Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

26-TADQIQ MAQOLASI

8-QO‘SHIQ Yahova — Boshpanamdir

Yahova Qoyangiz bo‘lsin!

Yahova Qoyangiz bo‘lsin!

Allohimiz kabi mustahkam qoya yo‘q. (1 SHOH. 2:2)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Qaysi fazilatlari tufayli Yahova qoyaga o‘xshashini va Unga qanday taqlid qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Dovud Zabur 18:46 da Yahovani qanday atagan?

 BA’ZAN to‘satdan duch keladigan muammolar hayotimizni qiyinlashtirishi yo hatto butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bunday paytlarda Tangri Yahovaga tayana olamiz va bu uchun minnatdormiz. O‘tgan maqolada U barhayot Xudo va yordam berishga doim tayyor ekanini esladik. Uning qo‘lini ko‘rganimizda, bu bizni «Yahova barhayot» ekaniga ishontiradi. (Zabur 18:46 ni o‘qing.) Biroq buni aytgach, Dovud Xudoni jonsiz bir narsa bilan solishtirib, Uni «Qoyam» deb atagan. Bu nima degani?

2. Nega Dovud Yahovani «Qoyam» deb atagani diqqatimizga sazovor?

2 Ushbu maqolada Yahova qaysi fazilatlari tufayli qoyaga o‘xshashini va bundan U haqda nimalarni bilib olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Yahovani qay yo‘sin o‘z Qoyamiz deb bilishimiz mumkinligini muhokama qilamiz. Oxirida esa Yahovaning fazilatlariga qanday taqlid qila olishimiz to‘g‘risida gap boradi.

NEGA YAHOVA QOYA DEB AYTILGAN?

3. Muqaddas Kitobda ko‘p hollarda «qoya» so‘zi qanday qo‘llanilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

3 Muqaddas Kitobda ishlatilgan «qoya» so‘zi U ega bo‘lgan ba’zi fazilatlarni tushunishimizga yordam beradi. Bu so‘z ko‘pincha Yahova tengi yo‘q Xudo sifatida madh etilgan oyatlarda uchraydi. Ilk bor U Qonunlar 32:4 da «Qoya» deb atalgan. Xanna ibodatida: «Allohimiz kabi mustahkam qoya yo‘q»,— deb aytgan. (1 Shoh. 2:2) Xabaqquq payg‘ambar Yahovani: «Mening Qoyam»,— degan. (Xab. 1:12) Zaburning 73-sanosini yozgan kishi Xudoni: «Qalbim qoyasi»,— deb aytgan. (Zab. 73:26) Hatto Yahova ham O‘zini qoya sifatida tilga olgan. (Ishayo 44:8) Keling, qaysi uchta fazilat tufayli Xudo qoyaga o‘xshashini va qay yo‘sin Uni «Qoyamiz»ga aylantirishimiz mumkinligini bilib olaylik. (Qonun. 32:31)

Xudoning xalqi Yahovani xavfsiz Qoya deb biladi (3-xatboshiga qarang.)


4. Yahovani qaysi ma’noda Boshpana desa bo‘ladi? (Zabur 94:22)

4 Yahova Boshpanadir. Xavfli bo‘ron paytida kishi ulkan qoyadan panoh topganiday, hayotda xavfli vaziyatlarga duch kelganimizda ham Yahova bizni himoyalaydi. (Zabur 94:22 ni o‘qing.) U bizni asraydi va shunga ishontiryaptiki, ushbu yovuz dunyoda azob-uqubatlarga duch kelayotgan bo‘lsak ham ular vaqtincha. Bundan tashqari, Yahova kelajakda xavotirlar va azob-uqubatlarga sabab bo‘layotgan har qanday narsani butkul yo‘q qiladi. (Hiz. 34:25, 26)

5. Qanday qilib Yahova qoya singari boshpanamiz bo‘la oladi?

5 Yahova Boshpanamiz ekanini ko‘rsatishning yo‘llaridan biri Unga ibodat qilishdir. Bunday qilsak, Yahova qalbimiz-u ongimizni himoya qiladigan «tinchligini» beradi. (Filip. 4:6, 7) Imoni tufayli qamoqqa tushgan Artyom birodarning misoliga diqqat qarataylik. Tergovchi unga bosim o‘tkazgan, kamsitgan va qo‘pollik ila qayta-qayta so‘roq qilgan. «Tergovchi har safar meni so‘roq qilganda, o‘zimni yomon his qilardim. [...] Yahovaga doim ibodat qilardim. Undan ichki xotirjamlik va donolik so‘rardim. Tergovchining harakatlari ish bermadi. [...] Yahovaning yordami bilan o‘zimni toshdan qurilgan devor ortidagiday his qilardim»,— deb bo‘lishdi Artyom.

6. Nega doimo Xudoga tayanishimiz mumkin? (Ishayo 26:3, 4)

6 Yahova ishonchlidir. Joyidan siljimaydigan qoya singari Yahova doim biz bilan. U «abadiy Qoya» ekan, Unga ishonishimiz mumkin. (Ishayo 26:3, 4 ni o‘qing.) Yahova hamisha va’dalarida turadi. Ibodatlarimizni tinglaydi va biz muhtoj bo‘lgan yordamni taqdim etadi. Qolaversa, U xizmatchilariga sadoqatli ekan, Unga tayanishimiz mumkin. (2 Shoh. 22:26) Xudo qilgan mehnatimizni aslo unutmaydi va doim bizni mukofotlaydi. (Ibron. 6:10; 11:6)

7. Yahovaga tayanganimizda nima yuz beradi? (Rasmga ham qarang.)

7 Yahovaga to‘liq tayanganimizda, U Qoyamizga aylanadi. Shunga ishonamizki, hatto qiyin paytlarda ham Unga quloq solish bizga foyda keltiradi. (Ishayo 48:17, 18) Har safar Xudoning yordamini ko‘rganimizda, Unga bo‘lgan ishonchimiz ortadi. Shunda faqatgina Yahovaning yordami bilan yengishimiz mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarga duch kelganimizda yaxshiroq tayyorlangan bo‘lamiz. Ko‘pincha hech kimdan yordam so‘ray olmaydigan vaziyatlarda doim Yahovaga tayanishimiz mumkinligini tushunib yetamiz. «Qamoqxonada bo‘lganimda o‘zimni har qachongidan ham Yahovaga yaqinroq his qilganman. Unga ko‘proq tayanishni o‘rgandim, chunki butunlayin yolg‘iz qolgandim hamda vaziyatimni nazorat qila olmasdim»,— deb aytdi Vladimir.

Yahovaga to‘liq tayanganimizda, Uni Qoyamizga aylantiramiz (7-xatboshiga qarang.)


8. a) Nega Yahova o‘zgarmas deb ayta olamiz? b) Xudoni Qoyamiz deb bilish qanday foyda keltiradi? (Zabur 62:6, 7)

8 Yahova hecham o‘zgarmaydi. Ulkan qoyaga o‘xshab Yahova doim o‘sha-o‘sha bo‘lib qoladi. Uning shaxsiyati va niyati aslo o‘zgarmaydi. (Mal. 3:6) Adan bog‘ida isyon ko‘tarilganida, Yahova insoniyatga bo‘lgan niyatini o‘zgartirmadi. Havoriy Pavlus Xudo «O‘zidan voz kecha olma»sligini yozgan. (2 Tim. 2:13) Bu nimaiki bo‘lmasin yoki boshqalar qanday ish qilmasin, Uning fazilatlari, niyati va me’yorlari aslo o‘zgarmasligini anglatadi. Yahova aslo o‘zgarmas ekan, og‘ir paytlarda U bizga yordam berishini va kelajakka oid va’dalarida turishini bilamiz. (Zabur 62:6, 7 ni o‘qing.)

9. Tatyananing vaziyatidan qanday saboq oldingiz?

9 Diqqatimizni Yahova qanday Shaxs ekaniga qaratsak va Uning niyatini doim yodda tutsak, U Qoyamizga aylanadi. Bunday qilish qiyinchiliklar paytida xotirjam bo‘lishimizga va Yahovaga sodiq qolishimizga yordam beradi. (Zab. 16:8) Imoni tufayli uy qamog‘iga olingan Tatyana opamiz bilan bu yuz berdi. U quyidagicha bo‘lishdi: «O‘zimni butunlay yolg‘iz his qilganman. Boshida bu juda qiyin bo‘lgan. Tez-tez tushkunlikka tushganman». Lekin u bu qiyinchilik Yahova va Uning niyati bilan bog‘liq ekanini ko‘rganda, uni yenga oldi va hissan yana kuchga to‘ldi. U yana shunday dedi: «Nega bunga duch kelganimni tushunish bu vaziyatga Yahova uchun tushganimni yodda saqlashga yordam berdi. Bu o‘z haqimda o‘ylamaslikka ko‘maklashdi».

10. Yahova hozir qay yo‘sin Qoyamiz bo‘la oladi?

10 Oldinda Yahovaga har qachongidan ham ko‘proq tayanishimizni talab qiladigan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Hozir sadoqat ila sabr-bardosh qilishimiz uchun U bizga kerakli har qanday narsani berishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlash paytidir. Xo‘sh, buni qay yo‘sin qila olamiz? Muqaddas Kitobdagi bayonotlarni va bugungi kunda Yahovaning xizmatchilari bilan yuz berayotgan voqealarni o‘qing. U xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun qaysi fazilatlarni namoyon etganiga e’tibor bering. O‘sha bayonotlar ustida chuqur mulohaza yuriting. Shunda Yahova sizning Qoyangizga aylanadi.

YAHOVANING FAZILATLARIGA TAQLID QILING

11. Nega Yahovaning fazilatlariga taqlid qilishni xohlaymiz? (« Yosh birodarlar uchun maqsad» nomli ramkaga ham qarang.)

11 Yahova fazilatlari tufayli biz uchun qoya kabi bo‘lishini bilib oldik. Endi Uning fazilatlariga qay yo‘sin taqlid qila olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Ularga taqlid qilish uchun qancha ko‘p jon kuydirsak, jamoatni shuncha ko‘p mustahkamlaymiz. Misol uchun, Iso Simunga «qoyatosh» ma’nosini bildiruvchi Kifa (yunoncha «Butrus») degan nom bergan. (Yuhan. 1:42) Bu bilan u Butrus jamoatdagilarga tasalli berishini va ularning imonini mustahkamlashini nazarda tutgan. Jamoat oqsoqollari esa «bahaybat qoyatoshning soyasi»ga o‘xshatilgan. Bu ular jamoatni qay yo‘sin himoya qilishini ko‘rsatadi. (Ishayo 32:2) Albattaki, jamoatdagi barcha — birodar-u opa-singillar Yahovaning fazilatlariga taqlid qilganda, foyda oladi. (Efes. 5:1)

12. Qiyin paytlarda boshqalarga qay yo‘sin yordam berishimiz mumkin?

12 Boshpana bo‘ling. Ba’zida tabiiy ofatlar, fuqarolik tartibsizliklari yoki urush dastidan imondoshlarimizga tom ma’noda boshpana bo‘la olamiz. «Oxirzamonda» ahvol yanada yomonlashar ekan, shubhasizki, bir-birimizga yordam berish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lamiz. (2 Tim. 3:1) Qolaversa, birodar-u opa-singillarimizga ular muhtoj bo‘lgan tasallini berishni istaymiz. Buni qilishning yo‘llaridan biri Yig‘ilish zaliga kelganlarni iliq qarshi olish va jamoatda sevgi ruhi hukm surishiga hissa qo‘shishdir. Hozir shafqatsiz, sovuq va qiyinchiliklarga to‘la dunyoda yashayapmiz. Shunday ekan, imondoshlarimiz yig‘ilishlarga kelganda o‘zlarini sevimli, kuchga to‘lgan va xavfsiz his qilishlari uchun qo‘limizdan kelganini qilishni istaymiz.

13. Qanday qilib oqsoqollar qiyin paytlarda boshqalarga tasalli bera olishadi? (Rasmga ham qarang.)

13 Oqsoqollar majoziy yoki tom ma’nodagi bo‘ronlarni boshdan kechirayotgan imondoshlar uchun boshpana bo‘lishlari mumkin. Ular tabiiy ofat va tez tibbiy yordam kerak bo‘lgan paytlarda amaliy yordam berish ishlarini tezda tashkillashtirishadi. Qolaversa, ular ma’naviy yordam taqdim etishadi. Birodar-u opa-singillar oqsoqolni muloyim, hamdard, eshitishga tayyor deb bilsa, unga bemalol murojaat qila olishadi. Bunday fazilatlar tufayli ular o‘zlarini sevikli his qilishadi. Shunda oqsoqol Muqaddas Kitob asosida beradigan har qanday yo‘l-yo‘riqqa quloq solish ular uchun osonroq bo‘ladi. (1 Salon. 2:7, 8, 11)

Majoziy va tom ma’noda bo‘ron jamoatdagilarga ta’sir qiladi, oqsoqollar esa boshpana bo‘lishadi (13-xatboshiga qarang.) a


14. Ishonchli ekanimizni qanday namoyon eta olamiz?

14 Ishonchli bo‘ling. Boshqalar, ayniqsa, og‘ir paytlarda bizga tayanishini istaymiz. (Hik. 17:17) Xo‘sh, boshqalarning ishonchiga sazovor bo‘lish uchun nima qila olamiz? Va’dalarimizda turish va kech qolmaslik maqsadida qo‘limizdan kelganini qilish kabi ilohiy fazilatlarni rivojlantirish uchun jon kuydirsak bo‘ladi. (Mat. 5:37) Bundan tashqari, kimdir yordamga muhtoj bo‘lganida, unga ko‘maklashishimiz mumkin. Shuningdek, jamoatda bizga topshirilgan vazifalarni yo‘l-yo‘riqlar asosida bajarayotganimizga ishonch hosil qilishimiz kerak.

15. Oqsoqollar ishonchli bo‘lganida bu jamoatdagilarga qanday foyda keltiradi?

15 Ishonchli oqsoqollar jamoat uchun foyda keltiradi. Qanaqasiga? Va’zgo‘ylar oqsoqollarga, masalan, va’zgo‘ylik guruhining noziriga istalgan paytda murojaat qila olsa, kamroq tashvishlanadi. Shuningdek, ular oqsoqollar yordam berishga doim tayyor ekanini bilsa, o‘zlarini sevikli his qiladi. Oqsoqollar shaxsiy fikrlariga emas, balki Muqaddas Kitob hamda ishonchli va aqlli xizmatkor taqdim etayotgan adabiyotlar asosida maslahat bersa, imondoshlari ularga ishonadi. Qolaversa, oqsoqollar jamoatdagilarga tegishli shaxsiy masalalarni boshqalarga aytmasa hamda va’dalari ustidan chiqsa, imondoshlari ularga ishonadi.

16. Yahovaning nazarida to‘g‘ri ish qilganimizda o‘zimiz va boshqalar qanday foyda olamiz?

16 Doim Yahova aytganday yo‘l tuting. Barcha narsada Yahovaga itoatli bo‘lsak hamda Muqaddas Kitob asosida qaror chiqarsak, boshqalar uchun yaxshi o‘rnak bo‘lamiz. Imonimiz kuchayar va aniq bilimimiz oshar ekan, haqiqatda yanada mustahkam bo‘lamiz. Soxta ta’limotlar-u g‘oyalar Yahovaning fikrlash tarziga zid ekanini tushunamiz va ularning ta’siriga berilmaymiz. (Efes. 4:14; Yoqb. 1:6–8) Yahovaga hamda Uning va’dalariga bo‘lgan ishonchimiz yomon xabarlarni eshitganimizda, muvozanatli bo‘lishimizga yordam beradi. (Zab. 112:7, 8) Shuningdek, qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganlarga ko‘maklasha olamiz. (1 Salon. 3:2, 3)

17. Oqsoqollarga boshqalarni mustahkamlashga nima yordam beradi?

17 Oqsoqollar har narsada me’yorini biladigan, aqli raso, tartibli va mulohazakor bo‘lishlari lozim. Bu kishilar «haqiqat kalomiga qattiq rioya qil»ib, boshqalarga xotirjam bo‘lishga hamda Yahovaga qattiq ishonishga ko‘maklashishadi. (Titus. 1:9; 1 Tim. 3:1–3) Ular o‘z o‘rnagi-yu suruvga cho‘ponlik qilish orqali va’zgo‘ylarga yig‘ilishlarni va shaxsiy tadqiqni qoldirmaslikka hamda xizmatda ishtirok etishga yordam berishadi. Birodar-u opa-singillar muammolari dastidan tushkunlikka tushishsa, oqsoqollar ularning diqqatini Yahova hamda Uning va’dalariga qaratishadi.

18. Nega Yahovani madh etishni va Unga yanada yaqinroq bo‘lishni istaymiz? (« Yahovaga yaqinlashtiradigan yo‘l» nomli ramkaga ham qarang.)

18 Tangri Yahovaning go‘zal fazilatlarini ko‘rib chiqqach, biz ham shoh Dovud kabi: «Qoyam Yahovaga olqishlar bo‘lsin!» — deb ayta olamiz. (Zab. 144:1) Biz doim Yahovaga tayanishimiz mumkin. Hayotimiz davomida, hatto keksayganda ham Xudo ma’nan gullab-yashnashimizga hamisha yordam berishiga ishonib: «U mening Qoyam», deb bemalol ayta olamiz. (Zab. 92:14, 15)

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

a RASMGA SHARH. Yig‘ilish zalida opamiz ikkita oqsoqolga bemalol murojaat qilyapti.