Asosiy materiallarga o‘tish

Xudoni sharaflaydigan qarorlar qabul qiling

Xudoni sharaflaydigan qarorlar qabul qiling

Xudoni sharaflaydigan qarorlar qabul qiling

Aqlli qadamini o‘ylab bosadi. HIK. 14:15

1, 2. a) Qanday qaror chiqarmaylik, asosiy maqsadimiz nimadan iborat bo‘lishi kerak? b) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

 EHTIMOL har kuni ko‘plab qarorlar qabul qilarmiz. Ulardan ba’zilari vaqtinchalik ahamiyatga ega. Ayrimlari esa butun hayotimizga ta’sir qiladi. Lekin qarorlarimiz muhim yoki unchalik ahamiyatsiz bo‘lishiga qaramay, asosiy maqsadimiz Allohni sharaflashdir (1 Korinfliklarga 10:31 o‘qing).

2 Siz uchun qarorlar qabul qilish osonmi yoki qiyinmi? Agar yetuklik sari intilayotgan bo‘lsak, yaxshini yomondan ajratishni o‘rganib, boshqaning emas, o‘z e’tiqodimizni aks ettiruvchi qarorlar qabul qilishimiz lozim (Rim. 12:1, 2; Ibron. 5:14). Yaxshi qaror qabul qilishni o‘rganish kerakligining ayrim muhim sabablari nimadan iborat? Nega ba’zan qaror chiqarish qiyin? Xudoni sharaflaydigan qaror chiqarganimizda amin bo‘lishga qanday qadamlar yordam beradi?

Qarorlar chiqarishdan maqsad

3. Qarorlarimizga nima ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim?

3 Muqaddas Kitob qonun-qoidalariga nisbatan qat’iyatli bo‘lmasak, maktabdoshlar yoki hamkorlarimiz biz haqimizda diniga mahkam emas va ta’sirga beriluvchan degan xulosaga kelishadi. Ular bizni aldashi, qalloblik yoki o‘g‘rilik qilishda boshqalarga qo‘shilishga yoki ularning qilmishini yashirishga undashi mumkin (Chiq. 23:2). Agar kishi Tangrini sharaflaydigan qarorlar chiqarishga o‘rgangan bo‘lsa, qo‘rquv yoki odamlarga yoqish istagi Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymaydi (Rim. 13:5).

4. Nega ba’zilar biz uchun qaror chiqarmoqchi bo‘lishadi?

4 Biz uchun qaror qabul qilmoqchi bo‘lganlarning hammasi ham bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lmaydi. Do‘stlarimiz bizga yordam berish niyatida, o‘z maslahatlarini bizga o‘tkazishga harakat qilishadi. Masalan, alohida yashayotgan bo‘lsak ham, yaqinlarimiz manfaatimizni ko‘zlab, hayotimizda muhim qarorlar qabul qilishda o‘zlarini burchli deb bilishadi. Keling, tibbiy masalani ko‘rib chiqaylik. Muqaddas Kitob qonni suiiste’mol qilishni jiddiy qoralaydi (Havor. 15:28, 29). Lekin sog‘likka tegishli aniq belgilanmagan va muayyan muolajani qabul qilish yoki rad etishga nisbatan shaxsiy qaror qabul qilishni talab etadigan narsalarni insonning o‘zi hal qilishi darkor a. Yaqinlarimiz bunday masalada aytganlarida turib olishlari mumkin. Ammo bu borada qaror chiqarayotib, har bir suvga cho‘mgan masihiy «o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim» (Galat. 6:4, 5). Asosiy maqsadimiz — odamlarning ko‘nglini topish emas, Xudoning oldida pok vijdonga ega bo‘lishdir (1 Tim. 1:5).

5. Qay yo‘sin imonimizni qayiq kabi halokatga uchrashidan saqlasak bo‘ladi?

5 Beqarorlik o‘ta xatarli bo‘lishi mumkin. Isoning shogirdi Yoqub beqaror kishi «barcha tutgan yo‘lida... ikkilanadigan odamdir», deb yozgan (Yoqb. 1:8). To‘lqinlanayotgan dengizdagi rulsiz qayiq singari, bunday kishi o‘zgaruvchan insoniy fikrlar ta’siri ostida go‘yo chayqalib yuradi. Uning imoni qayiq kabi osongina halokatga uchrab, qilmishining oqibatlarida boshqalarni ayblaydi (1 Tim. 1:19). Bunday oqibatlardan qanday o‘zimizni saqlay olamiz? Buning uchun «imonda barqaror» bo‘lish lozim (Kolosaliklarga 2:6, 7 o‘qing). Barqarorlikka erishish uchun, Allohning ilhomlantirilgan Kalomiga bo‘lgan ishonchimizni aks ettiradigan qarorlar chiqarishimiz kerak (2 Tim. 3:14–17). Xo‘sh, to‘g‘ri qaror chiqarishga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?

Nega qaror chiqarish mushkul?

6. Qo‘rquv bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

6 Noto‘g‘ri qaror chiqarishdan, muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan yoki boshqalarning ko‘zida nodon bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqish, odamni karaxt qilib qo‘yishi mumkin. Bunday holatni tushunsa bo‘ladi. Hech kim yomon qaror chiqarib, g‘am chekishni yoki uyatda qolishni istamaydi. Lekin Allohga va Uning Kalomiga bo‘lgan sevgi qo‘rquvni yengishga yordam beradi. Qanday qilib deysizmi? Xudoga bo‘lgan sevgi muhim qaror qabul qilishdan oldin, Muqaddas Kitob va unga asoslangan adabiyotlarni e’tiborga olishga undaydi. Shunda ko‘p xatolardan o‘zimizni himoya qilamiz. Sababi, Muqaddas Kitob «soddalarga idrok, yoshlarga bilim, fahm-u farosat beradi» (Hik. 1:4).

7. Shoh Dovudning misoli bizga nimani o‘rgatmoqda?

7 Biz doim to‘g‘ri qaror chiqaramizmi? Yo‘q. Chunki hammamiz xatoga yo‘l qo‘yamiz (Rim. 3:23). Misol uchun, shoh Dovud dono va sadoqatli kishi bo‘lgan. Ammo u ba’zida noto‘g‘ri qaror qabul qilib, oqibatda o‘zi ham, boshqalar ham bundan azob chekkan (2 Shoh. 12:9–12). Shunga qaramay Dovud, qilgan xatolari Tangriga ma’qul keladigan qarorlar chiqarish qobiliyatidan mahrum etishiga yo‘l qo‘ymagan (3 Shoh. 15:4, 5). Agar shoh Dovud singari Yahova ayb va gunohlarimizni kechirishini yodda tutsak, qilgan xatolarimizga qaramay qaror chiqarishda jur’atli bo‘lamiz. Xudo Uni sevuvchi va itoatkor kishilarni doim qo‘llab-quvvatlaydi (Zab. 51:1–4, 7–10).

8. Pavlusning oila qurish borasidagi so‘zlaridan nimani o‘rgansa bo‘ladi?

8 Qaror qabul qilish borasida tashvishlarimizni kamaytirishimiz mumkin. Qanday qilib? Ba’zan tanlashimiz uchun bir necha to‘g‘ri yo‘l borligini anglab yetish orqali. Keling, havoriy Pavlus oila qurish borasida qanday mulohaza yuritganini ko‘rib chiqaylik. Ilohiy ilhom ta’sirida u quyidagilarni yozgan: «Agar kimdir turmush qurmay noto‘g‘ri yo‘l tutyapman, deb o‘ylasa, ilk yoshlik davridan o‘tgan va oila qurishga qaror chiqargan bo‘lsa, istaganday yo‘l tutsin, gunoh qilmaydi. Bundaylar turmush qurishsin. Biroq kimdir bunda ehtiyoj his qilmay, o‘z qarorida qat’iy turgan hamda o‘zini o‘zi tiya olib, turmush qurmaslikka qalbida ahd qilgan bo‘lsa, u yaxshi yo‘l tutgan bo‘ladi» (1 Kor. 7:36–38). Pavlus turmush qurmaslik yaxshiroq degan, lekin yagona to‘g‘ri yo‘l faqat shu deb aytmagan.

9. Boshqalar chiqargan qarorimizga qanday munosabatda bo‘lishidan tashvishlanishimiz kerakmi? Tushuntiring.

9 Boshqalar chiqargan qarorimizga qanday munosabatda bo‘lishidan tashvishlanishimiz kerakmi? Faqat qaysidir jihatdan. Butlarga bag‘ishlangan deya hisoblangan yegulikni iste’mol qilish masalasida Pavlus nima deganiga diqqatingizni qarating. U, bunday yegulikni iste’mol qilishning hech yomon joyi yo‘qligini, ammo bu vijdoni zaif kishiga ziyon keltirishini anglab yetgan. Xo‘sh, Pavlus qanday qaror chiqargan? U shunday degan: «Agar yegulik dastidan birodarim qoqinayotgan bo‘lsa, uni qoqintirmaslik uchun men aslo go‘sht yemayman» (1 Kor. 8:4–13). Biz ham qarorlarimiz boshqalarning vijdoniga qanday ta’sir qilishini e’tiborga olishimiz darkor. Asosiy maqsadimiz esa, tanlovimiz Yahova bilan bo‘lgan do‘stligimizga qanday ta’sir qilishini inobatga olishdir (Rimliklarga 14:1–4 o‘qing). Muqaddas Kitobdagi qaysi qonun-qoidalar Allohga sharaf keltiradigan qarorlar qabul qilishga yordam beradi?

To‘g‘ri qaror chiqarishda oltita qadam

10, 11. a) Qanday qilib oilada mag‘rur bo‘lib ketishdan saqlanishimiz mumkin? b) Jamoatga tegishli qarorlar chiqarayotib, oqsoqollar nimani yodda tutishlari lozim?

10 Mag‘rurlikdan qoching. Biror tanlov qilishdan avval, o‘zimizdan: «Ushbu qarorni chiqarishga haqqim bormi?» — deb so‘rasak yaxshi bo‘ladi. Shoh Sulaymon: «Mag‘rurlik bilan sharmandalik keladi, donolik esa kamtarlar bilandir»,— deb yozgan (Hik. 11:2).

11 Ota-onalar farzandlariga ba’zi qarorlarni chiqarishga imkon berishlari mumkin, biroq bolalar bunga haqqimiz bor, degan xulosaga kelmasligi lozim (Kolos. 3:20). Xotinlar va onalar ham oilada muayyan huquqqa egalar, ammo ular erni bosh sifatida tan olishlari kerak (Hik. 1:8; 31:10–18; Efes. 5:23). Xuddi shunday erlar huquqlari chegaralangan bo‘lib, Masihga bo‘ysunushlari darkorligini esdan chiqarmasliklari muhim (1 Kor. 11:3). Oqsoqollar jamoatga tegishli qarorlar chiqarishadi. Shunday ekan, ular Muqaddas Kitobda «yozilganlardan tashqariga chiqmaganlarida» amin bo‘lishlari kerak (1 Kor. 4:6). Shuningdek ular ishonchli xizmatkorning yo‘l-yo‘rig‘iga aniq rioya qilishadi (Mat. 24:45–47). Haqqimiz bor bo‘lgandagina, kamtarinlik bilan qarorlar chiqarsak, o‘zimizni va boshqalarni ko‘p tashvish va qayg‘udan himoyalaymiz.

12. a) Nega izlanish o‘tkazish kerak? b) Qanday qilib izlanish o‘tkazish mumkinligini tushuntiring.

12 Izlanish o‘tkazing. Shoh Sulaymon: «Mehnatkashning rejasi faqat mo‘l-ko‘lchilik keltiradi, shoshqaloq kambag‘allikka uchraydi»,— deb yozgan (Hik. 21:5). Misol uchun, biror ishga kirishish niyatidamisiz? His-tuyg‘ularga berilib ketishdan ehtiyot bo‘ling. Ishga aloqador barcha dalillarni ko‘rib chiqib, bu masalada ma’lumotga ega kishilardan maslahat oling. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobdagi qaysi me’yorlarni qo‘llash mumkinligi ustidan mulohaza yuriting (Hik. 20:18). Izlanish o‘tkazish uchun, ikkita varaq olib, bittasiga kirimlarni, ikkinchisiga chiqimlarni batafsil yozing. Qaror chiqarishdan oldin «qancha xarajat ketishini hisoblab oling» (Luqo 14:28). Shuningdek, qaroringiz nafaqat moddiy, balki ma’naviy farovonligingizga qanday ta’sir qilishini ko‘rib chiqing. Izlanish o‘tkazish vaqt va harakat talab etadi. Lekin bunday yo‘l tutib, muammo keltiradigan shoshilinch qaror chiqarishdan qochasiz.

13. a) Yoqub 1:5 da qanaqa maslahat bor? b) Donolik so‘rab ibodat qilish qanday yordam beradi?

13 Donolik so‘rab ibodat qiling. Allohni yordamga chaqirsakkina, chiqargan qarorlarimiz Unga sharaf keltiradi. Isoning izdoshi Yoqub shunday degan: «Agar orangizdagi biror kishiga donolik yetishmayotgan bo‘lsa, hammaga saxovat bilan, ta’na qilmasdan beradigan Xudodan so‘rasin. Shunda unga beriladi» (Yoqb. 1:5). Qarorlar qabul qilishda Tangrining donoligiga muhtojligimizni tan olishning uyatli joyi yo‘q (Hik. 3:5, 6). Faqat o‘z tushunchamizga tayansak, osongina yo‘ldan ozishimiz hech gap emas. Donolik so‘rab ibodat qilsak hamda Allohning Kalomidagi qonun-qoidalar ustidan izlanish olib borsak, muqaddas ruh qaysi niyatda muayyan yo‘lni tanlamoqchi ekanimizni anglab yetishga ko‘maklashadi (Ibron. 4:12; Yoqub 1:22–25 o‘qing).

14. Nega sustkash bo‘lmaslik kerak?

14 Qaror qabul qiling. Izlanish o‘tkazmay va donolik so‘rab ibodat qilmay turib, qaror chiqarmang. Dono kishi «qadamini o‘ylab bosadi» (Hik. 14:15). Ammo, sustkashlik ham qilmang. Bunday inson hech qanday chora ko‘rmaslikka bahona izlaydi (Hik. 22:13). U qaror chiqarishiga to‘g‘ri kelganda ham, boshqalar uni o‘rniga qaror chiqarishiga yo‘l qo‘yadi.

15, 16. Qarorni ro‘yobga chiqarish nimani o‘z ichiga oladi?

15 Qarorni ro‘yobga chiqaring. Agar qabul qilgan qarorimizga amal qilmasak, uni chiqarish uchun sarflagan harakatlarimiz puchga chiqadi. Shoh Sulaymon: «Nima qilsangiz ham bor kuchingiz bilan qiling»,— degan (Voiz 9:10). Maqsadga erishish, qarorimizni ro‘yobga chiqarish uchun kerakli narsalarni ishga solishimizni talab etadi. Masalan, jamoat a’zosi kashshof bo‘lib xizmat qilishga qaror qildi deylik. U niyatiga erisha olarmikin? Agar u xizmat uchun kerakli kuch hamda vaqtini dunyoviy ishga va hordiq chiqarishga haddan ortiq sarflamasa, buning uddasidan chiqa oladi.

16 Yaxshi qarorlarni ro‘yobga chiqarish har doim ham oson kechmaydi. Nega desangiz, «butun dunyo yovuz Shaytonning hukmidadir» (1 Yuhan. 5:19). Shuningdek, «ko‘kdagi yovuz ruhlar, hukumatlar-u hokimiyatlar va ushbu qorong‘i dunyo hukmdorlari bilan kurashyapmiz» (Efes. 6:12). Havoriy Pavlus ham, Isoning shogirdi Yahudo ham, Xudoni sharaflashga qaror qilgan inson jonkuyarlik bilan kurashishi kerakligini ta’kidlashgan (1 Tim. 6:12; Yahd. 3).

17. Qarorlar qabul qilishga kelganda, Yahova bizdan nimani kutadi?

17 Qarorlarni ko‘rib chiqib, kerak bo‘lsa o‘zgarish kiriting. Kelajakda nima bo‘lishini bilmaganimiz uchun, ba’zan qarorlarimiz tuzgan rejamiz bo‘yicha amalga oshmaydi (Yoqb. 4:13, 14). Shunday bo‘lsa-da Yahova, kutilmagan qiyinchiliklarga qaramay, ayrim qarorlarimizda qat’iy turishimizni kutadi. Hayotni Yahovaga bag‘ishlash yoki nikoh qasamini berish borasidagi qarorlar o‘zgarmasdir. Alloh ushbu qarorlarimizga amal qilishimizni kutadi (Zabur 15:1, 2, 4 o‘qing). Ko‘p qarorlarimiz unchalik katta ahamiyatga ega emas. Dono inson vaqti-vaqti bilan qabul qilgan qarorlarini ko‘rib chiqadi. U mag‘rurlik yoki o‘jarlikka berilib, qarorni o‘zgartirmaydi yoki fikridan qaytmaydi (Hik. 16:18). Uning asosiy maqsadi, hayoti haliyam Xudoni sharaflashga qaratilganiga amin bo‘lishdir.

Boshqalarga Xudoni sharaflaydigan qarorlar chiqarishni o‘rgating

18. Qanday qilib ota-ona farzandiga to‘g‘ri qaror chiqarishni o‘rgatishi mumkin?

18 Ota-onalar farzandlariga Allohni sharaflaydigan qarorlar chiqarishni o‘rgatishga ko‘p harakat qilishadi. Eng yaxshi namuna, ustozning o‘zi ko‘rsatgan o‘rnakdir (Luqo 6:40). To‘g‘ri kelganda, ota-onalar bolalariga o‘zlari qanday qilib qarorlar chiqarishganini tushuntirib berishlari mumkin. Shuningdek ular, ba’zi qarorlarni chiqarishni farzandlariga qo‘yib berib, to‘g‘ri qaror chiqarishganda ularni maqtashsa arziydi. Bordi-yu, bola noto‘g‘ri qaror chiqarsa-chi? Ota-onalar birinchi navbatda bolani oqibatlaridan himoya qilmoqchi bo‘lishadi. Lekin bu har doim ham ularga foyda keltirmaydi. Masalan, ota-ona farzandiga haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qishga ruxsat berishi mumkin. Farzandi yo‘l qoidasini buzib, jarima oldi deylik. Shunda otasi yoki onasi jarimani to‘lamoqchi bo‘ladi. Biroq agar uning o‘zi ishlab jarimani to‘lasa, qilgan ishlari uchun javobgarlikni his etishni o‘rganadi (Rim. 13:4).

19. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarga nimani o‘rgatishimiz darkor va buni qanday qilsa bo‘ladi?

19 Iso shogirdlariga boshqalarga ta’lim berishni amr etgan (Mat. 28:20). Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan kishiga o‘rgatadigan muhim narsalardan biri — bu, qaror chiqarishdir. Samaraga erishishni istasak, unga qanday yo‘l tutishni aytish istagimizga qarshi turishimiz darkor. Aksincha, unga Muqaddas Kitob qonun-qoidalari ustidan mulohaza yuritishni o‘rgatsak yaxshiroq bo‘ladi, toki u o‘zi qaror chiqarsin. Boz ustiga, «har birimiz o‘zimiz uchun Xudoga hisobot beramiz» (Rim. 14:12). Darhaqiqat barchamizda, Allohni sharaflaydigan qarorlar chiqarishga jiddiy sababimiz bor.

[Izoh]

a «Ilohiy xizmatimiz»ning 2006- yil noyabr sonidagi 3–6- sah. «Qonning tarkibiy qismlaridan olingan mayda moddalarga va o‘z qonim bilan bog‘liq tibbiyot amaliyotlariga qanday nuqtai nazardaman?» maqolasiga q.

Marhamat qilib, javob bering

• Nima uchun qaror chiqarishni o‘rganishimiz darkor?

• Qo‘rquv qanday ta’sir qiladi va uni qanday yengsa bo‘ladi?

• Xudoni sharaflaydigan qaror chiqarish uchun qanday oltita qadam qo‘yish lozim?

[Tadqiq uchun savollar]

[16- sahifadagi rasm]

To‘g‘ri qaror chiqarishda qadamlar

1 Mag‘rurlikdan qoching

2 Izlanish o‘tkazing

3 Donolik so‘rab ibodat qiling

4 Qaror qabul qiling

5 Qarorni ro‘yobga chiqaring

6 Ko‘rib chiqib, o‘zgarish kiriting

[15- sahifadagi rasm]

Beqaror kishi to‘lqinlanayotgan dengizdagi rulsiz qayiq singari