Asosiy materiallarga o‘tish

Xudoning qon borasidagi nuqtai nazarini qabul qildim

Xudoning qon borasidagi nuqtai nazarini qabul qildim

Xudoning qon borasidagi nuqtai nazarini qabul qildim

Bir shifokorning hikoyasi

KASALXONANING majlislar zalida bir guruh shifokorlar oldida murdani ochish natijasida nimalar aniqlangani haqida bo‘lishayotgan edim. O‘lgan bemorning xavfli o‘simtasi bo‘lgan. Xulosa qilib shunday dedim: «Bu bemor gemolis oqibatida, ya’ni eritrotsitlarning yemirilishi hamda ko‘p qon quyish natijasida kelib chiqqan buyrak yetishmovchiligi tufayli vafot etgan».

Bir professor o‘rnidan turib, jahl bilan baqirdi: «Biz boshqa guruhdagi qonni quydik, deb aytmoqchimisiz?» Men esa javoban: «Buni nazarda tutganim yo‘q»,— dedim. Keyin esa o‘lgan bemor buyragining mayda qismlari tushirilgan slaydlarni ko‘rsatib: «Bu yerda lizis yuz berganini, ya’ni eritrotsitlar erib yo‘q bo‘lganini, bu esa buyrak yetishmovchiligiga a olib kelganini ko‘rishimiz mumkin»,— dedim. Vaziyat taranglashdi, men ham asabiylashayotgandim. O‘shanda hali yosh shifokor edim, u esa professor. Ammo bunga qaramay orqaga chekinish niyatim yo‘q edi.

Bu voqea yuz berganida hali Yahovaning Shohidi emasdim. Men 1943-yili Yaponiyaning shimolidagi Senday shahrida tug‘ilganman. Otam patolog va psixiatr bo‘lgani uchun men ham tibbiyot sohasida o‘qishga qaror qildim. Tibbiyot o‘quv yurtining ikkinchi kursida o‘qiyotganimda, 1970-yili Masuko ismli qiz bilan oila qurdik.

Patologiyaga sohasiga ixtisoslashdim

O‘qishni tugatmagunimcha Masuko oilamizni moddiy tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun ishlardi. Tibbiyot sohasi meni o‘zimga rom etgandi. Inson tanasi qanchalik ajoyib tarzda yaratilgani meni lol qoldirardi. Lekin shunga qaramay, Yaratuvchi borligi haqida hecham o‘ylab ko‘rmaganman. Tibbiyot sohasidagi izlanishlar hayotimga mazmun bag‘ishlaydi, deb umid qilardim. Shuning uchun shifokor bo‘lgach, kasallikning kelib chiqishi, kechishi hamda asoratlarini o‘rganuvchi ilmga, ya’ni patologiya sohasiga ixtisoslashdim.

Saraton kasalligi dastidan o‘lgan bemorlarning murdasini tahlil qilgach, qon quyish samarali ekanidan shubhalana boshladim. Saraton kasalligining oxirgi bosqichidagi bemorlar qon ketish dastidan anemiyaga yo‘liqishi mumkin. Kimyoterapiya anemiyani kuchaytirgani uchun shifokorlar odatda qon quyishni tayinlashadi. Ammo men qon quyish saraton kasalligi tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin deb taxmin qildim. Bugungi kundagi shifokorlarning fikricha, qon quyish dastidan saraton kasalligi qaytaga avj oladi. Buning dastidan bemorlar yanada zaiflashadi va hatto tirik qolish ehtimoli kamayadi b.

1975-yilda men yuqorida tilga olingan vaziyatga duch keldim. Bu professor qon kasalligi bo‘yicha mutaxassis edi va o‘sha o‘lgan bemor uchun u mas’ul edi. Shu sababli qon quyish bemorning o‘limiga olib kelganini aytganimda uning jahli chiqqanidan hayron qolmasa ham bo‘ladi. Biroq men gapimni davom ettiraverdim va u asta-sekin jim bo‘lib qoldi.

Kasallik va o‘lim boshqa bo‘lmaydi

Taxminan shu paytda xotinim oldiga yoshi katta Yahovaning Shohidi tashrif buyuradi. Bu ayol gapirayotganida «Yahova» degan so‘zni tez-tez qo‘llagan. Shunda xotinim bu so‘z nimani anglatishini so‘ragan. U Yahova Xudoning shaxsiy ismi deb javob berdi. Masuko yoshligidan Muqaddas Kitobni o‘qigan, ammo uning Muqaddas Kitobida Xudoning ismi o‘rniga «Ega» so‘zi ishlatilgan. Endi xotinim Xudoning shaxsiy ismi borligini bilib oldi.

Masuko shu zahotiyoq o‘sha ayol bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tishni boshladi. Kechasi soat birda shifoxonadan qaytganimda, xotinim zavq bilan menga gapira boshladi. «Muqaddas Kitobda o‘lim va kasallik boshqa bo‘lmasligi haqida aytilgan»,— dedi u. Men esa javoban: «Bunday bo‘lsa ajoyib-ku»,— dedim. U gapini davom ettirib: «Yangi dunyo yaqin ekan, vaqtingizni bekor sarflashingizni istamayman»,— dedi. Bu gapi bilan «Xotinim men shifokorlik ishimni tashlashimni istayapti» deb o‘ylabman. Shunda undan jahlim chiqdi va munosabatlarimiz taranglasha boshladi.

Xotinim menga Muqaddas Kitob haqida aytishda davom etardi. U Yahovaga ibodat qilib, mos keladigan oyatlarni topish haqida so‘rardi va menga o‘qib berardi. Masalan, Voiz 2- bob 22- va 23- oyatlardagi so‘zlar menga kuchli ta’sir qildi: «Quyosh ostida qilgan mehnatidan va mehnat qilishga bo‘lgan ishtiyoqidan insonga ne foyda? ...Hatto kechalari ham joni orom olmaydi. Bu ham behudadir». Bu so‘zlar aynan men uchun edi, chunki erta-yu kech ishlasam-da, chin baxtni his qilmasdim.

1975-yil iyul oyi yakshanba kuni ertalab xotinim, har galgidek, Yahova Shohidlarining Yig‘ilish zaliga ketdi. Negadir dabdurustdan men ham o‘sha yerga borishga qaror qildim. Xotinim meni Yig‘ilish zalida ko‘rib hayron qoldi. Shohidlar meni iliq qarshi olishdi. O‘shandan beri men yakshanba kungi uchrashuvlarni qoldirmadim. Bir oy o‘tgach, Shohidlar men bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tishni boshlashdi. Xotinim esa tadqiq o‘tishni boshlaganidan uch oy o‘tgach, Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdi.

Xudoning qonga nisbatan nuqtai nazarini qabul qildim

Ko‘p o‘tmay, Muqaddas Kitobdan masihiylar qondan saqlanishi kerakligini bilib oldim. (Havoriylar 15:28, 29; Ibtido 9:4) Bundan oldin ham qon quyish samarali ekani borasida shubhalarim bo‘lgani uchun Xudoning qonga nisbatan nuqtai nazarini qabul qilish oson bo‘ldi. Men «Agar Yaratuvchi bor bo‘lsa va U shunday deb aytayotgan bo‘lsa, demak, bu to‘g‘ri» degan xulosaga keldim.

Shuningdek, Odamatoning gunohi dastidan kasal bo‘lib o‘lishimizni bilib oldim. (Rimliklarga 5:12) O‘sha paytda tomirlarning sklerozini tadqiq qilardim. Yoshimiz o‘tgani sayin tomirlarimiz dag‘allashib, torayib boradi. Buning dastidan esa yurak xastaliklari, insult va buyrak xastaliklari rivojlanishni boshlaydi. Shunda kasalliklarimizning sababi nomukamallikka borib taqalishi mantiqan to‘g‘ri ekanini bilib oldim. Bundan so‘ng tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishim so‘na boshladi. Faqatgina Tangri Yahova barcha kasallik va o‘limni bartaraf eta oladi.

1976-yil mart oyida, tadqiq o‘tganimdan yetti oy o‘tgach, universitet qoshidagi klinikada olib borgan tadqiqot ishlarimni to‘xtatdim. Endi hech qachon shifokor bo‘lib ishlay olmasam kerak deb qo‘rqqan edim, lekin boshqa kasalxonada ish topdim. Men Xudoga to‘la vaqt xizmat qilish eng yaxshi hayot yo‘li ekanini tushundim. Shu sababli 1977-yili iyul oyida kashshoflik xizmatini boshladim.

Xudoning qonga nisbatan nuqtai nazarini himoya qilyapman

1979-yil noyabr oyida xotinim Masuko bilan birga Tiba viloyatidagi jamoatga ko‘chib o‘tdik. U yerda va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta edi. Bir shifoxonada yarim stavkali ish topdim. Birinchi ish kunimdayoq bir guruh jarrohlar meni qurshab oldi. Ular hol-u jonimga qo‘ymay, shunday deb so‘rashardi: «Yahovaning Shohidi ekansiz, mabodo bemorga qon quyishga to‘g‘ri kelsa, qanday yo‘l tutasiz?»

Men Xudoning qonga nisbatan nuqtai nazarini hurmat bilan tushuntirdim. Qon quyishning boshqa muqobil yo‘llari borligini va bemorlarimga qo‘limdan kelgancha yordam berishimni aytdim. Bir soatlik muhokamadan so‘ng, bosh shifokor: «Tushunaman, lekin ko‘p qon yo‘qotgan bemorni olib kelishsa, vaziyatni o‘z qo‘limizga olamiz, sendan so‘rab o‘tirmaymiz»,— deb javob berdi. Bosh shifokor bilan til topishish oson emasdi. Lekin o‘sha suhbatdan so‘ng u bilan yaxshi hamkorlik qiladigan bo‘ldik va u doim mening e’tiqodimni hurmat qilardi.

Imonim sinaldi

Tibada xizmat qilayotganimizda, Ibina shahrida Yahova Shohidlarining filiali qurilayotgandi. Haftada bir marta xotinim bilan u yerga borib, bo‘lajak Baytil majmuasining qurilishida qatnashayotgan ixtiyoriy xizmatchilarga tibbiy yordam ko‘rsatardik. Bir necha oy o‘tgach, bizni Ibinadagi Baytilga to‘la vaqt xizmat qilishga taklif qilishdi. Shunday qilib 1981-yili martda 500 dan ortiq ixtiyoriy xizmatchi istiqomat qilgan turar joylarda yashay boshladik. Men ertalablari qurilish maydonidagi vanna va hojatxonalarni tozalardim, tushlikdan keyin esa bemorlarni qabul qilardim.

Bemorlarimdan biri 1949-yili Avstraliyadan Yaponiyaga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida kelgan Ilma Izlob ismli opamiz edi. U leykoz kasalligiga chalingandi va shifokorlar bir necha oylik umri qolganini aytishgandi. Ilma hayotini uzaytirish maqsadida qon quyishdan voz kechdi va hayotining qolgan qismini Baytilda o‘tkazdi. O‘sha paytda qizil qon tanachalarini ko‘paytirib beruvchi eritropoetin kabi dori vositalari yo‘q edi. Ba’zida Ilmaning gemoglobini 3–4 grammga tushib ketardi. (Gemoglobinning me’yori esa 12–15 gramm bo‘lishi kerak.) Men qo‘ldan kelgancha unga yordam berishga harakat qildim. Ilma yana yetti yil yashadi va Allohning Kalomiga bo‘lgan imonini yo‘qotmadi. U 1988-yil yanvarda olamdan o‘tdi.

Baytilda xizmat qilib yurganimizda, ba’zi ixtiyoriy xizmatchilarga operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Baytil yaqinidagi kasalxonalarda ishlayotgan jarrohlar tahsinga sazovor. Ular qonsiz operatsiyalarni amalga oshirishda biz bilan hamkorlik qilishdi. Meni tez-tez operatsiya qilish jarayonini kuzatishga taklif qilishardi va hatto bir safar assistentlik ham qilganman. Yahova Shohidlarining qonga nisbatan nuqtai nazarini hurmat qilgan shifokorlardan nihoyatda minnatdorman. Ular bilan yaqindan hamkorlik qilish e’tiqodim bilan bo‘lishishga imkon yaratib berdi. Shifokorlardan bittasi yaqinda Yahovaning Shohidi bo‘ldi.

Qiziqarlisi shundaki, Yahova Shohidlarining qonsiz o‘tkazilgan operatsiyalari ijobiy natijalarga olib keldi. Qonsiz davolash tibbiyot sohasi rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shdi. Qonsiz operatsiyalar qon quymaslikning foydasini yaqqol ko‘rsatyapti. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, operatsiyadan so‘ng bunday kasallar kamroq muammolarga duch kelib, tezroq oyoqqa turib ketyapti.

Eng buyuk shifokordan ta’lim olishda davom etyapman

Men tibbiyotning so‘nggi yutuqlaridan boxabar bo‘lishga harakat qilaman. Biroq buyuk shifokor Yahovadan tahsil olishda davom etyapman. U nafaqat insonning tashqi qiyofasi, balki butun vujudiga e’tibor beradi. (1 Shohlar 16:17) Men ham shifokor sifatida bemorlarni davolayotganimda ularning kasallik belgilariga qarab emas, balki shaxsiyatiga e’tibor beraman. Bu bemorlarimga yanada sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga ko‘maklashadi.

Men hozir ham Baytilda xizmat qilib, insonlarga Yahova haqida o‘rgatyapman. Shuningdek, boshqalarga Xudoning qonga bo‘lgan nuqtai nazarini tushuntirib berishdan katta quvonch topaman. Ibodatlarimda buyuk shifokor Yahova Xudo barcha kasalliklar va o‘limga nuqta qo‘yishini doim so‘rayman. (Yasusi Ayzava so‘zlab berdi.)

[Izohlar]

a Denis Xarmening o‘z darsligida shunday dedi: «Homilador bo‘lgan, bundan avval qon quygan yoki transplantatsiya qilgan bemor keyinchalik qon quymoqchi bo‘lsa, jiddiy nojo‘ya ta’sirlar yuz berishi mumkin va bu, bemorning qizil qon tanachalari yemirilishiga olib keladi». («Modern Blood Banking and Transfusion Practices») Bunday vaziyatlarda qon quyishdan avval qilingan qon tahlili natijalari yordamida muammo yuz berishi mumkinligini aniqlab bo‘lmaydi. Qon haqidagi bir kitobda tushuntirilishicha, «mos kelmaydigan qonning hatto ozgina miqdori quyilsa, qizil qon tanachalarining yemirilishi kuzatilishi mumkin. Buyraklar ishlamay qolganida, ular qondagi zararli moddalarni tozalamay qo‘yadi va buning oqibatida inson tanasi zaharlanadi». («Dailey’s Notes on Blood»)

b Bir jurnalning 1988-yil avgust sonida shunday yozilgan edi: «Operatsiyadan oldin qon quymagan bemorlar tezroq oyoqqa turadi, ammo operatsiyadan oldin qon quyganlar aksincha». («The Journal of Clinical Oncology»)

[14- sahifadagi matn parchasi]

«Qon quyishning boshqa muqobil yo‘llari borligini va bemorlarimga qo‘limdan kelgancha yordam berishimni aytdim».

[15- sahifadagi matn parchasi]

«Qonsiz operatsiyalar qon quymaslikning foydasini yaqqol ko‘rsatyapti».

[15- sahifadagi matn parchasi]

Yuqorida: Muqaddas Kitob asosida nutq so‘zlayapman

O‘ngda: xotinim Masuko bilan