Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-TADQIQ MAQOLASI

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

Qay yo‘sin Yahovaga sharaf keltiradigan tarzda uchrashish mumkin?

Qay yo‘sin Yahovaga sharaf keltiradigan tarzda uchrashish mumkin?

Inson qalbidagi o‘y-niyatlar chuqur suvdaydir. (HIK. 20:5)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Qanday qilib juftliklar Yahovaga sharaf keltiradigan tarzda uchrasha olishlarini va jamoatdagilar ularni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini bilib olamiz.

1, 2. Ayrimlar uchrashish haqida qanday fikrda?

 UCHRASHISH payti baxtli damlardan biri bo‘lishi mumkin. Ayni paytda uchrashayotgan bo‘lsangiz, shubhasizki, bu quvonch keltirishini xohlaysiz. Ko‘p juftliklar uchun bu davr maroqli o‘tadi. Masalan, Efiopiyadagi Tsion a opamiz shunday dedi: «Turmush o‘rtog‘im bilan uchrashgan davr hayotimdagi eng baxtli damlardan biri edi. Biz muhim masalalarni ko‘rib chiqardik. Hazillashib ham turardik. Ko‘nglimga yoqadigan va meni sevadigan insonni topganimni tushunganimda baxtiyorlikni his qildim».

2 Niderlandiyalik Allesio birodar esa quyidagicha dedi: «Uchrashish davrida rafiqam bilan yaqinroq tanishish zavq keltirardi. Ammo o‘shanda qiyinchiliklarga ham duch kelganmiz». Ushbu maqolada uchrashayotganda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ba’zi qiyinchiliklarni va Yahovaga sharaf keltiradigan tarzda uchrashishga ko‘maklashadigan Muqaddas Kitobdagi ayrim prinsiplarni muhokama qilamiz. Bundan tashqari, jamoatdagilar uchrashayotgan juftlikni qanday qo‘llab-quvvatlay olishini ko‘rib chiqamiz.

UCHRASHISHNING MAQSADI

3. Uchrashishning maqsadi nimadan iborat? (Hikmatlar 20:25)

3 Uchrashish yoqimli jarayon bo‘lsa-da, bu jiddiy qadam bo‘lib, oila qurishga zamin yaratishi mumkin. Juftlik to‘y kuni, toki hayot ekan, bir-birini sevishga va hurmat qilishga Yahovaning oldida qasam ichadi. Qandaydir qasam ichishdan oldin o‘sha masala ustida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz lozim. (Hikmatlar 20:25 ni o‘qing.) Nikoh qasami bilan ham xuddi shunday. Uchrashish juftlikka bir-birini yaxshiroq bilishga va to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam beradi. Ba’zida bu qaror nikoh qurish, ba’zida esa uchrashishga yakun yasash bo‘lishi mumkin. Juftlik uchrashishni to‘xtatsa, bu ular noto‘g‘ri yo‘l tutganini anglatmaydi. Aksincha, uchrashish tufayli ko‘zlangan maqsadga erishildi — bu ularga to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam berdi.

4. Uchrashish borasida nega to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lishimiz kerak?

4 Xo‘sh, nega uchrashishga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lish muhim? Turmush qurmaganlar to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lishsa, kimdir bilan oila qurishni istashmasa, u bilan uchrashishmaydi. Ammo to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lishi kerak bo‘lganlar faqatgina turmush qurmaganlar emas. Aslida, barchamiz bunday nuqtai nazarni rivojlantirishimiz lozim. Masalan, ba’zilarning fikricha, juftlik uchrashishni boshlasa, ular oila qurishi kerak. Bunday munosabat oila qurmagan masihiylarga qanday ta’sir qilishi mumkin? Qo‘shma Shtatlardagi turmush qurmagan Melissa shunday dedi: «Uchrashayotgan Shohidlarga ko‘p bosim o‘tkaziladi. Oqibatda uchrashayotgan juftlik bir-biriga mos kelmasa ham munosabatlarni to‘xtatishdan qochadi. Boshqalar esa umuman uchrashishni istamaydi. Bosim ko‘p xavotirlarga sabab bo‘lishi mumkin».

BIR-BIRINGIZNI YAXSHIROQ BILIB OLING

5, 6. Uchrashayotganlar bir-biri haqida nimalarni bilib olishga intilishi darkor? (1 Butrus 3:4)

5 Agar uchrashayotgan bo‘lsangiz, turmush qurish-qurmaslik borasida to‘g‘ri qaror chiqarishga nima yordam beradi? Bir-biringizni yaxshiroq bilib oling. Uchrashishdan oldin o‘sha inson haqida muayyan narsalarni bilib olgandirsiz. Biroq endi o‘sha insonning qalb «tubida yashirilgan» narsalarni bilib olish imkoniyatingiz bo‘ladi. (1 Butrus 3:4 ni o‘qing.) Bu uning ma’naviyligi, shaxsiyati va fikrlash tarzi haqida ko‘proq narsani bilib olishni o‘z ichiga oladi. Vaqt o‘tib, quyidagiga o‘xshash savollarga javob bera olishingiz kerak: «Bu inson men uchun yaxshi turmush o‘rtoq bo‘ladimi?» (Hik. 31:26, 27, 30; Efes. 5:33; 1 Tim. 5:8) «Bir-birimizning hissiy ehtiyojlarimizni qondira olamizmi? Kamchiliklarimiz bilan yashay olamizmi?» (Rim. 3:23) b Bir-biringizni yaxshiroq bilib olar ekansiz, quyidagini yodda saqlang: «Mos kelish asosan o‘zaro qanchalik o‘xshash ekaningiz emas, balki bir-biringizdan farq qilganingizda, bunga qanchalik moslasha olishingiz bilan o‘lchanadi».

6 Uchrashganda yana nimalarni bilib olishingiz kerak? Hissan qattiq bog‘lanib qolishdan avval ba’zi muhim masalalarni, misol uchun, qanday maqsadlari borligini muhokama qilsangiz bo‘ladi. Sog‘lik, moddiy muammolar yoki o‘tmishdagi og‘riqli xotiralar kabi shaxsiy masalalar haqida nima desa bo‘ladi? Barcha mavzularni uchrashishning boshidayoq muhokama qilish shart emas. (Yuhanno 16:12 ni solishtiring.) Kishining muayyan savollariga javob berishga hali erta deb bilsangiz, unga bu haqda ayting. Lekin vaqt o‘tgach, siz bilan oila qurmoqchi bo‘lgan inson muvozanat ila qaror chiqarishi uchun bunday ma’lumotni bilishi kerak. Shundan ekan, unga borini aytib berishingiz zarur bo‘ladi.

7. Uchrashayotganlar qay yo‘sin bir-birini yaxshiroq bilib olishi mumkin? (« Sizdan uzoqda yashayotgan inson bilan uchrashish» nomli ramkaga ham qarang.) (Rasmlarga ham qarang.)

7 Inson ichidagilarini qanday bilib olsangiz bo‘ladi? Eng yaxshi yo‘llaridan biri ochiq hamda rostgo‘ylik ila gaplashish, savollar berib, diqqat ila tinglashdir. (Hik. 20:5; Yoqb. 1:19) Ehtimol, birga suhbatlashish uchun zamin yaratadigan ishlarni qilishni rejalashtirarsiz. Masalan, bunga birga ovqatlanish, jamoat joylarida sayr qilish hamda va’zgo‘ylik qilish kiradi. Bundan tashqari, do‘stlar va oila a’zolaringiz bilan vaqt o‘tkazib, bir-biringizni bilib olsangiz bo‘ladi. Qolaversa, o‘sha inson turli vaziyatlarda va har xil odamlar orasida o‘zini qanday tutishini bilish uchun muhit yarating. Niderlandiyadagi Ashvin nima qilganiga e’tibor bering. U Alisa bilan uchrashgani haqida quyidagicha dedi: «Bir-birimizni bilishga yordam beradigan ishlarni qilishga harakat qildik. Odatda, bu oddiy narsalar, birgalikda ovqat tayyorlash yoki qandaydir yumushlarni bajarish edi. Bunday paytlarda bir-birimizning kuchli va zaif tomonlarimizni ko‘rardik».

Agar o‘zaro gaplashib biror ishlar qilsangiz, bir-biringizni yaxshiroq bilib olishingiz ehtimoldan yiroq emas (7-, 8-xatboshilariga qarang.)


8. Uchrashayotganlar birga tadqiq o‘tishdan qanday foyda olishi mumkin?

8 Shuningdek, ma’naviy mavzular borasida tadqiq o‘tkazish orqali bir-biringizni bilib olsangiz bo‘ladi. Agar oila qursangiz, Xudo nikohingizning muhim qismi bo‘lishi uchun oilaviy topinishga vaqt ajratishingiz kerak bo‘ladi. (Voiz 4:12) Shunday ekan, uchrashganda birga tadqiq o‘tkazish uchun vaqt ajrating. Albatta, uchrashayotgan juftlik hali oila emas va birodar hali opaning boshi emas. Ammo birga muntazam ravishda tadqiq o‘tkazib, bir-biringizning ma’naviyligingiz to‘g‘risida bilib olasiz. Qo‘shma Shtatlardagi Maks va Laysa juftligi buning boshqa foydali tarafini ko‘rdi. Maks shunday dedi: «Endi uchrashishni boshlaganimizda adabiyotlarimizdagi uchrashish, nikoh va oilaviy hayotga oid mavzularni tadqiq qilardik. O‘sha adabiyotlar gap boshlash qiyin bo‘lgan ko‘p muhim masalalarni muhokama qilishimizga eshik ochdi».

INOBATGA OLISH KERAK BO‘LGAN BOSHQA OMILLAR

9. Uchrashayotganlar bu borada kimlarga aytishni hal qilayotib qaysi omillarni inobatga olishi kerak?

9 Uchrashayotganingiz haqida kimlarga aytsangiz bo‘ladi? Juftlik sifatida buni o‘zlaringiz hal qilasiz. Endi uchrashishni boshlaganingizda, bu haqda faqat bir necha odamga aytishni kelishib olarsiz. (Hik. 17:27) Bunday qilib, bosim va noo‘rin savollarning oldini olsangiz bo‘ladi. Biroq hech kimga aytmasangiz birov bilib qoladi, deb o‘zingizni qo‘rquv iskanjasida qoldirishingiz mumkin. Bundan tashqari, agar ikkalangiz yolg‘iz qolsangiz, bu noto‘g‘ri xatti-harakatlarga olib kelishi hech gap emas. Shuning uchun bu haqda, hech bo‘lmasa, sizga yaxshi maslahat va amaliy yordam bera oladigan ba’zilarga aytarsiz. (Hik. 15:22) Misol uchun, ularga ayrim oila a’zolaringiz, ma’nan yetuk do‘stlaringiz yoki oqsoqollar kirishi mumkin.

10. Qay yo‘sin Yahovaga ma’qul tarzda uchrashish mumkin? (Hikmatlar 22:3)

10 Qanday qilib munosabatlaringizni pok saqlay olasiz? Tuyg‘ularingiz kuchayar ekan, bir-biringizga qattiqroq bog‘lanib qolishingiz tabiiy. Xo‘sh, o‘zingizni axloqan pok saqlashingizga nima yordam beradi? (1 Kor. 6:18) Axloqsiz suhbatlardan, yolg‘iz qolishdan va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishdan qoching. (Efes. 5:3) Bunday ishlar ehtirosni qo‘zg‘atib, to‘g‘ri yo‘l tutish qaroringizni susaytirishi mumkin. Munosabatlaringizni pok saqlashga nimalar yordam berishi to‘g‘risida muntazam suhbatlashib tursangiz bo‘ladi. (Hikmatlar 22:3 ni o‘qing.) Efiopiyalik David va Almazga nima yordam berganiga e’tibor bering. Ular quyidagicha bo‘lishdi: «Biz odamlar ko‘p joyda yoki do‘stlarimizning davrasida vaqt o‘tkazardik, mashinada yoki uyda hech qachon yolg‘iz qolmaganmiz. Bu tufayli vasvasaga soladigan vaziyatlardan qochganmiz».

11. Uchrashayotganlar o‘zaro sevgi namoyon etish masalasini hal qilayotib qaysi omillarni inobatga olishi kerak?

11 His-tuyg‘ularni izhor etish haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Munosabatlaringiz rivojlanar ekan, ularning ayrimlari o‘rinli bo‘lishi mumkin. Biroq ehtirosingiz uyg‘onsa, o‘sha inson haqida xolisona fikrda bo‘lish qiyin kechishi hech gap emas. (Qo‘shiq 1:2; 2:6) Shuningdek, his-tuyg‘ularni namoyon etganingizda, o‘zini tuta bilish fazilatini namoyon etish qiyinlashishi hamda Yahovaga noma’qul ish qilishingiz mumkin. (Hik. 6:27) Uchrashishni endi boshlaganingizda, Muqaddas Kitob prinsiplaridan kelib chiqib, o‘zingiz uchun ba’zi chegaralarni qo‘yish borasida ham suhbatlashsangiz bo‘ladi. (1 Salon. 4:3–7) c Juftlik sifatida o‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Hududimizda bir-birimizni sevishimizni ko‘rsatishimizga odamlar qanday qaraydi? Bu harakatlar ehtiroslarimizni uyg‘otishi mumkinmi?»

12. Agar uchrashayotganlar o‘zaro kelishmay qolishsa nimani ko‘rib chiqishlari darkor?

12 Muammolar va kelishmovchiliklarni qay yo‘sin hal qila olasiz? Orangizda kelishmovchiliklar bo‘lib tursa-chi? Bu bir-biringizga mos kelmasligingizni anglatadimi? Doim ham emas! Barcha juftliklar gohida bir-biri bilan kelishmay qoladi. Mustahkam nikoh kelishmovchiliklarni yengish uchun birga hamkorlik qilishga tayyor ikki kishining ittifoqidir. Shunday ekan, hozir muammolarni qanday hal qilayotganingiz nikohingiz muvaffaqiyatli bo‘lish-bo‘lmasligini ko‘rsatishi mumkin. Juftlik sifatida o‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘ring: «Masalani xotirjamlik va hurmat ila muhokama qila olamizmi? Kamchiliklarimizni tan olib, yaxshilanishga tayyormizmi? Yon berishga, kechirim so‘rashga va kechirishga tayyormizmi?» (Efes. 4:31, 32) Ammo uchrashish vaqtida faqat bahslashsangiz va kelishmasangiz, oila qurganingizdan keyin bu vaziyat o‘zgarishi ehtimoldan yiroq. Agar o‘sha inson mos kelmasligini tushunsangiz, munosabatlarni to‘xtatish ikkovingiz uchun ham eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi d.

13. Uchrashayotganlar bu qancha vaqt davom etishini hal qilishiga qaysi omillar yordam berishi mumkin?

13 Uchrashish qancha vaqt davom etishi kerak? Shoshib chiqarilgan qarorlar ko‘pincha yomon oqibatlarga olib keladi. (Hik. 21:5) Shunday ekan, o‘sha inson bilan yaqindan tanishish uchun yetarlicha vaqt davomida uchrashish kerak. Biroq keragidan ortiq uchrashish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Uzoq ushalmagan umid yurakni ezadi». (Hik. 13:12) Bundan tashqari, birga qancha ko‘p vaqt o‘tkazsangiz, jinsiy axloqsizlik vasvasasiga berilish shuncha oson bo‘ladi. (1 Kor. 7:9) Qancha vaqtdan beri uchrashayotganingizga diqqat qaratishning o‘rniga o‘zingizdan shunday so‘rang: «Qaror chiqarish uchun o‘sha inson haqida yana nimanidir bilishim kerakmi?»

QAY YO‘SIN BOSHQALAR UCHRASHAYOTGAN JUFTLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLAY OLADI?

14. Boshqalar uchrashayotganlarni qanday qo‘llab-quvvatlay oladi? (Rasmga ham qarang.)

14 Bordi-yu, kimdir uchrashayotganini bilsak, ularga qay yo‘sin yordam bera olamiz? Masalan, ularni ovqatlanishga, oilaviy topinishga yoki dam olishga taklif qilsak bo‘ladi. (Rim. 12:13) Bunday vaziyatlarda ular bir-birini yaxshiroq bilib olishi mumkin. Ularga hamroh, transport yoki shaxsan gaplashib olishlari uchun joy masalasida yordam kerakmi? Shunday bo‘lsa, yordam taklif qila olamizmi? (Galat. 6:10) Yuqorida tilga olingan Alisa u va Ashvin qadrlagan narsani eslashdi. Alisa shunday dedi: «Ayrim imondoshlar boshqalarning hamrohligida biron joyda vaqt o‘tkazishimiz kerak bo‘lsa, ularnikiga kelishimiz mumkinligini aytishganda rosa xursand bo‘lganmiz». Uchrashayotgan juftlik sizdan hamroh bo‘lishingizni so‘rasa, buni sharaf deb biling. Juftlikni butunlayin yolg‘iz qoldirmang. Ammo ular o‘zaro gaplashib olishi kerak bo‘lsa, mulohazakorlik namoyon eting. (Filip. 2:4)

Agar uchrashayotgan juftlikni tanisangiz, ularni qanday amaliy yo‘llar orqali qo‘llab-quvvatlay olasiz? (14-, 15-xatboshilariga qarang.)


15. Do‘stlar uchrashayotganlarga yana qanday yordam berishi mumkin? (Hikmatlar 12:18)

15 Biz nima aytayotganimiz yoki aytmayotganimizga diqqatli bo‘lib ham juftlikni qo‘llab-quvvatlay olamiz. Ba’zida o‘zimizni nazorat qilishimiz kerak bo‘lar. (Hikmatlar 12:18 ni o‘qing.) Misol uchun, juftlik uchrashayotgani borasida boshqalarga aytishni juda istarmiz, lekin ular buni boshqalarga o‘zlari aytishni xohlar. Biz ularni g‘iybat qilmasligimiz yoki shaxsiy masalalar borasida tanqid qilmasligimiz lozim. (Hik. 20:19; Rim. 14:10; 1 Salon. 4:11) Bundan tashqari, juftlik o‘zini oila qurishga majburday his qilmasligi uchun qandaydir gap yoki savollardan qochishimiz kerak. Elize ismli opamiz va turmush o‘rtog‘i quyidagicha esladi: «Boshqalar to‘yimiz qachon bo‘lishi haqida so‘raganida, o‘zimizni noqulay his qilardik. Sababi buni hali muhokama qilmagandik».

16. Uchrashayotganlar munosabatlarini to‘xtatishsa, bunga qanday qarashimiz lozim?

16 Juftlik munosabatlariga yakun yasashga qaror qilsa-chi? Biz haddan ortiq qiziquvchan bo‘lishdan, tarafkashlik qilishdan qochishimiz kerak. (1 Butr. 4:15) Lia ismli opamiz shunday dedi: «Boshqalar birodar va men nega munosabatlarimizni to‘xtatganimiz haqida gapirganini eshitardim. Bu menga og‘ir botardi». Yuqorida aytilganidek, munosabatlarni to‘xtatish ular noto‘g‘ri yo‘l tutganini anglatmaydi. Uchrashish tufayli ko‘zlangan maqsadga erishildi — bu ularga to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam berdi. To‘g‘ri, ular haliyam hissiy og‘riqni va yolg‘izlikni his qilishi mumkin. Shunday ekan, ularni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini izlasak bo‘ladi. (Hik. 17:17)

17. Uchrashayotganlar nima qilishda davom etishlari kerak?

17 Ko‘rib chiqqanimizday, uchrashish muayyan qiyinchiliklarni o‘z ichiga olishi va shu bilan birga yoqimli ham bo‘lishi mumkin. Jessika shunday esladi: «Ochig‘ini aytganda, uchrashish ko‘p mehnat talab qiladi. Biroq bu sarflanadigan vaqt va kuchga 100 foiz arziydi». Agar uchrashayotgan juftlik bo‘lsangiz, bir-biringizni yaqindan tanib-bilishda davom eting. Shunday qilsangiz, Yahovani sharaflaydigan tarzda uchrashasiz va bu ikkalangizga ham dono qaror chiqarishga yordam beradi.

49-QO‘SHIQ Yahovaning qalbini quvontiraylik

a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Boshqa odamning jinsiy a’zolarini erkalash jinsiy axloqsizlik bo‘lib, jamoat oqsoqollarining hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishni talab qiladi. Ko‘krakni erkalab silash va SMSlar yoki telefon orqali axloqsiz suhbatlar yuritish ham vaziyatga qarab hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi talab qilinishi mumkin.

d Qo‘shimcha ma’lumot uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 1999-yil 15-avgust (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.