Asosiy materiallarga o‘tish

Tabiatdan nimani o‘rgansa bo‘ladir?

Tabiatdan nimani o‘rgansa bo‘ladir?

Tabiatdan nimani o‘rgansa bo‘ladi?

«Biroq hayvonlardan so‘ra, ular senga o‘rgatadi, samodagi qushlardan so‘rab ko‘r, ular senga aytib beradi. Yerga nazar sol, u senga ta’lim beradi, dengizdagi baliqlar ham buni senga e’lon qiladi». (AYUB 12:7, 8)

SO‘NGGI yillarda olimlar va muhandislar tom ma’noda o‘simliklar va hayvonlardan o‘rganadigan bo‘lishdi. Ular mavjud materiallarni va mexanizmlarni mukammallashtirish va yangilarini yaratish maqsadida turli mavjudotlarning tuzilish xususiyatlarini tadqiq qilishyapti va ulardan andaza olishyapti. Muhandislikda bu soha biomimetika deb nomlanadi. Quyida keltirilgan misollar ustida mulohaza yuritayotib o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Bu ijodlar uchun aslida kim sharafga loyiq?»

Kitning suzgichlari

Aviatsiya sohasining konstruktorlari bukri kitlardan nimani o‘rganishlari mumkin? Ko‘p narsani. Voyaga yetgan bukri kitning vazni taxminan 30 tonna. Yuk tashuvchi avtomobilning to‘la vazni ham shuncha. Kitning tanasi anchagina qattiq bo‘lib, qanotga o‘xshash bahaybat suzgichlari bor. Biroq 12 metrli bu hayvon suv ostida rosa chaqqon harakat qiladi. Misol uchun, ov qilganda bukri kit qisqichbaqasimonlar yoki baliq to‘dasi ostiga sho‘ng‘iydi-da, tepaga qarab spiralsimon suzgan holda nafas yo‘lidan kichik havo pufakchalarini chiqaradi. Diametri bir yarim metrdan oshmaydigan pufakchalardan iborat “to‘r” yordamida kit o‘ljasini suv yuzasi tomon haydab boradi. Shunda unga og‘zini ochib, ozuqani yutib yuborish qoladi, xolos.

Olimlarni ko‘proq qiziqtirgan narsa — qanday qilib tanasi anchagina qattiq bo‘lgan bu jonzot bir yarim metr diametrda spiralsimon suza olishidir. Ular buning siri kitning suzgichlarida ekanini aniqlashdi. Samolyot qanotlaridan farqli o‘laroq, kit suzgichlarining old tomonining chekkalari silliq emas. Chekkalari tishsimon bo‘lib, bir qator bo‘rtmalar joylashgan.

Kit shiddat bilan suv qatlamini kesib o‘tayotganda bo‘rtmalar ko‘tarilish kuchini oshirib, qarshilikni kamaytiradi. Qanaqasiga? Tabiatshunoslikka oid bir jurnalda tushuntirilishicha, hatto keskin ko‘tarilganda ham, bo‘rtmalar tufayli suv oqimi tartib bilan va bir tekis suzgichlar yuzasidan o‘tadi. Agar suzgichlarining old tomonining chekkalari silliq bo‘lganida, kit spiralsimon suzib keskin ko‘tarila olmasdi, chunki suv girdob hosil qilardi va suzgichlar sohasida aylanma harakat qilib, ko‘tarilish kuchini susaytirardi. («Natural History»)

Bu kashfiyotni amaliy tomondan qanday qo‘llasa bo‘ladi? Xuddi shu prinsip bo‘yicha qurilgan samolyot qanotlariga ham ularning orqasidagi havo oqimini o‘zgartirishga xizmat qiluvchi harakatlanadigan qismlar va boshqa mexanizmlarning keragi bo‘lmaydi. Bunday qanotlar ancha xavfsiz bo‘lib, ularga xizmat ko‘rsatish osonlashadi. Biomexanika sohasining mutaxassisi Jon Longning fikricha, «har bir havo kemasi bukri kitning suzgichida mavjud bo‘lgan bo‘rtmalarga ega bo‘ladigan vaqt juda yaqin».

Baliqchi qush qanotlari

Hammaga ma’lumki, samolyotlarning qanotlari qushlarning qanotlari shaklida yasaladi. Biroq yaqinda muhandislar asl nuxsaga yaqinroq qadam qo‘yishga muvaffaq bo‘lishdi. Bir jurnalda xabar berilishicha, «Florida universitetining konstruktorlari masofadan boshqariladigan samolyot modelini yaratishdi. Bu samolyot baliqchi qushga o‘xshab parvoz qilishi, yashin tezligida sho‘ng‘ishi va keskin ko‘tarilishi mumkin». («New Scientist»)

Qanotlarining tirsak va yelka bo‘g‘imlarini bukish orqali baliqchi qushlar havoda qoyilmaqom manyovrlarni amalga oshiradi. Jurnalda aytilishicha, muhandislar bukiluvchan qanotdan andaza olib, «60 santimetrli samolyot modeliga kichik motor o‘rnatishdi. Bu motor samolyot qanotlarini harakatga keltiruvchi bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq metall sterjenlarni boshqaradi». Mohirlik bilan yaratilgan bu qanotlar kichik samolyotga binolar orasida uchishga va manyovr qilishga imkon beradi. AQShning harbiy havo kuchlari katta shaharlarda kimyoviy yoki biologik qurolni topish maqsadida xuddi shunaqa yuqori manyovrli samolyot yaratmoqchi.

Gekkonning panjalari

Quruqlikda yashovchi jonivorlardan ham ko‘p narsani o‘rgansa bo‘ladi. Misol uchun, gekkonlar oilasiga mansub kichik kaltakesak devorlarda yurishi, shiftlarga teskari yopishib olib harakatlanishi mumkin. Ushbu kaltakesakning bunday ajoyib qobiliyati Muqaddas Kitob yozilgan davrlarda ham ma’lum bo‘lgan. (Hikmatlar 30:28) Gekkon tortishish kuchini yenga olishining siri nimada?

Gekkon hatto o‘ta silliq yuzada yopishib tura oladi. Buning sababi panjalarining yostiqchalari so‘rg‘ichlar (qillar) bilan qoplanganidadir. Ushbu qillar hech qanday yopishqoq modda ajratib chiqarmaydi, lekin nihoyatda zaif molekulyar kuch hosil qiladi. Van-der-Vaals deb nomlangan ushbu juda zaif tortishish kuchlari tufayli ikkala yuzaning molekulalari bir-biriga yopishadi. Odatda tortishish kuchi bu kuchlardan ancha ustun bo‘ladi, shu bois, kaftimizni devor yuzasidan uzib vertikal holda yura olmaymiz. Biroq gekkonning panjalaridagi mitti qillar devorga tegadigan sirt maydonini kattalashtiradi. Van-der-Vaals kuchlari hamda minglab qillar kichik kaltakesakka o‘z og‘irligini ko‘tara oladigan darajada yopishishni ta’minlaydi.

Bu kashfiyotni qanday qo‘llasa bo‘ladi? Gekkon panjalaridagi qillar prinsipi asosida yaratilgan sintetik materiallarni, tabiatdan o‘zlashtirib olingan Velkro yopishqoq tasmasining a muqobil varianti sifatida ishlatsa bo‘ladi. So‘zlari «Ekonomist» jurnalida keltirilgan bir olimning fikricha, «gekkon tasmasi»ga o‘xshash qilib tayyorlangan materialni tibbiyotda qo‘llasa bo‘ladi, ayniqsa, «kimyoviy yelimlardan foydalanish imkonsiz bo‘lgan vaziyatlarda».

Bu ijodlar uchun kim sharafga loyiq?

Ayni paytda Milliy aeronavtika va fazo agentligi (NASA) chayon singari harakatlanadigan ko‘p oyoqli robot yaratish ustida ishlamoqda. Finlyandiyada esa bahaybat hasharot kabi katta to‘siqlarni oshib o‘ta oladigan olti oyoqli traktor yaratishdi. Boshqa tadqiqotchilar esa qarag‘ay g‘uddasidagi qoplamalarga o‘xshab ochilib yopiladigan mikroskopik klapanlarga ega mato yaratishdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar bo‘lsa tashqi shakli qutiga o‘xshaydigan baliqning (kuzovka) sirti singari sekin-asta, ravon o‘zgarib boradigan suyri mashina kuzovlarini yaratish ustida ishlashmoqda. Boshqa mutaxassislar esa abalon mollyuskasining zarbani yutuvchi xususiyatini tadqiq qilishmoqda. Ko‘zlangan maqsad bronejiletlar uchun yengil va shu bilan bir vaqtda o‘ta chidamli material yaratish.

Tabiatdan shu qadar ko‘p narsani o‘rganish mumkinki, olimlar hatto ma’lumotlar bazasini yaratishdi. Unga minglab turli biologik tizimlar kiritilgan. «Ekonomist» jurnalida aytilishicha, olimlar bu ma’lumotlar bazasidan foydalanib, o‘zlari «duch kelgan muammolarning tabiiy yechimini» topishlari mumkin. Mazkur ma’lumotlar bazasiga kiritilgan tabiiy tizimlar «biologik patentlar» deb ataladi. Odatda patent egasi bu yangi g‘oya yoki kashfiyotni qonunan rasmiylashtirgan kishi yoki kompaniyadir. Biologik patentlar bazasi to‘g‘risida «Ekonomist» jurnalida quyidagicha aytilgan edi: «Biomimetik yechimlarni “biologik patentlar” deb atab, olimlar aslida mazkur patent egasi tabiat ekanini tan olishmoqda».

Qanday qilib tabiat bunday o‘ta mukammal g‘oyalarni hayotga tatbiq eta olgan? Ko‘p olimlarning fikricha, tabiatning bu mo‘jizalari — millionlab yillar mobaynida evolyutsion urinishlar va xatolar natijasidir. Biroq bundan farq qiluvchi xulosaga kelgan olimlar ham bor. Mikrobiologiya olimi Maykl Bixi 2005-yili bir gazetada shunday deb yozgan edi: «[Tabiatda] niyat borligi aniq ko‘rinib turgani, oddiy va shu bilan birga ishonchli isbot taqdim etmoqda: agar nimadir o‘rdakka o‘xshasa, u kabi yursa va g‘ag‘illasa — bu boshqa narsa ekanini tasdiqlaydigan dalillar bo‘lmasa — bizda bu o‘rdak degan xulosaga kelish uchun asos bor». Bu bilan Bixi qanday xulosa chiqaryapti? «Niyat bor bo‘lgani aniq ko‘rinib turgani uchun uni rad etmaslik kerak». («The New York Times»)

Ancha xavfsiz, yanada samarali samolyot qanotini yaratgan muhandis bu uchun maqtovga sazovor. Xuddi shunday tibbiyotda ishlatish uchun universal bandaj, kiyim tikish uchun ancha qulay mato yoki tejamkor dvigatel yaratgan kishilar ham tahsinlarga sazovor. Biroq boshqaning g‘oyasidan foydalangan va uning ixtirosini o‘ziniki deb atab mualliflik huquqini buzgan kishi jinoyatchi hisoblanadi.

Yuqori malakali mutaxassislar muhandislikda uchraydigan murakkab muammolar yechimini tabiatdan o‘zlashtirib olib uni tasodif yoki evolyutsiya mahsuli deb atashlari sizningcha adolatdanmi? Agar biror narsaning nusxasi zakovatli loyihachi borligidan dalolat bersa, unda andaza olingan narsa haqida nima desa bo‘ladi? Darhaqiqat, kim ko‘proq sharafga loyiq: tajribali ustami yoki ustoziga taqlid qilayotgan shogirdmi?

Mantiqiy xulosa

Borliq muayyan niyat bilan yaratilganini isbotlovchi faktlar bilan tanishgach, fikr yuritadigan ko‘plab kishilar sano bastakorining so‘zlariga qo‘shilishadi: «Naqadar ko‘pdir Sening ishlaring, ey Yahova! Bularning barini donolik ila yaratgansan. Yer ijodlaring bilan liq to‘ladir». (Zabur 104:24) Muqaddas Kitob yozuvchilaridan biri Pavlus ham xuddi shunday xulosaga kelgan: «Axir Tangri haqida bilish mumkin bo‘lgan barcha narsa ular uchun ayondir, zero Xudoning O‘zi ularga oshkor etgan. Uning ko‘zga ko‘rinmas fazilatlari — abadiy qudrati va ilohiy Shaxs ekanligi dunyo yaratilganidan buyon ochiq ko‘rinib turibdi». (Rimliklarga 1:19, 20)

Biroq Muqaddas Kitobni qadrlaydigan va Xudoga ishonadigan ko‘plab odamlar tabiatni yaratishda Alloh evolyutsiyadan foydalangan deb hisoblashadi. Muqaddas Kitobda bu haqda nima deyilgan?

[Izoh]

a Velkro — bu chaqamug‘ to‘pgullaridagi ilgaklar va ilmoqlar prinsipi asosida yasalgan yopishqoq tasma.

[5- sahifadagi matn parchasi]

Qanday qilib tabiat bunday o‘ta mukammal g‘oyalarni hayotga tatbiq eta olgan?

[6- sahifadagi matn parchasi]

Tabiat mo‘jizalarining patenti kimga tegishli?

[Ramka/​7- sahifadagi rasmlar]

Agar biror narsaning nusxasi zakovatli loyihachi borligidan dalolat bersa, unda andaza olingan narsa haqida nima desa bo‘ladi?

Gekkonning panjalari kir bo‘lmaydi, hech qachon iz qoldirmaydi, teflon qoplamadan tashqari har qanday yuzaga yopishadi. Olimlar shunga o‘xshash narsa yaratishmoqchi

Yuqori manyovrli samolyot qanotlari baliqchi qushning qanotlari prinsipi asosida yasalgan

Tashqi shakli qutiga o‘xshaydigan baliqning (kuzovka) sirti avtomobil konstruktorlarini suyri mashina kuzovlarini yaratishga ilhomlantirmoqda

[Rasmlar manbai]

Airplane: Kristen Bartlett/ University of Florida; gecko foot: Breck P. Kent; box fish and car: Mercedes-Benz USA

[Ramka/​8- sahifadagi rasmlar]

TABIATAN DONO SAYYOHLAR

Ko‘p mavjudotlar «tabiatan dono» bo‘lib, bu ularga sayyoramiz bo‘ylab sayohat qilganda yo‘l topishga ko‘maklashadi. (Hikmatlar 30:24, 25) Keling, ikkita misolni ko‘rib chiqamiz.

Yurar yo‘lini biladigan chumolilar. Ozuqa izlagani chiqqan chumolilar o‘z inini qanday topib keladi? Buyuk Britaniya olimlari shuni aniqlashdiki, chumolilar inini nafaqat qoldirib ketgan izlarining hidi bo‘yicha, balki geometriyadan foydalanib hosil qilgan so‘qmoqlar orqali ham topadi. Misol uchun, fir’avn chumolilari «inidan chiqqanda nur kabi yoyiluvchi va 50–60 daraja burchak ostida tarmoqlarga ajralib ketuvchi so‘qmoqlar hosil qiladi». («New Scientist») Bunday so‘qmoqlar tizimi nimasi bilan e’tiborga loyiq? Chumoli iniga qaytayotganda tarmoqlarga ajralib ketuvchi so‘qmoqqa yetib kelganda, instinktiv ravishda ozroq og‘gan so‘qmoqni tanlaydi va bu so‘qmoq uni aniq iniga olib boradi. Maqolada aytilishicha, «tarmoqlarga ajralib ketuvchi so‘qmoqlar tizimining geometriyasi chumolilar oqimini boshqarishga yordam beradi, ayniqsa, chumolilar qarama-qarshi yo‘nalishda harakat qilganida. Shuningdek, bu ularga adashib ketmaslikka va kuchini tejashga ko‘maklashadi».

Qushlarning kompaslari. Ko‘p qushlar uzoq uchganda va turli ob-havo sharoitlarida qayerdaligini aniq biladi. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Olimlar shuni aniqlashdiki, bunda qushlarga Yerning magnit maydoni yordam beradi. Biroq bir jurnalda yozilganiday, «magnit maydon joydan-joyga qarab farq qiladi va doim ham shimolni aniq ko‘rsatmaydi». («Science») Ko‘chmanchi qushlarga adashmaslikka nima yordam beradi? Buni qarangki, qushlar ichki kompasini har kuni kechqurun quyosh botishiga qarab solishtirib borar ekan. Kunbotar paytda quyoshning fazoda joylashuvi kenglikka va faslga qarab o‘zgargani uchun, olimlarning fikricha, qushlarga bunday o‘zgarishlarga moslashishga «hozir qaysi fasl ekanini aytib turuvchi biologik soatlar» yordam beradi. («Science»)

Chumoliga geometriyani tushunish qobiliyatini kim ato etgan? Kompasni, biologik soatlarni va bu asboblardagi ma’lumotni tushunish qobiliyatini qushlarning miyasiga kim solib qo‘ygan? Ongsiz evolyutsiya jarayonimi yoki ongli Yaratuvchimi?

[Rasm manbai]

© E.J.H. Robinson 2004