Asosiy materiallarga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Muqaddas Kitobda qon haqida aniq yo‘l-yo‘riqlar berilgan. Yahovaning Shohidlari o‘z qoni bilan bog‘liq tibbiy muolajalarni qabul qilmoqchi bo‘lishsa, bu yo‘l-yo‘riqlarga qay yo‘sin amal qilishadi?

Bu masalada har bir masihiy o‘z xohish-istaklari yoki shifokorlarning gaplariga asoslanib emas, balki Muqaddas Kitobda yozilganlar bo‘yicha qaror chiqarishi kerak. Chunki bu uning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlariga ta’sir qiladi.

Yahova bizga hayotni bergani uchun qonni iste’mol qilmasligimiz kerak. (Ibtido 9:3, 4) Qadimda Xudo Isroil xalqiga bergan Tavrotda qondan foydalanishni cheklab qo‘ygan, chunki qon hayot ramzi. U shunday deb amr bergan: «Tirik mavjudotning joni [yoki hayoti] qondadir. Gunohlaringizni yuvinglar deya, Men sizlarga qonni qurbongoh uchun berdim». Mabodo inson hayvonni yemish uchun o‘ldirmoqchi bo‘lsa, nima qilishi kerak edi? Xudo shunday degan: «Hayvonning qonini oqizib, qonni tuproq bilan ko‘mib qo‘ysin». a (Levilar 17:11, 13) Yahova bu amrni qayta-qayta takrorlagan. (Qonunlar 12:16, 24; 15:23) Bir yahudiy manbada shunday deyilgan: «Qonni to‘plash mumkin emas, uni yerga to‘kish zarur edi. Bu bilan inson qon iste’mol uchun yaroqsiz ekanini ko‘rsatgan». («Soncino Chumash») Hech bir isroillik biron-bir mavjudotning qonini yig‘ishi, saqlashi yoki ishlatishi mumkin bo‘lmagan, chunki hayot Xudoga tegishlidir.

Masih o‘lganidan keyin Tavrot bekor qilindi. Ammo Xudoning qon muqaddas ekani borasidagi nuqtai nazari o‘zgarmadi. Havoriylar muqaddas ruh ta’siri ostida masihiylarga «O‘zingizni qondan saqlanglar» degan yo‘l-yo‘riq berishgan. Bu amrga yengil-yelpi qaramaslik kerak edi. Qondan saqlanish jinsiy axloqsizlik va butparastlikdan saqlanish kabi muhim hisoblangan. (Havoriylar 15:28, 29; 21:25) XX asrda qon berish va qon quyish keng tarqalganida Yahovaning Shohidlari bu kabi muolajalar Xudoning Kalomiga zid ekanini tushunishgan.

Ba’zi hollarda shifokorlar bemorga o‘z qonini topshirib, uni saqlab qo‘yish kerakligini aytishadi. Shunda operatsiya paytida qon kerak bo‘lib qolganda bemorning o‘z qonidan foydalaniladi. Lekin qonni to‘plash, saqlash va keyinchalik uni quyish Levilar hamda Qonunlar kitobidagi so‘zlarga ziddir. Qonni saqlash mumkin emas, uni to‘kib yuborish, majoziy ma’noda aytganda, Xudoga qaytarish lozim. Albattaki, bugungi kunda biz Musoning Tavrot kitobiga rioya qilmaymiz. Lekin Yahovaning Shohidlari undagi prinsiplarni hali-hanuz hurmat qilishadi va «qondan saqlaninglar» degan so‘zlarga qat’iy amal qilishadi. Shuning uchun ham biz yerga to‘kilishi kerak bo‘lgan qonni donor sifatida topshirmaymiz va uni quyish uchun qayerdadir saqlamaymiz. Zero bu Xudoning qonuniga to‘g‘ri kelmaydi.

Boshqa muolajalarni o‘tkazish hamda insonning o‘z qonidan foydalanilgan holda qon tahlillarini topshirish Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid emas. Masalan, ko‘pgina masihiylar, shifokorlar tahlil uchun ularning qonini olishiga, keyin esa tashlab yuborishiga rozi bo‘lishadi. Shifokorlar odamning o‘z qoni bilan bog‘liq boshqa murakkab muolajalarni ham tavsiya qilishlari mumkin.

Masalan gemodilyutsiya nomli muolaja mavjud. Bu jarrohlik muolajasi davomida bemor qonining muayyan qismi tanasidan maxsus apparatga o‘tkaziladi. Shunda bemorning tanasida qolgan qonni aralashtirish maqsadida suyuqlik yuboriladi. Keyin bemorning apparatga o‘tkazilgan qoni yana uning tanasiga quyiladi, shunda qon asl holatiga qaytadi. Shuningdek, qon tejash jarayoni ham mavjud. Bu muolaja davomida bemor yo‘qotgan qon apparatga uzatiladi, tozalanadi va keyin yana uning tanasiga qaytariladi. Yana bir muolaja davomida bemorning qoni yurak, o‘pka hamda buyraklar kabi ishlaydigan apparat orqali o‘tkaziladi. So‘ngra apparatdagi qon bemorning tanasiga qaytariladi. Boshqa muolaja paytida qon syentrifuga orqali o‘tkaziladi va unda qonning zararlangan hujayralari tozalanadi yoki bo‘lmasam shifokorlar qonning muayyan tarkibiy qismini ajratib, uni tananing boshqa qismiga qo‘llashadi. Ba’zi vaziyatlarda shifokorlar muayyan muolajalarni olib borish maqsadida bemorning qonini olib, unga qonning o‘rnini bosuvchi moddalar qo‘shishi yoki dorilar qo‘shib yana qonni bemorning tanasiga kiritishi mumkin.

Bir-biridan farq qiladigan turli muolajalar mavjud. Qolaversa, shifokorlar doim davolanishning yangi turlarini o‘ylab chiqishadi. Har bir vaziyatda qanday yo‘l tutishni aytish bizning mas’uliyatimizga kirmaydi. Masihiy jarrohlik amaliyotida, qonini tibbiy tahlil uchun topshirganida va biron-bir muolaja olayotganida, uning qonidan qanday foydalanishlarini o‘zi hal qiladi. Ammo u davolanishdan avval shifokori bilan qonidan qanday foydalanishmoqchi ekani haqida gaplashib olishi kerak. Keyin esa vijdoniga muvofiq tarzda qaror chiqaradi. (Ramkaga qarang.)

Masihiylar o‘z hayotini Xudoga bag‘ishlaganini va Uni butun qalbi, butun joni, butun quvvati va butun ongi bilan sevishi lozimligini yodda saqlashlari kerak. (Luqo 10:27) Dunyodagi aksariyat insonlardan farqli ravishda Yahovaning Shohidlari Xudo bilan bo‘lgan munosabatlarini yuqori qadrlashadi. Hayot manbai Yahova barchani Isoning to‘lov qurbonligiga ishonishga chorlaydi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Uning O‘g‘li [Iso Masih] o‘z qoni orqali to‘lov berib, bizlarni ozod etdi... ayblarimiz kechirilishiga yo‘l ochildi». (Efesliklarga 1:7)

[Izoh]

a Professor Frenk Gorman shunday deb yozadi: «Aftidan, qonni yerga to‘kish hayvonning hayotiga nisbatan chuqur hurmatni hamda Xudoga bo‘lgan ehtiromni ifodalaydi. Chunki Xudo hayotni yaratgan va uni ta’minlashda davom etmoqda».

[31- sahifalardagi rasmlar/ramka]

O‘ZINGIZGA SHUNDAY SAVOLLAR BERIN

Qonimning muayyan miqdori tanamdan chiqarilsa va hatto uning oqimi qaysidir payt davomida to‘xtatib qo‘yilsa-chi? Vijdonim bu qonni haliyam tanamning bir qismi deb hisoblashimga yo‘l qo‘yyaptimi yoki uni «yerga to‘kishga» undayaptimi?

Tibbiy muolaja paytida qonim olinib o‘zgartirilgan holda qayta tanamga quyilsa-chi (yoki sirtiga qo‘llanilsa-chi)? Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonim meni qiynamaydimi yoki bu muolajani qabul qila olamanmi?