)

XUDONING ISMINI MADH ETISH QAY YO‘SIN...

  • Uni mamnun qiladi?

  • Iso Masihni mamnun qiladi?

  • odamlarga najot baxsh etadi?

2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova

a Bu Mark asl nusxada Isoning ushbu so‘zlarida ilohiy ismni qo‘llaganining isbotidir. Shu tariqa u «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»da tiklagan.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.