Asosiy materiallarga o‘tish

2019-YIL 30-MAY
O‘ZBEKISTON

Iso alayhissalomning o‘limini xotirlash marosimi O‘zbekiston bo‘ylab ommaviy tarzda o‘tkazildi

Iso alayhissalomning o‘limini xotirlash marosimi O‘zbekiston bo‘ylab ommaviy tarzda o‘tkazildi

2019-yil 19-aprel kuni imondoshlarimiz Iso alayhissalomning o‘limini xotirlash marosimini so‘nggi yillar ichida ilk bor butun O‘zbekiston bo‘ylab ommaviy tarzda o‘tkazishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘zbekistonda Yahovaning Shohidlari faqatgina Toshkent yaqinida joylashgan shahar — Chirchiqda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ilgari Chirchiq tashqarisidagi boshqa hududlarda yashovchi imondoshlarimiz ichki ishlar organlarining aralashuvidan qochish uchun bu marosimni ochiqchasiga o‘tkazishmagan. Joriy yili birodarlarimiz ichki ishlar organlarini marosim haqida xabardor qilib, ularni taklif qilishdi. Ichki ishlar organlari bu taklifni xayrixohlik bilan qabul qilishdi va hatto marosimga kelganlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida zaruriy chora-tadbirlar ko‘rishdi. Ba’zi viloyatlarda ichki ishlar organlari xodimlari marosimga tashrif buyurishdi.

Yuqoridagi fotosuratda ko‘rsatilganidek, Yetakchi kengash a’zosi birodar Mark Sanderson Chirchiqdagi Yig‘ilish zalida bu marosimga bag‘ishlangan nutqni so‘zladi. Dastur rus tiliga tarjima qilindi. Kelganlarning soni 781 nafar kishini tashkil etdi. Shu kecha o‘sha binoning o‘zidayoq bu marosim boshqa mehmonlar uchun yana ikki marta o‘tkazildi.

Tashrif davomida Bosh idora vakillari birodar Sanderson va Pol Gillies O‘rta Osiyodan bo‘lgan ikkita birodar hamrohligida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazining yuqori mansabdorlari bilan uchrashishdi. Rasmiy uchrashuvlar chog‘ida birodarlarimiz e’tiqodimiz va tashkilotimiz borasida aniq ma’lumot berish imkoniga ega bo‘lishdi. Umid qilamizki, hukumat vakillari faoliyatimiz haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lib, tashkilotimiz Chirchiqdan tashqari boshqa shaharlarda ham rasmiy ro‘yxatdan o‘tishiga ko‘maklashishadi. Bu esa, o‘z navbatida, imondoshlarimizga munosib binolarda topinish imkoniyatini beradi.

Birodar Mark Sanderson delegasiya vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi binosi oldida

Ommaviy tarzda o‘tkazilgan ushbu marosim va hukumat a’zolari bilan o‘zaro hurmat ruhida o‘tgan uchrashuvlar O‘zbekiston siyosiy hayotidagi eng so‘nggi ijobiy o‘zgarishlardir. Oxirgi olti oy davomida O‘zbekistonda Yahovaning Shohidlariga nisbatan reyd uyushtirish, jarimaga tortish va hibsga olinish holatlari kuzatilmagan. Qolaversa, taxminan bir yil avval, 2018-yil 14-mayda, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov o‘z chiqishida Yahovaning Shohidlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini osonlashtirish uchun parlament a’zolari qonunchilikka o‘zgarishlar kiritish ustida ishlar olib borishini ta’kidladi.

O‘zbekistondagi imondoshlarimiz «bundan buyon ham har sohada xudojo‘ylik va jiddiylik bilan sokin hayot kechirishlari uchun», Allohimiz Yahova ularning sa’y-harakatlariga fayz-baraka yog‘dirishini so‘rab qolamiz. (1 Timo‘tiyga 2:2)