Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-TADQIQ MAQOLASI

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qiling

Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qiling

Men Yahova... kerak bo‘lgan yo‘ldan yetaklayman. (ISHAYO 48:17)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Bu maqoladan Yahova xalqiga qay yo‘sin yo‘l-yo‘riq berayotganini va ularga amal qilganimizda qanday barakalarga ega bo‘lishimizni bilib olamiz.

1. Nega Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga muhtojmiz? Misol keltiring.

 AYTAYLIK, siz o‘rmonda adashib qoldingiz. Tevarak-atrof turli qo‘rqinchli narsalar bilan to‘lib-toshgan: yovvoyi hayvonlar, kasalliklarni keltirib chiqaradigan qurt-qumursqalar, zaharli o‘t-o‘lanlar va qoyali joylar. Bunday xavf-xatarlarni biladigan va sizni ulardan himoya qila oladigan yo‘l ko‘rsatuvchi yoningizda bo‘lganida juda minnatdor bo‘lardingiz, shunday emasmi?! Bu dunyoni shunday o‘rmonga o‘xshatish mumkin. U, ayniqsa, ma’naviy sog‘ligimizga zarar keltiradigan xavfli narsalarga to‘lib-toshgan. Biroq bizning mukammal Yo‘lboshchimiz, Yahova bor. U bizni manzilimizgacha — yangi dunyodagi abadiy hayotgacha xavfsizliklardan asrab yetaklab ketyapti.

2. Yahova bizni qanday yetaklayapti?

2 Xo‘sh, U bizga qay yo‘sin yo‘l ko‘rsatyapti? Buni asosan Kalomi bo‘lmish, Muqaddas Kitob orqali qilyapti. Xudo insonlardan foydalanib ham bizga yo‘l-yo‘riq beryapti. Masalan, U bizga dono qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadigan ma’naviy ozuqani yetkazish uchun «ishonchli va aqlli xizmatkor»dan foydalanyapti. (Mat. 24:45) Qolaversa, Yahova bizni yetaklash uchun qobiliyatli boshqa insonlarni ham beryapti. Misol uchun, tuman nozirlari va oqsoqollar bizga dalda berishadi hamda qiyin paytlarda bizga ko‘maklashadigan yo‘l-yo‘riqlar taqdim etishadi. Ushbu nihoyatda og‘ir oxirgi kunlarda bunday ishonchli yo‘l-yo‘riqlarga ega ekanimizdan juda minnatdormiz! Buning yordamida Yahovani mamnun qilib, hayot sari eltuvchi yo‘ldan ketyapmiz.

3. Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Shunday bo‘lsa-da, gohida Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga, ayniqsa, ular nomukammal odamlardan kelganida amal qilishga qiynalarmiz. Nega? Boisi ular bizga yoqadigan yoki yoqmaydigan narsalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yoki biz olayotgan yo‘l-yo‘riq amaliy emas va Yahova bunday maslahat bermagan bo‘lardi, deb o‘ylashimiz hech gap emas. Bunday paytlarda biz ayniqsa Yahova O‘z xalqini yetaklayotganiga va yo‘l-yo‘riqlariga amal qilish barakalar olib kelishiga amin bo‘lishimiz kerak. Ishonchimizni mustahkamlash uchun quyidagilarni ko‘rib chiqish yordam beradi: 1) Yahova o‘tmishda xalqini qanday yetaklagan, 2) U buni hozir qay yo‘sin qilyapti va 3) Uning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilganimizda qanday foyda olamiz?

Qadimdan to hozirgacha Yahova xalqini yetaklash uchun insonlardan foydalanib kelyapti (3-xatboshiga qarang.)


ISROIL XALQINI YAHOVA QANDAY YETAKLAGAN?

4, 5. Yahova isroilliklarni Muso orqali yetaklaganini qay yo‘sin ko‘rsatgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

4 Yahova isroilliklarni Misrdan olib chiqishni Musoga tayinlagan. Ularni O‘zi Muso orqali yetaklayotganini ko‘rinarli dalillar yordamida ko‘rsatgan. Masalan, isroilliklarni kunduzi bulut ustuni, kechasi esa olov ustuni orqali yetaklagan. (Chiq. 13:21) Muso uni va Isroil xalqini Qizil dengizga olib ketayotgan ustunga ergashgan. Isroilliklar dengiz va ketidan quvlayotgan misrliklar o‘rtasida qolishganida vahimaga tushishgan. Shunda Muso ularni Qizil dengizga olib kelib xato qilgan degan xulosaga kelishgan. Ammo bu xato bo‘lmagan. Yahova Muso orqali xalqini yetaklagan. (Chiq. 14:2) Keyinchalik, Xudo ularni yanada hayratlanarli tarzda himoya qilgan. (Chiq. 14:26–28)

Muso Xudoning xalqini sahro bo‘ylab yetaklash uchun bulut ustuniga muhtoj edi (4-, 5-xatboshilariga qarang.)


5 So‘ng 40 yil davomida Muso Xudoning xalqini sahro bo‘ylab yetaklash uchun o‘sha bulut ustuni orqasidan yurishda davom etgan a. Vaqt o‘tgach, Yahova o‘sha ustunni Musoning chodiri ustida o‘rnatdi va barcha isroilliklar uni ko‘ra olardi. (Chiq. 33:7, 9, 10) Ustun orqali Yahova Musoga gapirardi. U esa Xudoning yo‘l-yo‘riqlarini odamlarga yetkazardi. (Zab. 99:7) Isroilliklar Yahova ularni yetaklash uchun Musodan foydalanayotganini yaqqol ko‘rishardi.

Muso va uning o‘rinbosari Yoshua (5-, 7-xatboshilariga qarang.)


6. Isroilliklar Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga qanday munosabat ko‘rsatishgan? (Sahroda 14:2, 10, 11)

6 Ming afsuski, aksariyat isroilliklar Yahova vakili sifatida Musodan foydalanayotganining yaqqol isbotini rad etgan. (Sahroda 14:2, 10, 11 ni o‘qing.) Ular qayta-qayta Musoning o‘rnini tan olishdan bosh tortgan. Natijada, Yahova ularga va’da qilingan yurtga kirishga ruxsat bermagan. (Sah. 14:30)

7. Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilgan kishilarning misolini keltiring. (Sahroda 14:24) (Rasmga ham qarang.)

7 Lekin ba’zi isroilliklar Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilgan. Masalan, Yahova: «Xolib... butun qalbi bilan Menga ergashgan»,— deb aytgan. (Sahroda 14:24 ni o‘qing.) U Xolibni mukofotlagan va hatto va’da qilingan yurtning qayerida yashashni tanlashga yo‘l qo‘ygan. (Yoshua 14:12–14) Sahroda hayotdan ko‘z yumgan isroilliklar ham Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishda o‘rnak ko‘rsatishgan. Musoning o‘rniga Yoshua isroilliklarni yetaklash uchun tayinlanganida, ular uni «butun hayoti davomida hurmat qilishdi». (Yoshua 4:14) Natijada, Yahova ularning bolalariga baraka berib, va’da qilgan yurtga kirishiga ruxsat bergan. (Yoshua 21:43, 44)

8. Yahova shohlar davrida xalqini qanday yetaklaganini tushuntiring. (Rasmga ham qarang.)

8 Yillar o‘tgach, Yahova xalqiga yo‘l-yo‘riq berish uchun hakamlarni tayinlagan. Shohlar davrida esa Yahova xalqini yetaklash uchun payg‘ambarlarni tayinlagan. Sadoqatli shohlar payg‘ambarlarning maslahatiga amal qilishardi. Masalan, shoh Dovud kamtar bo‘lib, Natan payg‘ambarning maslahatini qabul qilgan. (2 Shoh. 12:7, 13; 1 Sol. 17:3, 4) Shoh Yohushafat Yaxaziyol payg‘ambar bergan maslahatga amal qilgan va Yahudodagi odamlarni payg‘ambarlarga ishonishga undagan. (2 Sol. 20:14, 15, 20) Shoh Hizqiyo siqilganda, Ishayo payg‘ambarga murojaat qilgan. (Ishayo 37:1–6) Shohlar Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga rioya qilishganda, barakalar olishgan va xalq himoya ostida bo‘lgan. (2 Sol. 20:29, 30; 32:22) Har bir kishi Yahova xalqiga yo‘l-yo‘riq berish uchun payg‘ambarlardan foydalanayotganini tushunishi kerak edi. Lekin aksariyat shohlar hamda odamlar Yahovaning payg‘ambarlarini rad etishgan. (Yerm. 35:12–15)

Shoh Hizqiyo va Ishayo payg‘ambar (8-xatboshiga qarang.)


YAHOVA ILK MASIHIYLARNI QANDAY YETAKLAGAN?

9. Birinchi asrda masihiylarni yo‘naltirish uchun Yahova kimlardan foydalangan? (Rasmga ham qarang.)

9 Mil. birinchi asrda Yahova masihiylar jamoatini tashkil etgan. Xo‘sh, U ilk masihiylarni qanday yetaklagan? Xudo Isoni jamoat Boshi sifatida tayinlagan. (Efes. 5:23) Lekin Iso har bir shogirdini shaxsan o‘zi yetaklamagan. U havoriylar va yetakchilik qilgan Quddusdagi oqsoqollardan foydalangan. (Havor. 15:1, 2) Shuningdek, jamoatlarni boshqarish uchun oqsoqollar ham tayinlangan. (1 Salon. 5:12; Titus. 1:5)

Havoriylar va Quddusdagi oqsoqollar (9-xatboshiga qarang.)


10. a) Birinchi asrdagi aksar masihiylar olgan yo‘l-yo‘riqlarga qanday munosabat ko‘rsatgan? (Havoriylar 15:30, 31) b) Nega ular Yahovaning vakillarini qabul qilishmagan? (« Nega ba’zilar yaqqol dalillarni rad etgan?» nomli ramkaga qarang.)

10 Birinchi asrdagi masihiylar ularning yo‘l-yo‘riqlarini qabul qilishganmi? Aksariyati olgan yo‘l-yo‘riqlarga quvonch ila amal qilgan. Ha, ular bu «dalda beruvchi so‘zlardan sevinish»gan. (Havoriylar 15:30, 31 ni o‘qing.) Yahova bizning davrimizda O‘z xalqini qanday yetaklayapti?

YAHOVA BIZNI QANDAY YETAKLAYAPTI?

11. Yahova so‘nggi paytlarda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarni qanday yetaklayotganini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

11 Yahova xalqini yetaklashda davom etyapti. U buni Kalomi va jamoat Boshi Iso orqali qilyapti. Xudo hozir ham insonlardan foydalanayotganining isbotini ko‘ryapmizmi? Ha. Masalan, 1870-yildan so‘ng nimalar yuz bergani haqida bir o‘ylab ko‘ring. Charlz Teyz Rassell va uning maslakdoshlari 1914-yil Xudoning Shohligi uchun muhim ahamiyat kasb etishini tushuna boshlashgan. (Don. 4:25, 26) Ular Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tadqiq qilib bunga erishishgan. Yahova ularning bunday tadqiqiga bosh-qosh bo‘lganmi? Shubhasiz. 1914-yili yuz bergan hodisalar Xudoning Shohligi boshqarishni boshlaganini isbotlagan. Birinchi jahon urushi yuz berdi va o‘latlar, zilzilalar hamda oziq-ovqat yetishmovchiligi boshlandi. (Luqo 21:10, 11) Yahova O‘z xalqiga yordam berish uchun bu samimiy masihiylardan foydalanishni boshladi.

12, 13. Mas’uliyatli birodarlar Ikkinchi jahon urushi paytida va’zgo‘ylik ishini olg‘a surish uchun nima qilishgan?

12 Ikkinchi jahon urushi paytida nima yuz berganini ham ko‘rib chiqaylik. Vahiy 17:8 ni tadqiq qilgach, Xalqaro bosh idoradagi mas’uliyatli birodarlar urush Armageddon jangi bilan tugamasligini tushunishgan. Biroq nisbatan tinchlik payti tufayli va’zgo‘ylik faoliyati kengayishi uchun keng eshik ochildi. O‘shanda bu hatto mantiqsiz tuyulgan bo‘lsa-da, Yahovaning tashkiloti tomonidan butun dunyoda va’z qilish va ta’lim berish uchun to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarni o‘rgatish maqsadida Gilad maktabi tashkillashtirildi. Ular hatto urush paytida ham ta’lim olishgan. Bundan tashqari, ishonchli xizmatkor barcha va’zgo‘ylarga yaxshiroq va’z qilib, ta’lim berishlariga ko‘maklashish uchun «Voizlik xizmati kursi»ni b tashkillashtirdi. Shu yo‘sin, Xudoning xalqi bo‘lajak faoliyat uchun tayyorgarlik ko‘rgan.

13 Ortga qarab, Yahova xalqini hozirgi og‘ir paytda ham yetaklayotganini yaqqol ko‘rib turibmiz. Ikkinchi jahon urushidan beri Xudoning xizmatchilari ko‘pgina yurtlarda erkin va’z qila olishyapti. Ha, bu faoliyat gullab-yashnayapti.

14. Nega tashkilotimizdan va tayinlangan oqsoqollardan olayotgan yo‘l-yo‘riqlarga ishonsak bo‘ladi? (Vahiy 2:1) (Rasmga ham qarang.)

14 Hozir ham Yetakchi kengash a’zolari Masihning yo‘l-yo‘riqlariga muhtoj. Ular birodarlarga berayotgan bu yo‘l-yo‘riqlar Yahovaning hamda Isoning nuqtai nazarini aks ettirishini xohlashadi. Tuman nozirlari va oqsoqollar esa ularni hamma jamoatlarga yetkazishadi c. Moylangan oqsoqollar Masihning «o‘ng qo‘li»dir. (Vahiy 2:1 ni o‘qing.) Albatta, ushbu oqsoqollar nomukammal bo‘lib, xatolar qilib turishadi. Muso, Yoshua hamda havoriylar ham gohida xatolar qilishgan. (Sah. 20:12; Yoshua 9:14, 15; Rim. 3:23) Ammo Masih ishonchli xizmatkorni va tayinlangan oqsoqollarni sinchiklab yo‘naltiryapti va buni «zamonaning oxirigacha... doimo» qiladi. (Mat. 28:20) Shu bois tayinlangan ushbu birodarlar orqali u berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga ishonishimiz uchun barcha sabablar bor.

Yetakchi kengash (14-xatboshiga qarang.)


YAHOVANING YO‘L-YO‘RIG‘IGA AMAL QILSAK, FOYDA OLAMIZ

15, 16. Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilganlardan qanday saboq oldingiz?

15 Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilganimizda, hatto hozirning o‘zida barakalarga ega bo‘lyapmiz. Masalan, Endi va Robina sodda hayot tarzini kechirish maslahatiga amal qilishdi. (Mat. 6:22) Natijada, ular tashkilotimizning qurilish loyihalarida ixtiyoriy ravishda yordam bera olishdi. Robina shunday bo‘lishdi: «Gohida, kichik xonalarda yashardik. Ko‘p hollarda u yerda oshxonasi ham bo‘lmasdi. Rasmga tushirish jon-u dilim edi. Shunday bo‘lsa ham, bu uchun mo‘ljallangan ko‘pgina asbob-uskunalarimni sotib yubordim va ko‘z yosh to‘kdim. Biroq Ibrohimning xotini Sora kabi ortga emas, oldinga qarash qarorim qat’iy edi». (Ibron. 11:15) Xo‘sh, bu juftlik qanday foyda oldi? Robina quyidagicha dedi: «Yahovaga bizda borini berayotganimizni bilishdan chuqur mamnuniyat hissiga to‘lamiz. Tashkilotimiz loyihalarida mehnat qilganimizda, yangi dunyoda hayot qanday bo‘lishi borasida ozgina bo‘lsa ham tushunchaga ega bo‘lyapmiz». Endi xotining gapiga qo‘shilib: «Biz juda baxtlimiz. Chunki butun vaqtimiz-u kuchimizni Shohlikni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflayapmiz»,— dedi.

16 Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilganimizda, yana qanday foyda olamiz? Marsiya singlimiz maktabni bitirgach, butun hayotini xizmatga bag‘ishlash maqsadini qo‘ydi. (Mat. 6:33; Rim. 12:11) U shunday dedi: «Menga to‘rt yil davomida universitetda o‘qishni taklif qilishdi. Lekin men ma’naviy maqsadlar sari intilishni xohlardim. Shuning uchun bu taklifga rozi bo‘lishning o‘rniga, kashshoflik qilishimga asqatadigan hunarni orttirdim. Bu hayotimdagi eng a’lo tanlovlarning biridir. Hozir men doimiy kashshofman va ish jadvalim uncha tig‘iz bo‘lmagani uchun shtatdan tashqari baytilchi bo‘lib xizmat qilyapman hamda Yahova uchun qilayotgan boshqa ko‘p ajoyib ishlardan zavq olyapman».

17. Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishda davom etish yana qanday barakalar keltiradi? (Ishayo 48:17, 18)

17 Ba’zida, masalan, pulparastlikdan va Xudoning qonunlarini buzish xavfi bor xatti-harakatlardan bizni himoya qiladigan maslahatlar olib turamiz. Ushbu sohalarda ham Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilib baraka topamiz. Vijdonimizni pok saqlaymiz va o‘zimizni keraksiz stressdan asraymiz. (1 Tim. 6:9, 10) Natijada, Yahovaga sidqidildan topinishimiz mumkin. Bu esa ich-ichimizdan xursand, xotirjam va mamnun bo‘lishimizga yetaklaydi. (Ishayo 48:17, 18 ni o‘qing.)

18. Nega Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilish qaroringiz qat’iy?

18 Shubhasizki, Yahova buyuk musibat paytida va Ming yillik boshqaruvigacha bizga yo‘l-yo‘riq berish uchun insonlardan foydalanishda davom etadi. (Zab. 45:16) Xo‘sh, hatto o‘zimizga ma’qul kelmaganda ham bu yo‘l-yo‘riqlarga amal qilamizmi? Hozirdan Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilsak, bunday yo‘l tutish osonroq kechadi. Shu sababli, keling, doimo Yahova, jumladan, rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan kishilar taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilaylik. (Ishayo 32:1, 2; Ibron. 13:17) Bu esa, bizni ma’naviy xavf-xatarlardan asrayotgan va yangi dunyodagi abadiy hayot sari yetaklab ketayotgan Yo‘lboshchimiz Yahovaga ishonishimiz uchun a’lo sababdir.

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Yahova Isroil xalqini qanday yetaklagan?

  • Yahova ilk masihiylarni qanday yetaklagan?

  • Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilsak, qanday barakalarga ega bo‘lamiz?

48-QO‘SHIQ Yahovaga har kuni hamroh bo‘laylik

a Shuningdek, Yahova isroilliklarni va’da qilingan yurtga yetaklash uchun ular «oldida borayotgan» farishtani tayinlagan. Hoynahoy, bu farishta Mikoil bo‘lgan. Bu Iso hamma farishtalarning yetakchisi bo‘lib xizmat qilganida berilgan ism. (Chiq. 14:19; 32:34)

b Keyinchalik, bu Voizlik maktabi deb atalgan. Hozir bunday ta’limni hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvning bir qismida olamiz.

c «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2021-yil fevral sonidagi 18-sahifada keltirilgan «Yetakchi kengashning mas’uliyati» nomli ramkaga qarang.