Asosiy materiallarga o‘tish

Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining fermalari — 50-yillik yig‘im-terim

Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining fermalari — 50-yillik yig‘im-terim

Nyu-York shahridan 145 kilometr shimolda, Uolkill (Nyu-York shtati) shahridagi qishloq yaqinida bir nechta ferma bor. Ular Yahova Shohidlarining Muqaddas Kitobga asoslangan umumjahon ta’lim berish ishida muhim o‘rinni egallab kelgan. Bugungi kunda inshootlar majmui sifatida foydalanib kelinayotgan Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining birinchi fermalari bundan 50-yil oldin, ya’ni 1963-yil 2-yanvarda sotib olingan edi.

Yahovaning Shohidi Deyvid Uoker, Uolkilldagi birinchi fermada ishlagan. Ferma nima maqsadda sotib olinganini tushuntirib, u quyidagini aytib berdi: «Yahova Shohidlarining Bruklindagi (Nyu-York shtati) xalqaro idora markazida xizmat qilayotganlarning soni ko‘payib borardi. Bunday katta oilani boqish uchun esa, tejamkorlik muhim edi. Yahovaning Shohidlariga tegishli boshqa qishloq xo‘jalik yerlari Nyu-York shtatining chekka hududlarida joylashgani sababli, Bruklingacha oziq-ovqatni yetkazishga 6 yoki 7 soat vaqt ketardi. Uolkillgacha esa atigi 2 soat vaqt sarflanardi. Bu esa ehtiyojlarimizni qondirish uchun qulay joy edi». Mazkur fermada Yahovaning Shohidlari asosan meva va sabzavot yetishtirishardi, shuningdek, sut va turli go‘sht — tovuq, cho‘chqa va mol — mahsulotlarini ishlab chiqardi. Keyinchalik fermalar ko‘paydi.

O‘n yil ichida dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining soni ko‘paygani, Uolkillda ajoyib voqealar yuz berishiga turtki bo‘ldi. Boz ustiga, tom ma’nodagi yetilgan ekin yig‘ib olingani singari, chop etila boshlagan adabiyotlar, Isoning o‘rim-yig‘im haqidagi masali amalga oshishida muhim o‘rinni egallardi (Matto 9:37; Luqo 10:2; Yuhanno 4:35, 36). Keling, Uolkillda bajarilgan ba’zi ishlarni ko‘rib chiqaylik.

Chop etish. XX asrning o‘rtalarida, bosmaxona Bruklinda (Nyu-York shtati) joylashgan bo‘lib, u yerda Muqaddas Kitobga asoslangan aksariyat adabiyotlar chop etilardi. Ammo adabiyotga ehtiyoj kun sayin o‘sib borardi va mazkur bosmaxona talablarga javob bera olmayotgandi. Shuning uchun, 1973-yil Yahovaning Shohidlari Uolkillda, yana bitta bosmaxona qurib qo‘yishdi. O‘shandan buyon bosmaxona binolari bir necha marotaba kengaytirib kelingan, eng oxirgisi esa 2004-yilda kengaytirildi.

Kompyuter texnologiyasi. 1979-yilda Uolkilldagi bir guruh Yahovaning Shohidlari kompyuter amalga oshiradigan dastur ustidan ishlashni boshlashdi. Bugungi kunda uning nomi — ko‘p tillarda nashr etish elektron sistemasi (MEPS). Bu dastur yordamida 600 dan oshiq tillarda Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni chop etish mumkin edi.

Ta’lim. 1988-yilda Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabi Bruklindan Uolkillga ko‘chirildi va 17-oktyabr kuni yangi sinf o‘qishni boshladi. Ushbu maktab 1995-yil aprel oyida Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Pattersondagi o‘quv-ta’lim markaziga ko‘chirilguniga qadar, shu yerda faoliyat yuritib keldi.

Ellik yil o‘tgach Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining boshqa fermalari ishlash usuli va vazifasini o‘zgartirdi. Lekin Nyu-Yorkdagi (AQSH) Baytilda xizmat qilayotgan Yahova Shohidlarini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda.

Ayni paytda Yahovaning Shohidlari Uolkillda yangi ofis, yashash joylari va boshqa inshootlar qurishmoqda. Ular shuningdek, mavjud bo‘lgan binolarni qayta qurishmoqda. Bunday ishlar tufayli, Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati fermalari butun dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining safiga har kuni qo‘shilayotgan insonlarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirmoqda.

Yuqorida eslatib o‘tilgan Deyvid Uoker, shunday deydi: «Mana 50-yildan oshiq vaqt o‘tdi. Uolkilldagi kamtarona urinishlar insonlarga Muqaddas Kitobdan ta’lim berishdek umumjahon faoliyatimiz unib-o‘sishiga katta hissa qo‘shganini ko‘rish menga xursandchilik keltirmoqda!»