Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahova bilan hamma narsaning imkoni bor

Yahova bilan hamma narsaning imkoni bor

«O‘LIM boshqa bo‘lmaydi va hatto marhumlar tiriladi». Rafiqam Mayram bibi ushbu so‘zlarni avtobusda ketayotganda eshitgan edi. U bunga juda qiziqib, ko‘proq bilmoqchi bo‘ldi. Avtobus to‘xtab, yo‘lovchilar tushib ketganda, xotinim unga bu xabarni aytgan ayolning orqasidan chopib bordi. Uning ismi Apun Mambetsadiqova bo‘lib, u Yahovaning Shohidi edi. O‘sha paytda Yahovaning Shohidlari bilan suhbatlashish xavfli bo‘lgan, ammo Apun opamizdan eshitganlarimiz hayotimizni o‘zgartirib yubordi.

SAHARDAN KECHGACHA ISHLASH

Men 1937- yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahri yaqinidagi kolxozda tug‘ildim. Millatimiz qirg‘iz bo‘lib, shu tilda gapiramiz. Ota-onam fermer edi va sahardan kechgacha kolxozda mehnat qilardi. Fermerlar oziq-ovqat bilan ta’minlanardi, pul esa yilida bir marta berilardi. Onam meni va singlimni boqishda juda qiynaldi. Besh yil maktabda o‘qigach, men ham kolxozda ishlaydigan bo‘ldim.

Terskay Olatovi tog‘ chizmasi

Men yashagan hududda kambag‘allik keng tarqalgandi va uchini uchiga to‘g‘rilash uchun rosa ko‘p mehnat qilish kerak edi. Bu esa mashaqqatli bo‘lgan. Yosh bo‘lganim tufayli hayot mazmuni yoki kelajak haqida uncha o‘ylamas edim. Allohimiz Yahova va Uning niyati to‘g‘risidagi haqiqatlar hayotimni o‘zgartirib yuboradi, deb tasavvur ham qila olmas edim. Xushxabar Qirg‘izistonga qanday kelgani va tarqalgani haqidagi hikoya nihoyatda ajoyib! Bularning bari Qirg‘izistonning shimolida boshlangan.

SURGUNDA BO‘LGANLAR QIRG‘IZISTONGA HAQIQATNI OLIB KELISHDI

Tangri Yahova haqidagi haqiqat urug‘i Qirg‘izistonda 1950- yillarda ildiz ota boshladi. Haqiqat kommunistlar g‘oyalarini yengib o‘tishi kerak edi. Chunki, ilgari Qirg‘iziston SSSR hukumatiga qarashli edi. Sovet ittifoqiga tegishli barcha respublikalarda Yahovaning Shohidlari siyosat masalasida betaraflikni saqlashgan. (Yuhan. 18:36) Shu bois, kommunistlar ularni dushman deb, ta’qib qilishardi. Lekin hech bir g‘oya Xudoning Kalomi samimiy insonlarning qalblariga yetishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Darhaqiqat, butun umrimdan chiqargan muhim saboq shuki, Yahova bilan «hamma narsaning imkoni bor». (Mark 10:27)

Emil Yansen

Yahovaning Shohidlari ta’qib qilingani Qirg‘izistonda ularning ko‘payishiga olib keldi. Gap shundaki, Sibir SSSRga tegishli bo‘lgan va hukumat dushmanlari deb topilganlar u yerga surgun etilardi. Ular ozod etilganda, ko‘pi Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tdi va ularning ayrimlari haqiqatni bu yerga olib keldi. Bunday kishilardan biri 1919- yili Qirg‘izistonda tug‘ilgan Emil Yansen edi. U mehnat lageriga yuborilgan edi va u yerda Yahovaning Shohidlari bilan tanishgandi. Emil haqiqatni qabul qildi va 1956- yili uyga qaytib keldi. U men yashaydigan hududga yaqin So‘quluq shahrida yashardi. Bu shaharda Qirg‘izistondagi ilk jamoat 1958- yili tashkil etilgan edi.

Viktor Vinter

Taxminan bir yil o‘tib, So‘quluqqa Viktor Vinter ko‘chib keldi. Bu sodiq akamiz anchagina qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Betaraflik tufayli u ikki marta uch yildan qamoqda o‘tirib chiqqan edi. Keyin esa yana o‘n yil qamoqda va besh yil surgunda bo‘lgan. Shuni aytish kerakki, ta’qiblar haq topinish tarqalishiga to‘sqinlik qila olmadi.

HAQIQAT YASHASH JOYIMGA YAQINLASHDI

Eduard Varter

Qirg‘izistonda 1963- yili deyarli 160 ta Yahovaning Shohidi bor edi, ularning aksariyati Germaniya, Ukraina va Rossiyadan bo‘lgan. Masalan, surgun qilingan Eduard Varter birodarimiz 1924- yili Germaniyada suvga cho‘mgan edi. 1940- yili natsistlar uni konslagerga jo‘natishgan va besh yil o‘tgach, SSSRdagi kommunistlar uni surgun qilishgan. 1961- yili bu sodiq birodarimiz, men yashagan joydan uzoq bo‘lmagan Qand shahriga ko‘chib keldi.

Elizaveta Fot; Aksamay Sultanalieva

Elizaveta Fot ismli sodiq opamiz ham Qandda yashardi. U chevar edi. Opamiz o‘z ishining ustasi bo‘lgani uchun, shifokor va o‘qituvchi kabi mutaxassislar unikiga kelardi. Aksamay Sultanaliyeva ismli bir mijozi prokurorning xotini edi. Aksamay Elizavetanikiga kiyim tiktirishga kelganida, hayot mazmuni va o‘lganlarning holati to‘g‘risida ko‘p narsalarni so‘rardi. Opamiz Muqaddas Kitob asosida javob berardi. Natijada, Aksamay xushxabarni g‘ayrat ila va’z qila boshladi.

Nikolay Chimpoesh

O‘sha paytlarda Moldaviyadan bo‘lgan Nikolay Chimpoyesh tuman noziri etib tayinlandi va u taxminan 30 yil mobaynida nozir bo‘lib xizmat qildi. Nikolay jamoatlarga tashrif buyurardi. Shuningdek, u adabiyotlarimizni ko‘paytirish va tarqatilishiga g‘amxo‘rlik qilardi. Uning faoliyati hukumat a’zolarining e’tiboridan chetda qolmadi. Eduard Varter unga shunday maslahat bergandi: «Hukumat a’zolari sizni so‘roqqa tutganda, adabiyotlarimizni Bruklindagi idoramizdan olyapmiz deb aytavering. KGB xodimining ko‘ziga tik qarang. Hech ham qo‘rqmang». (Mat. 10:19)

Bu suhbatdan ko‘p o‘tmay, Nikolay KGB xodimlari tomonidan Qandda hibsga olindi. U shunday deb bo‘lishdi: «Xodim adabiyotlarimizni qayerdan olayotganimizni so‘radi. Ularni Bruklindan olayotganimizni aytdim. U bunga nima deyishni ham bilmay qoldi. Keyin meni qo‘yib yubordi va boshqa chaqirmadi». Shu kabi jasoratli va’zgo‘ylar yordami bilan men yashaydigan hududda, ya’ni Qirg‘izistonning shimolida xushxabar yoyildi. Yahova to‘g‘risidagi bebaho haqiqat oilamga 1981- yili yetib keldi. Uni birinchi bo‘lib rafiqam Mayram bibi bilib oldi.

RAFIQAM HAQIQATNI DARROV QABUL QILDI

Mayram bibi Qirg‘izistonning Norin viloyatidan. 1974- yili avgustda u singlimnikiga kelgan va men o‘shanda u bilan tanishdim. Men uni bir ko‘rishda yoqtirib qoldim va biz o‘sha kunning o‘zida turmush qurdik.

Apun Mambetsadiqova

Mayram bibi 1981- yili yanvarda avtobusda do‘konga ketayotganda, yuqorida aytib o‘tganlarim yuz bergandi. Xotinim ko‘proq bilishni istagani uchun o‘sha ayolning ismi va manzilini so‘radi. U ismi Apun ekanini aytdi, lekin juda ehtiyotkor edi. Sababi, 1980- yillarda Yahova Shohidlarining faoliyati taqiqlangan edi. Manzilini aytishning o‘rniga, u biznikini so‘rab oldi. Xotinim uyga juda xursand qaytdi.

«Ajoyib narsalarni bilib oldim. Bir ayol yaqinda odamlar boshqa o‘lmasligini aytdi. Hatto yovvoyi hayvonlar ham beozor bo‘lib qolar ekan»,— dedi Mayram bibi. Bu menga ertakday tuyuldi va men: «Keling, uning kelishini kutaylik, hammasini batafsil tushuntirib berar»,— deb aytdim.

Apun uch oydan keyin biznikiga keldi. Keyingi tashriflarda Yahovaning ilk qirg‘iz Shohidlari bilan tanishdik. O‘sha opalarimiz Yahova haqida va insoniyat uchun Uning niyatiga tegishli ajoyib haqiqatlarni bizga aytishdi. Ular «Yo‘qotilgan va tiklangan jannat» * nomli kitob asosida Muqaddas Kitobdan ta’lim berardi. To‘qmoqda bu kitob bittagina bo‘lgani sababli o‘zimiz uchun uni qo‘lda ko‘chirib oldik.

Ilk o‘rgangan narsalarimizdan biri Ibtido 3:15 dagi bashorat edi. Ushbu bashorat Xudoning Masihiy Shohligi orqali amalga oshiriladi. Bu, har bir inson eshitishi kerak bo‘lgan muhim xabar! Uni e’lon qilishimiz uchun bu qo‘shimcha sababdir. (Mat. 24:14) Tez orada Muqaddas Kitobdagi haqiqat tufayli hayotimiz o‘zgara boshladi.

TA’QIB OSTIDAGI YIG‘ILISHLAR VA SUVGA CHO‘MISH

To‘qmoqdagi bitta birodar bizni to‘yga taklif qildi. Xotinim ikkimiz bu to‘y boshqacha ekanini kuzatdik. To‘yda umuman spirtli ichimlik yo‘q edi va o‘yin-kulgilar tartib bilan o‘tdi. U ilgari biz borgan to‘ylardan keskin farq qilishini ko‘rdik, mehmonlar ichmadi, o‘zlarini yomon tutmadi va haqoratli so‘zlarni aytmadi.

Biz shuningdek, bir necha marta To‘qmoqdagi jamoatga bordik. Havo yaxshi bo‘lganda yig‘ilishlar kichik o‘rmonlarda o‘tardi. Birodaru opa-singillarimiz militsiya xodimlari bizni poylashini bilishgani bois, bitta birodar kuzatib turish uchun tayinlanardi. Qishda yig‘ilishlarimiz uylarda o‘tardi. Bir necha marotaba milisiya xodimlari uyga kelib, u yerda nima qilayotganimizni aytishimizni talab qilgan edi. Mayram bibi va men 1982- yili iyulda Chu daryosida suvga cho‘mdik. O‘shanda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak edi. (Mat. 10:16) Bir nechta birodarlar bilan o‘rmonda yig‘ilgan edik. Qo‘shiqlarimizdan birini kuylab, suvga cho‘muvchilar uchun atalgan nutqni eshitdik.

XIZMATIMIZNI KENGAYTIRISH IMKONINI QO‘LDAN BOY BERMADIK

Birodarlarimiz 1987- yili mendan Baliqchi shahrida qiziqish ko‘rsatgan kishinikiga borishimni so‘rashdi. U yerga yetib borish uchun poyezdda to‘rt soat ketdi. Baliqchiga bir necha marta borgach, ko‘p odamlar qiziqish ko‘rsatayotganini payqadik. Bu, xizmatimizni kengaytirish uchun yaxshi imkon edi.

Mayram bibi bilan Baliqchiga tez-tez borib turardik. Biz u yerda dam olish kunlari qolib, xizmat qilardik va u yerda uchrashuvlar ham o‘tardi. Adabiyotlarimizni o‘qishni xohlovchilarning soni nihoyatda ko‘p edi. Adabiyotlarni kartoshka solinadigan qoplarga to‘ldirib To‘qmoqdan olib kelardik. Har oy ikkita qopga sig‘adigan adabiyot tarqatardik. Baliqchiga borib-qaytayotganimizda esa yo‘lovchilarga va’z qilardik.

Baliqchida 1995- yili — u yerga ilk bor tashrif buyurganimizdan sakkiz yil o‘tgach — jamoat paydo bo‘ldi. Yillar davomida To‘qmoqdan Baliqchiga qatnash uchun anchagina pul ketdi. O‘zimizda oz-moz pul bo‘lgan edi. Xo‘sh, qolgan pulni qayerdan oldik? Bitta birodarimiz xarajatlarimizni qoplash uchun doim pul berardi. Yahova xizmatimizni kengaytirmoqchi ekanimizni ko‘rib, biz uchun «osmon qopqalarini ochdi». (Mal. 3:10) Shubhasizki, Yahova bilan hamma narsaning imkoni bor!

OILAM VA XIZMATIM BILAN BAND BO‘LISH

Men 1992- yili oqsoqol etib tayinlandim. O‘shanda Qirg‘izistondagi birinchi qirg‘iz oqsoqol bo‘ldim. To‘qmoqdagi jamoatimda xizmat qilish uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Institutda ta’lim olayotgan bir nechta qirg‘iz talabalar bilan Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazardik. O‘sha talabalardan biri hozir Filial qo‘mitasida, ikkitasi esa maxsus kashshof bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, jamoatimizdagi boshqa insonlarga ham yordam berardik. 1990- yillarning boshida adabiyotlarimiz rus tilida bo‘lib, yig‘ilishlarimiz ham bu tilda o‘tardi. Biroq ona tili qirg‘iz tili bo‘lgan jamoatlar soni o‘sa boshladi. Men tarjima qilib, ular haqiqatni yaxshiroq tushunishiga hissa qo‘shardim.

Rafiqam va sakkizta farzandimiz, 1989 yili

Mayram bibi bilan o‘sib borayotgan oilamizga ham g‘amxo‘rlik qilardik. Farzandlarimizni va’zgo‘ylikka va yig‘ilishlarga olib borardik. Qizimiz Gulzira bor-yo‘g‘i 12 yoshligida ko‘chadagi odamlar bilan suhbatlashib, ularga Muqaddas Kitob to‘g‘risida aytib berardi. Bolalarimiz oyatlarni yodlab olishni yoqtirardi. Shu yo‘sin, ular va nevaralarimiz jamoat ishlarida juda faol bo‘ldi. 9 ta bolamiz va 11 ta nevaramizdan hozir hayot bo‘lgan 16 tasi Yahovaga xizmat qilib, ota-onalari bilan yig‘ilishlarda qatnashyapti.

KESKIN O‘ZGARISHLAR

1950- yillarda hududimizda xizmat qilishni boshlagan imondoshlarimiz bu yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rib hayratda qolishadi. Masalan, 1990- yillardan boshlab xushxabarni bemalol e’lon qilib, ko‘pchilik bo‘lib birga yig‘ilyapmiz.

Xotinim bilan xizmatda

1991- yili xotinim va men Olmaota shahriga (Qozog‘iston) birinchi marta anjumanga bordik. 1993- yili esa Qirg‘izistondagi birodarlar Bishkek shahridagi Spartak stadionida ilk anjumanni tashkillashtirishdi. Va’zgo‘ylar anjumandan oldin bir hafta davomida stadionni tozalashdi. Stadion boshlig‘i bundan shunchalik hayratda qolgan ediki, hatto undan bepul foydalanishimizga ruxsat berdi.

1994- yili yana bir yutuqqa erishdik: adabiyotlarimiz qirg‘iz tiliga tarjima qilina boshladi. Hozir adabiyotlarimiz Bishkekdagi filialimizda qirg‘iz tiliga muntazam tarjima qilinmoqda. Nihoyat, 1998- yili Yahova Shohidlarining faoliyati Qirg‘izistonda rasmiylashtirildi. Tashkilotimiz o‘sdi va hozir hududimizda 5 000 dan ortiq va’zgo‘y xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Qirg‘izistonda 83 ta jamoat hamda xitoy, ingliz, qirg‘iz, rus, rus imo-ishora, turk, uyg‘ur va o‘zbek tillarida 25 ta guruh bor. Kelib chiqishi turli bo‘lgan barcha birodaru opa-singillarimiz birgalikda Yahovaga xizmat qilmoqda. Yahova tufayli ushbu keskin o‘zgarishlarning imkoni bo‘ldi.

Yahova hayotimni ham o‘zgartirib yubordi. Men oddiygina oilada ulg‘ayganman va maktabda atigi besh yil o‘qiganman. Ammo Yahova mendan oqsoqol sifatida foydalanib, mendan ham o‘qimishliroq bo‘lgan odamlarga Muqaddas Kitobdagi bebaho haqiqatlarni o‘rgatish imkonini berdi. Ha, Yahova ajoyib ishlar qiladi! Shaxsiy tajribam Yahova haqida sadoqat ila shohidlik berishga undamoqda, zero Yahova uchun «imkonsiz narsa yo‘q». (Mat. 19:26)

^ 21- x.b. Bu kitob ilgari Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan, hozir esa nashr qilinmaydi.