Adolatsizlikning yechimi bor ekan
Adolatsizlikning yechimi bor ekan
Urzula Menne so‘zlab berdi
Esimni taniganimdan beri barcha insonlarga nisbatan adolat ila muomala qilishlarini istaganman. Bu istagim sababli Sharqiy Germaniyada kommunistlar boshqargan paytda qamoqqa tushganman. Lekin aynan qamoqda adolat qachon o‘rnatilishini bilib olganman. O‘zim haqimda tushuntirib berishimga ijozat bering.
MEN 1922-yili 1 200-yillik tarixga ega Galleda tug‘ilganman. U Berlindan taxminan 200 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Galle protestantizmning beshigi hisoblangan. Singlim Keti 1923-yili tug‘ilgan. Dadam armiyada xizmat qilgan, oyim esa teatrda qo‘shiq kuylagan.
Adolatni o‘rnatishga bo‘lgan kuchli istak menga otamdan o‘tgan. U armiyadan ketgach, do‘kon sotib olgandi. Mijozlarining aksariyati kambag‘al odamlar bo‘lgani uchun, otamning ularga rahmi kelardi va narsalarni qarzga berardi. U saxiy bo‘lgani sababli kasodga uchradi. Otamning achchiq tajribasidan saboq olib, tengsizlik va adolatsizlik bilan kurashish men o‘ylaganchalik oson emasligini tushunishim kerak edi. Lekin yosh bo‘lganim uchun bu istagimni amalga oshirishni judayam xohlardim.
Oyimdan menga aktyorlik qobiliyati o‘tgan. Oyim Keti ikkovimizni musiqa, qo‘shiq kuylash va raqsga o‘rgatgan. Men xushchaqchaq qizaloq edim va singlim ikkalamiz baxtli edik. Lekin 1939-yili hammasi o‘zgarib ketdi.
Dahshatli kunlar boshlandi
Maktabni tugatgach, baletga ixtisoslashgan maktabga o‘qishga kirdim. U yerda Mari Vigman qo‘li ostida ekspressiv raqslarni o‘rganishni boshladim. Bu ayol mazkur raqs turining asoschilaridan bir edi. Ushbu raqsda his-tuyg‘ular xatti-harakatlarda ifoda etilardi. Shuningdek, men rassomchilik bilan shug‘ullanardim. Shunday qilib, o‘smirlik chog‘larim zavq-u shavq bilan o‘tardi. Men doim nimanidir o‘rganardim. Ammo 1939-yili Ikkinchi jahon urushi boshlandi. 1941-yilda otam sil kasalligidan olamdan o‘tdi. Bu biz uchun yana bir zarba bo‘ldi.
Urush dahshatli edi. Atigi 17 yoshda bo‘lsam-da, dunyo aqldan ozganini tushunardim. Hatto oddiy odamlar natsistlar ta’siriga berilgandi. Keyin birin-ketin yo‘qotishlar, o‘lim va vayronagarchiliklar yuz berdi. Bomba dastidan uyimiz talafot ko‘rdi. Urush tufayli bir nechta oila a’zoyim o‘ldirildi.
1945-yili urush tugadi va oyim, Keti va men hali-hanuz Galleda yashardik. O‘sha paytga kelib turmush qurgandim va jajji qizalog‘im bor edi. Lekin turmushdagi munosabatlarimiz tarang edi. Erim bilan alohida yashaydigan bo‘ldik. O‘zim va qizimni ta’minlash maqsadida raqs hamda rassomchilik bilan kun kechirardim.
Urushdan keyin Germaniya to‘rt qismga bo‘lindi. Biz yashagan shahar Sovet Ittifoqi boshqaruvi ostida edi. O‘shandan beri barchamiz kommunistik rejimda yashashga majbur bo‘ldik. 1949-yilda biz yashagan Sharqiy Germaniya «Germaniya Demokratik Respublikasi» deb ataladigan bo‘ldi.
Kommunistik tuzum ostida yashash
O‘sha paytlari onam kasal bo‘lib qoldi va men unga g‘amxo‘rlik qilishimga to‘g‘ri keldi. Mahalliy hukumat ofisida ish topdim. Shu bilan birga adolat uchun kurashgan bir guruh talabalarga o‘ralashib qoldim. Masalan, bir yigitni universitetga qabul qilishmadi. Chunki uning otasi qachonlardir natsistlar partiyasining a’zosi bo‘lgan edi. Shunda «Nega u otasining qilmishlari uchun javob berishi kerak?» deb o‘ylab qoldim. Men uni yaxshi bilardim, chunki birgalikda musiqa bilan shug‘ullanardik. Adolat uchun kurashgan o‘sha talabalar bilan yanada yaqin bo‘lib qoldim va norozilik yurishlarida ishtirok etadigan bo‘ldim. Bir safar hatto mahalliy sud binosining kiraverishiga varaqalarni yopishtirib chiqdim.
Bir safar kotiba sifatida tinchlik bilan kurashuvchi Hududiy qo‘mitaga qaratilgan xatlarning matnini terishim kerak edi. U yerdagi so‘zlardan adolat yo‘qligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Boshqa safar qo‘mita siyosiy qarashlar sababli G‘arbiy Germaniyada yashovchi keksa insonga kommunistik targ‘ibotni o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlarni jo‘natishga qaror qildi. Maqsad o‘sha kishiga nisbatan shubha-gumon qo‘zg‘atish edi. Bunday adolatsizlik jahlimni chiqardi. Shunga posilkalarni ofisda yashirib qo‘ydim va ular yuborilmadi.
«Eng yomon inson» menga umid baxsh etdi
1951-yili iyun oyida ikki kishi ofisimga kirib, hibsga olinganimni aytdi. Ular meni «Qizil buqa» nomli qamoqxonaga olib ketishdi. Bir yil o‘tgach, hukumatning siyosatiga qarshi chiqqanlikda aybdor deb topildim. Bir talaba Shtazi — maxfiy davlat politsiyasiga men qachonlardir varaqalar bilan norozilik harakatida ishtirok etganimni aytib sotib qo‘ydi. Sud rasmiyatchilik yuzasidan o‘tkazildi. Chunki hech kim o‘z himoyam uchun aytgan so‘zlarimni tinglamadi. Shunday qilib men olti yillik qamoq jazosiga mahkum etildim. Bu vaqt davomida men kasal bo‘lib qoldim va shu sababli, qamoqxonaning kasalxonasiga yotqizildim. Yotoqxonada 40 ta ayol bor edi. Bu baxtsiz ayollarni ko‘rib sarosimaga tushdim, eshik oldiga borib mushtim bilan uni ura boshladim.
«Nima istaysan?» — deb so‘radi qorovul?
«Meni bu yerdan olib keting. Meni bir kishilik kameraga qo‘ying, iltimos. Bu yerdan olib keting»,— deb baqirdim. Albattaki, u iltijolarimga quloq solmadi. Ko‘p o‘tmay, boshqalardan ajralib turgan bir ayolni ko‘rib qoldim. Uning ko‘zlaridan xotirjam ekani sezilib turardi. Shuning uchun, uning yoniga borib o‘tirdim.
Bu ayolning gapidan hayron qoldim. U menga shunday dedi: «Qara lekin. Mening oldimga o‘tirishdan avval o‘ylab ko‘r». Keyin qo‘shib qo‘yib, shunday dedi: «Yahovaning Shohidi bo‘lganim uchun kameradoshlarim meni bu yerdagi eng yomon inson deb bilishadi».
O‘sha paytda Yahovaning Shohidlari kommunistik davlat dushmanlari ekanini bilmagan ekanman. Lekin bola bo‘lganimda ikkita Muqaddas Kitob tadqiqotchisi (ilgari Yahovaning Shohidlari shunday deb nomlanardi) otam oldiga tez-tez kelib turardi. Otamning «Muqaddas Kitob tadqiqotchilarining so‘zlari to‘g‘ri» degan gapini eslayman.
Bu ayolni uchratganimdan rosa xursand bo‘ldim va ko‘zlarimga yosh qalqidi. Uning ismi Berta Bryuggemayyer edi. Men unga: «Iltimos, menga Yahova haqida aytib bering»,— dedim. O‘shandan boshlab biz birgalikda Muqaddas Kitob asosida tez-tez suhbat quradigan bo‘ldik. U haq Tangri Yahova sevgi, adolat va tinchlik Xudosi ekanini aytdi. Shuningdek, Xudo zo‘ravon odamlar yetkazgan barcha zararni qoplashini bilib oldim. Zabur 37:10, 11 da shunday deyilgan: «Yana bir ozdan so‘ng yovuzlar yo‘q bo‘ladi... Kamtar kishilar esa yer yuziga egalik qiladi, ular tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi».
Ozod etilib, G‘arbiy Germaniyaga ko‘chib o‘tdim
Qamoqda besh yildan oshiq vaqt davomida bo‘ldim va 1956-yili meni ozod etishdi. Qamoqdan chiqqanimdan keyin besh kun o‘tib, qizlarim Xannelore va Zabine bilan G‘arbiy Germaniyaga ko‘chib ketdik. U yerda erim bilan rasman ajrashdim va Yahovaning Shohidlarini yana uchratdim. Muqaddas Kitobni o‘rganayotib, hayotimni Yahovaning me’yorlari bo‘yicha muvofiqlashtirishim lozimligini tushunib yetdim va aynan shunda yo‘l tutib 1958-yili suvga cho‘mdim.
Ko‘p o‘tmay, Yahovaning Shohidi bo‘lgan Klaus Menne ismli kishiga turmushga chiqdim. Klaus bilan ikkalamiz nikohda baxtli edik. Benyamin va Tabiya ismli ikki nafar ajoyib farzandimiz tug‘ildi. Afsuski, Klaus baxtsiz hodisa ro‘y bergani dastidan olamdan o‘tdi. O‘shandan keyin men boshqa turmush qurmadim. Lekin kelajakda tirilish bo‘lishi menga tasalli beradi. Yangi dunyodagi jannatda o‘lganlar yana hayotga qaytadi. (Luqo 22:43; Havoriylar 24:15) To‘rtala farzandim Yahovaga xizmat qilayotgani men uchun katta dalda manbai.
Muqaddas Kitob tadqiqi tufayli faqatgina Yahova haqiqiy adolatni o‘rnatishini bilib oldim. Odamlardan farqli ravishda U barchamizning vaziyatimizni, jumladan, o‘tmishimizni — ko‘pincha odamlarning ko‘zlaridan yashirin bo‘lgan tafsilotlarni inobatga oladi. Buni bilganim tufayli hanuzgacha, ayniqsa adolatsizlikka duch kelganimda, xotirjamlikni his qilaman. Voiz 5:8 da: «Mansabdor odam ustidan boshqasi nazorat qiladi. Lekin ularning ustidan ham yuqoriroq mavqeni egallaganlar bor»,— deb aytilgan. «Yuqoriroq mavqedagi» Shaxs, albattaki, Yahovadir. Ibroniylarga 4:13 da esa: «Uning ko‘zi oldida hamma narsa ochiq-oydindir. Chunki biz Uning oldida javob beramiz»,— deyilgan.
Qariyb 90-yillik o‘tmishimga nazar solib
Ba’zida odamlar: «Natsistlar hamda kommunistlar davrida yashash qanday bo‘lgan?» — deb mendan so‘rashadi. Ikkala boshqaruv paytida ham hayot oson bo‘lmagan. Bu ikkala boshqaruv shakli boshqa barcha insoniy boshqaruv shakllari singari odamlar odamlarning ustidan boshqarishga qodir emasligini tasdiqlaydi. Muqaddas Kitobda quyidagi haqiqat ochiqchasiga aytilgan: «Insonning inson ustidan hukmronlik qilayotgani faqat ziyon keltirishini anglab yetdim». (Voiz 8:9)
Yosh va sodda bo‘lganimda odamlar adolat ila boshqarishini intiqib kutardim. Ammo hozir ko‘zim ochildi. Chunki faqatgina Yaratuvchimiz chinakam adolatni o‘rnata oladi. U yovuzlikka chek qo‘yish va yer yuzi ustidan boshqaruvni O‘g‘li Iso Masihga topshirish orqali buni amalga oshiradi. Iso doim boshqalarning manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘ygan. Muqaddas Kitobda Iso Masih haqida: «Sen odillikni sevib, qonunsizlikdan nafratlangansan»,— deb aytilgan. (Ibroniylarga 1:9) Xudo bunday ajoyib va adolatli Shoh boshqaruvi ostida abadiy yashash umidini bergani uchun juda ham minnatdorman.
[23- sahifadagi rasm]
Qizlarim Xannelore va Zabine bilan G‘arbiy Germaniyaga kelganimizda
[23- sahifadagi rasm]
Bugungi kunda o‘g‘lim Benyamin va uning turmush o‘rtog‘i Sandra