Yahovaning ulug‘ kuni yaqin ekan, «kamolotga intilaylik»
Yahovaning ulug‘ kuni yaqin ekan, «kamolotga intilaylik»
Kamolotga intilaylik. IBRON. 6:1
1, 2. Birinchi asrdagi masihchilar toqqa qochishlariga qanday imkon yaralgan?
BIR kuni Isoning shogirdlari uning yoniga kelib, shunday savol berishadi: «Sening kelishing va oxirzamon yaqinlashganini ko‘rsatadigan belgi qanday bo‘ladi?» Bunga javoban, oxirzamonning yakunini ko‘rsatib beradigan bir hodisani Iso karomat qiladi. Ushbu bashorat qisman birinchi asrda ro‘yobga chiqqan. Uning sodir bo‘lganini ko‘rgan yahudiyadagilar «tog‘larga qochishi» kerak edi (Mat. 24:1–3, 15–22). Xo‘sh, Isoning izdoshlari bu belgini aniqlab ogohlantirishga quloq tutishdimi?
2 Oradan taxminan o‘ttiz yil o‘tib, milodiy 61- yilda havoriy Pavlus Quddus va uning atrofida yashaydigan masihchilarga muhim maktub yozgan. O‘shanda, «buyuk musibatning» boshlanishiga qariyb besh yil qolganini na Pavlus, na uning imondoshlari hayoliga keltirgan (Mat. 24:21). Milodiy 66- yilda rimlik qo‘shinlar Syestiy Gall boshchiligida Quddusni deyarli qo‘lga kiritishgan edi. Biroq, dabdurustdan rimliklar ortga chekinib, shahar aholisi qochib ketishiga imkoniyat berishdi.
3. Pavlus imondoshlarini nima qilishga chorlagan va nega?
3 O‘sha paytdagi masihchilar o‘z vaqtida qochishlari uchun dono va ziyrak bo‘lishlari kerak edi. Ammo ba’zilarining quloqlari og‘ir bo‘lib, «sut bilan ovqatlanadigan» chaqaloqqa o‘xshab qolgandi (Ibroniylarga 5:11–13 o‘qib bering). Hatto ko‘p yillardan beri haqiqatda bo‘lganlarning ba’zilari Xudodan qaytishgan (Ibron. 3:12). Musibat kuni yaqinlashayotganiga qaramay, ayrimlari jamoatga borish odatini yo‘qotishdi (Ibron. 10:24, 25). Shu sababli, Pavlus ularni mana shunga chorlagan: «Masih haqidagi boshlang‘ich ta’limotni qoldirib, kamolotga intilaylik» (Ibron. 6:1).
4. Ma’nan hushyor bo‘lish nega zarur va bunda bizga nima yordamlashadi?
4 Darvoqe, Isoning bashorati butkul amalga oshish arafasida yashayapmiz. Shayton dunyosini yo‘q qiladigan Yahovaning ulug‘ kuni juda yaqin (Zaf. 1:14). Bugun har qachongidan ham ma’nan hushyor bo‘lishning ayni paytidir (1 Butr. 5:8). Biz ham shunday yo‘l tutyapmizmi? Ma’nan yetuk bo‘lish, qaysi paytda yashayotganimizni unutmaslikka ko‘maklashadi.
Kamolotga intilish degani nima
5, 6. a) Kamolotga intilish degani nima? b) Ma’nan yetuk bo‘lish uchun qanaqa sohalarda urinish kerak?
5 Havoriy Pavlus birinchi asrdagi masihchilarga faqatgina nasihat beribgina qolmay, buning ma’nosini ham tushuntirgan edi (Ibroniylarga 5:14 o‘qib bering). «Kamolotga yetganlar» sutning o‘zi bilan qoniqmay, qattiq ozuqadan ham tanovul qilishadi. Bu tufayli ular haqiqatning ham «ilk asoslarini», ham «teranliklarini» bilishadi (1 Kor. 2:10). Shu sababli, yaxshi va yomonni ajratish uchun olgan bilimlarni amalda qo‘llashimiz kerak. Shundagina, qabul qilayotgan qarorimiz Muqaddas Kitob me’yorlariga asoslangan bo‘ladi.
6 «Eshitganlarimizdan qaytmaslik uchun bularga juda ko‘p diqqat qilishimiz kerak»,— deb Pavlus bekorga aytmagan (Ibron. 2:1). Nega deganda, haqiqatdan qaytib ketishimizni o‘zimiz ham sezmay qolishimiz mumkin. Bu ahvolga tushmaslik uchun bilib olganlarimizga «diqqat qilishimiz kerak». Hozir esa o‘zimizga shunday savollar berib ko‘raylik: «Haqiqatning ilk asoslari bilan chegaralanib qolmayapmanmikin? Tadqiq qilganimda chuqurroq mulohaza yurityapmanmi? Haqiqat qalbimga to‘la-to‘kis ta’sir qilyaptimi? Kamolotga intilishimga nima ko‘maklashadi?» Ma’nan yetuk bo‘lish uchun kamida ikki sohada urinishimiz kerak. Birinchidan, Alloh Kalomini chuqur bilishimiz zarur. Ikkinchidan esa itoatli bo‘lishga o‘rganishimiz darkor.
Alloh Kalomini chuqurroq o‘rganing
7. Nima uchun Xudoning Kalomini chuqurroq o‘rganishimiz kerak?
7 Boz ustiga Pavlus quyidagicha yozgan: «Sut bilan ovqatlanadigan har bir kishi esa hali chaqaloq, solihlik kalomida g‘o‘r-u tajribasizdir» (Ibron. 5:13). Kamolotga erishish uchun Xudo O‘z Kalomi orqali bizga nima yetkazmoqchi ekanini yaxshi bilishimiz kerak. Shuning uchun Muqaddas Kitobni hamda «ishonchli va aqlli xizmatkor» taqdim etayotgan adabiyotlarni chuqur o‘rganish lozim (Mat. 24:45–47). O‘z navbatida bu, Egamizning nuqtai nazarini tushunishimizga hissa qo‘shadi. Endi keling, Orkid ismli opamizning misoliga diqqat qarataylik a. U shunday bo‘lishdi: «Muqaddas Kitobni muntazam o‘qish kerakligi eslatilib turilgani menga foydali bo‘ldi. Shunday qilib, deyarli ikki yil ichida bu kitobni to‘laligicha o‘qib chiqdim. Natijada, shu paytgacha bilganlarimga qaramay, Parvardigor Yahovani yaqindan tanigandek bo‘ldim. Masalan, Uning yo‘l-yo‘riqlari, kuch-qudrati, donoligi hamda Unga nima yoqish va yoqmasligi to‘g‘risida bilib oldim. Xullas, Muqaddas Kitobni har kuni o‘qiganim tufayli, hayotdagi qiyinchiliklarni yenga olyapman».
8. Muqaddas Kitobni har kuni o‘qishning foydasi nimada?
8 Muqaddas Kitobni qanchalik ko‘p o‘qisak, undagi maslahatlar shunchalik bizga «ta’sir» qiladi (Ibroniylarga 4:12 o‘qib bering). Shunday yo‘l tutib, yaxshi fazilatlarni rivojlantiramiz hamda Yahovaga ma’qul kelamiz. Ha, Alloh Kalomini har kuni o‘qish va mulohaza yuritish o‘ta muhimdir!
9, 10. Xudo Kalomini yaxshiroq tushunish uchun nima talab qilinadi? Misol keltiring.
9 Agar, chindan ham Xudo Kalomini yaxshiroq tushunishni istasak, unda nima yozilganini bilishning o‘zi yetarli emas. To‘g‘ri, Pavlusning davridagi ma’naviy chaqaloqlar qandaydir bilimlarga ega bo‘lishgan. Biroq, ular bu bilimlarni kerakli vaziyatlarda qo‘llamas edilar. Qolaversa, aytilganlarning mazmunini anglashga intilmaganlari uchun, dono qarorlar chiqara olishmasdi.
10 Ko‘rib turganimizdek, Muqaddas Kitobning ma’nosini tushunib, undan bilib olganlarimizni qo‘llash muhim. Mana bir misol. Kail opamiz ishxonada bittasi bilan aytishib qolibdi. U, bu muammoni quyidagicha hal qildi: «O‘shanda, men darrov Rimliklar 12:18 dagi: “Qo‘lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar”, degan nasihatni esladim. Xullas, hamkasbim bilan ishdan keyin gaplashib olishga qaror qildim». Kailning bunday yo‘l tutgani, o‘sha hamkori bilan yarashishiga olib keldi. U shunday davom etdi: «Muqaddas Kitobdagi maslahatlarni amalda qo‘llash, hamisha oqilona ekanini tushundim».
Itoatli bo‘ling
11. Mushkul paytlarda itoatli bo‘lish oson emasligini qaysi vaziyat ko‘rsatmoqda?
11 Qandaydir jiddiy muammolarga duchor bo‘lganimizda, Muqaddas Yozuvlardan bilganlarimizga muvofiq yo‘l tutish ba’zida oson emas. Misol uchun, isroilliklar Misr asirligidan chiqqanidan so‘ng, ichgani suv yo‘qligi uchun Muso payg‘ambarga nolib Yahovani ranjitishgan (Chiq. 17:1–4). Xudo Isroil xalqi bilan ahd tuzganda, ular ham «Egamizning hamma aytganlarini bajarishga» so‘z berishadi. Ammo oradan ikki oy o‘tmay, butparastlikka berilib ketishdi (Chiq. 24:3, 12–18; 32:1, 2, 7–9). Balki Muso uzoq vaqt davomida Xorev tog‘ida yo‘q bo‘lib ketgani uchundir? Hoynahoy, Omolek xalqi yana hujum qilsa, Musosiz nima qilamiz deb o‘ylashgandir? Chunki ilgarigi janglarda Musoning qo‘llari ko‘tarilgani tufayli isroilliklar g‘olib kelishgandi (Chiq. 17:8–16). Nima bo‘lganda ham Isroil xalqi «bo‘ysunishni istamadi» (Havor. 7:39–41). Va’da qilingan yurt ostonasida turgan isroilliklarni namuna qilib, Pavlus masihchilarni «bunday itoatsizlikdan o‘rnak olmaslikka» undagan (Ibron. 4:3, 11).
12. Iso itoatkorlikka qanday o‘rgangan va buning samarasi qanaqa bo‘ldi?
12 Kamolotga intilgan kishi Yahovaga bo‘ysunish uchun imkon qadar jon kuydiradi. Iso Masihning ajoyib o‘rnagidan ko‘rinib turganidek, ko‘pincha itoatkorlikka azob-uqubatlar orqali o‘rganish mumkin (Ibroniylarga 5:8, 9 o‘qib bering). U yer yuziga kelishdan avval ham Otasiga bo‘ysunardi. Shu yo‘sin, Xudoning irodasini bajo keltirish uchun u har xil mashaqqatlarga chidagan. Hatto shiddatli qiyinchiliklarda ham Iso itoatli bo‘lib «kamolotga erishgan». Bu bilan u, samoda Shoh hamda Oliy ruhoniy bo‘lishga tayyor ekanini namoyon etdi.
13. Itoatli ekanimizni nimadan aniqlash mumkin?
13 Biz ham mushkul ahvollarda Yahovaga bo‘ysunishga intilyapmizmi? (1 Butrus 1:6, 7 o‘qib bering). Zotan, axloqan pok va rostgo‘y bo‘lishga, shaxsiy tadqiq o‘tkazishga, jamoat uchrashuvlarini hamda va’zgo‘ylikni qoldirmaslik kerakligini yaxshi bilamiz (Yoshua 1:8; Mat. 28:19, 20; Efes. 4:25, 28, 29; 5:3–5; Ibron. 10:24, 25). Xo‘sh, sanab o‘tilgan vaziyatlarda, ayniqsa qiyinchiliklar paytida itoatlimizmi? Shuni aytish lozimki, itoatli ekanimiz kamolotga intilayotganimizni ko‘rsatadi.
Ma’nan yetuk bo‘lishning foydasi
14. Ma’nan himoyalanish uchun nima zarur? Misol keltiring.
14 Kamolotga intilayotganlar haqiqatan ham himoya ostidadir. Negaki, bu dunyo umuman «or-nomus tuyg‘usini yo‘qotgan» (Efes. 4:19). Masalan, Jeyms ismli birodarimiz Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni doimo o‘qib, ularni juda qadrlaydi. Bir kuni u, yangi ishga joylashibdi. Ishchilarning hammasi ayol ekan. Birodarimiz mana shular bilan bo‘lishdi: «Hamkasblarim ko‘pincha uyatsiz narsalar haqida gaplashishardi. Lekin ularning ichida ancha nomusli va xushxabarga qiziqqan ayol ham bor edi. Bir kuni xonada ikkalamiz qolgan edik, u noz-karashma qilishga tushdi. Avvaliga hazillashyapti deb o‘ylagandim, keyin qarasam erkalik qilishni davom ettirdi. Shunda, “Qo‘riqchi minorasi”dagi xuddi shunaqa vaziyatga duch kelgan bitta birodarimizning misolini esladim. O‘sha maqolada, Yusuf va Po‘tifarning xotini haqida ham aytilgan edi b. Ayolni shartta itarib yuborganimda u qochib ketdi» (Ibt. 39:7–12). Jeyms bunday yo‘l tutganidan hecham afsuslanmagan, aksincha vijdoni pok qolganidan u nihoyatda quvongan (1 Tim. 1:5).
15. Kamolotga intilish qanday qilib qalbimizni mustahkamlaydi?
15 Shuningdek, ma’nan yetuk bo‘libgina qalbimizni mustahkamlaymiz hamda «turli yot va g‘alati ta’limotlarga berilib», yo‘limizdan og‘ib ketmaymiz (Ibroniylarga 13:9 o‘qib bering). Gap shundaki, kamolotga intilganimizda «yuqori qadriyatlar» borasida ko‘proq mulohaza yuritamiz (Filip. 1:9, 10). Shunday qilib, Xudoga yanada yaqinlashib, Unga minnatdor bo‘lamiz (Rim. 3:24). «Fikrlashda esa barkamol bo‘lgan» masihchilar yaxshi fazilatlar orttirishda rivoj topib Yahova bilan do‘stlashishadi (1 Kor. 14:20).
16. Bir opamiz o‘z qalbini mustahkamlashiga nima ko‘maklashgan?
16 Luiza ismli opamizning misolini ko‘rib chiqaylik. Ilgari, u haqda boshqalar qanaqa fikrda ekani uni ko‘proq qiziqtirardi. U quyidagilarni aytib berdi: «Hech qanaqa yomon ish qilmasdim-u, ammo xizmat qilishga ham uncha ishtiyoqim bo‘lmasdi. Yahovaga ma’qul kelish uchun o‘zimda ko‘p narsani o‘zgartirishim kerakligini tushundim. Yahovaga sidqidildan xizmat qilish, men uchun eng qiyini edi». Nima bo‘lganda ham, Luiza o‘z qalbini mustahkamlay oldi. Og‘ir kasallikka chalinganida esa bularning barchasi unga qo‘l keldi (Yoqb. 5:8). U shunday davom etdi: «To‘g‘ri, men juda ham qiynalganman, ammo bu orqali Yahova bilan bo‘lgan munosabatim mustahkamlandi».
Sidqidildan bo‘ysunaylik
17. Nimaga ayniqsa birinchi asrda itoatkorlik muhim ahamiyatga ega edi?
17 Birinchi asrdagi masihchilar Pavlusning maslahatiga quloq solib, hayotlarini saqlab qolishgan. Kamolotga intilayotganlar uning gapini ikki qilmay, toqqa qochish to‘g‘risidagi Isoning ogohlantirishini aniqlay olishdi. Rimlik qo‘shinlar Quddusga bostirib kirishganini ko‘rgan masihchilar, qochish vaqti kelganini sezishgan (Mat. 24:15, 16). Bitta tarixshunos bu haqda shuni yozgan: «Quddusdagilar aytilganlarga bo‘ysunib... u joylarni darhol tark etib, Pella shahriga ko‘chib ketishgan». Shu tariqa ular, Quddusdagi eng dahshatli musibatdan omon qolishgan.
18, 19. a) Nega bugun itoatli bo‘lish ayni muddao? b) Kelasi maqolada nima haqda gap ketadi?
18 Xullas, «buyuk musibat» boshlanganda Isoning bashorati to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqib, kamolotga intilganlarning bari najot topadi (Mat. 24:21). «Aqlli uy boshqaruvchidan» olgan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘ysunyapmizmi? (Luqo 12:42). Sidqidildan itoatli bo‘lishga jon kuydirish naqadar yaxshi (Rim. 6:17).
19 Unutmangki, ma’nan yetuk bo‘lish uchun yaxshi va yomonni ajratishga o‘rganishimiz muhim. Shul bois Xudo Kalomini chuqur tadqiq qilib, itoatli bo‘lishga astoydil urinish kerak. Bugungi kunda yoshlar ham ma’nan yetuk bo‘lish payidalar. Biroq bu, ular uchun oson emas. Yoshlar bunda qanday qilib muvaffaqiyatga erishishlari mumkinligi to‘g‘risida kelasi maqoladan bilib olamiz.
[Izohlar]
a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.
Nimani bilib oldingiz?
• Kamolotga intilish degani nima va unga qanday erishish mumkin?
• Ma’nan yetuk bo‘lishimizga Xudoning Kalomi qanday hissa qo‘shadi?
• Itoatkorlikka qanday qilib o‘rganamiz?
• Bo‘ysunuvchan bo‘lishning foydasi nimada?
[Tadqiq uchun savollar]
[10- sahifadagi rasm]
Muammolarni hal qilayotganda Muqaddas Kitob maslahatlarini qo‘llasak ma’nan yetuk bo‘lamiz
[12- sahifadagi rasm]
Birinchi asrdagi masihchilar Isoning ogohlantirishiga quloq solib omon qolishgan