Yaxshi ishlarga intilyapsizmi?
FERNANDO a biroz hayajonlanib turibdi. Gap shundaki, ikkita oqsoqol u bilan holi qolib, suhbatlashmoqchi ekanini aytishdi. Tuman nozirining oxirgi tashriflaridan so‘ng, oqsoqollar u jamoatda muayyan mas’uliyatlarga ega bo‘lishi uchun nimalar borasida ishlashi kerakligini tushuntirishgan. Vaqt o‘tgan sayin, Fernando qachondir oqsoqol bo‘lamanmi deb tashvishlangan. Mana endi, tuman noziri jamoatlariga yana tashrif buyurib ketdi. Xo‘sh, oqsoqollar bu safar nima deyishar ekan?
Fernando, oqsoqollardan biri gapirayotganini tinglab turibdi. Akamiz, 1 Timo‘tiyga 3:1 ga ishora qilib, endi u jamoatda oqsoqol bo‘lib tayinlanganini aytdi. Bu, Fernando uchun kutilmagan hol bo‘lib, u: «Nima dedingiz?» — deb aytdi. Birodarimiz gaplarini takrorladi, Fernando esa xursand bo‘lib ketdi. Keyinchalik, bu haqda jamoatda e’lon qilinganda, hamma quvondi.
Jamoatda mas’uliyatlarga ega bo‘lishni xohlash yomonmi? Aslo. 1 Timo‘tiyga 3:1 ga binoan, «kimki nozir bo‘lishga intilsa, u yaxshi ishni orzu qilgan bo‘ladi». Ko‘pdan-ko‘p birodarlarimiz ushbu maslahatga rioya qilib, jamoatlarida bunday mas’uliyatlarga ega bo‘lish niyatida ma’nan ulg‘ayishadi. Natijada, Xudoning xalqi baraka sifatida o‘n minglab qobiliyatli oqsoqol va jamoat xizmatkorlariga ega bo‘ladi. Biroq jamoatlarning soni oshib borayotgani tufayli, yanada ko‘proq birodarlar bunga intilsa yaxshi bo‘lardi. Qanday qilib bu maqsadga Allohga ma’qul tarzda erishish mumkin? Bunday intilish, Fernandoning vaziyatida bo‘lganidek akalarimizni tashvishga solishi kerakmi?
INTILISH NIMANI ANGLATADI?
Muqaddas Kitobdagi «intilmoq» deb tarjima qilingan yunoncha fe’l maqsad yo‘lida, unga erishish, amalga oshirish uchun qat’iy harakat qilishni anglatadi. Buni, kimdir daraxtdagi ko‘zga yoqimli mevani uzib olmoqchi bo‘lib, unga qo‘lini cho‘zishi bilan solishtirish mumkin. Lekin «nozir bo‘lishga intilish», bunga o‘ch bo‘lishni anglatmaydi. Nega endi? Sababi, oqsoqol bo‘lib xizmat qilishni chin dildan xohlayotganlarning maqsadi, muayyan mavqega ega bo‘lish emas, aksincha «yaxshi ish» qilishdan iborat.
1 Timo‘tiyga 3:2–7 va Titusga 1:5–9 da keltirilgan. Bunday yuksak me’yorlar borasida anchadan beri oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Raymond shunday dedi: «Men uchun eng muhimi, biz qanday inson ekanligimiz. Albatta, gapirish va ta’lim berish o‘ta muhim, ammo shu bilan birgalikda odam qusursiz, har narsada me’yorini biladigan, aqli raso, tartibli, mehmondo‘st va mulohazali bo‘lishi zarur».
Ushbu yaxshi ish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina talablarTo‘g‘ri niyatlar ila oqsoqol bo‘lishga intilgan akalarimiz qusursiz bo‘lib, har qanday yolg‘on va nopoklikdan yiroqlashishi lozim. Shuningdek, u har narsada me’yorini biladigan, aqli raso, tartibli va mulohazali bo‘ladi. Shunda, imondoshlari uning jamoatdagi boshchiligiga bo‘ysunib, ularning muammolarini hal qilishda yordam berishiga ishonishadi. Birodarimiz mehmondo‘st bo‘lsa, yoshlar va haqiqatni endi bilganlar uchun dalda manbai bo‘la oladi. Qolaversa, u himmatli bo‘lgani uchun bemor va qariyalarni qo‘llab-quvvatlab, tasalli baxsh etishi mumkin. Akamiz, bu fazilatlarni mas’uliyatli vazifalarga tayinlanishi uchun emas, balki o‘zgalarga foyda keltirish niyatida rivojlantiradi b.
Oqsoqollar kengashi maslahat va dalda berishga tayyor, lekin Muqaddas Kitobdagi talablarga mos kelish, avvalambor intilayotgan kishining zimmasida bo‘ladi. Genri ismli tajribali bir oqsoqol: «Agar mas’uliyatlarga intilayotgan bo‘lsangiz, bunga mos kelayotganingizni isbotlash uchun jon kuydirib mehnat qiling»,— deb maslahat berdi. U shuningdek, Voiz 9:10 ga asoslanib, quyidagilarni aytdi: «Nima qilsangiz ham bor kuchingiz bilan qiling. Oqsoqollar topshirgan vazifalarning barini, imkon boricha yaxshi bajaring. Jamoatda sizga berilayotgan hamma vazifalarni, hatto tozalik ishlarini ham yaxshi ko‘ring. Vaqti kelib, mehnatingiz va urinishlaringiz o‘z samarasini beradi». Shunday ekan, oqsoqol bo‘lishni xohlasangiz, muqaddas xizmatning barcha sohalarida qunt bilan mehnat qiling va ishonchga sazovor bo‘ling. Hayotingizda shuhratparastlik emas, aksincha kamtarinlik birinchi o‘rinda bo‘lsin (Mat. 23:8–12).
NOTO‘G‘RI FIKRLAR VA HARAKATLARNI RAD ETING
Jamoatda mas’uliyatlarga ega bo‘lishni xohlaganlarning ayrimlari bu borada oqsoqollar kengashiga shama qilish yoki ularga ta’sir o‘tkazish vasvasasiga berilishadi. Boshqalar esa, oqsoqollar ularga maslahat berganda, norozilik bildirishadi. Bunday insonlar o‘ziga shunday savol berishi kerak: «Bunga o‘z manfaatimni ko‘zlab intilyapmanmi yoki kamtarlik ila Yahovaning qo‘zichoqlariga g‘amxo‘rlik qilishni istaymanmi?»
Mas’uliyatlarga intilayotgan kishi, oqsoqollarga qaratilgan: «Suruvga o‘rnak ko‘rsatinglar»,— degan talabni ham unutmasligi darkor (1 Butr. 5:1–3). Bunday birodarimiz, noto‘g‘ri fikr va xatti-harakatlardan yiroqlashish bilan jamoatdagilar uchun o‘rnak bo‘ladi. U, mas’uliyatli vazifalarga tayinlangan bo‘ladimi yoki yo‘qmi, sabr-bardosh fazilatini rivojlantiradi. Oqsoqol bo‘lgandan keyin, u mo‘jizaviy tarzda insonlarga xos kamchiliklardan qutiladi degani emas (Sah. 12:3; Zab. 106:32, 33). Bundan tashqari, birodar o‘zining nazarida vijdoni toza bo‘lsa ham, ba’zilar u haqida unchalik a’lo fikrda bo‘lmasligi mumkin (1 Kor. 4:4). Agar oqsoqollar sizga chin dildan murojaat qilib, Muqaddas Kitobga asoslangan maslahat bersa, ularni norozilik bildirmay tinglashga intiling. Keyin esa, maslahatini amalda qo‘llashga harakat qiling.
UZOQ VAQTDAN BERI KUTAYOTGAN BO‘LSANGIZ-CHI?
Ayrim birodarlarga mas’uliyatli vazifalar tayinlanguncha, uzoq vaqt kutganday tuyulishi mumkin. Aytaylik, siz ham ancha yildan beri «nozir bo‘lishga intilyapsiz». Xo‘sh, bu borada gohida xavotirlanasizmi? Unday bo‘lsa, ilohiy ilhom ostida yozilgan quyidagi so‘zlarga e’tibor bering: «Ro‘yobga chiqmagan umid yurakni ezadi, ushalgan orzu esa hayot daraxtidir» (Hik. 13:12).
Maqsadiga erishish imkonsiz bo‘lib tuyulsa, kishi g‘amga botishi mumkin. Ibrohim payg‘ambar ham o‘zini shunday his qilgan. Yahova unga o‘g‘il berishini va’da qilgan, lekin yillar o‘tsa ham u bilan Soraning bolasi yo‘q edi (Ibt. 12:1–3, 7). Ibrohim ancha yoshga kirganda, Xudoga shunday xitob qilgan: «Ey, Egam Rabbiy! Sen menga nima ham berar eding?! Men hamon befarzandman... Sen menga farzand bermading». Yahova, o‘g‘il ato etish haqidagi va’dasi amalga oshishida uni ishontirgan. Ammo deyarli 14-yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Alloh bu va’dasini ro‘yobga chiqargan (Ibt. 15:2–4; 16:16; 21:5).
Ibrohim buni kutayotib, Yahovaga xizmat qilishda quvonchini yo‘qotganmi? Yo‘q. U Xudoning va’dasida sira ham shubhalanmagan. Ibrohim kelajakka umid bilan qarashga intilgan. Havoriy Pavlus: «Ibrohim payg‘ambar sabr-toqat ko‘rsatib, ushbu va’daga erishdi»,— deb yozgan (Ibron. 6:15). Natijada, Qodir Alloh ushbu sadoqatli insonga hatto u kutmagan darajada barakalar yog‘dirgan. Undan qanday o‘rnak olishingiz mumkin?
Mabodo, oqsoqol bo‘lishni xohlayotgan bo‘lsangiz, lekin yillar o‘tib ham bu ro‘yobga chiqmasa, Yahovaga tayanishda davom eting. Unga xizmat qilayotib, xursandchilikni yo‘qotmang. Ko‘p akalarimizga ma’nan ulg‘ayishga ko‘maklashgan Uorren ismli birodarimiz shunday deb bo‘lishdi: «Birodar mas’uliyatli vazifalarga tayinlanishiga mos kelishini aniqlashdan avval, vaqt kerak bo‘ladi. Uning
qobiliyatlari va nuqtai nazari, u o‘z topshiriqlarini qanchalik yaxshi bajarishiga qarab, sekin-asta oshkor bo‘ladi. Ba’zilarning fikricha, ular faqatgina mas’uliyatli vazifaga ega bo‘lsagina, o‘zini yaxshi his qilishadi. Bunday o‘ylaganlar adashib, chalg‘ishlari hech gap emas. Qaerda bo‘lishingizdan va nima qilishingizdan qat’i nazar, Yahovaga sadoqat ila xizmat qilayotgan bo‘lsangiz, demak siz muvaffaqiyatlisiz».Bir akamiz oqsoqol bo‘lib tayinlanishini o‘n yillar kutgan. U, Hizqiyo kitobining birinchi bobiga ishora qilib, olgan sabog‘i to‘g‘risida quyidagicha bo‘lishdi: «Yahova O‘zi tanlagan tezlikda aravasini, ya’ni tashkilotini haydab ketyapti. O‘zimizning emas, Yahovaning vaqtini eng muhim deb bilishimiz kerak. Oqsoqol bo‘lishni xohlasam, istagim, orzuyim yoki qo‘limdan nima kelishi muhim ahamiyatga ega emas. Asosiysi, men nimaga muhtoj ekanim Yahovaga ayon va mening xohishim bunga mos kelmasligi ham mumkin».
Oqsoqol bo‘lib, yaxshi ish qilishga umid bog‘layotgan bo‘lsangiz, jamoatingiz gullab-yashnashiga hissa qo‘shishga intiling. Agar vaqt sekin o‘tayotgandek tuyulsa, xavotir va sabrsizlikni yenging. Yuqorida aytilgan Raymond shunday dedi: «Shuhratparastlik mamnuniyat his qilishga xalaqit beradi. Doim xavotirda yuradigan kishilar Yahovaga xizmat qilish keltiradigan quvonchdan mahrum bo‘lishadi». Xudoning muqaddas ruh samarasini, ayniqsa uzoq sabrlilikni rivojlantiring. Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, ma’nan ulg‘ayishga harakat qiling. Va’zgo‘ylik xizmatida ko‘proq ishtirok etib, qiziqayotgan kishilar bilan tadqiq o‘tkazing. Oilangizni ma’naviy ishlarda boshqarib, oilaviy topinishga vaqt ajrating. Imondoshlaringiz bilan birga bo‘lishni hamisha qadrlang. Maqsadingiz sari intilib, Yahovaga xizmat qilayotganingizdan baxtiyor bo‘lasiz.
Jamoatda mas’uliyatli vazifalarga intilish, Yahovadan baraka olishning imkonidir. Zero Uning O‘zi ham, tashkiloti ham, mas’uliyatli vazifalarga intilayotgan kishi ranjishini va o‘zini xizmatda baxtsiz his qilishini xohlamaydi. Pok niyatlar ila Allohga xizmat qilayotganlarning barchasiga U qut-barakalar ato etib, qo‘llab-quvvatlaydi. Darhaqiqat, Xudoning barakalari «g‘am-tashvish qo‘shmaydi» (Hik. 10:22).
Hatto muayyan vaqt mobaynida bunday maqsad sari intilayotgan bo‘lsangiz ham, Yahova bilan munosabatlaringizni yanada mustahkamlashingiz mumkin. Kerakli fazilatlarni rivojlantirib, jamoatingizda jon kuydirib mehnat qilish bilan birga oilangizning ehtiyojlarini ham yodda tutsangiz, Yahova Unga qilgan xizmatingizni aslo unutmaydi. Qanday mas’uliyatga ega bo‘lsangiz ham, iloyim, xizmatingiz sizga zavq keltirsin!
a Bu maqoladagi ismlar o‘zgartirilgan.
b Bu maqoladagi me’yorlarni, jamoat xizmatkori bo‘lishni xohlaganlarga ham qo‘llasa bo‘ladi. Ular mos kelishi kerak bo‘lgan bunday talablarni 1 Timo‘tiyga 3:8–10, 12, 13 dan topishadi.