Asosiy materiallarga o‘tish

Imondosh bo‘lmagan qarindoshlarning qalbiga yo‘l topish

Imondosh bo‘lmagan qarindoshlarning qalbiga yo‘l topish

«UYINGIZGA boring-da, Yahova siz uchun nimalar qilganini va qanday rahm-shafqat ko‘rsatganini qarindoshlaringizga gapirib bering»,— degan edi Iso Masih. Bu so‘zlarni Iso uning izdoshi bo‘lishni istagan bir kishiga aytgan. O‘shanda u, ehtimol Jalila dengizining janubi-sharqidagi Gadara shahri yaqinida edi. Isoning bu so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, odamlar biron qiziqarli ma’lumotni bilib qolishsa, qarindoshlariga aytgisi keladi (Mark 5:19).

Buni bugungi kunda ham ko‘rsa bo‘ladi, faqat bu ba’zi madaniyatlarda boshqalariga qaraganda ko‘proq ko‘rinadi. Shu sababdan, kimdir haq Tangri Yahovaning xizmatchisi bo‘lganida, yangi topgan imoni to‘g‘risida qarindoshlariga aytgisi keladi. Ammo u buni qay tarzda qilishi lozim? U boshqa dinda bo‘lgan yoki umuman Xudoga ishonmaydigan qarindoshlarining qalbiga qanday qilib yo‘l topa oladi? Muqaddas Kitobda yaxshi va amaliy maslahat berilgan.

«BIZ MASIHNI TOPDIK»

Milodiy birinchi asrda, Isoning Masih ekanini birinchi bo‘lib Idris tushungan edi. U darhol borib buni kimga aytgan? «Avvaliga u [Idris] akasi Simunni topib, unga dedi: “Biz Masihni topdik”». Idris Butrusni Isoning oldiga olib borib, unga Isoning izdoshi bo‘lish imkonini bergan (Yuhan. 1:35–42).

Oradan taxminan olti yil o‘tib, Butrus Yaffa shahrida bo‘lganida, uni Kesariyaning shimolida joylashgan, Korniliy ismli yuzboshining uyiga taklif qilishgan edi. Butrus borgan uyda kimlar yig‘ilib turgandi? «Korniliy qarindosh-u yaqin do‘stlarini chaqirib, ularni [Butrusni va u bilan kelganlarni] kutib turgandi». Korniliy qarindoshlariga Butrusning gapini tinglab, eshitganlari asosida qaror chiqarish imkonini bergan (Havor. 10:22–33).

Idris va Korniliy qarindoshlariga qanday munosabatda bo‘lganidan biz nimani o‘rganamiz?

Idris ham, Korniliy ham fursatni boy bermagan. Idris shaxsan Butrusni Iso bilan tanishtirgan, Korniliy esa qarindoshlari Butrusning gapini tinglashi uchun sharoit yaratgan. Biroq Idris va Korniliy qarindoshlarim Masihning izdoshi bo‘lishsin deb, ularni majburlashmagan yoki ayyorlik bilan o‘z ta’sirini o‘tkazishga urinishmagan. Bu yerda saboq borligini ko‘ryapsizmi? Biz ham ular kabi yo‘l tutsak yaxshi bo‘ladi. Ehtimol biz ayrim fikrlarni qarindoshlarimiz bilan baham ko‘rib, ularga Muqaddas Kitob haqiqatlarini bilib olish yoki imondoshlarimiz bilan tanishish imkonini yaratib berarmiz. Shunda ham, biz ularning tanlash huquqini hurmat qilib, majburlashdan o‘zimizni tiyamiz. Qarindoshlarimizga qay yo‘sin yordam berishimiz mumkinligini, Germaniyada yashovchi er-xotin Yurgen va Petraning misolidan yaqqol ko‘rsa bo‘ladi.

Petra Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, keyinchalik suvga cho‘mdi. Uning eri Yurgen harbiy ofitsyer edi. Boshida Yurgen xotinining qaroridan mamnun emasdi. Ammo vaqt o‘tib u, Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi haqiqatni va’z qilishayotganini tan oldi. So‘ng, o‘zi ham hayotini Yahovaga bag‘ishladi va hozir mahalliy jamoatda oqsoqol bo‘lib xizmat qilyapti. Boshqa dinda bo‘lgan qarindoshlarning qalbiga yo‘l topish borasida u qanday maslahat beradi?

Yurgen shunday deydi: «Qarindoshlarimizni ma’naviy mavzularni eshitishga majburlab, ma’lumot bilan ko‘mib tashlamasligimiz kerak. Aks holda, ular umuman bizni tinglagisi kelmay qoladi. Undan ko‘ra sabrli bo‘lib, xushmuomalalik bilan ularga oz-ozdan qiziqarli fikrlarni aytib tursak yaxshi bo‘ladi. Boz ustiga qarindoshlarimizni, yoshi va qiziqishlari ularniki kabi bo‘lgan birodarlar bilan tanishtirsak samara beradi. Shunday qilib, biz ularning qalbiga yo‘l topa olamiz».

«Qarindoshlarimizni ma’lumot bilan ko‘mib tashlamasligimiz kerak» (Yurgen).

Havoriy Butrus va Korniliyning qarindoshlari Muqaddas Kitobdagi xabarni darhol qabul qilishgan. Milodiy birinchi asrda haqiqatni eshitgan boshqalar esa, biron qarorga kelguncha ancha vaqt talab qilingan.

ISONING UKALARI-CHI?

Iso xushxabarni va’z qilib yurgan vaqtda, qarindoshlaridan ayrimlari unga ishongan. Masalan, Yoqub va Yuhanno Isoning xolavachchalari bo‘lsa, ularning onasi Salomiya, xolasi bo‘lgan shekilli. Ehtimol Salomiya, «o‘z mol-mulklarini unga [Isoga] va havoriylariga xizmat qilish uchun sarflagan» ayollardan biri bo‘lgandir (Luqo 8:1–3).

Isoning boshqa oila a’zolari esa unga tezda ishonishmagan. Masalan, Iso suvga cho‘mganidan keyin bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, xalq uni tinglash uchun uyga yig‘ilgan edi. «Isoning qarindoshlari bo‘lib o‘tgan voqealardan xabar topib: “U aqldan ozibdi”,— deya uni olib ketgani borishdi». Oradan vaqt o‘tib, Isoning ukalari uning qayerga borishini surishtirganda, Iso ularga aniq javobini aytmagan. Nega? Chunki «ukalari unga ishonmas edilar» (Mark 3:21; Yuhan. 7:5).

Iso qarindoshlariga qanday munosabatda bo‘lganidan biz nimani o‘rganishimiz mumkin? Ulardan ayrimlari uni aqldan ozgan deyishsa ham, Iso xafa bo‘lmagan. Hatto qatl etilganidan keyin ham Iso tirilib ukasi Yoqubga ko‘ringan va shu yo‘sin qarindoshlariga o‘zining Masih ekanini tasdiqlagan. Bu voqeadan so‘ng birgina Yoqub emas, balki Isoning boshqa ukalari ham uning Masih ekaniga ishonch hosil qilishgan. Shu yo‘sin, Quddusda havoriylar va boshqa izdoshlar ustiga muqaddas ruh yog‘dirilganda, Isoning ukalari ham o‘sha yerda bo‘lgan. Vaqt o‘tib, Isoning yana boshqa ukalari, Yoqub va Yahudoga sharafli vazifalar topshirilgan (Havor. 1:12–14; 2:1–4; 1 Kor. 15:7).

BA’ZILARIGA KO‘PROQ VAQT KERAK

«Sabr, sabr va yana sabr qilsangiz, yaxshi samara berishi mumkin» (Rosvita).

Milodiy birinchi asrda bo‘lganidek, hozir ham ba’zi qarindoshlarimiz hayot yo‘liga qadam bosguncha ancha vaqt kutish kerak bo‘ladi. Misol uchun Rosvita ismli ayolni olaylik. Uning eri 1978-yili suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘lganida, Rosvita Rim-katolik dinining faol e’tiqodchisi edi. O‘z diniga samimiy ishongan Rosvita boshida eriga qarshilik qilib keldi. Ammo yillar o‘tib, u kamroq qarshilik qila boshladi va oxiri, Yahovaning Shohidlari haqiqatni o‘rgatishayotganini tushundi. 2003-yili Rosvita suvga cho‘mdi. Bunday o‘zgarishlarga nima sabab bo‘ldi? Rosvitaning eri, xotini unga qarshilik qilayotganidan xafa bo‘lmay, munosabatini o‘zgartirishiga imkoniyat bergan. U nima maslahat beradi? «Sabr, sabr va yana sabr qilsangiz, yaxshi samara berishi mumkin».

Monika 1974-yilda suvga cho‘mgan, uning o‘g‘illari esa qariyb o‘n yildan keyin Yahovaning Shohidlari bo‘lishdi. Garchi uning eri Xans hech qachon qarshilik qilmagan bo‘lsa-da, u 2006-yilda suvga cho‘mguncha kutishga to‘g‘ri kelgan. O‘tmishga nazar solib, bu oila qanday maslahat beradi? «Yahovaga sodiqlikni mahkam ushlang va e’tiqodingizga xiyonat qilmang». Albatta, oila a’zolari Xansni doimo sevishganiga ishontirishlari muhim edi. Bir kun kelib u haqiqatni qabul qiladi, deb ular umidini yo‘qotishmagan.

HAQIQAT SUVIDAN OROM OLGANLAR

Iso bir marta haqiqat xabarini abadiy hayot baxsh etuvchi suv bilan taqqoslagan (Yuhan. 4:13, 14). Biz ham, qarindoshlarimiz salqin, toza haqiqat suvidan orom olsin deymiz. Ularni tezda ko‘pgina suv ichishga majburlab, tiqilib qolishini istamaymiz, albatta. Ular orom oladimi yoki tiqilib qoladimi, bu ularga e’tiqodimizni qanday tushuntirishimizga bog‘liq. Muqaddas Kitobda aytilishicha, «solih o‘ylab javob beradi» va «dononing yuragi tiliga idrok beradi, so‘zlarini ishonchli qiladi». Biz bu maslahatni qanday qo‘llashimiz mumkin? (Hik. 15:28; 16:23).

Xotin eriga o‘z e’tiqodini tushuntirgisi keladi. Agar u «o‘ylab javob bersa», so‘zlarini sinchkovlik ila tanlab, shoshqaloqlik bilan gapirmaydi. U o‘zini aqlli qilib ko‘rsatmasligi lozim. Uning puxta o‘ylab aytgan gaplari dilga orom baxsh etishi tayin. Eri qachon o‘zini erkin his etib, gaplashishga tayyor bo‘ladi? Qaysi mavzular haqida suhbatlashish yoki o‘qish unga ko‘proq yoqadi? Balki uni ilm-fan, siyosat yoki sport qiziqtirar? Xotini uning his-tuyg‘ularini va tanlash huquqini hurmat qilgan holda, qay yo‘sin Muqaddas Kitobga qiziqishini uyg‘ota oladi? Shu zaylda fikr yuritish, unga fahm-farosat bilan gapirish va harakat qilishga ko‘maklashadi.

Hali Yahovaning Shohidi bo‘lmagan oila a’zolarining qalbiga yo‘l topish uchun, ularga e’tiqodimizni oz-ozdan tushuntirishning o‘zi yetarli emas. Aytayotgan so‘zlarimizni yaxshi xulq-atvorimiz bilan tasdiqlashimiz kerak.

NAMUNALI XULQ-ATVOR

«Ilohiy me’yorlarni kundalik hayotda qo‘llashda izchil bo‘ling. Bu, sizni kuzatib o‘tirgan qarindoshingizning e’tiborini jalb qilishning eng samarali yo‘lidir, hatto o‘zi buni tan olmasa ham»,— deydi yuqorida eslab o‘tilgan Yurgen. Xotinidan qariyb 30-yil keyin suvga cho‘mgan Xans bu fikrga qo‘shilib, shunday deydi: «Masihiyning ibratli xulq-atvori muhim ahamiyatga ega, chunki qarindoshimiz, haqiqat hayotimizga ijobiy ta’sir qilayotganini ko‘radi». Qarindoshlar, e’tiqodimiz tufayli biz boshqalardan yomon tarafga emas, yaxshi tarafga ajralib turishimizni ko‘rishadi.

«Masihiyning ibratli xulq-atvori muhim ahamiyatga ega, chunki qarindoshimiz, haqiqat hayotimizga ijobiy ta’sir qilayotganini ko‘radi» (Xans).

Eri imondosh bo‘lmagan xotinlarga havoriy Butrus bebaho maslahat beradi: «Erlaringizga bo‘ysuninglar. Toki Xudo Kalomiga quloq solmaydigan erlaringiz so‘zlaringiz orqali emas, xulq-atvoringiz orqali zabt etilsinlar. Shuningdek, ular benuqson xatti-harakatingizni va chuqur hurmat qilishingizni ko‘rishsin. Sizning chiroyingiz tashqi ko‘rinishdan, ya’ni o‘rilgan sochlar, tilla taqinchoqlar yoki ustki kiyimdan iborat bo‘lmasin. Aksincha, chiroyingiz qalbingizning tubida yashirilgan umuman eskirmaydigan kiyimdan — Allohning nazarida qimmatbaho hisoblangan sokin va muloyim ruhdan iborat bo‘lsin» (1 Butr. 3:1–4).

Butrusning so‘zlariga ko‘ra er, xotinining ibratli xulq-atvori tufayli imonga kelishi mumkin. Mana shu ilohiy maslahatni yodda tutgan holda, 1972-yilda suvga cho‘mganidan buyon Krista ismli opamiz xulq-atvori orqali erining qalbini zabt etishga urinib keldi. Uning eri bir vaqtlar Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan bo‘lsa ham, hanuzgacha haqiqatni o‘zlashtirib olmagandi. U yig‘ilishlarga qatnab, jamoatdagilar bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Jamoatdagilar ham uning tanlash huquqini hurmat qilishgan. Krista uning qalbiga yo‘l topish uchun qanday harakat qilgan?

«Men, Yahova talab qilganidek yo‘l tutishga qaror qildim. Shu bilan bir vaqtda, men erimni “so‘zlarim” bilan emas, yaxshi xulq-atvorim bilan zabt etishga urinardim. Muqaddas Kitob me’yorlariga zid bo‘lmagan barcha istaklarini bajarishga harakat qilardim. Albatta, men uning tanlash huquqini hurmat qilib, hamma narsani Yahovaning qo‘liga topshirdim».

Kristaning tutgan yo‘lidan, yon beruvchan bo‘lish muhimligini ko‘rsa bo‘ladi. U ma’naviy ishlar bilan band bo‘lgan, jumladan yig‘ilishlarga muntazam qatnab, va’zgo‘ylik xizmatida to‘laqonli ishtirok etgan. Shunday bo‘lsa-da, u erini sevgidan, vaqtdan va e’tibordan mahrum qilishga haqqi yo‘qligini tushungan. Imondosh bo‘lmagan qarindoshlar bilan muomala qilganda har birimiz yon beruvchan va fahm-idrokli bo‘lishimiz zarur. Zero Muqaddas Kitobda aytilishicha, «hamma narsaning o‘z tayinlangan payti bor». Bunga, qarindoshlarimiz va ayniqsa imondosh bo‘lmagan turmush o‘rtog‘imiz bilan o‘tkazgan vaqtimiz ham kiradi. Birga vaqt o‘tkazish, muloqotga chorlaydi. Yaxshi muloqot esa, yolg‘izlik yoki rashk hissining oldini olishini tajriba ko‘rsatib turibdi (Voiz 3:1).

ZINHOR TASLIM BO‘LMANG

«Oila a’zoimizni sevayotganimizni va u uchun ibodat qilayotganimizni ko‘rsatishimiz muhim ekan»,— deydi Xolga. Uning otasi oila a’zolaridan 20-yil keyin suvga cho‘mgan. Krista esa, eri to Yahovaning tarafini egallab, haqiqatni qabul qilmagunicha, zinhor taslim bo‘lmaganini aytadi. Qarindoshlarimiz e’tiqodimizga sherik bo‘lmasa-da, biz ularga doim ijobiy munosabatda bo‘lib, iloyo umidimiz so‘nmasin.

Bizning maqsadimiz, qarindoshlarimiz bilan munosabatimizni buzmay, ularga haqiqatni tan olish imkonini berish va Muqaddas Kitobdagi xabar yordamida qalblariga yo‘l topishdir. Boz ustiga, nimaiki qilsak, «muloyimlik va kamoli ehtirom bilan qilishimiz» zarur (1 Butr. 3:15).