Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-TADQIQ MAQOLASI

22-QO‘SHIQ Shohlik yerga ham kelsin!

Yahovaning kelajakka oid hukmlari borasida nimalarni bilamiz?

Yahovaning kelajakka oid hukmlari borasida nimalarni bilamiz?

Yahova... hech kimning halok bo‘lishini istamaydi. (2 BUTR. 3:9)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahovaning kelajakka oid hukmlari adolatli va haqqoniy bo‘lishiga amin bo‘lishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Nega biz hayratomuz paytda yashayapmiz deb ayta olamiz?

 BIZ hayratomuz paytda yashayapmiz. Har kuni ko‘z oldimizda Muqaddas Kitobdagi bashoratlar amalga oshyapti. Masalan, «shimol» va «janub shohi» bu dunyoda ustuvor bo‘lish uchun o‘zaro to‘qnashyapti. (Don. 11:40) Bundan tashqari, Xudoning Shohligi haqidagi xushxabar butun dunyo bo‘ylab va’z qilinyapti va millionlab odamlar uni qabul qilyapti. (Ishayo 60:22; Mat. 24:14) Qolaversa, «vaqtida» mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqa olyapmiz. (Mat. 24:45–47)

2. Nimaga ishonsak bo‘ladi, lekin nimani tushunishimiz kerak?

2 Yahova yaqin kelajakda yuz beradigan muhim voqealarni aniqroq tushunishimizga yordam berishda davom etyapti. (Hik. 4:18; Don. 2:28) Shunga ishonchimiz komilki, buyuk musibat boshlanadigan paytga kelib, o‘sha qiyin damda sadoqatli qolish va birlikni saqlash uchun bilishimiz kerak bo‘lgan barcha ma’lumotga ega bo‘lamiz. Biroq yaqin kelajak borasida ayrim narsalarni bilmasligimizni tan olishimiz lozim. Mazkur maqolada ilgari aytgan o‘sha voqealarning ayrimlarini nega qayta ko‘rib chiqqanimizni bilib olamiz. Keyin esa samoviy Otamiz qanday yo‘l tutishi va kelajak borasida qaysi ayrim narsalarni bilishimizni eslaymiz.

NIMALARNI BILMAYMIZ?

3. Yahova odamlarga Uning oilasiga qo‘shilishga imkon berishni qachon to‘xtatishi borasida nima deganmiz va nega?

3 Oldinlari buyuk musibat boshlanganida odamlar Yahovaning tarafini egallash va Armageddonda omon qolish imkoniga ega bo‘lmaydi, deb o‘ylaganmiz. Bunday xulosaga kelganimizning sababi To‘fon haqidagi voqeani bashoratli timsol sifatida tushunganimiz edi. Masalan, Yahova To‘fon boshlanishidan oldin kemaning eshigini «yopganiday» buyuk musibat boshlanganida ham Shaytonning zamonasi uchun eshikni yopadi va boshqa odamlar omon qolmaydi, deb hisoblaganmiz. (Mat. 24:37–39)

4. Hozir To‘fon haqidagi bayonotni bashoratli timsol deb bilamizmi? Tushuntiring.

4 Xo‘sh, To‘fon haqidagi bayonotni bashoratli timsol deb aytish to‘g‘rimi? Yo‘q. Nega deganda, Muqaddas Yozuvlarga ko‘ra, bunday xulosaga kelish uchun hech qanday asos yo‘q a. To‘g‘ri, Iso «Nuh payg‘ambar davri»ni o‘zining hozir bo‘lish payti bilan taqqoslagan. Ammo u o‘shanda sodir bo‘lgan narsalar, masalan, Yahova kemaning eshigini yopgani kelajakda ham keng miqyosda amalga oshishini aytmagan. Biroq bu Nuh hamda To‘fon haqidagi bayonotdan saboq olmasligimiz kerakligini anglatmaydi.

5. a) Nuh To‘fondan oldin nima qilgan? (Ibroniylarga 11:7; 1 Butrus 3:20) b) Hozirgi va Nuh yashagan davrdagi va’zgo‘ylik ishi o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

5 Nuh Yahovaning ogohlantirib aytgan xabarini eshitganida kema qurib imonli ekanini ko‘rsatgan. (Ibroniylarga 11:7; 1 Butrus 3:20 ni o‘qing.) Shunga o‘xshab, odamlar Shohlik haqidagi xushxabarni eshitganida bilib olganlariga muvofiq yo‘l tutishi lozim. (Havor. 3:17–20) Butrus Nuh haqida «adolat yo‘lini xabarlab yurgan», deb aytgan. (2 Butr. 2:5) Biroq o‘tgan maqolada ko‘rib chiqqanimizday, u To‘fon kelishidan oldin yer yuzidagi har bir insonga va’z qilishga intilganmi yoki yo‘qmi bilmaymiz. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab barcha insonlarga g‘ayrat ila va’z qilishga intilyapmiz. Ammo qancha urinmaylik, oxirat kelishidan oldin yer yuzidagi har bir insonga va’z qila olmaymiz. Nega?

6, 7. Nega oxirat kelishidan oldin xushxabar yer yuzidagi har bir kishiga va’z qilinmaydi degan xulosaga keldik? Tushuntiring.

6 Va’zgo‘ylik faoliyatimizning miqyosi haqida Iso nima deganiga e’tibor bering. U «hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun» xushxabar butun dunyo bo‘ylab va’z qilinishini bashorat qilgan. (Mat. 24:14) Bu bashorat bugungi kunda har qachongiga qaraganda ko‘proq amalga oshmoqda. Shohlik haqidagi xabar 1 000 dan oshiq tillarda mavjud va jw.org sayti orqali dunyo aholisining aksariyati uni bilib olishi mumkin.

7 Ammo Iso shogirdlariga «shahar-u qishloqlar»da va’z qilib chiqishga ulgurmasliklarini, ya’ni uning kelguniga qadar har bir insonga va’z qila olmasliklarini aytgan. (Mat. 10:23; 25:31–33) Uning so‘zlari bizning paytimizga ham tegishli. Millionlab odamlar va’zgo‘ylik faoliyati taqiqlangan hududlarda yashaydi. Bundan tashqari, har daqiqada yuzlab chaqaloqlar dunyoga kelyapti. To‘g‘ri, «har bir millat, qabila, til va xalqqa» xushxabarni yetkazish uchun jon kuydiryapmiz. (Vah. 14:6) Biroq haqiqat shuki, oxirat kelishidan oldin yer yuzidagi har bir kishiga xushxabarni yetkaza olmaymiz.

8. Yahovaning kelajakka oid hukmlari borasida qanday savol tug‘ilishi mumkin? (Rasmlarga ham qarang.)

8 Buning asosida quyidagi savollar tug‘ilyapti: «Buyuk musibat boshlanishidan oldin xushxabarni eshitish imkoniyatiga ega bo‘lmagan insonlar haqida nima desa bo‘ladi? Yahova hamda U hukm qilishni ishonib topshirgan O‘g‘li ularni qay yo‘sin hukm qilishadi?» (Yuhan. 5:19, 22, 27; Havor. 17:31) Ushbu maqolaning ochqich oyatida aytilganidek, Yahova «hech kimning halok bo‘lishini istamaydi». Aksincha, U «hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9; 1 Tim. 2:4) Garchi bularni bilsak-da, Yahova xushxabarni eshitmagan insonlarni qay yo‘sin hukm qilishini hali ayon qilmadi. Aslida u nimalar qilgani-yu, nimalar qilmoqchi ekani borasida bizga hisobot berishi shart emas.

Buyuk musibat boshlanishidan avval xushxabarni eshitish imkoni bo‘lmagan insonlarga Yahova qanday munosabat ko‘rsatadi? (8-xatboshiga qarang.) c


9. Muqaddas Kitobda Yahova bizga nimani ochib beryapti?

9 Yahova qilmoqchi bo‘lgan ba’zi ishlarni Kalomida oshkor etgan. Masalan, u yerdan shuni bilib olyapmizki, xushxabarni eshitib xulq-atvorini o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lmagan «adolatsiz» kishilarni U hayotga qaytaradi. (Havor. 24:15; Luqo 23:42, 43) Bu esa boshqa muhim savollarni yuzaga keltiryapti.

10. Yana qanday savollar tug‘ilyapti?

10 Buyuk musibatda hayotdan ko‘z yumadigan hamma odamlar tirilish umidiga ega bo‘lmasdan abadulabad yo‘q qilinadimi? Muqaddas Kitobda aniq aytilganidek, Yahovaga qarshi chiqqan va Armageddonda U hamda Uning qo‘shini yo‘q qiladigan insonlar tirilmaydi. (2 Salon. 1:6–10) Lekin boshqalar haqida nima desa bo‘ladi? Masalan, buyuk musibat paytida ba’zilar yoshligi, sog‘ligi yo biron fojia tufayli yoki kimningdir qo‘lidan halok bo‘lishi mumkin. (Voiz 9:11; Zakr. 14:13) Ularning ayrimlari yangi dunyoda tiriladigan «adolatsiz» odamlar orasida bo‘lishi mumkinmi? Bu bizga noma’lum.

NIMALARNI BILAMIZ?

11. Inson nima asosida hukm qilinadi?

11 Kelajakda yuz beradigan bir nechta voqea haqida bilamiz. Misol uchun, Masih odamlarni ular uning birodarlariga qanday munosabat ko‘rsatganiga qarab hukm qiladi. (Mat. 25:40) Qo‘ylar deb tan olinganlar moylanganlarni va Masihni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatishadi. Yana shuni bilamizki, Masihning ayrim birodarlari buyuk musibat boshlanganidan keyin va Armageddon boshlanishidan sal oldin yer yuzida bo‘lib, osmonga ko‘tarilmagan bo‘ladi. Ular hali yer yuzida bo‘lar ekan, samimiy insonlarda ularni va ular olib borayotgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash imkoni paydo bo‘lishi mumkin. (Mat. 25:31, 32; Vah. 12:17) Xo‘sh, nega bu diqqatga sazovor?

12, 13. Ba’zilar «Buyuk Bobil» qulaganini ko‘rgach, nima qilishi mumkin? (Rasmlarga ham qarang.)

12 Hatto buyuk musibat boshlangach, ba’zilar «Buyuk Bobil» vayron bo‘lganini ko‘rib, Yahovaning Shohidlari ancha yillar davomida bu haqda aytganini eslashi ehtimoldan yiroq emas. Bularning guvohi bo‘lgan ayrimlar qalb holatini o‘zgartirishi mumkinmi? (Vah. 17:5; Hiz. 33:33)

13 Agar shunday bo‘lsa, bu Musoning davrida Misrda bo‘lgan voqeaga o‘xshaydi. Eslaydigan bo‘lsak, o‘shanda isroilliklar Misrni tark etishayotganda ular bilan birga «turli insonlardan iborat olomon» ham chiqib ketgan. Ularning ayrimlari Muso O‘nta jazo haqida ogohlantirib aytgan so‘zlari rost bo‘lib chiqqanini ko‘rib Yahovaga ishongan. (Chiq. 12:38) Buyuk Bobil yo‘q bo‘lganidan keyin ham shunga o‘xshash narsalar yuz bersa, odamlar oxirat kelishidan sal oldin bizga qo‘shilsa ruhimiz tushadimi? Aslo. Biz «shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo» bo‘lmish samoviy Otajonimizga o‘xshashni istaymiz. (Chiq. 34:6) b

«Buyuk Bobil» qulaganini ko‘radigan ba’zilar Yahovaning Shohidlari bu voqea haqida ancha yillar davomida gapirishganini eslaydi (12-, 13-xatboshilariga qarang.) d


14, 15. Odamning abadiy kelajagi qachon hayotdan ko‘z yumganiga yoki qayerda yashashiga bog‘liqmi? Tushuntiring. (Zabur 33:4, 5)

14 Ba’zan shunday so‘zlarni eshitamiz: «Qarindoshim buyuk musibatdan oldin hayotdan ko‘z yumsa yaxshi bo‘lardi, shunda tirilish umidiga ega bo‘lardi». Albattaki, bu so‘zlar ortida yaxshi niyat turibdi. Biroq insonning abadiy kelajagi u qachon o‘lishiga bog‘liq emas. Yahova mukammal Hakam — Uning qarorlari doim adolatli va haqqoniy. (Zabur 33:4, 5 ni o‘qing.) «Butun yer yuzining Hakami» doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga ishonsak bo‘ladi. (Ibt. 18:25)

15 Odamning abadiy kelajagi u qayerda yashashiga bog‘liq emas, deb xulosa qilish o‘rinli bo‘lardi. Yahova Shohligi haqidagi xabarni eshitish imkoniga ega bo‘lmagan hududlarda yashovchi millionlab insonlarga o‘z-o‘zidan «echkilar» sifatida muhr bosishini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. (Mat. 25:46) Butun yer yuzining adolatli Hakami ular haqida biz o‘ylagandan ham ko‘proq qayg‘uryapti. Buyuk musibat paytida Yahova voqealarni qanday yo‘naltirishini bilmaymiz. Ehtimol, o‘sha odamlarning ba’zilari Yahova haqida bilib, Unga ishonish hamda U ismini muqaddas qilganida Uning tarafini egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi. (Hiz. 38:16)

Buyuk musibat boshlangach,... bularning guvohi bo‘lgan ayrimlar qalb holatini o‘zgartirishi mumkinmi?

16. Yahova to‘g‘risida nimani bildik? (Rasmga ham qarang.)

16 Muqaddas Kitobni tadqiq qilar ekanmiz, Yahova insonlarni judayam qadrlayotganini bilib olyapmiz. U hammamiz abadiy yashash imkoniyatiga ega bo‘lishimiz uchun O‘g‘lini bergan. (Yuhan. 3:16) Barchamiz Xudoning sevgisini his qilyapmiz. (Ishayo 49:15) Xudo har birimizni ismimiz bo‘yicha biladi. Ha, U bizni juda ham yaxshi biladi. Hatto hayotdan ko‘z yumsak ham U bizni tiriltirishi mumkin. Chunki U biz va xotiralarimiz haqida har bir tafsilotni yodda tutadi. (Mat. 10:29–31) Shubhasizki, mehribon samoviy Otajonimiz dono, adolatli va rahm-shafqatli bo‘lgani uchun har bir insonni mukammal tarzda hukm qilishiga ishonsak bo‘ladi. (Yoqb. 2:13)

Yahova dono, adolatli va rahm-shafqatli bo‘lgani uchun har bir insonni mukammal tarzda hukm qilishiga ishonsak bo‘ladi (16-xatboshiga qarang.)


17. Navbatdagi maqoladan nimani bilib olamiz?

17 Oydinlashgan bu tushunchalar va’zgo‘ylik ishi har qachongidan ham shoshilinch ekanini ko‘rsatyapti. Nega bunday deya olamiz? Xushxabarni tinmay va’z qilishda davom etishga bizni nima undayapti? Navbatdagi maqolada bu savollarning javobini batafsil ko‘rib chiqamiz.

76-QO‘SHIQ To‘lasiz ne hisga?

a Nega bu o‘zgarganining sababini bilish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2015-yil 15-mart sonida keltirilgan 7–11-sahifadagi «“Sen buni ma’qul ko‘rding”» nomli maqolaga qarang.

b Buyuk Bobil yo‘q qilingach, Yahovaning hamma xizmatchilari Mago‘g yurtidagi Go‘g hujum qilgan paytda sinaladi. Xudoning xalqiga qo‘shiladigan har qanday inson Buyuk Bobil vayron bo‘lganidan keyin ham sinovdan o‘tadi.

c RASMGA SHARH. Uchta rasmda nega ba’zilar umumjahon va’zgo‘ylik ishimiz haqida bexabar qolgani ko‘rsatilgan: 1) bir ayol o‘tiribdi, mamlakatida xristian dini asosiy emas va u yerda va’z qilish xavfli, 2) bitta juftlik turibdi, mamlakatida xushxabarni va’z qilish qonunan taqiqlangan hamda xavfli, va 3) bir yigit turibdi, u juda olis va hech kim bora olmaydigan hududda yashaydi.

d RASMGA SHARH. Haqiqatni tark etgan yosh ayol «Buyuk Bobil» qulashi haqida bilgan narsalarini eslab o‘tiribdi. U qalb holatini o‘zgartirib, Yahovaning Shohidlari bo‘lgan ota-onasinikiga qaytdi. Bu yuz bersa, shafqatli va rahmdil samoviy Otamizga taqlid qilishni va gunoh qilgan inson qaytganidan xursand bo‘lishni istaymiz.